You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Markaziy Osiyo chegarasi buzildi, Rossiya hozircha jim, Xitoy xavotirdami?
"To‘rt jangari yo‘q qilindi"
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, so‘nggi hodisa 18 yanvar kuni yuz bergan.
Bir Markaziy Osiyo davlati misolida yana Tojikistonning davlat chegarasi buzilgan.
Tojikiston tomoni bu gal "to‘rt jangari yo‘q qilingani"ni aytgan.
Tojikiston Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasi ularni "terrorchi tashkilotning qurolli a’zolari", deb atagan.
Ammo qo‘mita shunday derkan, aynan qay bir guruhni nazarda tutayotganligini ochiqlamagan.
Tojikistonlik mas’ullarga ko‘ra, jangarilar Afg‘onistondan kelishgan, Badaxshon orqali mamlakat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishgan.
TMXDQ Chegara qo‘shinlari axborotida aytilishicha, ular "chegarachilarning taslim bo‘lish to‘g‘risidagi buyrug‘iga quloq tutishmagan va qurolli qarshilik ko‘rsatganlar".
"Harbiy harakatlari chog‘ida to‘rt terrorchining barchasi birdek zararsizlantirilgan".
Tojikistonlik chegarachilar orasida biror bir talafot bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas.
Jangarilar nima maqsadda bo‘lishgani, nega Tojikiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishgani tafsilotlari bu gal ham noma’lumligicha qolmoqda.
Tojikiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoning Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga ega ikkita davlati bo‘lishadi.
Ammo so‘nggi ikki oycha vaqt ichida yuz bergan har to‘rt hodisada ham nishon aynan Tojikiston bo‘lgan.
Ulardan hech biriga mas’uliyatni hali-hanuz biror bir guruh o‘z zimmasiga olib chiqmagan.
Aks-sadolar
Voqealarning o‘zlariga mintaqadosh Tojikiston bilan bog‘liq so‘nggi rivojiga hozircha qolgan biror bir mintaqa davlati poytaxtining rasmiy munosabati ko‘zga tashlanmaydi.
O‘zbekiston Afg‘oniston barobarida Tojikistonga ham chegaradosh.
Tojikistonga ketma-ket hujumlar ortidan esa, ularning sababi, maqsadi va ishtirokchilarining kimligi ham noayon qoldi.
Bu kabi bir holat ayni mazmundagi xabarlar ahamiyatini yanada bo‘rttirdi, tashvish va xavotirlarni kuchaytirdi.
Afg‘oniston tahdidi va mintaqa barqarorligi Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari qarshisidagi uzoq yillik eng ustivor masala, muammolardan biri bo‘ladi.
O‘tgan oy O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining tojikistonlik hamkasbim bilan telefon orqali muloqot qilgani, Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashgani rasman xabar berilgan.
Ushbu muloqotlar chog‘ida Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning muhokama qilingani yoki yo‘qligi ma’lum emas.
Aynan Tolibon Afg‘onistonga qudratga qaytishi ortidan O‘zbekiston va Tojikiston afg‘on tuprog‘idan raketa hujumiga uchragan.
O‘shanda bu hujumlarga mas’uliyatni hozir Afg‘onistonda eng jangari va halokatlisi ekani aytiluvchi IShIDning Xuroson qanoti o‘zining zimmasiga olib chiqqan.
Aynan Afg‘oniston ildizlari O‘zbekiston ilova Markaziy Osiyoga borib taqaluvchi turli jangari guruhlar ham so‘nggi ikki o‘n yillikdan ko‘proq vaqt davomida boshpana topib, jang qilib va omon qolgan a’zolari hanuz jon saqlab kelayotgan davlat sifatida ko‘riladi.
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati AQSh bilan Dohada erishilgan "tinchlik bitimi" shartlariga qat’iy amal qilishi, biror bir jangari guruhning afg‘on tuprog‘idan turib uchinchi bir davlatga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymasligini aytib keladi.
Ammo IShID guruhi Xuroson qanoti o‘zining ishi ekanini da’vo qilib chiqqan ikki Markaziy Osiyo davlatiga qaratilgan hujumlar Tolibon hukumatining xuddi shu va’dasi manzarasida kuzatilgan.
Shu kunlarda O‘zbekiston, to‘rt yil deganda, Termiz-Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolar harakatini ham qayta tiklagani rasman xabar berilgan, Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan faol diplomatik muloqotda bo‘lgan, har tomonlama aloqalarini kuchaytirish harakatidagi davlat.
Tojikiston va Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarasi O‘zbekistonnikiga qaraganda ancha uzun, himoyasi bu ikki davlat mustaqilligi bilan kechgan bir necha o‘n yil oralig‘ida chetda ham xavotirlarga sabab bo‘lib kelgan.
Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tanglik hanuz yumshamagan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Tojikiston yaqin-yaqingacha mintaqaning Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga oshiqmagan yagona davlati bo‘lgan.
Tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarning faqat so‘nggi oylarga kelib iliy boshlagani kuzatiladi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 18 yanvar kungi hodisa yuzasidan jinoiy ish ham qo‘zg‘atilgan va tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tojikiston Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xavfsizligini ta’minlash uchun bundan buyog‘iga ham "barcha kuch va vositalar ishga solinishi"ga ishontirgan.
Yomonlashgan vaziyat
Tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat so‘nggi oylarda keskinlashgan.
Tojikiston o‘tgan yilning 26 va 30 noyabr kunlari Afg‘onistondan ustma-ust hujumga uchragan.
O‘shanda Tojikistonda ishlayotgan besh nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan va yana besh kishining yaralangani aytilgan.
Tomonlar buning ortidan ular yuzasidan tergov ishlari boshlanganini rasman xabar berishgan, ammo halicha dastlabki natijalarini matbuot bilan bo‘lishishmagan.
Keyingi ketma-ket hodisalar esa, oradan bir oycha o‘tib, 23 dekabrdan 24 dekabrga o‘tar kechasi yuz bergan.
Bu hodisada "terrorchi tashkilotning uch nafar qurolli a’zosi" Tojikiston hududiga kesib o‘tgani, to‘qnashuvlar chog‘ida ulardan barchasining o‘ldirilgani, ammo Chegara qo‘shinlarining ikki nafar zobiti ham halok bo‘lgani aytilgan.
Afg‘onistondagi ayrim nashrlar o‘sha paytda bu jangarilarning "Jamoat Ansarulloh" guruhi a’zolari bo‘lishgani haqida ham yozishgan.
2010-yillar boshlarida Tojikiston Bosh prokuroturasi "Jamoat Ansarulloh"ning O‘zbekiston Islomiy Harakatiga mansub guruh ekanini aytganiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Mulozimlar bu guruhni "al-Qoida" tarmog‘i moliyalashini ham iddao qilishgan.
Boshqa bir xabarlarda, "Jamoati Ansarulloh" bundan o‘n yilcha avval Pokistonning Vaziriston mintaqasida tashkil topgani aytiladi.
Afg‘onistondagi ayrim nashrlarda bo‘y ko‘rsatgan ayni mazmundagi xabarlarga mazkur guruhning munosabati imkonsiz.
Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov 2019 yilda "IShID bo‘linmalarining Afg‘onistonda "Xuroson" qanoti ostida faollashishayotganini qayd etayotganliklari"ni bildirgan.
"Jamoat Ansarulloh" va "Sharqiy Turkiston Islomiy harakati" ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishayotgani"ni aytgan.
"Ularning maqsadi - MDH hududida kengayish uchun platsdarm yaratish" ekani, "bu kengayish aynan Markaziy Osiyo fuqarolari hisobiga amalga oshirilishi"ni ham ta’kidlagandi.
Tojikiston so‘nggi hujumlarni keskin qoraladi va Tolibon hukumatidan o‘zaro chegarada xavfsizlikni ta’minlash va bu hodisalarga aloqador barcha shaxslarni hibsga olishni talab qildi, yana Tolibon hukumati Tojik xalqidan uzr so‘rashi kerakligini aytdi.
So‘nggi hodisa ortidan ham Xitoy yana Tojikistondagi fuqarolari va korxonalarini zudlik bilan xavfsiz joyga o‘tish va tojik-afg‘on chegarasidan uzoqroq turishga da’vat etganiga oid xabarlar bo‘y ko‘rsatdi.
Xitoyliklar Tojikistonda konchilik va qurilish ishlarida faoliyat yuritishadi.
Yana bir hujum...
Xitoy Kobuldagi halokatli portlashdan keyin ham Tolibondan o‘z fuqarolarini himoya qilishni talab qilgan.
Kecha, dushanba kuni Kobuldagi Xitoy restoranida yuz bergan portlash kamida 7 kishining umriga zomin bo‘lgan.
Kobul politsiyasi yuz bergan hodisa sababi hanuz tekshirilayotganini aytganiga qaramay, portlashga mas’uliyatni IShID jangari guruhi o‘z zimmasiga olib chiqqan.
Xitoy Pokistonning uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lish barobarida Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining ham eng yaqin iqtisodiy, diplomatik hamkorlaridan biri bo‘ladi.
Tojikiston esa Afg‘oniston barobarida Xitoyga ham chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlati.
Xitoy Tojikistonning ham eng yirik savdo-iqtisodiy sherigi, sarmoyachisi va kreditorlaridan biridir.
O‘tgan oy boshida Afg‘onistondan Tolibon hukumati Xitoy fuqarolariga qaratilgan hujumlar bilan aloqadorlikda ikki kishini qo‘lga olganiga oid xabarlar ham olindi.
Ammo mazkur xabarlarda ularning kimliklari noayon qolgani ko‘rildi.
Xitoy ham Afg‘onistonga chegaradosh oltita mintaqa davlatidan bittasi.
Rasmiy Pekin, ayniqsa, uzoq yillar davomida Afg‘onistondan boshpana topib kelgan va asosan uyg‘urlardan tashkil topgani aytiluvchi Sharqiy Turkiston islomiy harakatini o‘zining xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rib kelgan hamda keladi.
Boshqa tomondan, Xitoyning kuchayib borayotgan iqtisodiy ekspansiyasiga mintaqa aholisi orasida ham munosabat bir xil emas, bu orada ayrim Markaziy Osiyo davlatlarida norozilik chiqishlarigacha sabab bo‘lgan.
Tojikistonda Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham joylashgan.
Tojik-afg‘on chegarasida yuz bergan so‘nggi hodisaga Rossiyaning munosabati ham hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo bundan avvalgi ikki hujumni Tojikiston, Xitoy va Tolibon hukumati ortidan Rossiya va Xitoy hamshamsiyasi ostidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham keskin qoralab chiqqan.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlar va butun mintaqa xavfsizligiga tahdid yaratish uchun foydalanilmasligi kerakligini ta’kidlagan.
Rasmiy Dushanbe orada Afg‘oniston bilan davlat chegarasining qo‘shma himoyasiga "go‘yoki rossiyalik harbiylarni jalb qilish uchun Rossiya va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan muzokaralar olib borayotgani"ga oid ayrim G‘arb nashrlarida bo‘y ko‘rsatgan xabarlarni rasman rad etgan, "buning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi"ni bayon qilgan.
Tojikiston to‘rtta Markaziy Osiyo davlati qatorida Rossiya shamsiyasi ostidagi harbiy blok sanaluvchi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga ham kiradi.
Rossiya tomoni orada Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirish niyatida, deyishgacha borgan.
Jumladan, 2023 yilda o‘sha paytda Rossiya Mudofaa vaziri bo‘lgan Sergey Shoygu Amerika buning uchun Afg‘onistondagi "noqonuniy qurolli guruhlar salohiyatidan foydalanmoqchi" ekanini ham da’vo qilgan.
U o‘shanda, "kelajakda ularning qo‘shni davlatlarga kirib borishi, xususan, terrorchilik harakatlari sodir etishi mumkin"ligini ham bashorat qilgan.
Ammo imkonli bo‘lgan xabarlarda, shunday derkan, Rossiya Mudofaa vazirining o‘z so‘zlariga biror bir isbot-dalil keltirgani-yo‘qligi noayon qolgandi.
Tolibon hukumati esa, Tojikistondagi Xitoy fuqarolariga qarshi qaratilgan hujumlar davlatlar o‘rtasida "ishonchsizlik" paydo qilishga intilayotgan "dushmanlar"ning ishi ekanini aytgan.
Ammo bu bilan aynan kimni nazarda tutayotganligini ochiqlamagan.
Agar, tojikistonlik mas’ullar taqdim etgan ma’lumotlarga tayanilsa, o‘tgan yilning birinchi yarmida tojik-afg‘on chegarasida Tojikiston xavfsizlik kuchlari va afg‘on narkodilerlari o‘rtasida ham o‘nta qurolli to‘qnashuv qayd etilgan.