AQSh endi Xitoyni g‘azablantirdi va bundan Tayvan mamnun

O'qilish vaqti: 2 daq

AQSh davlat departamenti o‘z vebsaytidan "Vashington Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaydi" degan bayonotni o‘chirib tashlashi Xitoyning g‘azabiga sabab bo‘lyapti.

Xitoyning aytishicha, bu qadam "Tayvan mustaqilligiga chaqirayotgan bo‘lginchi kuchlar uchun noto‘g‘ri ishorani beradi", hamda "AQSh o‘z xatosini to‘g‘rilashi kerak".

Davlat departamenti saytida Tayvan-AQSh munosabatlari haqidagi ma’lumot o‘tgan hafta "oddiy" yangilanish davrida o‘zgartirilgan va undan "Biz Tayvanning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaymiz" jumlasi olib tashlangani ayon bo‘lgan.

AQSh voizi o‘z hukumati "Bir Xitoy" siyosatiga sodiq bo‘lib qolayotgani, ya’ni AQSh Tayvan bilan emas, Xitoy bilan rasmiy aloqalarni tan olishini aytgan.

Xitoy o‘zini o‘zi boshqaruvchi Tayvanni bo‘lginchi hudud deb ko‘radi va bir kun Xitoyga qo‘shilishiga ishonadi. U bu yo‘lda harbiy kuchni ham qo‘llashini istisno qilmagan.

Lekin, ko‘plab tayvanliklar o‘zlarini alohida davlat deb hisoblashadi. Shunga qaramay, ularning aksari hozirgi maqomni saqlab qolish tarafidalar. U ham bo‘lsa, Tayvan o‘z mustaqilligini rasman e’lon qilmaydi ham, Xitoyga qo‘shilmaydi ham.

AQSh davlat departamenti bayonotida tushirib qoldirilgan jumladan tashqari, endi unda AQSh Tayvanning xalqaro tashkilotlarga a’zoligini ba’zi hollarda qo‘llashi aytiladi.

Yakshanba kuni Tayvan Tashqi ishlar vaziri Lin Chia-lung AQShga "ijobiy va Tayvanga nisbatan do‘stona so‘zlar" uchun minnatdorchilik izhor qildi.

Ammo, dushanba kuni Pekinda o‘tgan odatiy matbuot anjumanida Xitoy tashqi ishlar vazirligining voizi buni qoraladi va AQShning Tayvan siyosatidagi "jiddiy ortga qaytish" deya baholadi.

"Bu Tayvan mustaqilligiga chaqirayotgan bo‘lginchi kuchlarga noto‘g‘ri va jiddiy ishorani beradi, va AQShning Xitoyni o‘rab turish uchun Tayvandan foydalanishdek noto‘g‘ri siyosatini o‘jarlik bilan davom ettirayotganiga misol bo‘ladi", - dedi voiz Guo Jiyakun.