You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Muxolifatsiz o‘tayotgan saylov - bu safargi parlament saylovi nimasi bilan farqlanadi? Video
O‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng ikkinchi marta parlament uchun saylovda qatnashadi. Bu saylov o‘tgan galgisidan farq qiladimi?
O‘zbekiston ilk marotaba ham deputatlarga hamda partiyalarga ovoz berib aralash saylov tizimini sinovdan o‘tkazadi. Xo‘sh ushbu o‘zgarish yagonami?
Nomzodlar
Bu safargi saylovda parlamentga nomzodlarning qariyb yarmini ayollar tashkil qilmoqda. Bu hukumatning gender tengligini ta’minlash borasida tashlagan jiddiy qadami sifatida baholanmoqda. Bundan tashqari amaldagi vazir va boshqa mulozimlarning ham o‘z nomzodini qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Yana bir e’tiborli tomoni o‘tgan safar deputat bo‘lib xalq manfaatlari haqida ko‘proq gapirgani bilan tanilgan deputatlar Rasul Kusherbaev va Doniyor G‘anievlar bu safar qatnashmayapti.
So‘z erkinligi
O‘tgan safargi saylov arafasida O‘zbekiston so‘z erkinligi shamoli esa boshlagan vaqtga to‘g‘ri kelgan va o‘sha yillari so‘z erkinligi reytingida o‘z mavqeini keskin yaxshilab olgandi.
Bu safargi saylov oldidan ushbu mavqe zaiflashdi. O‘zbekistonda bloger va jurnalistlar turli ayblar bilan qamala boshladi. Ammo hozircha biror partiya ushbu ko‘rsatgichni yaxshilash, so‘z erkinligi qadriyati uchun kurashishga qanday tayyor ekanligi borasida hozircha hech narsa demadi.
Siyosat va chiroq
O‘zbekiston parlamenti bu saylovga elektr inqirozi bilan qayta yuzlashgan holda kirib kelmoqda. Shavkat Mirzieyov hokimiyatga kelgach uzluksiz berila boshlangan tok, so‘nggi yillarda yana tez-tez o‘cha boshlagan. Bu saylovning oldingilaridan farqi esa bunday yirik siyosiy tadbirga qaramasdan svetning o‘chib qolayotganidir.
“Oldingi saylovlar haqiqatda svet o‘chmaslik ramzi edi. Dekabr oyining so‘ngi haftasida bo‘ladigan saylov payti o‘chmasdi. Paxta tugashi va saylov kunlari orasidagi zimmiston kunlarida qalblarga hech bo‘lmasa uch kun yorug‘lik olib kelardi”, deydi Fayzulla Holbutaev.
“Ertalab ko‘zingni ochganinda svet bo‘lmasa, demak sen O‘zbekistonni poytaxtida uyg‘ongan bo‘lasan. Avvalgi energetiklarda sal bo‘lsa ham vijdon bo‘lardi: siyosiy jarayonlar (saylov, prezident tashrifi) arafasida svetni o‘chirishga uyalishardi. Hozir esa farqi yo‘q”, deb yozadi Mirsaid Xaydarov.
Debatlar
Toshkent shahridagi “Debat Xoll” media markazi bir oy davomida har juma kuni partiyalar o‘rtasida siyosiy bahslar o‘tkazildi. Bu jarayonlar Milliy media birlashmasiga a’zo telekanallar hamda loyihaning ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
“Debat Xoll” tashkilotchilariga ko‘ra, bahslarda asosan partiyalarning g‘oyalari, maqsadlari, vazifalari va tashabbuslarining mazmun-mohiyati hamda hayotiyligiga e’tibor qaratilgan.
Ushbu markazda siyosiy partiyalar raislari o‘rtasida o‘tkazilgan ilk teledebat ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan va partiyalar nomzodlari o‘rtasidagi debatlar esa “Davlat boshqaruvi va sud-huquq masalalari”, “Iqtisodiyot va tadbirkorlik”, “Ilm-fan, ta’lim va yoshlar siyosati” kabi mavzular bilan davom etdi.
Siyosiy partiyalar o‘rtasidagi bahslarni olib borgan O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja "Saylovlarda faqat ovoz berish yashirin, boshqa barcha narsa oshkoradir", deydi.
Teledebatning har bir raundida siyosiy partiyalar nomzodlari qisqa vaqt oralig‘ida o‘zlarining saylovoldi dasturi, muhim kontseptual maqsad va vazifalarini ilgari surishdi.
O‘zbekistondagi siyosiy bahslar mamlakatdagi davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek, rus, ingliz tillarida surdo tarjimasi bilan berib borilgan.
Biroq kuzatuvchilar bu yilgi saylovda ayrim partiyalar va’da emas natija degan shiorni olib chiqqan bo‘lsa-da, debatlarda partiyalar yangi va’dalarni berishda davom etganini aytishadi.
Ayrimlarga ko‘ra, bu yilgi debatlar o‘tgan safargi debatlar bilan solishtirganda qizg‘in bo‘lmadi.
Asosan savol-javob tarzida o‘tgan debatlarda partiyalarning saylovoldi dasturlari muhokama markazida bo‘ldi. O‘tgan besh yilda erishilgan yoki erishilmagan maqsadlar sarhisob qilinmagani aytilmoqda.
O‘tgan safargi saylov oldidan qizg‘in debatning tashkil qilinishi, saylovchilarda siyosiy faollikni qaytargani aytiladi.
Muxolifat
O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri parlament saylovlarida o‘zgarmas jihat sifatida unga muxolifatning qo‘yilmasligi e’tirof etiladi.
O‘tgan galgi saylov arafasida va undan so‘ng O‘zbekistonda mustaqil va muxolif partiya tuzish harakatlari bo‘lgandi. Ammo bu saylov arafasida partiya tuzish harakatlari ham so‘ndi yoki so‘ndirildi.
Mamlakat saylovga sinovdan o‘tgan an’anaviy partiyalar bilan kirib kelyapti.
“Bu saylov fuqarolarimiz uchun, xech narsa qilib berolmaydi. Chunki, O‘zbekistondagi 5-ta qo‘g‘irchoq partiyalar davlat byudjeti xisobidan kun ko‘rishsa-da, o‘zbek xalqining muammolarini echib berolmagan va hal qilib berolmaydi ham. Bunaqa maddoh partiyalar kimga keragi bor?! Qayyoqqa qaramang, soxta deputatlar, soxta tabassum, soxta va’dalarni berib, xalqimizni aldashdan nariga o‘tisholmayaptilar. Shuning uchun, "O‘zbekiston Parlament Saylovi"ga qatnashdan bosh torting va saylovni, "Baykot!" deb e’lon qiling! Bu Sizning konistutsaviy xaq-xuquqlaringizdir”, deydi faol Faxriddin Tillaev.
Umid
Shunday bo‘lsa-da, odamlar orasida xalq dardini baralla aytadigan yakka nomzodlar chiqishiga umid so‘nmagan.
“O‘tgan safargi saylovlarda hech kim kutmagan tarzda Rasul Kusherbaev, Doniyor G‘aniev kabi xalqqa yon bosadigan deputatlar chiqib qolgandi. Bu safar ham shunday nomzodlar bo‘lishi mumkin”, deydi Musannif Adham.
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002