Hech kim ko‘rmagan, Yaqin Sharqqa tinchlik va’da qilgan xarita

- Author, Pol Adams
- Role, Bi-bi-sining diplomatik muxbiri
- O'qilish vaqti: 4 daq
"Keyingi 50 yil ichida men hozir sizga taklif qilayotgan narsani birorta Isroil rahbari taklif qilmasligiga ishonchim komil.
Imzolang, keling, tarixni o‘zgartiraylik!"
2008 yil edi. Isroil bosh vaziri Ehud Olmert Falastin yetakchisidan Yaqin Sharqqa tinchlik keltirishi mumkin bo‘lgan bitimni qabul qilishni so‘ramoqda edi.
Bu ikki davlat yechimi edi – bugun imkonsizdek tuyuladigan istiqbol.
Agar u amalga oshirilganda, bosib olingan G‘arbiy Sohilning 94 foizidan ko‘prog‘ida Falastin davlati tashkil etilgan bo‘lardi.
Olmert chizgan xarita hozir deyarli afsonaviy maqomga ega.
Yillar davomida turli talqinlar paydo bo‘ldi, ammo u hech qachon buni ommaviy axborot vositalariga oshkor qilmagan.
Shu paytgacha.

Hujjatli film rejissyori Norma Persining "Isroil va falastinliklar: 7 oktyabrgacha bo‘lgan yo‘l" filmida Olmert 2008 yil 16 sentyabrda Quddusda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Mahmud Abbosga ko‘rsatgan xaritasini ochib beradi.
"Men bu xaritani birinchi marta ommaviy axborot vositalariga taqdim etyapman," deydi u kinoijodkorlarga.
Unda Olmert Isroilga qo‘shib olishni taklif qilgan hudud – G‘arbiy Sohilning 4,9 foizi batafsil ko‘rsatilgan.
Bu 1990-yillar oxiriga borib taqaladigan avvalgi takliflarga o‘xshab, asosiy yahudiy kelgindilari aholi punktlarini o‘z ichiga olgan edi.
Buning evaziga Bosh vazir Isroil G‘arbiy Sohil va G‘azo sektori chekkalari bo‘ylab teng miqdordagi Isroil hududidan voz kechishini aytgandi.
Ikki Falastin hududi tunnel yoki avtomagistral orqali bog‘lanishi kerak edi – bu avval ham muhokama qilingan masala.
Filmda Olmert Falastin rahbarining javobini eslaydi.
"U: "Bosh vazir, bu juda jiddiy. Bu juda, juda, juda jiddiy," degan.
Eng muhimi, Olmertning rejasida Quddusning murakkab masalasini hal qilish bo‘yicha taklif bor edi.
Har bir tomon shaharning bir qismini o‘z poytaxti sifatida da’vo qilishi mumkin bo‘ladi, "muqaddas havza"ni boshqarish esa, jumladan, Eski shahar, uning diniy joylari va unga tutash hududlar Isroil, Falastin, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va AQShdan iborat vasiylik qo‘mitasiga topshirilishi ko‘zda tutilgan edi.
Yahudiy aholi punktlari uchun xaritaning oqibatlari juda katta bo‘lardi.
Agar reja amalga oshganida, G‘arbiy Sohil va Iordan vodiysi bo‘ylab tarqalgan o‘nlab jamoalar ko‘chirilgan bo‘lardi.
Isroilning avvalgi bosh vaziri Ariel Sharon 2005 yilda G‘azo sektoridan bir necha ming yahudiy muhojirlarni majburan ko‘chirganida, bu Isroilning o‘ng qanot tarafdorlari tomonidan milliy jarohat sifatida baholangan edi.
G‘arbiy Sohilning katta qismini evakuatsiya qilish o‘n minglab yahudiy kelgindilarni o‘z ichiga olgan yanada murakkabroq vazifaga aylanardi.
Ammo bungacha bormadi.

Surat manbasi, .
Uchrashuv yakunida Olmert, agar Falastin rahbari imzolamasa, xarita nusxasini Mahmud Abbosga topshirishdan bosh tortdi.
Abbos rad javobini berib, o‘z mutaxassislariga xaritani ko‘rsatishi kerakligini aytdi.
Olmertning aytishicha, ikkalasi ertasi kuni xarita mutaxassislari yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olishgan.
"Biz xayrlashdik, xuddi oldinga tarixiy qadam tashlamoqchidek edik," deydi Olmert.
Uchrashuv bo‘lmadi. O‘sha oqshom Quddusdan uzoqlashar ekan, prezident Abbosning shtab boshlig‘i Rafiq Husayniy mashinadagi vaziyatni eslaydi.
"Albatta, biz kuldik," deydi u filmda.
Falastinliklar reja amalga oshmasligiga ishonishgan. Aloqasiz korruptsiya bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgan Olmert allaqachon iste’foga chiqishni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi.
"Afsuski, Olmert qanchalik yaxshi bo‘lmasin... u cho‘loq o‘rdak edi, – deydi Husayniy, – shuning uchun biz bu bilan hech qayerga bora olmasdik."
G‘azodagi vaziyat ham ahvolni murakkablashtirdi. Hamas nazorati ostidagi hududdan bir necha oylik raketa hujumlaridan so‘ng, Olmert dekabr oyi oxirida Isroilning yirik hujumi – "Quyma qo‘rg‘oshin" operatsiyasiga buyruq berdi va uch haftalik shiddatli janglar boshlandi.
Ammo Olmert menga, Abbos kelishuvni imzolaganda "juda oqilona" yo‘l tutgan bo‘lardi, dedi. Keyin, agar Isroilning bo‘lajak bosh vaziri uni bekor qilishga urinsa, "u butun dunyoga ayb Isroildaligini ayta olardi."

Fevral oyida Isroilda saylovlar o‘tkazildi. Falastin davlatchiligiga qat’iy qarshi bo‘lgan "Likud" partiyasidan Binyamin Netanyahu bosh vazir etib saylandi.
Olmertning rejasi ham, xaritasi ham unutildi.
Sobiq Bosh vazir hamon Abbosning javobini kutayotganini aytsa-da, uning rejasi Isroil-Falastin mojarosini hal etishdagi qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlar ro‘yxatiga qo‘shildi.
1973 yilda sobiq isroillik diplomat Abba Eban falastinliklar haqida "ular imkoniyatni boy berish imkoniyatini hech qo‘ldan chiqarmaydilar" degan kinoyali fikrni bildirgan edi. Bu ibora o‘shandan beri Isroil amaldorlari tomonidan tez-tez takrorlanib keladi.
Biroq dunyo u vaqtdagidan ancha murakkab, ayniqsa ikki tomon 1993 yilda tarixiy Oslo bitimlarini imzolaganidan buyon.
Oq uyda Ishoq Rabin va Yosir Arofat o‘rtasidagi qo‘l siqishuvdan boshlangan tinchlik jarayoni haqiqiy umid va fojiali lahzalarga to‘la bo‘ldi. Oxir-oqibat, bu jarayon muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Buning sabablari murakkab va aybdorlar ko‘p, ammo aslida sharoit hech qachon to‘g‘ri kelmagan edi.
Men bu nomuvofiqlikni 24 yil oldin o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
2001 yil yanvarida Misrning Taba kurortida Isroil va Falastin muzokarachilari yana bir bor kelishuv imkoniyatini ko‘rdilar.
Falastin delegatsiyasi a’zosi salfetkaga xomaki xarita chizib, menga birinchi marta yashovchan Falastin davlatining taxminiy chegaralarini ko‘rayotganini aytdi.
Biroq bu muzokaralar G‘arbiy Sohil va G‘azo ko‘chalarida avj olgan zo‘ravonlik tufayli ahamiyatsiz bo‘lib qoldi. Bir yil oldin sentyabrida ikkinchi Falastin qo‘zg‘oloni – "intifada" boshlangan edi.
Isroil yana bir bor siyosiy o‘tish davrini boshdan kechirayotgan edi. Bosh vazir Ehud Barak allaqachon iste’foga chiqqan edi. Bir necha hafta o‘tgach, Ariel Sharon uni ishonchli mag‘lub etdi.
Salfetkadagi xarita, xuddi Olmertning sakkiz yil keyingi xaritasi singari, nima yuz berishi mumkinligidan darak berib turardi.












