Amerikada 'terakt', qurbonlar, o‘nlab yaralanganlar bor – Shamsuddin IShIDdan ilhomlanganmi? Video

Surat manbasi, Reuters
AQSh Federal Qidiruv byurosining ma’lum qilishicha, gumondorning mashinasidan IShID bayrog‘i topilgan va Shamsuddin yakka o‘zi harakat qilmagan. Ammo hozircha hibslarga oid biror bir xabar olinmagan. Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘n minglab o‘zbekistonliklar ham yashashadi.
Aloqador mavzular:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

Surat manbasi, Getty Images
Hodisa Yangi Orleanda Yangi yil kechasi yuz bergan.
Yangi yilni bayram qilayotgan odamlar ustiga yuk mashinasi haydalgan.
Xabarlarga ko‘ra, haydovchi faqat shuning o‘zi bilan kifoyalanmagan, yuk mashinasidan tushib, o‘t ochishni ham boshlagan.
Politsiya bunga javob qaytargan, o‘zaro otishma chog‘ida ikki nafar politsiya xodimi ham yaralangan, haydovchining o‘zi o‘ldirilgan.
Ularning fikricha, haydovchi imkon qadar ko‘proq zarar yetkazish maqsadida mashinasini odamlarning ustlariga bostirib borgan.
Mas’ullar hozirga kelib yuz bergan hodisani "terakt", deb tasniflashga o‘tishgan, uni "terrorchilik amali", deya tekshirishlarini aytishmoqda.
Ular o‘zlarining dastlabki bayonotlarida bu kabi ehtimolni nazardan soqit etishgandi.
Ammo keyinroq AQSh Federal Qidiruv Byurosi boshqa bayonot bilan chiqdi.
Byuro o‘zining mazkur bayonotida gumonlanuvchining ismi Shamsuddin Jabbor ekanligi va uning mashinasidan IShID bayrog‘i topilgani haqidagi manbalar tomonidan avvalroq tarqatilgan ma’lumotni tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, rasmiylar hozir 42 yoshli gumondor va IShID o‘rtasida qandaydir aloqa bo‘lgani yoki yo‘qligini ham o‘rganishmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida yangrayotgan ayni mazmundagi iddoalar borasida IShID guruhining biror bir munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada 15 kishi qurbon bo‘lgan va yana kamida 35 nafari yaralangan.
Qurbonlar va tan jarohati olganlarning shaxsi hamda fuqaroliklari hozircha ochiqlanmagan.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashaydi, ulardan bir necha mingi Amerika fuqaroligini ham olgan.
Ulardan aksariyatini esa, Grin-karta yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.
Har qanday zo‘ravonlik uchun oqlov yo‘q va biz mamlakatimizda hech bir jamoaga qilingan hujumga toqat qilmaymiz.

Surat manbasi, Getty Images
AQSh prezidenti ham xavfsizlik masalasiga bag‘ishlangan qator brifinglarga tayanib, Shamsuddin Jabbor o‘zining IShIDdan ilhomlanganiga ishora qilganligini aytgan.
Jo Baydenga ko‘ra, internetda joylashtirilgan videolarda Shamsuddin o‘zining "o‘ldirish istagi"ni ham izhor etgan.
Burbon strit – mashhur frantsuz mavze’sida joylashgan. Sayyohlar orasida tilga tushgan.
Bu yerda ko‘plab restoranlar, barlar va tungi klublar faoliyat yuritadi.
Xabarlarga ko‘ra, mas’ullar dalil ilinjida hujum sahnasi bo‘lgan ko‘chaning tit-pitini chiqarishgan.
Luiziana va boshqa shtatlarda ham tintuv boshlashgan.
Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Shamsuddin Jabbor AQSh fuqarosi, Armiya faxriysi, texaslik va o‘z vaqtida Afg‘onistonda ham xizmat qilgan.
Yangi Orleandagi hujumdan bir necha soatdan keyin Las-Vegasdagi Tramp mehmonxonasi oldida Tesla Cybertruck ham portlagan.
Huquq-tartibot idoralari ketma-ket sodir etilgan bu ikki hujumning qanchalik bir-biriga bog‘liq ekanini ham o‘rganishmoqda.
AQSh prezidentining aytishicha, hozircha bu kabi farazlar o‘zining isbotini topmagan.

Surat manbasi, AFP
IShID
IShID dunyo sahnasida o‘n yil burun bo‘y ko‘rsatgan.
Guruh tez yuksalgan, qisqa vaqtning o‘zida Suriya va Iroqning katta hududlarini bosib olgan.
U yerlarda o‘zining Islomiy xalifaligiga ham asos solgan.
2019 yillarga kelib, Iroq, Suriya hukumatlari, ularning ittifoqchilari va turli xalqaro koalitsiyalar tomonidan xalifaligi qulatilgan, saflari parchalangan, ko‘plab jangarilari o‘ldirilgan, minglabi hibsga olingan.
IShID hozir ham dunyoning qator qit’alarida o‘zining bo‘linmalari, a’zolariga ega.
Ammo Suriyada joylashgan bosh rahbariyati saflari tobora torayib borayotgani aytiladi.
IShID nomidan amalga oshirilayotgan hujumlarning aksariyati bugungi kunda Qora Afrika hisobiga to‘g‘ri keladi.
Ammo uning Xuroson qanoti hozir ham eng jangarilaridan biri sifatida tilga olinadi, joriy paytda Afg‘onistonda joylashgan, Yaqin Sharq va Yevropada ham faol.
Jumladan, so‘nggi yillarda Eron va Rossiyada amalga oshirilgan, katta sondagi insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan qonli hujumlarga ham aynan IShIDning Xuroson qanoti mas’ul ko‘rilgan.
IShIDning o‘zi esa, kuch-qudratga to‘lgan paytida Yevropada sodir etilgan qator yirik hujumlarga mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqan.
Parijning "Bataklan" kontsert zalida sodir etilgan va 130 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan hujum ham o‘zining ishi ekanini da’vo qilgan.
Guruh zo‘ravonlikka undash uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi, yaqinda Isroilning G‘azoda davom etayotgan urushi uchun qasos olishga ham chaqirgan.
Ammo IShIDning hozirgi yetakchilari haqida deyarli hech narsa ma’lum emas.
Yangi Orleandagi so‘nggi hodisa, boshqa tomondan, Suriyada isyonchi kuchlar qudratni egallashi ortidan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik bo‘shlig‘i IShIDning qayta bosh ko‘tarishiga oid xavotirlar hanuz arimagan bir pallaga ham to‘g‘ri kelgan.
AQSh hozir ham Suriyada o‘z kuchlariga ega, ular o‘z vaqtida aynan IShIDga qarshi kurashish uchun u yerga safarbar etilishgani aytilgan.
Shamsuddin Jabbor kim?

Surat manbasi, FBI
AQSh Federal Qidiruv byurosi chorshanba kungi hujumda bosh gumondor sifatida ko‘rayotgan Shamsuddin Jabbor 42 yoshda bo‘lgan.
Amerika fuqarosi, asli texaslik, Armiya faxriysi.
LinkedIndagi hozir olib tashlangan tarjimai holiga tayanilsa, AQSh Qurolli kuchlari saflarida turli vazifalarni bajargan, shu jumladan, kadrlar va IT sohasida ishlagan.
2009 yilning fevralidan 2010 yilning yanvarigacha Afg‘onistonda xizmat qilgan.
2015-2017 yillar oralig‘ida Jorjiya shtati universitetida tahsil olgan, uni kompyuter axborot tizimlari mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Ikki marta uylangan. Birinchi nikohi 2012 yilda bo‘lmagan. Ikkinchi oilasi bilan besh yil – 2017 yildan 2022 yilgacha yashagan.
Aftidan, u ko‘chmas mulk sohasida ham ishlagan, lekin litsenziyasi 2021 yilda tugagan.
Shamsuddin Jabbor yo‘l harakati va o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sudlangan.
Odamlar ustiga haydagan yuk mashinasidan IShIDning bayrog‘i topilarkan, AQSh Federal Qidiruv byurosi uning terrorchi guruhlarga qanday aloqasi borligi ham tekshirilayotganini aytmoqda.
Shahar merining ma’lum qilishicha, AQShda sodir etilgan so‘nggi hujumlar bois, Nyu-Yorkning ba’zi qismlarida ham xavfsizlik choralari kuchaytiriladi.
Unga ko‘ra, "Nyu-York uchun favqulodda hech qanday tahdid yo‘q", ammo bu ish "ehtiyotkorlik tufayli" amalga oshirilmoqda.














