Isroil zarbalaridan keyin Ash-Shar’a druzlar himoya qilinadi dedi. Video

Surat manbasi, Reuters
Isroil Suriya hukumat qo‘shinlarini druzlarga hujumlarda ayblab poytaxt Damashq va boshqa joylarga zarbalar berdi, buning ortidan Suriya muvaqqat rahbari Ahmad ash-Shar’a druz diniy oqimidagilarni himoya qilish hukumatning ustuvor vazifasi ekani aytilgan telemurojaat bilan chiqdi.
Ahmad ash-Shar’a hukumat kuchlari Suvayda shahridan olib chiqildi dedi.
Suriya markazidagi Suvayda viloyatida aksar druzlar istiqomat qiladilar.
Suvayda shahrida Islomning Shia mazhabidagi druzlar bilan badaviylar o‘rtasida kelib chiqqan qurolli to‘qnashuvlar ortidan Suriya hukumat kuchlari shaharga kiritildi, Ahmad ash-Shar’aning Sunniy islomiy guruhi a’zolaridan tarkib topgan hukumat qo‘shinlari druzlarga qarshi hujumlar, o‘zboshimcha qatllarda ayblangani xabarlari tarqaldi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Druzlik Shialikda vujudga kelgan firqa (diniy guruh).
Druzlar Suriyada, Livan, Iordaniya, Isroil va bosib olingan Jo‘lon tog‘larida istiqomat qiladilar.
Bi-bi-si muxbiri yozishicha, druzlar va boshqa ozchiliklar vakillari Ahmad ash-Shar’a yetakchiligidagi guruhga shubha bilan qarashda hamon davom etib keladi, buning boisi guruhning jihodchilik o‘tmishidir.
Ahmad ash-Shar’a "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhiga rahbarlik qilgan, guruh o‘tmishda BMT tomonidan terrorchi tashkilot deb ko‘riladigan "Al-Qoida"ga aloqador guruh bo‘lgan.
Suriyada oxirgi vaqtlarda halokatli mazhablararo zo‘ravonliklar ko‘paydi, may oyida ham druz jangarilari bilan hukumat xavfsizlik kuchlari va hukumatning ittifoqchisi bo‘lgan islomiy jangarilar o‘rtasida ana shunday to‘qnashuvlar kuzatildi.
17 iyulda namoyish etilgan telemurojaatida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a ta’kidlashicha, druzlar Suriya xalqining "fundamental tarkibiy qismi"dir.
Ash-Shar’a aytishicha, "Isroil aralashuviga qaramasdan, Suvaydaga joylashtirilgan hukumat kuchlari barqarorlikni ta’minlash va noqonuniy guruhlarni siqib chiqarishda muvaffaqiyatga erishgan".
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil aralashuvi "vaziyatning salmoqli murakkablashishi va keng miqyosga yoyilishiga" sabab bo‘lgan.
"Biz urushdan qo‘rqadigan odamlar emasmiz. Biz umrimizni mushkulliklarga ro‘para kelib va xalqimizni himoya qilib o‘tkazgan odamlarmiz. Lekin biz suriyaliklar manfaatini tartibsizlik va vayronagarachilikdan ustun qo‘yamiz", dedi Ahmad ash-Shar’a.
Bundan keyin Suvaydadagi xavfsizlik uchun mas’ullik diniy oqsoqollar va "oliy milliy manfaatgaa asoslangan aayrim mahalliy guruhlar zimmasiga topshiriladi, dedi u.
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a o‘z nutqini hukumat "bizning druz xalqimizni bezovta va haqorat qilganlarni javobgarlikka tortadi" degan va’da bilan yakunladi.
16 iyul kuni Isroildagi druz jamoasi vakillari bilan uchrashgan Bosh vazir Benyamin Netanyahu "Isroil kuchlari bizning druz birodarlarimiz hayotini asrash va rejim banditlarini yo‘q qilish maqsadida" harakat qilayapti dedi.

Surat manbasi, .

Isroil nega druzlar to‘qnashuviga aralashdi?
Muxbirlarga ko‘ra, o‘zicha mustaqil bo‘linib ketgan hududlar ustidan Suriyaning yangi hukumati o‘z hokimiyatini o‘rnatishgaa harakat qilar ekan, bu narsa halokatli mazhablararo zo‘ravonliklarga sabab bo‘layapti, shundog‘am mo‘rt mamlakat xavfsizligini xavf ostiga qo‘yyapti.
13 iyul kuni Suvaydada druz sotuvchi badaviy qurollilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani druz va badaviy jangarilar o‘rtasida halokatli qurolli to‘qnashuvlarni keltirib chiqargan.
15 iyulda Isroil harbiy zarbalar bergani sababini Suvaydada druzlarga hujum qilishda ayblagan Suriya hukumat kuchlarini yo‘q qilish va druz diniy ozchiligini himoya qilish maqsadi bilan tushuntirdi.
Muxbirlar Suvayda viloyatida aprel va may oylarida ham druz jangarilari va Suriya yangi hukumati xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar ro‘y bergani, oqibatda o‘nlab inson halok bo‘lganini xabar berganlar.
Mart oyida Suriya g‘arbiy sohilidagi hududlarda sobiq prezident Bashar al-Asadning Alaviy diniy jamoasi a’zolari xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgani xabar qilindi.
Suriya aholisining uch foizini tashkil etadigan druzlar, asosan, mamlakatning janubiy hududlarida yashaydilar, bu hududlar esa Isrolning sharqiy chegaralariga tutash.
Suriyadagi 14 yillik fuqarolar urushi davrida druzlar o‘zlarini o‘zlarining qurollangan harbiy guruhlari bilan himoya qilib keldilar.
2024 yil dekabrida Bashar al-Asad rejimi qulaganidan keyin druzlar Suriya yangi rahbariyatining janub ustidan o‘z nazoratini joriy qilish harakatlariga qarshilik ko‘rsatib keldilar.
Muxbirlarga ko‘ra, druz jamoalari o‘rtasida ham yangi Suriya hukumati bilan qanday munosabat o‘rnatish borasida bo‘linish mavjud.
Bu yerda asosiy masalalardan biri druz jangarilarining Suriya xavfsizlik kuchlari tarkibiga kirish-kirmaslik masalasi.
Druzlar janubiy hududlarni Suriya hukumata xavfsizlik kuchlari emas, o‘zlarining mahalliy jangarilari nazorat qilishini istashadi.
Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Isroil o‘z chegaralariga yaqin hududlardagi druzlar yaxshi munosabat o‘rnatish, Suriya ichidagi ozchiliklar bilan ittifoq barpo etishga harakat qilib keladi.
Suriya hududlariga va yangi hukumat qo‘shinlariga hujum qilish bilan Isroil o‘zini Suriyadagi ozchiliklarning, xususan, kurdlar, druzlar va alaviylarning mintaqaviy himoyachisi sifatida ko‘rsatishni istaydi.
May oyidagi mazhablararo to‘qnashuv payti ham Isroil Damashqdagi prezidentlik saroyi yaqiniga zarba bergan, bu druzlarga hujumlardan ogohlantirish deb aytgan.
Ammo Suriya va Livandagi ayrim druz shaxslar Isroilni o‘zining mintaqadagi ekspansiya g‘oyalarini ilgari surish maqsadida mazhablararo bo‘linishlarni yanada chuqurlashtirayotganlikda ayblab chiqdilar.
Muxbirlarga ko‘ra, Isroilning so‘nggi hujumlaridan ko‘zlagan maqsadi ogohlantirish va Suriya janubiga yangi hukumat armiyasi qo‘shinlari joylashtirilishi oldini olishdir.
Isroil Suriya janubiy hududlarida demilitarizatsiya zonalarini barpo etishni istaydi, o‘zi bosib olgan Jo‘lon tog‘liklari yaqinida islomiy jangarilar joylashtirilishidan xavotirlanadi.












