O‘zbekiston: Prezident qarshisiga xotin-qizlar hijobsiz va erkaklar soqolsiz chiqarilmoqdami – Bu kimning tashabbusi?

Surat manbasi, UFA/president.uz/kun.uz
Xalqaro musobaqalarda hijobi bilan qatnashgan qizlarning prezident qarshisida uni yechgan holatda ko‘rinish berishi, yana diniy e’tiqod masalasi ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Oldinroq futbolchilar prezident kelgan stadionga soqoli qirilgan holda chiqqan edilar.
30 iyun Yoshlar kunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashib, bir guruh yigit-qizlarga davlat mukofotlarini topshirdi.
Ularning orasida 2024 yil Germaniyaning Gyottingen shahrida o‘tkazilgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan andijonlik Rayyona Ibrohimova va Velosport bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi Fotima Soipova ham bor edi.
Bu qizlar xalqaro musobaqalarda boshida hijobi bilan qatnashib, prezident qarshisiga uni yechgan holda namoyon bo‘lishi ijtimoiy tarmoqdagilarning e’tiborini tortdi.
"Nemis tili bo‘yicha birinchi o‘rinni olgan bu qizning ro‘molini yechtirishipti, prezident bilan uchrashtirish uchun", deb yozdi jurnalist Muhammad Shakur.
"Har safar shaxsan Prezident yoshlarni taqdirlayotganini katta qiziqish bilan kuzataman. Qani, birorta ro‘molli qiz-ayollar chiqib qolarmikan deya umidlanaman. Chunki qaysidir ma’noda o‘zimning ham ular safida bo‘lgim keladi. Yo‘q, o‘tirganlar yoki taqdirlanganlar orasida "ro‘mollilar"ga ko‘zim tushmaydi. Bu safar nemis tili olimpiadasida birinchi o‘rinni olgan qizimiz Rayyona ismini medallilar safida ko‘rib suyinib ketdim. Nihoyat" ro‘mollilar e’tirof etilmas ekan" degan ishonchsizligim tarqaldi. Kechgacha qizaloqning ro‘molli holida Prezidentimiz yonida turgan rasmini kutdim. Ammo ko‘rib, uni topolmadim. Bilsam, ro‘molini yechdirishibdi...", deb yozadi Gulasal Qodirova.
X tarmog‘idagida nemis tili olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Rayyona Ibrohimovaning hijobsiz chiqishini majburlash, deb qabul qilganlar ham bo‘ldi.
"Amaldorlariyam, aksar aholisiyam nasroniylar bo‘lgan Germaniyada qizning ro‘moli hech kimga xalaqit qilmagandi. Afsus..", deydi @murodj0n.
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post
"Huquq jihatidan taxqirlovni ko‘ryabman, taqdirlovni emas", deydi @SardorSoib.
Fikr bildirganlar orasida Rayyona o‘z xohishi bilan prezident qarshisiga hijobsiz chiqishni tanlagan bo‘lishi mumkin, deganlar ham bor.
"Rayhona hijobdan voz kechib, o‘zini hijob degan mato bilan cheklamaydigan erkin inson bo‘lishni tanlagan bo‘lishi mumkin. Hijobga kirgan ayolni olqishlayotganlar, undan chiqqanini ham qabul qilishlari kerak", deydi Hojiakbar_Qosimov1579.
BBC ga ushbu qizlar hijobini o‘z istagi bo‘yicha yechganmi yoki prezident bilan uchrashuvdan oldin shunday talab qo‘yilganmi noma’lum.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati bu borada Prezident devoniga murojaat qildi.
Ammo prezident bilan uchrashuv uchun ayollar hijobining yechilishi yoki quloq orqasidan o‘ralgan holda paydo bo‘lishi yagona holat emas.
Bundan tashqari prezident bilan uchrashuv va davlat televideniesiga chiqish uchun erkaklardan soqolini olishni talab qilish holatlari ham uchrab turadi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionati saralashining so‘nggi o‘yini 10 iyun kuni Toshkentda o‘tdi.
Jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygan jamoaning o‘yini tomosha qilishga Prezident Shavkat Mirziyoyev ham stadionga tushdi.

Surat manbasi, UFA
Muxlislar shu vaqtgacha o‘yinlarda soqoli bilan tanilgan himoyachi Hojiakbar Alijonov, yarim himoyachilar Oston O‘rinov va Jaloliddin Masharipovlarning prezident kelgan o‘yinga soqolsiz tushganiga e’tibor qaratishdi.
Ijtimoiy tarmoqda hijob va soqolga bo‘layotgan bu kabi munosabat prezidentning shaxsan tashabbusimi yoki atrofidagilarning ko‘rayotgan "chorasi"mi degan savollarni qo‘yishgan.
Prezident qarshisidagi hijobli ayollar va soqolli erkaklar
Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarlarni o‘rganish jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishlarda faqat hijobsiz ayollar taklif qilinganiga isbot yo‘q.

Surat manbasi, Ўзбекистон президенти матбуот хизмати
2024 yil 28 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari taqdirlash marosimida zalda kamida 2 nafar hijob o‘ragan ayolni ko‘rish mumkin.
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi uchrashuvga kelayotganlardan soqolni olishni talab qilgani, ammo unga rozi bo‘lmaganlarni prezident adminstratsiyasi majburlamasligi haqida bir holat yozilgan.
Tadbirkor Alisher Kasimov o‘zi bilan 2019 yili sentyabr oyida Toshkent traktor zavodida (TTZ) Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq holat haqida yozdi.
Prezident ishtirokidagi bo‘lajak yig‘ilishga qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan shug‘ullanadigan korxona rahbari sifatida tadbirkorni ham taklif qilishadi.
"Yig‘ilish kuniga ikki kun qolganda TTZ rahbariyati soqolimni oldirib kelishimni iltimos qildi. Men rad javobini berdim va agar soqolimni oldirish majburiy bo‘lsa yaxshisi yig‘ilishda ishtirok etmasligimni aytdim. Ular meni yig‘ilish ishtirokchilari ro‘yhatidan olib tashlashdi", deydi u..
Biroq yig‘ilishga 3 soat qolganda Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq qilishadi va TTZda bo‘lib o‘tadigan Prezident yig‘ilishiga kelishni so‘rashadi.

Surat manbasi, facebook.com/alisher8848
Tadbirkor soqolini olmasdan aytilgan joyga yetib boradi.
"TTZ rasmiylari oldimga yugurib kelib, meni ro‘yxatdan olib tashlashganlarini eslatishdi. Men esa menga 2 soat oldin Prezident administratsiyasidan telefon bo‘lganini va menga albatta kelishim kerakligini aytishganligini aytdim. Hamma jim va hayratda".
Soqolini olmagan Kasimov yig‘ilish zalining 3-qatoridan o‘ziga ajratilgan joyga borib o‘tiradi.
Uning aytishicha, yig‘ilishda prezidentdan tashqari, bosh vazir, moliya, iqtisod, qishloq xo‘jaligi vazirlari, shahar hokimi, barcha davlat bank raislari, bosh prokuror, ichki ishlar vaziri, soliq qo‘mitasi raisi va boshqa mutasaddilar qatnashgan.
"Prezidentimiz nutqlari davomida men tomonga bir necha marta qarab qo‘ydilar. Men sal hijolat bo‘lganday bo‘ldim. 😂 Hech kim soqolimga o‘sha yig‘ilishda va undan keyin ham bir narsa ham degani yo‘q. Agar siz davlat va millat uchun foydali va kerakli inson bo‘lsangiz, soqolingiz va ro‘molingiz bilan hech kimni ham ishi bo‘lmas ekan", deya xulosa qiladi u.
Ro‘mol, hijob va soqol masalasida O‘zbekistonda vaziyat Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida biroz yumshagani e’tirof etiladi.
Ammo ayni mavzudagi bahsu munozaralar halicha kun tartibidan tushganicha yo‘q.












