Olimlar hayratda: Superqariyalar kim va ularning miyasidan nimani o‘rganishimiz mumkin? O‘zbekiston va dunyo

Surat manbasi, Shane Collins, Northwestern University
- Author, Margarita Rodriges
- Role, BBC News Mundo
- O'qilish vaqti: 5 daq
"Uning gippokampi juda go‘zal edi," deb eslaydi doktor Tamar Gefen.
Neyropsixolog bu ayolning miyasidagi shu qismning tuzilishi qanchalik aniq ekanidan hayratga tushgan edi.
"Uning neyronlari to‘liq va sog‘lom edi. Shunday go‘zal va murakkab tuzilma bunday dahshatli xotiralarni saqlab qolganiga aql bovar qilmaydi," deydi u.
AQShning Illinoys shtatidagi Shimoli-g‘arbiy universitetning SuperAging dasturi tadqiqotchisi doktor Gefen bir "superqariya" haqida gapirayotgan edi.
U o‘sha odamning miyasini hayotligi paytida o‘rgangan va vafotidan keyin ham tekshirishni davom ettirmoqda.
Garchi "superqariya" Xolokostdan omon qolgan bo‘lsa-da, tadqiqotchi uning qanchalik baxtli, bardoshli va hazilkash bo‘lganini eslaydi.
"O‘n yildan oshdi, lekin hamon u haqda tez-tez o‘ylayman," deydi u.
Bu haqda doktor Gefen Northwestern Magazine'da chop etilgan "Superqariyalardan nimani o‘rganishimiz mumkin" maqolasi muallifi Martin Uilsonga so‘zlab bergan.
Dastur 25 yildan beri davom etmoqda, ya’ni olimlar va ishtirokchilar bir-birlarini uzoq vaqtdan beri taniydi.
Doktor Gefenning misoli shuni ko‘rsatadiki, vafotidan so‘ng miyasini berganlar bilan aloqa juda chuqur bo‘lishi mumkin.
Birinchi miya
"SuperAging" atamasi ilk marta Shimoli-g‘arbiy Altsgeymer kasalligi tadqiqot markazida qo‘llangan edi. Uning SuperAging dasturining kelib chiqishini tushunish uchun biz 1990-yillar o‘rtalariga, tasodifan bir voqea sodir bo‘lgan paytga qaytishimiz kerak.
"Biz 81 yoshli ayolning o‘limidan keyingi miya autopsiyasini qabul qildik," deb yozadi ilmiy maqola mualliflari Shimoli-g‘arbiy universitetning SuperAging dasturining dastlabki 25 yilligi haqida.

Surat manbasi, Shane Collins, Northwestern University
Bu boshqa bir tadqiqot loyihasida ishtirok etgan va "funktsional buzilish belgilari kuzatilmagan" odam edi.
Aslida, xotira testlarida u o‘z yoshiga nisbatan "yuqori" ball to‘plagan va natijalari 50 yoshli odamniki kabi edi.
Tadqiqotchilarni hayratga solgan narsa shuki, miyaning bir nechta sohalari bilan bog‘liq bo‘lgan, fazoviy, epizodik va avtobiografik xotirani mustahkamlashda muhim hisoblangan entorinal po‘stloq kesimida faqat bitta neyrofibrillyar chigal aniqlangan.
Neyrofibrillyar chigallar miya faoliyati uchun muhim bo‘lgan tau oqsilining mayda tolalari to‘plamlari bo‘lib, ular neyronlar ichida chirmashib ketadi. Bu chigallarning butun miya bo‘ylab tarqalishi zehn pasayishi bilan bog‘liq.
Tadqiqotchilar fikricha, o‘sha ayolda bitta chigalning aniqlanishi "bu yoshda, hatto kognitiv anomaliyasi bo‘lmagan odamlarda ham kamdan-kam uchraydigan holat" edi.
BBC Health Check dasturida tadqiqotning yetakchi olimlaridan biri, shuningdek, Shimoliy-g‘arbiy universitet professori doktor Sandra Vayntraub tadqiqotning boshlanishi haqida gapirdi.
"Bizning birinchi superqariya miyasida bitta chigal bor edi va biz "Miyani butun saqlash sirini topdik: chigal hosil qilmaslik", deb o‘yladik.
Keyingi superqariyada esa o‘limidan so‘ng "Altsgeymer kasalligiga tashxis qo‘yishga arziydigan darajada ko‘p chigallar bor edi."
Superqariyalar kimlar?
Biz ko‘rsatganimizdek, superqariya miyasi degan narsa yo‘q. Ularning xotirasi va hayotga bo‘lgan qarashlari super...
SuperAging dasturi tadqiqotchilari superqariyalarni 80 va undan katta yoshda bo‘lgan, so‘zlar ro‘yxatini eslab qolish testlarida 30 yoki 20 yilga yoshroq natija ko‘rsatadigan shaxslar, deb ta’riflaydi.
Ular neyropsixologiyada xotirani baholash uchun keng qo‘llanadigan Rey eshitish-og‘zaki eslash testidan foydalanadilar. Boshqa kognitiv funktsiyalarni baholash uchun boshqa usullar qo‘llanadi.

Surat manbasi, Shane Collins, Northwestern University
Ular asosiy mezon sifatida epizodik xotirani tanladilar, chunki o‘rtacha qarish jarayonida "bu eng ko‘p pasayadigan qobiliyatdir".
Shunday qilib, kimnidir superqariya deb tasniflash uchun tadqiqotchilar juda yuqori mezon belgiladilar – kamida o‘zidan 30 yosh kichik odam xotirasiga teng xotiraga ega bo‘lish.
Natijalar esa hayratlanarli.
Shimoliy-g‘arbiy universitetning psixiatriya va xulq-atvor fanlari bo‘yicha yordamchi professori Molli A. Mazer BBC Mundo nashriga bergan intervyusida shunday deydi: "90 yoshli odamning katta miqdorda yangi ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyati shunchaki hayratlanarli. Men ba’zan 50 yoki 60 yoshli bemorlarning ancha osonroq xotira testida qiynalayotganiga guvoh bo‘laman."
Ularning miyasi nimasi bilan farq qiladi?
Superqariyalar qarish jarayonida zehn pasayishi muqarrar degan fikrni inkor qiladi.
Tadqiqotchilar superqariyalarni boshqalardan ajratib turadigan neyropsixologik va neyrobiologik fenotipga ega ekanligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Surat manbasi, Shane Collins, Universidad de Northwestern
Masalan, ularning "po‘stloq hajmi 20-30 yosh oralig‘idagi nevrotipik odamlarnikidan farq qilmaydi".
Po‘stloq hajmi deganda miyaning tashqi qatlami bo‘lgan miya po‘stlog‘idagi ongli fikrlash uchun muhim bo‘lgan to‘qimalar miqdori tushuniladi.
Miyaning bu qismidagi sohalar xotira va tilni qayta ishlash bilan bog‘liq.
Yana bir misol: tadqiqotchilar superqariyalar miyasida nafaqat tengdoshlariga, balki ulardan ancha yosh bo‘lganlardan ham ko‘proq Von Economo neyroni mavjudligini aniqladilar.
Bu turdagi neyronlar ijtimoiy munosabatlarda va murakkab ijtimoiy xulq rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi deb hisoblanadi.
Bu kashfiyot mutaxassislar superqariyalarni o‘rganish davomida kuzatgan xususiyatlarga mos keladi, ya’ni ularda kuchli ijtimoiy aloqalarni saqlab qolishga qiziqish yuqori.
"Lekin biz qaysi biri sabab ekanini bilmaymiz," deydi Mazer.
Shu turdagi miya hujayralari ko‘proqligi ularni ko‘proq ijtimoiylashtirganmi yoki ijtimoiylashganlik ularda ana shunday hujayralarni ko‘paytirganmi?
Hujayra darajasida, superqariyalar miyasida Altsgeymerga aloqador o‘zgarishlar kamroq kuzatiladi.
"Superqariyalardagi ajoyib xususiyat shuki, ularning ko‘pchiligi 80, 90 yoshlarda, ba’zan hatto 100 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, odatda ularda kutganimizdan juda kam chigallar mavjud," deb tushuntiradi Mazer.
Olimlar hali ham sabablarni aniq bilmaydi va uning shakllanishini to‘xtatadigan ehtimol nimadir bor deb gumon qiladi.
Chigallari bo‘lgan superqariyalar qanday qilib xotirani saqlab qolishi hamon sir.
Odatlar xilma-xilligi
1934 yilda tug‘ilgan Ralf Rebbok tadqiqot ko‘ngillilaridan biri.
"Men Superqariya ekanimdan juda faxrlanaman," deydi u Shimoliy-g‘arbiy universitet tomonidan tayyorlangan videoda.

Surat manbasi, Shane Collins, Northwestern University
Dastur yaratilganidan beri 290 nafar superqariya unda ishtirok etgan va ularning zehniy zaiflashuvga bardoshliligini o‘rganish uchun 77 ta miya autopsiyasi o‘tkazilgan.
Hozir 133 nafar faol ishtirokchi bor.
Uilson o‘z maqolasida "tipik" superqariya yo‘qligini ta’kidlaydi. Aksincha, ular turmush tarzi xilma-xil bo‘lgan odamlardir.
"Ba’zi superqariyalar sog‘lom hayot uchun barcha tavsiyalarga amal qilgan. Boshqalari esa yaxshi ovqatlanmagan, chekkan, ichgan, jismoniy mashqlardan qochgan, stressli hayotiy vaziyatlarga duch kelgan va yaxshi uxlamagan," deb yozadi tadqiqotchilar o‘z maqolasida.
"Aniq formula yo‘q, albatta. Kim bilsin, balki kuni kelib bilib olarmiz. Menimcha, bunday aniq formulani topishdan hali juda yiroqmiz."
Doktor Gefen, shuningdek, "biologiya, genetika va bardoshlilikka hissa qo‘shadigan boshqa omillar o‘rtasida o‘zaro ta’sir mavjud," deydi.
"Yaxshi ovqatlansangiz, yaxshi uxlasangiz, depressiyani davolasangiz, ichishni to‘xtatsangiz va hokazo, birdaniga superqariyaga aylanib qolmaysiz," dedi Vayntraub BBCga.
"Ammo bilamizki, bularning har biri yosh o‘tgan sari zehn zaiflashuvi xavfini kamaytiradi. Shunday qilib, bizning tavsiyamiz – xavfni kamaytirish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qiling. Agar shunday qilsangiz va sizda tegishli genetik tuzilish mavjud bo‘lsa, superqariya bo‘lish imkoniyatingiz bor."
Xo‘sh, qanday qilib biz superqariyalarning miyasiga o‘xshash miyaga ega bo‘lishimiz mumkin?
"Biz ko‘rsatganimizdek, superqariya miyasi degan narsa yo‘q," deydi Vayntraub BBC Mundo'ga. "Ularning xotirasi va hayotga bo‘lgan qarashlari super."
U tushuntirishicha, o‘limdan so‘ng ba’zi odamlarning miyasi yoshga bog‘liq shikastlanishlardan imkon qadar xoli bo‘lishi mumkin, boshqalarida esa Altsgeymer kasalligining nonormal oqsillari bor, bu ko‘pchilik odamlarda sog‘lom neyronlar yo‘qolishiga va natijada kognitiv buzilish hamda dementsiyaga olib keladi.
"Negadir superqariyalar bu oqsillarni aksariyat keksa odamlar kabi ishlab chiqarmaydi yoki ularni ishlab chiqarsa ham, ular sog‘lom miya hujayralariga ta’sir qilmaydi. Hayajon ham aynan shunda," deya qo‘shimcha qiladi u.












