Dunyodan uzilishni hech istaganmisiz? Kalavaning uchi sayyor nervda bo‘lishi mumkin

Illyustratsiya: miya va faol vagus nervi (o‘ninchi bosh miya nervi yoki CN X) hamda katta ayolning ichki organlari tasviri.

Surat manbasi, Alamy

Dunyodan uzilishni hech istaganmisiz? Kalavaning uchi sayyor nervda bo‘lishi mumkin
    • Author, Rut Klegg
    • Role, Salomatlik va turmush tarzi muxbiri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Bu tanamizdagi super magistral bo‘lib, u orqali miyamizdan asosiy a’zolarimizga ma’lumot boradi. Siz uning mavjudligini bilmasligingiz, uni mashq qildirish kerakligi-ku xayolingizga ham kelmagan bo‘lishi tabiiy.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirsam, sayyor (vagus) nerv haqida ko‘plab maslahatlarni ko‘raman – uni qanday davolash, stimullash, hatto qayta sozlash haqida – go‘yo bu mashqlar stress va xavotir darajasini pasaytirishga yordam beradi.

Qulog‘ingizga rezina tish cho‘tkasiga o‘xshash narsa bilan tegish, ko‘zlaringizni u yoqdan-bu yoqqa harakatlantirish, tanangizni yengil urib chiqish yoki og‘irlashtirilgan nimcha kiygan holda suv bilan g‘arg‘ara qilish – bular asabni mashq qildirish, o‘zni tetik his qilish uchun tavsiya etilayotgan usullarning bir qismi, xolos.

Stress darajamiz keskin oshgan va 35 yoshdan kichiklar orasida holdan toyish ko‘payib borayotgan bir paytda, ijtimoiy tarmoqlardagi bu kabi ko‘plab postlarning millionlab marta ko‘rilishi ajablanarli emas.

Tavsiya qilinayotgan usullarning ba’zilari biroz g‘alati tuyulishi mumkin. Ammo haqiqatan ham bu qudratli nervni mashq qildirish mumkinmi va u hayotiy stresslardan tezda xalos bo‘lishga chindan ham yordam beradimi?

Eirian Kolling bog‘da tashqarisida o‘tiribdi

Surat manbasi, @cariad.connection

Surat tagso‘zi, Yoga terapevti Eyrian Kollinj nafas mashqlari, ko‘z harakatlari va tapping usulidan amaliyotida foydalanadi

Buni bilish uchun Stokport shahar markazidagi sham bilan yoritilgan kichik studiyaga borishga qaror qildim – u yerda baland ovozda xirgoyi qilayotgan kichik bir guruhga qo‘shildim.

Menga aytishlaricha, xirgoyi qilish sayyor nervimizni stimullashga va yurak urishini sekinlatishga yordam beradi. O‘zimni biroz yengil his qila boshladim. Tanamda past ovozli tebranishni his qildim, miyam kamroq band bo‘layotgandek edi.

Ushbu somatika darsida yoga terapevti Eyrian Kollinj bizga chuqur nafas olish, tebranish va chayqalish bilan kechadigan yengil harakatli mashg‘ulotni o‘tkazadi.

U ijtimoiy tarmoqlarda tavsiya etilayotgan barcha usullarni ma’qullamasa ham, uning mashg‘ulotlarida nafas olish, ko‘z harakatlari va yengil urish kabi harakatlar bor.

Ammo, uning ta’kidlashicha, bu davomli jarayon, tezkor yechim yo‘q. Bu nazariya tanani his qilish orqali asab tizimimizni tinchlantirish mumkinligiga asoslangan.

Ba’zi olimlar buni tanamizdagi murakkab tizimlarni haddan tashqari soddalashtirish deb hisoblaydi. Ammo boshqalar fikricha, bu shiddatli va g‘ala-g‘ovur dunyoda tinchlik lahzasini topishda samarali bo‘lishi mumkin.

Mendan bir necha metr narida gilamcha ustida yotgan Sara bu mashg‘ulotga taxminan bir yil oldin kela boshlagan. U mashg‘ulot hayotini o‘zgartirib yuborganini aytadi.

"Birinchi mashg‘ulotdan keyin yig‘lab yuborgan edim, – deydi u. – Miyam birinchi marta o‘chib qolgandek tuyuldi."

Ruhiy muammolari sababli qiynalayotgan 35 yoshli bu ayol o‘z miyasini tozalayotgandek his qilayotganini aytadi.

Iksander , 37 yoshli erkak, divanda short va yugurish maykasini kiyib o‘tiribdi. U kulyayapti va oyog‘i loyga belangan

Surat manbasi, Xander

Surat tagso‘zi, Iksander endi u o‘zini haddan tashqari charchoq yoki ruhiy bosim sezganda qanday yo‘l tutishni biladi. Masalan, loyli tepaliklarda yugurish uning eng yaxshi chiqish yo‘liga aylangan

Saraning sherigi Iksander ham bunga qo‘shiladi. Mashg‘ulotlar uni o‘z hissiyotlarini yaxshiroq anglashga yordam bergan.

"Erkak sifatida, – deb tushuntiradi u, – biz bunga ko‘nikmaganmiz.

Men umrimning ko‘p qismida depressiya bilan kurashganman, lekin endi fikrlarimni tuzatishga urinish o‘rniga hissiyotlarimni qabul qilib, ular bilan yashashni o‘rgandim.

Agar ishlar biroz og‘irlashib ketsa, ishdan biroz chetlashishim mumkin. Masalan, yugurgani chiqaman yoki tepaliklarni aylanaman.

Asab tizimimni tushunish bunda muhim».

Vagus – lotincha "sayyor" degan ma’noni anglatadi. Bu nerv miyada ikkita – chap va o‘ng tarmoq sifatida boshlanib, har bir yirik a’zo bilan bog‘lanadi va muhim ma’lumotlarni ikki tomonlama uzatib turadi.

U avtonom asab tizimining bir qismi bo‘lib, nafas olish, yurak urishi va ovqat hazm qilish kabi biz ongli his qilmaydigan jarayonlarni boshqaradi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Tizim qisman quyidagilardan iborat:

• simpatetik asab tizimi – "kurash yoki qoch" holatini faollashtiradi, bizni yovvoyi hayvon quvishidan tortib, muhim ish suhbatigacha bo‘lgan har qanday vaziyatga tayyorlaydi

• parasimpatetik asab tizimi – sayyor nervga tayanib, tormozlashga va tanani tinch holatga qaytarishga yordam beradi

Agar bulardan biri muvozanatdan chiqsa, muammo paydo bo‘la boshlaydi. Ammo sayyor nervni faollashtirish orqali muvozanatni o‘zimiz tiklay olamizmi?

Psixiatr-konsultant professor Hemish Makallister-Uilyams bunga shubha bilan qaraydi.

"Sayyor nervga stimul berish epilepsiya kabi nevrologik kasalliklar va davolash qiyin bo‘lgan depressiya kabi ruhiy kasalliklarda yordam berishi mumkinligi haqida ishonchli dalillar bor, – deydi u, – ammo bu tanaga o‘rnatilgan qurilmadan kelib chiqadi – bu yurak stimulyatoriga o‘xshaydi va sayyor nervga elektr impulslarini yuboradi."

Bu qurilma sayyor nerv orqali miyaga yengil elektr stimullarini yuboradi, bu esa kayfiyatimizni tartibga solishga yordam beradigan serotonin va dopamin kabi kimyoviy moddalar ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Tanadagi sayyor nervni stimullash invaziv jarrohlikni talab qilsa ham, hozirda taqiladigan – invaziv bo‘lmagan texnologiyalar uchun o‘sib borayotgan bozor ham bor.

Narxi 270 AQSh dollaridan 1340 AQSh dollarigacha bo‘lgan bu qurilmalar odatda quloqqa qistiriladi, bo‘yin atrofiga taqiladi yoki ko‘krakka qo‘yiladi.

Lyusi Lambert bo‘ynida stimulyatsiya qurilmasini taqib olgan

Surat manbasi, @lucylambertco

Surat tagso‘zi, Lyusi butunlay charchab qolgan edi va bu qurilmalarni topishidan oldin qayerga murojaat qilishni bilmasdi

"Bu tashqi stimulyatorlar miya faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatadigan ba’zi ishonchli tadqiqotlar bor, – deb tushuntiradi professor Makallister-Uilyams. – Lekin ularning samarasi borasida ichki qurilmalarga solishtirganda dalillar ancha kam."

Tashqi qurilma beradigan elektr impulslari teri, to‘qima, mushak va yog‘ orqali o‘tishi kerak, shuning uchun u tanada ichidagi stimulyator kabi oddiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Qattiq charchagan Lyusi Lambert invaziv bo‘lmagan sayyor nerv stimulyatorlari unga yordam berganini aytadi.

Uch farzandning onasi boshlang‘ich maktabdagi o‘qituvchilikni "stress, charchoq va halovatsizlik" tufayli tashladi.

"Men shuncha vaqt davomida zaiflashib borayotganimni sezmabman, – deydi Lyusi. – Keyin bu birdan zo‘raydi. Vazifalar ro‘yxati haddan tashqari og‘ir bo‘lib qoldi.

Aqliy zo‘riqish shu qadar kuchli ediki, o‘rnimdan tura olmadim."

Turli tibbiy usullarni sinab ko‘rib, tayinli natijaga erisholmagach, Lyusining akasi bu vibratsiyalovchi qurilmalardan birini tavsiya qildi. Bu qurilma past darajadagi elektr impulslarini sayyor nervga yuboradi, ko‘pincha bo‘yin yoki quloq sohasi terisi orqali.

"O‘zimni kuchsiz his qila boshlaganimda, avvalo boshim og‘rirdi.

Keyin qurilmani kuniga ikki marta 10 daqiqadan taqib yurdim, bosh og‘rig‘i yo‘qolar va butun tanam tinchlanardi.

Stimullar haqiqatan ham ta’sir qilardi."

Uning aytishicha, qurilmalar charchoqni butunlay tuzatmagan, ammo "sog‘ayishni tezlatadigan sharoit" yaratishga yordam bergan.

Vagus nervini stimulyatsiya qiluvchi qurilmalar

Surat manbasi, @lucylambertco

Surat tagso‘zi, Lyusida invaziv bo‘lmagan vagus nervini stimulyatsiya qiluvchi turli qurilmalar bor. U ulardan foydalanish bilan birga dam olishga va hayot sur’atini sekinlatishga ham e’tibor qaratadi

Og‘riqni davolash bilan shug‘ullanuvchi doktor Kris Barkerning aytishicha, tibbiyotning bu sohasi hali rivojlanmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sayyor nervning ahamiyatini tushunish tobora ortib bormoqda. Muvozanatsiz asab tizimining ruhiy salomatligimizdan tortib yurak urishi va ovqat hazm qilish qobiliyatimizgacha bo‘lgan barcha narsalarga ta’siri haqida "aniq dalillar" mavjud bo‘lsa-da, bu muammolarni qanday bartaraf etishni hali to‘la bilmaymiz.

"Muammoli narsaga e’tibor qaratish va uni tuzatishga harakat qilish zarur.

Tanamiz juda murakkab va ba’zida biz ko‘rayotgan muammo kengroq tizimdagi nomutanosiblikning bir qismi bo‘lishi mumkin."

Gap me’yor buzilishi haqida emas, deydi u. Bu "sizga nima to‘g‘ri kelishini aniqlash" haqida va bu ko‘pincha vaqt talab qiladi.

Shuni ta’kidlash joizki, agar sizda yurak yoki nafas olish tizimi kasalliklari bo‘lsa, muvozanatni tiklash yoki asab tizimini stimullashdan oldin shifokor bilan maslahatlashganingiz ma’qul.

Oradan bir necha yil o‘tgach, 47 yoshli Lyusi boshqalarga hissiy chidamlilik va ishonchni shakllantirishga yordam berish uchun o‘z biznesini ochmoqda.

U hali ham har kuni qurilmalaridan foydalanadi, meditatsiya qiladi va o‘zini qanday his qilayotganini muntazam tekshirib turadi. "Qurilmalar meni dam olishga majbur qiladi."

Ammo u o‘zgarish qurilmalar tufaylimi yoki shunchaki zarur miqdorda dam olganidanmi, buni aniq aytish qiyinligini tan oladi.

Ushbu qurilmalar haqida ishonchli ilmiy dalillar yo‘q, ammo Lyusi uchun ular uning sog‘ayishida muhim rol o‘ynadi. O‘zining aytishicha, asab tizimi va sayyor nervi ahamiyatini tushunish unga kuch bergan.

"Bu menga o‘zimning ruhiy salomatligim uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olishga yordam berdi va bu juda muhim."