O‘zbekiston dengizga chiqmoqchi: yaqin yillarda buning imkoni bormi? Video

Surat manbasi, Ўзбекистон Республикаси Президенти матбуот хизмати
Har tomonlama quruqlik bilan chegaralangan O‘zbekiston yillardirki dengiz savdo yo‘llariga chiqishga intilib keladi. Ayni maqsad oxirgi paytlarga kelib mamlakatning tashqi siyosatida muhim kun tartibiga aylangan.
Kuzatuvchilar O‘zbekiston uchun sharq, janub va g‘arbga chiqish inkor etib bo‘lmas zarurat ekanligini ta’kidlaydi. "O‘zbekiston transport tizimini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi" ham asosiy e’tiborni g‘arb va janubga qaratib, ularni muhim yo‘nalish sifatida ko‘radi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Biroq, ayni loyihalarning amalga oshishi qanchalik haqiqatga yaqin? Afg‘oniston hanuz siyosiy barqaror bo‘lmagan davlat sifatida qaraladi. G‘arbga eltuvchi yo‘nalishda esa qator transchegaraviy va texnik qiyinchiliklar bor.
Mavjud zaruriyat hamda imkoniyatlar manzarasida, sharq, g‘arb va janubga intilish mamlakatning strategik ahamiyatini oshirishi mumkin. Ammo bunga erishishda hali ko‘p qadamlar bosib o‘tilishi kerak, deydi kuzatuvchilar.
Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar anjumani
4-5 avgust kunlari Turkmaniston BMTning dengizga chiqishga imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar kenferentsiyasiga mezbonlik qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dengiz yo‘llari jahon savdo aylanmasining 80 foizini tashkil qiladi.
Biroq, dunyoning 32 mamlakatida ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjud emas. Bu esa ayni hududlardagi savdo munosabatlari va transport aloqalarini sezilarli darajada sekinlashtiradi. Tadbir davomida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham masalaning ayni jihatiga alohida to‘xtalgan.
"Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala — adolat masalasiga daxldordir. Bu — dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir," — degan u.
Shu bilan birga, prezident Mirziyoyev O‘zbekiston dengizga chiqish uchun qilayotgan loyihalarni alohida urg‘ulagan. Ular orasida mamlakatni sharq bilan bog‘lovchi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li, janubga chiquvchi Trans-Afg‘on temiryo‘li hamda mintaqani g‘arb bilan bog‘lovchi Trans-Kaspiy yo‘lagi mavjud.
O‘zbekiston yillardirki ayni loyihalarni muhim prioritet sifatida ko‘rib keladi. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi allaqachon boshlangan. Biroq, Afg‘onistonda hanuz mavjud beqarorlik hamda g‘arbiy yo‘nalishdagi transchegaraviy muammolar mamlakatning so‘nggi ikki loyihasini savol ostida qoldiradi.
O‘zbekiston uchun haqiqatan dengiz savdo yo‘laklariga qo‘shilishning imkoni bormi?
Fundamental masala — adolat masalasiga daxldordir. Bu — dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etishni ta’minlashdir.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston
"Bir makon, bir yo‘l" O‘zbekistonni sharqqa, Xitoyga yana-da yaqinroq qiluvchi loyihadir. Uning doirasida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston magistral temir yo‘lining qurilishi mamlakat uchun istiqbolli eshiklarni ochishi kutilmoqda. Biroq, salkam 30 yil deganda haqiqatga ko‘chgan tashabbusda ehtimoliy xavf ham bo‘lishi mumkin.
Ilk tashabbus 1996 yilda ilgari surilganiga qaramay, yillardirki turli siyosiy, iqtisodiy, texnik va geosiyosiy sabablar bilan ortga surib kelingan edi. Birlamchi sabab o‘laroq talqin etiladigan Qirg‘izistondagi siyosiy beqarorlik loyiha ishini 12 yilga kechiktirgani aytiladi. 2012 yilda Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambaevning Pekinga tashrifi bilan, magistral masalasi yana kun tartibiga chiqdi.
Biroq, Rossiya temir yo‘l loyihasiga xayrixoh emasdi. Negaki, shu vaqtga qadar Xitoyni G‘arbga bog‘lab kelgan asosiy transport yo‘lagi, Trans-Sibir temir yo‘li uning hududidan o‘tadi. Jumladan, Markaziy Osiyoning ikki davlati bilan Xitoy aloqalarining kengayuvi va savdo ko‘lamida Rossiyadan uzoqlashuvi Moskva uchun geosiyosiy signal edi.
"Rossiyani loyihadan chetlashtirish Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doirasida ko‘ruvchi Moskvaning tanqidiga uchradi. Biroq, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va G‘arb sanksiyalari qurshovida qoldi. Bunga qarshi turishda Xitoyning ko‘magiga muhtoj bo‘lganidan ham, u magistralning keyingi taqdiriga aralasha olmadi," deb yozgan "The Jamestown Foundation" tadiqiqotchisi Sed Fazle Hayder "The Central Asia-Caucasus"da chop etilgan maqolasida.
Temir yo‘l ishga tushishi bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston Xitoy eksporti uchun muhim tranzit mamlakatlarga aylanadi. Har ikki davlat mintaqaviy va global savdodagi iqtisodiy rolini oshirib, tranzit to‘lovlaridan sezilarli foyda olishi mumkin.
Oxirgi bosqichda loyiha Yevropa, Turkmaniston, Eron va Turkiyadagi temir yo‘l tizimlari bilan integratsiyalashishni maqsad qilgan. Bu shimol ta’siridan chiqish va yangi yo‘llarni kashf etishga muttasil intilyotgan O‘zbekiston manfaatlariga ham mos yondashuvdir.

Surat manbasi, Ўзбекистон Республикаси Транспорт вазирлиги
Trans-Kaspiy yo‘lagi
O‘zbekiston uchun muhim transport yo‘laklaridan biri bu Trans-Kaspiy koridoridir. Qozog‘istondan Turkiya va Yevropagacha cho‘ziluvchi koridor yo‘nalishi O‘zbekistonni chetlab o‘tadi. Biroq, yilladirki O‘zbekiston qo‘shnilari Qozog‘iston va Turkmaniston orqali ushbu yo‘lakka chiqishga harakat qilib keladi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bilan jarayon tezlashishi mumkin. Mamlakatda Xitoy va Yevropa infratizilmasini bog‘lovchi markaz bo‘lish imkoniyati tug‘iladi.
Yo‘lakka qo‘shilish O‘zbekiston uchun ahamiyatli loyihadir. U orqali Turkiya va Yevropaga osonroq chiqish mumkin. Ammo bir vaqtning o‘zida amalga oshirilyotgan boshqa qator transport loyihalari hisobga olinsa, "O‘rta koridor"da strategik ahamiyat kasb etish mamlakat uchun o‘n yilliklarga cho‘zilishi mumkin.
Allaqachon koridorda muhim yo‘nalishga ega bo‘lgan Qozog‘iston bilan raqobatlashish uchun zamonaviy infratuzilma hamda yirik hamkorlar zarur. Biroq, mustaqil tahlilchi fikricha, Trans-Kaspiy yo‘lagi O‘zbekiston uchun juda katta yutuqlarni va’da qila olmaydi.
"Shaxsan men Trans-Kaspiy yo‘nalishi tub o‘zgarish olib keladi, degan fikrga to‘liq ishonmayman. Ko‘plab logistika kompaniyalari menga imkon tug‘ilishi bilan Rossiya yo‘nalishiga qaytishga tayyor ekanliklarini aytishdi. Ularni bundan to‘sib turgan yagona narsa vaqtinchalik sanksiyalar, xolos", - deydi u.
Shu bilan birga, Jo Barnes ko‘p mamlakatlardan o‘tuvchi multimodal transport yo‘lagida logistik muammolar ko‘p bo‘lishi hamda hamda Kaspiy dengizining asta-sekin qisqarib borayotgani Transkaspiy yo‘lagining taqdirini savol ostida qoldirishini ta’kidlaydi.
Trans-Kaspiy yo‘nalishi tub o‘zgarish olib keladi, deb ishonmayman. Ko‘plab logistika kompaniyalari imkon tug‘ilishi bilan Rossiya yo‘nalishiga qaytishga tayyor.
Trans-Afg‘on temiryo‘li
Quruqlikda savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan birga O‘zbekiston uchun dengizga chiqish har doimgidan-da muhimroq. Buning uchun janubga yuzlanish kerak: Eronning Chabahar va Bandar Abbas portlari orqali Fors ko‘rfaziga chiqish; Pokistonning Karachi porti orqali Hind okeaniga chiqish.
Har ikki yo‘l samarali ko‘rinadi. Ammo ularning qanchalik istiqbolli ekani savol ostida. Afg‘onistondagi siyosiy beqarorlik hamda Eronning sanksiyalar qurshovidaligi vaziyatni chigallashtirishi mumkin.
Yillardirki O‘zbekiston Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirish uchun harakat qilib keladi. Loyiha orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yo‘li ochiladi.

Surat manbasi, Ўзбекистон Республикаси Президенти матбуот хизмати
Temir yo‘l ishga tushsa, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 emas, 3-5 kun davom etadi. Bundan tashqari, bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi mumkin.
Biroq, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida hanuz mavjud kelishmovchiliklar qurilish boshlanmasdanoq uning istiqboliga soya solishi mumkin. Shunga qaramay, O‘zbekiston Transport vaziri Mahkamov 2025-yilda loyihaga tamal toshi qo‘yilishiga umid bog‘lagan.
Mustaqil tahlilchi Jo Barnesga ko‘ra, janub bilan iqtisodiy aloqalar doim ham silliq kechmaydi. Hududdagi ham ichki, ham transchegaraviy muammolar istalgan payt beqarorlashishi mumkin.
"Albatta, bu xavfli yo‘l, lekin O‘zbekiston hukumati bu xavfni o‘zini oqlaydigan imkoniyat sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin. Eng yaxshi holatda, bu yo‘lak mamlakatga Pokiston orqali dengizga chiqish imkonini beradi, uzoq muddatda esa, agar Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilansa, Hindiston bilan savdo yo‘lagi ochilishi mumkin.
Shuningdek, Afg‘onistonga sarmoya kiritmaslikning salbiy ta’sirlarini ham hisobga olish lozim. Bu mamlakat kambag‘allikda qolaveradi. Bu esa O‘zbekiston janubiy chegarasida beqarorlik va ekstremizm xavfini yanada kuchaytiradi," – deydi u.
Transafg‘on temir yo‘li O‘zbekistonni nafaqat Pokiston va Hindistonga, balki mintaqadagi yana bir muhim tomon, Eronga bog‘laydi. So‘nggi yillardagi o‘zaro davlat tashriflari va vizasiz rejimning joriy etilishi hisobga olinsa, temir yo‘l qurilishi manzarasida O‘zbekiston-Eron munosabatlari haqiqatan iliqlashgan ko‘rinadi.
Eron O‘zbekiston uchun muhim geografik ustunliklar beradi. Ammo uning G‘arb sanksiyalari ostida ekanligi vaziyatni qiyinlashtirishi mumkin.

Surat manbasi, Афғонистон Ташқи ишлар вазирлиги
Avazadagi konferentsiya esa O‘zbekiston dengiz yo‘llariga jiddiy munosabatda ekanligini yana bir bora ko‘rsatdi. Mamlakatning savdo salohiyati haqida gapirar ekan, prezident Mirziyoyev dengiz savdo yo‘llariga chiqa olish bu har bir davlat uchun ta’minlanishi kerak bo‘lgan fundamental adolat masalasi ekanligini urg‘uladi.
Tahlilchi Jo Barnesga ko‘ra, O‘zbekiston ayni geosiyosiy tarangliklarning oqibati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, iqtisodiy o‘sishni dengiz yo‘llarida ko‘rmoqda:
"Meningcha, Toshkentning mintaqaviy transport markaziga aylanish rejalari o‘z-o‘zidan foydalidir. Geosiyosiy o‘zgarishlardan qat’inazar, bu O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yuragi bo‘lishiga va mintaqaviy integratsiya jarayonini tezlashtirishga xizmat qilishi mumkin. Bu esa mintaqaning tashqi kuchlarga bog‘liqligini kamaytiradi. Albatta, moliyalashtirish ma’lum davlatlarga ta’sir kuchi berishi mumkin, muhim jihat — kreditlar turli manbalardan olinishi va har bir loyiha bo‘yicha iqtisodiy foyda baholanishi kerak, shundan so‘nggina amaliy ish boshlanishi lozim."












