BBC ko‘rsatuvi 30 yil avval 2025 yilni bashorat qilgandi — u qanchalik to‘g‘ri chiqdi?

1995 yilda BBC'ning Ertangi Dunyo dasturi 30 yil keyin, ya’ni 2025 yilda dunyo qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini bashorat qilishga qaror qildi. Oradan 30 yil o‘tdi – bashorat qanchalik to‘g‘ri chiqdi?
Hozirda efirga uzatilishi to‘xtatilgan ushbu ko‘rsatuvda o‘sha davrning eng mashhur olimlaridan biri professor Stiven Xoking ishtirok etib, quyidagilarni aytgandi: "2025 yilga kelib katta o‘zgarishlarni kutishimiz mumkin."
Ko‘rsatuvda gologramma orqali jarrohlikdan tortib, fazoviy chiqindilarni yo‘q qilish yo‘lida maxsus gel foydalanishga qadar bo‘lgan dunyoni larzaga soluvchi yangiliklar haqida so‘z borgandi.
Bugun mutaxassislar yordami va oradan o‘tgan 30 yillik yaqin o‘tmishga nazar tashlagan holda Ertangi Dunyo bugungi hayotimizni qanchalik aniq bashorat qilganini ko‘rib chiqamiz.
"Kiber qo‘zg‘olonlar"

Bashorat: 1995 yilda butunjahon internet tarmog‘i ommalashishni boshlagandi.
Ertangi Dunyo dasturida bu rivojlanish kelajakda muammolarni keltirib chiqarishi taxmin etilgandi.
Xususan, "biznes magnatlari" va banklar 2000 yilga borib internet ustidan nazorat qo‘lga olishi va faqat o‘zlariga tegishli "super tarmoq" yaratishi, bu esa xakerlik hujumlari, viruslar va hatto qo‘zg‘olonlarga sabab bo‘lishi bashorat qilingandi.
Voqelik: Internet omma uchun ochiq holda qoldi va qo‘zg‘olonlar bo‘lmadi.
Biroq xakerlarning harakatlari ko‘pchilikka zarar bergani aniq.
Kiberxavfsizlik hukumatlar va kompaniyalar uchun nihoyatda muhim masalaga aylanib qoldi, banklarga ishonqiramaganlar esa Bitcoin kabi kriptovalyutalarni ilgari sura boshladi.
Asteroidlarni egallash va fazoviy chiqindilar uchun gel

Bashorat: Dasturda kosmosda foydali qazilma boyliklarni qazib olish sanoatning jozibador sohasiga aylanishi, kompaniyalar Yer yaqinidagi asteroidlardan qimmatbaho metallar qazib olishni boshlashi taxmin qilingan edi.
Shuningdek, ko‘rsatuvda fikr bildirgan mutaxassislar fazoviy chiqindilar muammoga aylanib, astronavtlar xavfsizligiga tahdid solishini ham aytgandi.
Muammoga yechim – chiqindilarni qamrab oladigan aql bovar qilmas hajmda ko‘pik chiqaruvchi gel bo‘lishi bashorat qilingandi.
Voqelik: Super ko‘pik geli hali ham yaratilmadi va fazoviy chiqindilar muammosi hanuz dolzarb.
Kosmosda qazib olish sanoati hali mavjud emas, lekin bu borada yaqin kelajakda yangilik bo‘lishi mumkin.
Futurist Tom Chizvrayt kosmosda qazib olish istiqboliga nekbin ko‘z bilan qaraydi:
"Foydali qazilmalar hajmi aql bovar qilmas darajada va texnologiya allaqachon bizning qo‘limizda."
Super jarrohlar va ularning robotlari

Bashorat: Ertangi Dunyo 2004 yilga kelib barcha Britaniya kasalxonalari jarrohlik muvaffaqiyati bo‘yicha reyting e’lon qilish majburiyatini olishini taxmin etgandi.
Shuningdek, eng yaxshi jarrohlar shu qadar mashhur va boy bo‘ladiki, ularning bemorlar oldiga borishiga hojat qolmasligi bashorat qilingandi.
"Buning o‘rniga bemorlarning gologrammalari yuboriladi va jarrohlar "fazoviy qo‘lqoplar" yordamida operatsiyani masofadan "amalga oshiradi". Bemorning yonidagi robot esa jarrohning harakatlarini mukammal takrorlaydi", deyilgandi ko‘rsatuvda.
Voqelik: Bu bashorat to‘lig‘icha amalga oshmadi, ammo bugun robotlar jarrohlikda keng yordam bermoqda.
Aqlli karnay va VR ko‘zoynak

Bashorat: Dasturning bir sonida virtual voqelik (VR) ko‘zoynagini taqib olgan kelajak odami, uning xotini va qizchasi zamonaviy London shahrida aylanib yurgani ko‘rsatilgan.
Ushbu sondagi epizodda "aqlli karnay"dan gologrammali ayol boshi chiqib kelib, erkakka "Indo Disney"ga sayohat qilganiga bir yil bo‘lganini eslatadi va uni "40 daqiqa ichida Bangalorga parvoz qilish"ga taklif etadi.
Voqelik: O‘ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi transport vositasiga ega bo‘lishimizga hali ancha erta, biroq gologrammalar, aqlli karnaylar va VR ko‘zoynaklar hayotimizda ko‘proq uchramoqda.
Qo‘ldagi chip bilan bank xizmatlari

Bashorat: Dasturda bank xizmatlarining kelajagi haqida ham tasavvur berilgan edi.
Ko‘rsatuv sonlaridan birida ayol bankka borib, xodimlar yo‘qligidan shikoyat qiladi va so‘ng qo‘lidagi chipni skanerlab, 100 "Yevro marka" naqd pul oladi.
Voqelik: Bank xizmatlari tobora avtomatlashtirilmoqda. Qo‘lga joylashtirilgan chip orqali to‘lov qilish texnologiyasi allaqachon mavjud, lekin, asosan, barmoq izlari va yuzni skanerlash kabi texnologiyalar keng tarqalgan.
2055 yil qanday bo‘ladi?

Futurist Treysi Follovs 1995 yilgi Ertangi Dunyo dasturida ko‘plab narsalar to‘g‘ri bashorat qilingani, ammo so‘nggi 30 yilning ikkita muhim mavzusini o‘tkazib yuborilgani haqida gapiradi: big technology [yuqori texnologiya] va ijtimoiy tarmoqlarning keng tarqalishi.
Follovs 2055 yilga kelib, serverlar orqali ko‘pchilik insonlar ongi va texnologiyaning "kognitiv tarzda bog‘langan" bo‘lishini taxmin qiladi.
"Fikrlar almashish – yashin tezligida sodir bo‘ladi," deydi u.
Tom Chizvrayt esa kelgusi 30 yil ichida materiallar texnologiyasi va biomuhandislik eng hayajonli rivojlanishlar yuz beradigan sohalardan bo‘lishiga ishonadi.
"Materialshunoslikda kuchliroq, yengilroq va nafisroq qurilmalarni yaratish dunyoni o‘zgartirishi mumkin, biomuhandislik esa tibbiyot sohasini tubdan o‘zgartirib, insoniyat duch kelayotgan eng yirik muammolar — karbonat angidriddan xalos bo‘lish, toza suv va oziq-ovqat kabi masalalarni hal etish qudratiga ega", ta’kidlaydi u.
Sizningcha, dunyo 30 yildan keyin qanday bo‘ladi?
Qanday javob bermang, professor Xokingning Ertangi Dunyoda 30 yil avval aytgan gaplarini tinglash foydali bo‘ladi:
"Ba’zi o‘zgarishlar juda hayajonli, ba’zilari esa qo‘rqinchli. Biz faqat bitta narsaga amin bo‘lishimiz mumkin: kelajak mutlaqo boshqacha va, ehtimol, biz kutganimizdan farqli bo‘ladi."












