"Oltin qon" sehri – olimlar dunyoning eng noyob qon guruhini qanday qayta yaratmoqchi?

Har olti million kishidan bittasidagina nol rezus-faktorli qon guruhi mavjud. Hozirda tadqiqotchilar uni laboratoriyada yaratishga harakat qilmoqda.
Qon quyish zamonaviy tibbiyotni tubdan o‘zgartirdi. Agar biz baxtsiz hodisa tufayli jarohatlansak yoki jiddiy jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lsak, boshqalar bergan qon hayotimizni saqlab qolishi mumkin.
Ammo bu ajoyib muolajadan hamma ham foydalana olmaydi. Nodir qon guruhiga ega odamlar o‘zlariga mos keladigan donor qonini topishda qiynaladi.
Eng kam uchraydigan qon guruhlaridan biri – nol rezus-faktor (Rh) qon guruhi dunyoda atigi 50 nafar odamda uchraydi. Agar ular qon quyishni talab etadigan baxtsiz hodisaga uchrasa, qon olish imkoniyati juda oz. Shu sababli, qoni nol rezus-faktorli odamlarga uzoq muddat saqlash uchun o‘z qonlarini muzlatib qo‘yish tavsiya etiladi.
Biroq, nodir bo‘lishiga qaramay, bu qon guruhi boshqa sabablarga ko‘ra ham yuqori baholanadi. Qo‘llanilish xususiyatlari tufayli tibbiyotda ba’zan uni "oltin qon" deb ham atashadi.
Bu qon guruhi hammaga mos keladigan qon yaratishga yordam berishi mumkin, chunki olimlar hozir donor qonini qabul qilishni cheklaydigan immunitet muammolarini bartaraf etish yo‘llarini izlamoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Qon guruhlari qanday tasniflanadi
Qon turi qizil qon tanachalari yuzasidagi maxsus markerlarning mavjudligi yoki yo‘qligiga qarab tasniflanadi.
Antigenlar deb ataladigan bu markerlar oqsillar yoki uglevodlardan iborat bo‘lib, ular hujayra yuzasidan chiqib turadi va immun tizimi ularni taniydi.
"Agar sizga o‘z qoningizdan farq qiladigan antigenlari bo‘lgan donor qoni quyilsa, tanangiz bu qonga qarshi antitanalar ishlab chiqaradi va unga hujum qiladi," deydi Bristol universiteti hujayra biologiyasi professori Esh Toy.
"Agar yana o‘sha qon quyilsa, bu hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin."
Eng kuchli immun reaktsiyani keltirib chiqaradigan ikkita qon guruhi ABO va rezus (Rh) hisoblanadi. A qon guruhidagi odamning eritrotsitlari yuzasida A antigenlari, B qon guruhili odamda esa B antigenlari bor. AB qon guruhida A va B antigenlarining ikkisi ham, O guruhida esa hech biri bo‘lmaydi. Har bir guruh rezus-musbat yoki rezus-manfiy bo‘lishi mumkin.
O manfiy qon guruhiga ega odamlar ko‘pincha universal donorlar deb ataladi, chunki ularning qonida A, B yoki Rh antigenlari yo‘q. Biroq bu juda soddalashtirilgan tushuncha.
Birinchidan, 2024 yil oktyabrь holatiga ko‘ra, 47 ta qon guruhi va 366 xil antigen ma’lum. Bu shuni anglatadiki, O manfiy qon olgan odam mavjud boshqa antigenlarning har biriga immun reaktsiya ko‘rsatishi mumkin. To‘g‘ri, ba’zi antigenlar boshqalarga qaraganda kuchliroq immun reaktsiyani keltirib chiqaradi.
Ikkinchidan, 50 dan ortiq Rh antigenlari mavjud. Odamlar rezus-manfiylik haqida gapirganda, ular Rh(D) antigenini nazarda tutishadi, ammo ularning qizil qon hujayralarida boshqa Rh oqsillari ham mavjud.
Dunyo bo‘ylab Rh antigenlarining xilma-xilligi juda katta bo‘lib, bu ayniqsa ma’lum bir mamlakatdagi etnik ozchiliklarga mansub odamlar uchun mos donorlarni topishni qiyinlashtiradi.

Surat manbasi, Getty Images
Nol rezus-faktorli qonga ega odamlarda esa barcha 50 ta Rh antigen yo‘q. Bu odamlar boshqa hech qanday qon guruhini qabul qila olmasa-da, nol rezus-faktor qon barcha ko‘plab Rh qon guruhlari bilan mos keladi.
Bu O tipidagi nol rezus-faktor qonning qiymatini oshiradi, chunki ko‘pchilik odamlar, shu jumladan, ABOning barcha variantlariga ega odamlar ham uni qabul qilishi mumkin.
Bemorning qon guruhi noma’lum bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda, allergik reaktsiya xavfi past bo‘lgan O tipidagi nol rezus-faktor qoni berilishi mumkin. Shu sababli butun dunyo olimlari bu "oltin qon"ni ko‘paytirish yo‘llarini izlamoqda.
"Rh antigenlar kuchli immunitet reaktsiyasini qo‘zg‘atadi va shuning uchun agar sizda ularning hech biri bo‘lmasa, unda rezus sababli reaktsiyaga kirishadigan hech narsa bo‘lmaydi," deydi professor Toy.
"Agar sizda O va nol rezus-faktor qon bo‘lsa, u juda universal hisoblanadi. Ammo hali ham e’tiborga olishingiz kerak bo‘lgan boshqa qon guruhlari bor."
Nol rezus-faktor qonning kelib chiqishi
So‘nggi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, nol rezus-faktor qoni qizil qon hujayralarida muhim rol o‘ynaydigan oqsilga ta’sir qiluvchi genetik mutatsiyalar tufayli yuzaga keladi. Bu oqsil Rh bilan bog‘liq glikoprotein yoki RHAG deb ataladi.
Bu mutatsiyalar, chamasi, ushbu oqsilning shaklini qisqartiradi yoki o‘zgartiradi, natijada u boshqa Rh antigenlarning sintezlanishini buzadi.
2018 yildagi tadqiqotda professor Toy va Bristol universitetidagi hamkasblari laboratoriyada nol rezus-faktor qonni qayta yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Buning uchun ular yetilmagan qizil qon tanachalarining hujayra liniyasini – laboratoriyada o‘stirilgan hujayralar to‘plamini olishdi.
So‘ng jamoa beshta qon guruhi tizimining antigenlarini kodlovchi genlarni yo‘q qilish uchun Crispr-Cas9 gen tahrirlash texnologiyasidan foydalandi. Bunga ABO va Rh antigenlari, shuningdek, Kell, Duffy va GPB deb nomlangan boshqa antigenlar kiradi.
"Biz beshtasini o‘chirib tashlaganimizda, o‘ta moslashuvchan hujayra hosil bo‘lishini taxmin qildik, chunki unda eng muammoli beshta qon guruhi olib tashlangan edi," deydi professor Toy.
Natijada olingan qon hujayralari barcha asosiy qon guruhlari uchun mos kelibgina qolmay, balki har to‘rt million kishidan birida uchraydigan nol rezus-faktor va Bombay fenotipi kabi kam uchraydigan turlar uchun ham mos keladi.
Bu qon guruhidagi odamlarga O, A, B yoki AB qonini quyish mumkin emas.
Biroq, gen tahrirlash usullaridan foydalanish dunyoning ko‘p qismida bahsli va qattiq nazorat ostida qolmoqda, bu esa bunday o‘ta mos keladigan qon turi klinik amaliyotga kiritilishiga ancha vaqt borligini anglatadi.
U tasdiqlangunga qadar ko‘plab klinik sinovlar va testlardan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Shu orada, professor Toy nol rezus-faktor kabi kam uchraydigan qon guruhlariga ega odamlardan qon yig‘adigan Scarlet Therapeutics kompaniyasiga asos soldi.
Jamoa bu qondan foydalanib, laboratoriyada ko‘paytiriladigan hujayra liniyalarini yaratishga umid qilmoqda. Laboratoriyada yetishtirilgan bu qonni keyin muzlatib, kam uchraydigan qon guruhlari bo‘lgan odamlarga favqulodda zarur bo‘lganda ishlatish uchun saqlash mumkin.
Professor Toy gen tahrirlashdan foydalanmasdan laboratoriyada kam uchraydigan qon banklarini yaratishni rejalagan.
"Agar buni genetik tahrirlashsiz amalga oshira olsak, ajoyib bo‘lardi, lekin tahrirlash ham imkoniyatlarimizdan biri," deydi u.
"Biz donorlarni ehtiyotkorlik bilan tanlab, ularning barcha antigenlari iloji boricha ko‘proq odamlarga mos kelishini ta’minlashga harakat qilmoqdamiz. Keyin, ehtimol, uni hammaga mos qilish uchun genlarni tahrirlashimiz kerak bo‘lar."
2021 yilda immunolog Gregori Denomm va AQShning Miluoki shahridagi Versiti qon tadqiqot institutidagi hamkasblari Crispr-Cas9 gen tahrirlash texnologiyasidan foydalanib, ko‘p qirrali o‘zak hujayralardan (hiPSC) nol rezus-faktor kabi kam uchraydigan qon turlarini yaratdi.
Bu o‘zak hujayralar embrional o‘zak hujayralarga o‘xshash bo‘lib, tegishli sharoitda inson tanasidagi istalgan boshqa hujayraga aylana oladi.
Boshqa olimlar esa qon hujayralariga aylanishga dasturlashtirilgan, ammo hali qaysi turga aylanishi aniqlanmagan boshqa o‘zak hujayralardan foydalanmoqda. Masalan, yaqinda Kanadaning Kvebek shahridagi Laval universiteti olimlari A musbat qonli donorlardan qon o‘zak hujayralarini ajratib oldi.
Keyin ular A va Rh antigenlarini kodlaydigan genlarni o‘chirish uchun Crispr-Cas9 texnologiyasidan foydalanib, O nol rezus-faktorli qizil qon hujayralarini ishlab chiqardilar. Ispaniyaning Barselona shahridagi tadqiqotchilar ham yaqinda nol rezus-faktorli qon donoridan o‘zak hujayralarini olishdi va Crispr-Cas9 yordamida ularning qonini A turidan O turiga aylantirishdi, bu qonni yanada universallashtiradi.
Shunday bo‘lsa-da, bu sa’y-harakatlarga qaramay, ta’kidlash lozimki, odamlar foydalana oladigan miqyosda sun’iy laboratoriya qonini yaratishga hali ancha erta.
Asosiy muammolardan biri o‘zak hujayralarni yetuk qizil qon hujayralariga aylantirishdir.
Tanada qizil qon tanachalari suyak iligidagi o‘zak hujayralardan hosil bo‘ladi, bu jarayon ularning rivojlanishini boshqaruvchi murakkab signallar orqali amalga oshadi. Buni laboratoriyada takrorlash qiyin.
"Qo‘shimcha muammo shundaki, nol rezus-faktorli yoki boshqa nol qon guruhini yaratishda qizil qon hujayralarining o‘sishi va yetilishi buzilishi mumkin," deydi hozirda qon quyish tibbiyotiga ixtisoslashgan Grifols Diagnostic Solutions sog‘liqni saqlash shirkatida tibbiy masalalar bo‘yicha direktor bo‘lib ishlayotgan janob Denomm.
"Muayyan qon guruhi genlarini yaratish, yetiltirish hujayra membranasi parchalanishiga yoki qizil qon hujayralarini samarali ishlab chiqarish yo‘qolishiga olib kelishi mumkin."

Surat manbasi, Getty Images
Hozircha professor Toy RESTORE tajribasiga rahbarlik qilmoqda. Bu donor qonining o‘zak hujayralaridan sun’iy o‘stirilgan qizil qon hujayralarini sog‘lom ko‘ngillilarga quyish xavfsizligini tekshirish uchun dunyodagi birinchi klinik sinovdir.
Sinovdagi sun’iy qon genetik tahrirlanmagan, ammo olimlar uni odamlarda sinab ko‘rishga tayyor bo‘lgan bosqichga yetib kelish uchun 10 yillik tadqiqot olib borishgan.
"Hozirda kimningdir qo‘lidan qon olish ancha samarali va tejamkor usul, shuning uchun yaqin kelajakda bizga baribir qon donorlari kerak bo‘ladi," deydi professor Toy.
"Ammo donor topish qiyin noyob qon guruhlariga ega odamlar uchun ko‘proq qon ishlab chiqara olsak, katta ish qilgan bo‘lamiz."












