Nega ayollar hozir ham menopauza alomatlarini yashirishga urinadi va buning zarari bormi?

Terlagan ayolning yuzining yaqindan ko'rsatilgan surati
Nega ayollar hozir ham menopauza alomatlarini yashirishga urinadi va buning zarari bormi?
    • Author, Zoi Klyaynman
    • Role, Texnologiya muharriri
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Noyabrь oyida LinkedIn'da miya tumanligi – zehn o‘tmaslashuvi haqida post joylagan edim. Uni taxminan 10 daqiqada yozib tugatdim – 20 yillik faoliyatimda birinchi marta perimenopauza tufayli yuzaga kelgan miya tumani sababli jonli TV yangiliklarda yozma eslatmalardan foydalandim. Postimga katta e’tibor bo‘lishini kutmagandim.

Ajablanarlisi, bu keng miqyosli muhokamaga sabab bo‘ldi. Meni qo‘llab-quvvatlovchi, dalda beruvchi xabarlar ko‘paydi – LinkedIn'da 400 ga yaqin izoh yozildi, o‘nlab shaxsiy xabarlar keldi, shu haqda BBC News veb-saytidagi maqola ostida ham yuzlab izohlar bor edi. Ularning aksariyati mazmuni o‘xshash edi: meni ochiq gapirganim uchun "jasur" deb atashar, miya tumanini normal holligini ko‘rsatganim uchun minnatdorlik bildirishardi.

O‘sha paytda men o‘zimni unchalik jasur (yoki normal!) his qilganim yo‘q, lekin bu hol menga odamlar perimenopauza va menopauzaning ba’zi alomatlariga qanchalik uyatdek qarashlarini ko‘rsatdi, vaholanki, bu alomatlar aholining deyarli yarmida hayotining ma’lum bir davrida uchraydi.

Opra Uinfri va Helli Berri kabi Hollivud yulduzlari, teleboshlovchilar Davina MakKoll va Lorren Kelli ham menopauza va uning ta’siri haqida o‘z tajribalarini aytib bergan edi. Gvinet Peltrou 2018 yildayoq menopauzani "qayta brend"lashga chaqirgan edi.

Ba’zi o‘zgarishlar ham bo‘ldi. Masalan, joriy yildan boshlab Angliyada Milliy Sog‘liq xizmatining 40 yoshdan oshgan ayollarga taqdim etadigan tibbiy tekshiruvlariga menopauza skriningi ham kiritilishi belgilangan. Bundan tashqari, Bandlik munosabatlari to‘g‘risidagi qonun loyihasida Buyuk Britaniyadagi 250 yoki undan ortiq xodimga ega ish beruvchilarda "menopauza harakat rejasi" bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgan (shu yilning aprelidan ixtiyoriy, 2027 yil apreldan esa majburiy bo‘ladi).

Shunga qaramay, London Universitet kolleji oktyabrь oyida e’lon qilgan 1600 ga yaqin ayolning ixtiyoriy so‘rovnomasida ularning 75 foizdan ortig‘i menopauza haqida yetarli ma’lumoti yo‘qligini aytgan.

Gvinet Peltrou 2018 yildayoq menopauzani "qayta brend"lashga chaqirgan edi.

Surat manbasi, Getty Images for BAFTA

Surat tagso‘zi, Gvinet Peltrou 2018 yildayoq menopauzani "qayta brend"lashga chaqirgan edi.

Bundan tashqari, ko‘plab ayollar menopauza atrofida hali ham uyat hissi borligini va bu haqda ochiq gapira olmasliklarini aytishmoqda.

Ijtimoiy siyosat bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan 60 yoshlardagi bir ayol menga xabar yuborib, o‘zining "menopauza paytidagi kechinmalari" haqida ayol hamkasblari oldida hazil aralash gapira boshlaganini aytdi. Ammo bu o‘shanda "uyaltiradigan" holat bo‘lganini, o‘z sohasidagi ba’zi siyosiy atamalarini unutib qo‘yganida ayniqsa sezilganini, qo‘shimcha qildi.

Biroq, alomatlarni yashirish yoki menopauzani niqoblash juda charchatishi mumkin.

"Ayollar duch keladigan qiyinchiliklarni niqoblash yoki ularning o‘rnini to‘ldirish uchun sarflangan energiya ko‘pincha mavjud resurslarni yanada kamaytiradi, odamni tez toliqtiradi", deydi Fionnuala Barton, umumiy amaliyot shifokori va menopauza bo‘yicha Britaniya Menopauza Jamiyatining sertifikatlangan mutaxassisi.

Uning fikricha, bu holdan toyish xavfini oshirishi mumkin. Qolaversa, yashirishning o‘zi ayollar hayotiga ta’sir qila oladimi, degan savol tug‘iladi.

Menopauzani niqoblash va holdan toyish

Milliy Sog‘liq xizmati menopauzaning 34 ta mumkin bo‘lgan alomatini sanagan. Ularning ba’zilari ko‘proq uchraydi. Ko‘pchilik bu alomatlarni juda og‘ir o‘tkazishi mumkin.

LinkedIn'dagi postimni ko‘rib, menga murojaat qilgan bir ayol estrogenning kamayishi qin quruqlashuviga olib kelganini, oqibatda oddiy qadam bosib yurish ham og‘riqli bo‘lib qolganini tushuntirdi.

Bir do‘stim qovug‘i zaiflashib qolganini aytdi. Bu "deyarli bir kechada" ta’sir qildi, dedi u, shu qadarki, ba’zida hojatxonaga yetib borishga ulgurmas ekan.

"Bu hammadan ham ko‘proq bezovta qiladi", deb tan oldi u, shu sababli ofisga bormay uyda ishlashni istar ekan.

Boshqa bir ayol esa miya tumanining quyuq bulutlari ichida suhbatdoshining gaplarini anglamay qolishini, shu bois ijtimoiy muloqotdan qochishini aytdi.

Yana bir nechta ayol qanday choralar ko‘rgani bilan o‘rtoqlashdi: ba’zilari qizib ketmaslik uchun ish joyida ventilyatorlarni yoqib qo‘yadi, boshqalari men kabi yo‘l tutib, uchrashuvlar va taqdimotlar paytida o‘zlariga eslatmalar yozib qo‘yishadi.

Milliy Sog‘liq xizmati menopauzaning 34 ta mumkin bo‘lgan alomatini sanagan.

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Milliy Sog‘liq xizmati menopauzaning 34 ta mumkin bo‘lgan alomatini sanagan.

Bir tomondan, bularning barchasi ayollarning ustaligi va chidamliligidan dalolat beradi, chunki ular ba’zi hollarda odamni juda zaif qilib qo‘yadigan alomatlar bilan kurashib, ishni ham uddalamoqda.

Jurnalist va "Menourushlar" kitobi muallifi Fiona Klarkning aytishicha, ko‘pincha ayollar alomatlarni seza boshlaganlarida ma’lum bir yo‘lni bosib o‘tadi: "Avvaliga sarosima va tan olmaslik, keyin qayg‘u, so‘ng qabul qilish.

Agar buni yashirayotgan yoki niqoblayotgan bo‘lsangiz, dodingiz tashqari chiqmaydi va kerakli yordamni ololmaysiz."

Bloomberg via Getty Images
Bir do‘stim qovug‘i zaiflashib qolganini aytdi. Bu "deyarli bir kechada" ta’sir qildi, dedi u, shu qadarki, ba’zida hojatxonaga yetib borishga ulgurmas ekan.
Zoi Klyaynman
Texnologiya muharriri (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Menopauzani niqoblash ishda alohida qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. 2024 yilda e’lon qilingan hukumat hisobotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 45 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan taxminan to‘rt million ayol ishlaydi – bu menopauza uchun eng keng tarqalgan yosh oralig‘idir.

Ochiq universitet Biznes maktabining odamlar va tashkilotlar bo‘yicha professori Jo Bryuis ta’kidlashicha, odamlar ish joyida alomatlarni yashirganda, bu iqtisodchilar "intensiv marginal xarajatlar" deb ataydigan bir qator holatlarga olib kelishi mumkin.

"Boshqacha aytganda, bu o‘sha odamlar uchun qo‘shimcha yukdir."

Ba’zi ayollar ishdan butunlay ketishi mumkin. The Fawcett jamiyatining 2022 yilgi hisobotiga ko‘ra, Savanta ComRes tadqiqot konsalting shirkati 4000 ga yaqin Buyuk Britaniya ayollari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rov natijalari ko‘rsatishicha, menopauza davrida ishlaydigan 40-55 yoshdagi har 10 ayoldan biri menopauza alomatlari tufayli ishdan ketgan.

Aktrisa Helli Berri kabi Gollivud yulduzlari menopauza va uning ta’siri haqida o‘z tajribalari haqida gapirishdi

Surat manbasi, FilmMagic via Getty Images

Surat tagso‘zi, Aktrisa Helli Berri kabi Gollivud yulduzlari menopauza va uning ta’siri haqida o‘z tajribalari haqida gapirishdi

"Bu yuk e’tibordan qochish shaklida namoyon bo‘lishi mumkin, masalan, lavozimini ko‘tarish uchun harakat qilmaslik yoki hatto vaziyatni boshqarish uchun maqomi pastroq, odatda kamroq haq to‘lanadigan lavozimga o‘tish", deydi Jo Bryuis.

"Ayollar sustkashlik qilayotgandek yoki ish samaradorligi pasayib ketayotgandek ko‘rinib qolmaslik uchun ham qo‘shimcha kuch sarflashi mumkin. Masalan, ular diqqat tarqoqligi yoki charchoq kabi umumiy alomatlarni boshdan kechirayotgan bo‘lsa, xato o‘tmasin deb, ikki martalab tekshirib chiqish uchun uzoqroq vaqt ishlashi mumkin."

Yapon ayollari va "ikkinchi bahor"

Albatta, ba’zi ayollar menopauzani yaxshi o‘tkazadi va bu tajribalarni umumlashtirmaslik kerak.

Ba’zi madaniyatlarda menopauzaga turlicha munosabat bor. Masalan, yapon tilida menopauzani anglatuvchi "konenki" so‘zi yangilanish va quvvat ma’nosini anglatadi.

U yerda menopauza ba’zan "ikkinchi bahor" deb ta’riflanadi – bu hayotning yangi bosqichiga ijobiy o‘tishga ishoradir.

London universiteti kollejining evolyutsion antropologiya bo‘yicha faxriy ilmiy xodimi doktor Megan Arnot shunday deydi: "Ko‘p mamlakatlarda hali ham Buyuk Britaniyadagidek menopauza atrofida muammo bor. Ammo so‘nggi yillarda bu yerdagi munosabat o‘zgara boshlagandek ko‘rinmoqda."

Biroq, uning ta’kidlashicha, menopauza ko‘proq ijobiy tarzda qabul qilinadigan xalqlar va mamlakatlar ham yo‘q emas.

"Ko‘plab mahalliy jamoalarda, jumladan, Amerika tub aholisi va Maya madaniyatlarida menopauza ayollarga ko‘proq hurmat va nufuz beradigan donolik va yetakchilikka o‘tish davri sifatida qaraladi [...] Xuddi shunday, Avstraliyaning tub aholisi orasida menopauza davridan o‘tgan ayollar ko‘pincha asosiy madaniy tarbiyachilar va ma’naviy yo‘lboshchilarga aylanadi".

Yapon tilida menopauzani anglatuvchi "konenki" so‘zi yangilanish va quvvat ma’nosini anglatadi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yapon tilida menopauzani anglatuvchi "konenki" so‘zi yangilanish va quvvat ma’nosini anglatadi.

Delaver universitetining antropologiya professori Melissa Melbiga ko‘ra, G‘arbda "menopauza dahshatli o‘zgarish, uni boshqarish qiyin, undan keyin hamma narsa yomonlashadi, degan tasavvur bor".

"Odatda, biz ayollarga faqat salbiy alomatlar ro‘yxatini beramiz. Muammolar. Biz ulardan shu davr mobaynida siz uchun ijobiy bo‘lgan biror narsa o‘zgardimi, deb hech so‘ramaymiz.

"Agar faqat salbiy narsalar haqida so‘rasangiz, albatta, javoblar ham shu tomonga yo‘naladi."

U o‘n yil Yaponiyada yashab ishladi, u yerdagi ayollar bilan suhbatlashish unda "hayotining keyingi bosqichi uchun umid tuyg‘usini" uyg‘otdi.

Men hozircha bu fikrga qo‘shilolmayman, mabodo turmush o‘rtog‘im shu gapni aytsa bormi, uning xavfsizligiga kafolat berolmayman. Ammo ehtimol, bu fikrda ham jon bordir – salbiy alomatlar haqida o‘ylayvergandan ko‘ra kattaroq manzarani ko‘rishga urinish kerak.

Hammaga mos o‘lcham yo‘q

Menopauza uzoq vaqtdan beri katta biznesga aylangan: oziq-ovqat qo‘shimchalari, simptomlarni kuzatish vositalari, terapevtik bosh bog‘ichlari va murabbiylar. Ijtimoiy tarmoqlarda menga ko‘rinadigan reklamalar asosan o‘rta yoshdagi ayollar uchun tabiiy vositalar haqida.

Menopauza bozori 2024 yilda 17 milliard dollardan ortgani taxmin qilingan va 2030 yilga borib 24 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Ammo ko‘pincha bularning o‘zi yetarli emas.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Ish joyi haqida gap ketganda, Bryuis ish beruvchilar qo‘llab-quvvatlovga e’tiborli bo‘lishlari kerakligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bevosita rahbarlar o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlash uchun tayyorgarligi yetarli emas, masalan, nozik masalada qanday suhbatlashish va xodimlar uchun oqilona yengilliklar yaratishda muammolari bor. U yana menopauzani ishga kelmaslik uchun bahona emas, jiddiy sabab sifatida aniq belgilash ham muhimligini ta’kidladi.

"Ba’zi ayollar, ularning tashkiloti qanchalik qo‘llab-quvvatlamasin, ishdagi menopauza holatini oshkor qilishni xohlamaydi, bu ham ularning mutlaq huquqi", deya qo‘shimcha qiladi u. "Ammo menopauza bo‘yicha samarali tashabbuslar ularning ochiqroq bo‘lishini osonlashtirishi va bu muammoni kamaytirishi mumkin".

Aynan amerikalik taniqli antropolog Margaret Mid 70 yildan ko‘proq vaqt oldin "menopauzadan keyingi g‘ayrat" iborasini qo‘llagan edi.

Surat manbasi, Universal Images Group via Getty Images

Surat tagso‘zi, Amerikalik taniqli antropolog Margaret Mid 70 yildan ko‘proq vaqt oldin "menopauzadan keyingi g‘ayrat" iborasini qo‘llagan edi.

Oxir-oqibat, munosabat hal qiluvchi ahamiyatga egaligini tushunib yetdim.

Aynan amerikalik taniqli antropolog Margaret Mid 70 yildan ko‘proq vaqt oldin "menopauzadan keyingi g‘ayrat" iborasini qo‘llagan edi.

1950-yillarda u shunday degan edi: "Dunyoda menopauzadan keyingi ayolning g‘ayratidan ko‘ra kuchliroq narsa yo‘q."

Shunday ekan, ana shunday ijobiy fikrlashni mahkam tutishimiz kerak.

O‘zimga kelsak, bu fikrni qo‘llab-quvvatlayman va "konenki" tushunchasini qabul qilaman.

Ammo miyamda paydo bo‘lgan tuman haqidagi postimdan keyingi qo‘llab-quvvatlov va suhbatlar menga yana bir, yanada taskin beruvchi haqiqatni ko‘rsatdi: men yolg‘iz emasman.

Get in touch

Have you been affected by the issues in this story? Share your experiences