Markaziy Osiyo emas Turkistonmi? Turkiya maktab darsliklariga o‘zgartirishlar kiritmoqda

Turkiyzabon davlatlar rahbarlari yig‘ilishi.

Surat manbasi, BBC/GettyImages/Official

Surat tagso‘zi, Turkiya Milliy Ta’lim vazirligi tarix fani bo‘yicha o‘quv darsliklarida Turkiston atamasi qo‘llanishini e’lon qildi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Turkiya Milliy Ta’lim vazirligi tarix fani bo‘yicha o‘quv darsliklariga o‘zgartirishlar kiritib, Markaziy Osiyo atamasini Turkiston, deya o‘zgartirilishi haqida e’lon qildi.

Professor Ahmad Tashgilning TRT Haber agentligiga aytishicha, "turklar zamini" ma’nosini anglatuvchi Turkiston atamasi tarixshunoslikda qadimdan ishlatib kelingan.

19-asrning 2- yarmida mintaqa Rossiya tomonidan ishg‘ol qilinganidan so‘ng esa Markaziy Osiyo atamasi qo‘llana boshlagan.

Turkiyalik mutaxassislar maktablardagi tarix darsliklarida Turkiston atamasining qo‘llanishini ma’qullab, bu to‘g‘ri qaror bo‘lganligini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, mushtarak tarix, geografiya, adabiyot va umum turk alfavitini yaratish yo‘lida Turkiya Milliy Ta’lim vazirligining hatto kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun darsliklarga Turkiston atamasini kiritishi muhim qadamdir.

Ayni vaqtda bu qaror Turkiyaning mintaqada o‘z rolini shakllantirish harakatlari borasidagi savollarni ham keltirib chiqargan.

Ba’zilar bu qadam regionalizmning yangi ko‘rinishini anglatishi mumkinligiga e’tibor qaratishmoqda.

Ukrainadagi urush tufayli mintaqada Rossiya ta’sirining zaiflashishi shuningdek, Xitoyning o‘z ta’sirini kuchaytirish urinishlari nazarda tutilsa, bu qaror geopolitik o‘zgarishlarda alohida ahamiyat kasb etishi mumkinligi aytilmoqda.

"Markaziy Osiyo kamsituvchi atama"

BBC
Turkiston turkiy xalqlar manfaatlarini aks ettiruvchi atamadir. Markaziy Osiyo esa kamsituvchi atama
Bahrom Irzayev
Tarixchi (batafsil:bbc.com/uzbek)

O‘zbekistonlik tarixchi Bahrom Irzaevning VVS O‘zbek xizmati bilan suhbatda aytishicha, mintaqa tarixshunosligida Turkiston atamasi 1950-1960 yillarga qadar ishlatilgan.

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo atamasining kiritilishi Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan mintaqada yangi sho‘ro respublikalarining yaratilishi ortidan tarixiy Turkiston atamasini yo‘qotishga urinish edi.

"Hozirda Turkiston atamasining tiklanishi Sho‘rolar asoratiga qarshi qaritilgan qadamdir", deydi tarixchi.

"Bu atama Turkistonning iqtisodiy, siyosiy, madaniy va hatto harbiy qudrat sifatida yagonaligini ko‘rsatib, kelajakda Turkiy davlatlar tashkilotining mafkuraviy asosi sifatida xizmat qilishi mumkin", deya qo‘shimcha qildi tarixchi Bahrom Irzaev.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Turkiston Ittifoqi yaralsa xalqqa foydasi bo‘ladimi?

Tarixchi Bahrom Irzaevning aytishicha, Turkiston mintaqaviy hamkorligi kuchayishi iqtisodiy va ish o‘rinlari yetishmasligi muammolariga yuz tutayotgan mintaqa aholisi uchun eng avvalo mehnat bozori kengayishini anglatishi mumkin.

Shuningdek, o‘rtadagi chegaralarning shaffoflashishi hamkorlik doirasidagi har bir davlatning o‘z potentsalidan kengroq foydalanib, qo‘shni davlatlar bilan birgalikda rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘paytiradi.

Ammo Turkiya Milliy Ta’lim vazirligining qarori hozirda ko‘proq turkiy xalqlar ittifoqini emas, tarixiy ma’noda mintaqaga nisbatan ishlatiladigan geografik atamani ko‘zda tutayotgan ko‘rinadi.

Kuch birlikdami?

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

VVS O‘zbek xizmatining tarixchi Bahrom Irzaev bilan o‘z Youtube kanalida nashr qilgan suhbati qizg‘in bahslarni keltirib chiqargan.

Qoldirilgan izohlar orasida "Turkiy davlatlar birlashsa yirik iqtisodiy ittifoq paydo bo‘lishi" mumkinligi haqida @Youtubkkkmmm nomli foydalanuvchi fikri bor.

Yana boshqa fikrlarga ko‘ra, birlik haqida gap ketganda ishni avvalo yagona alifboni yaratishdan boshlash kerak. Shundagina hamjihatlikka erishish mumkin.

"Tezroq birlashib, katta harbiy blok tuzib, bitta iqtisodiy federatsiya tuzilishi kerak. Aks holda Rossiya, Xitoy va AQSh orasida o‘yinchoq buladi. Bitta TUROn tuzilishi kerak», deya izoh qoldirgan @Giyyh645Gikgg9 nomli yana bir VVS ning Youtube kanali kuzatuvchisi.

Ammo bu g‘oyaning amalga oshishiga shubha bilan qarovchilar ham bor.

@NajmiddinNiyozmatov-x4s nomli foydalanuvchining fikricha, bu g‘oya "hech qanday foyda bermaydi. Aksincha yana qullik davriga qaytaradi. Xalq toifalarga bo‘linadi. Birlashish imkoni pasayadi. Tashqaridan dushman kelib qullikdan ozod qilsa, ozod bo‘ladi. Kelmasa, qulligicha qoladi».

Yana boshqa bir fikrga ko‘ra, g‘oyaning amalga oshmasligiga siyosiy irodaning yo‘qligi sababdir.

"Davlat rahbarlari bundan manfaatdor emas. Bular rus og‘asiga qarab qadam bosadi. Bu bir o‘yin, xalqni ataylab chalg‘itib turish», deya izoh qoldirgan @YerTeer nomli foydalanuvchi.

@ShodiqulYunusov-w1s nomli foydalanuvchi esa "Bu zonada tojiklar ham bor-ku, ajralib qolmasmikan», deya fikr qoldirgan.

Eslatma: ayrim izohlar imloviy jihatdan tahrir qilindi.