Maxfiy amaliyot: Mossad xodimlari Hizbulloh ratsiya va peyjerlari qanday portlatib yuborilgani haqida gapirib berdi

jangari

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, 17 va 18 sentyabrь kuni ketma-ket yuz bergan peyjer hamda ratsiyalarning ommaviy portlatilishi ortidan Hizbullohning o‘nlab jangarilari halok bo‘lgan, yana minglabi tan jarohati olgan.
O'qilish vaqti: 4 daq

Mossadning ikki xodimi CBS telekanali bilan intervyuda Hizbulloh jangarilarining ratsiya va peyjerlari qanday portlatib yuborilganini so‘zlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Hizbulloh a’zolari ratsiyalarni – ichida portlovchi modda borligidan bexabar – 10 yil davomida ishlatib yurgan.

Minglab peyjerlar 2024 yil 17 sentyabrda portlab ketgan bo‘lsada, CBS suhbatdoshlari so‘zlariga ko‘ra, ratsiyalar bilan bog‘liq maxfiy amaliyot ancha yil avval boshlangan.

Telekanal bilan gaplashgan Mossad xodimlaridan biri Maykl (har ikki xodim ham qora niqobda yoritilmagan sahnada va ovozlari o‘zgartirilgan holda soxta ismlar ostida intervyu bergan) Isroil razvedka xizmati ratsiyalarning batareyalariga portlovchi moddalarni o‘rnatib, ularni Hizbullohga sotgani haqida gapirgan.

Keyinroq portlab ketgan 16 ming ratsiyani sotish uchun Mossad soxta kompaniya tashkil qilib, Hizbullohga "juda yaxshi narx taklif qilgan", deydi Maykl.

"Biz chet el kompaniyalarini shunday tarzda tashkil qila olamizki, ularning ortida kim turganini hech kim aniqlay olmaydi. Biz soxta kompaniyalar ortidan yana boshqa soxta kompaniya tashkil etamiz... Biz xayoliy dunyoni yaratamiz. Biz – global kinostudiyamiz: stsenariy yozamiz, rejissyorlik qilamiz, prodyuserlik qilamiz va bosh rollarni ijro etamiz. Butun dunyo – biz uchun sahna", so‘zlaydi Maykl intervyu davomida.

Intervyudan ma’lum bo‘lishicha, "Hizbulloh" jangarilari ratsiyalarni faqat jang sharoitida ishlatgani sababli, ularni bir vaqtning o‘zida portlatib yuborishning imkoni yo‘q bo‘lgan.

Shu sababli, Mossad o‘ziga ashaddiy dushman guruhga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan peyjerlarni ham sotishga qaror qilgan.

Gabriel nomi bilan tanishtirilgan ikkinchi xodim peyjerlar bilan bog‘liq amaliyot 2022 yilda boshlanganini ma’lum qilgan.

Peyjerlarga portlovchi moddalarni joylashtirish uchun ular Tayvanning Gold Apollo kompaniyasi ishlab chiqargan modelni og‘irroq va kattaroq qilib o‘zgartirishga majbur bo‘lishgan.

"Men ushbu peyjerning biz o‘zgartirish kiritgan shaklini direktorimizga ko‘rsatganim kunni esdan chiqarmayman. Hech kim bunday qo‘pol qurilmani sotib olmaydi, cho‘ntakda ham olib yurib bo‘lmaydi, deb qattiq g‘azablangan edi", eslaydi Gabriel.

Gabriel ikki haftaga cho‘zilgan urinishlardan so‘ng oxir-oqibat direktorni "qo‘pol, ammo ish bera oladigan" peyjerlardan foydalanishga ko‘ndirganini aytadi.

Isroilliklar peyjerlardagi portlovchi modda miqdorini shunday hisoblanganki, u portlaganda faqat jangarining o‘ziga zarar yetishi, uning yaqinida bo‘lgan odamlarga ziyon bo‘lmasligi imkon qadar ta’minlangan.

tez yordam

Surat manbasi, Anadolu

Surat tagso‘zi, Peyjer va ratsiyalar portlashi ortidan Livandagi kasalxonalarga yuklama haddan ziyod ortib ketgan.

Bu uchun ular manekenlar bilan ko‘p bor sinovlar o‘tkazgan.

"Terrorchi tugmani bosganda, faqat o‘zi jarohat olishini ta’minlaganmiz. Yonidagi hech kimga ziyon yetmaydi. Biz hammasini ikki marta, uch marta – ko‘p marta qayta tekshirganmiz", so‘zlaydi Gabriel.

Mossad xodimlari, shuningdek, ko‘p bor sinovlardan o‘tkazib, shunday ringtonlarni tanlashganki, portlash oldidan yangragan tovush peyjer egasini so‘nggi kelgan xabarni ochib o‘qishga undagan.

Bundan tashqari shaxs peyjerga kelgan xabarni ochib o‘qishi uchun o‘rtacha qancha vaqt ketishi ham ustalik bilan hisob-kitob qilingan – Mossadning aniqlik kiritishicha, bunga odatda yetti soniya vaqt sarflanadi.

"Trumen shousi"

Shundan so‘ng Mossad soxta kompaniya orqali katta reklama kampaniyasi uyushtirib, Hizbullohga yangi peyjerlarni taklif qilgan.

"Reklama"da ayni bu model boshqalardan ko‘ra kattaroq va qo‘polroq bo‘lishiga qaramay, u anchayin mustahkam ekani hamda suv va changdan qo‘rqmasligiga Hizbulloh jangarilari ishontirilgan.

Gabrielning aytishicha, reklama kampaniyasi shu darajada muvaffaqiyatli chiqqanidan, Hizbullohdan tashqari yana ko‘plab xaridorlardan buyurtmalar tushgan.

"Albatta biz boshqalarga hech narsa sotmadik. Qimmat narx bilan ularni hurkitib yubordik", deydi Gabriel.

Peyjerlarni aynan Hizbullohga sotish uchun Mossad Vengriyada yana bir soxta kompaniya tashkil qilgan.

Ular Hizbulloh avval ishlagan Gold Apollo kompaniyasidan sotuv menejerini yollashgan.

Bu menejer Hizbullohga yangi peydjerlardan iborat birinchi partiyani reklama sifatida tekinga taqdim qilgan.

"Hammasi "Trumen shousi" filmidagidek kechdi. Biz jarayonni parda ortidan nazorat qilib turdik. Hizbulloh uchun uchun hammasi halol bo‘lib ko‘rindi: biznesmenlar, marketing, muhandislar, shourum", maqtanadi Gabriel.

Peyjerlarni birinchi qo‘l ishlab chiqargan Gold Apollo firmasi, tabiiyki, o‘z mahsulotlarini Mossadga sotayotganidan bexabar bo‘lgan.

Maxfiy amaliyot natijalari

motam

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Isroil tanqidchilari bu amaliyot natijasida nafaqat Hizbulloh jangarilari, balki tinch aholiga ham zarar yetganini ta’kidlaydi.

2024 yil sentyabriga kelib, Hizbulloh 5000 ta "mustahkam va suvga chidamli", aslida esa bir necha gramm portlovchi modda o‘rnatilgan peyjerlarni qo‘lga kiritgan.

17 sentyabr kuni esa Mossad peyjerlarga xabar yuborgan: "Shifrlangan xabar qabul qilindi".

Ekranda ko‘ringan bu xabarni ochish uchun ikki tugmani bir vaqtning o‘zida bosish, yanada aniqrog‘i – peyjerni ikki qo‘lda tutib, tanaga yaqinroq olib kelish lozim bo‘lgan.

Gabriel tugmalar bosilmagan taqdirda ham, peyjerlar baribir portlab ketgan bo‘lishi, xabar shunchaki jangarilarni qurilmani qo‘lga olishga undash yo‘lida kerak bo‘lgani haqida so‘zlaydi.

"Maqsadimiz jangarilarni o‘ldirish emas, balki ularni jarohatlash bo‘lgan", tushuntiradi u.

"Agar jangari o‘lsa, u shunchaki murdaga aylanadi. Ammo agar u tan jarohati olsa, uni davolash hamda bunga pul, kuch, resurslar sarflashga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari qo‘li, ko‘zidan ayrilgan bu shaxslar Livanda o‘ziga xos timsolga ham aylanadi. Ular biz Yaqin Sharqda hammadan qudratli ekanimizning tirik dalilidir".

Amaliyot keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan – Isroilga qarshi faollar peyjerlar, ertasi kuni esa ratsiyalarning portlab ketishi natijasida nafaqat minglab Hizbulloh jangarilari, balki bir qator tinch aholi vakillari ham zarar ko‘rganini ta’kidlab chiqqan.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bu amaliyotni xalqaro qonunchilikni buzish, deb baholagan.

"Isroil uchun o‘zining jahondagi obro‘-e’tibori nahotki muhim emas?", deya so‘ragan CBS boshlovchisi Mossad xodimlaridan.

"Albatta muhim. Ammo gap ustivor masalalar haqida ketganda, xalqimizni muhofaza qilish biz uchun birinchi o‘rinda turadi", degan Gabriel bu savolga javoban.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: