Seks haqida hajviya yoki Saudiya Arabistonida nimalar bo‘lmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Nur Nanji
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 6 daq
"Jinsiy hajviya va xotin haqida hajviyalar bo‘ldi. Saudiya Arabistoni uchun juda noodatiy hol".
Chet elda yashovchi bir saudiyalik Ar-Riyoddagi ilk hajviya festivalida ko‘rgan tomoshalarni shunday izohlaydi.
"Tomoshabinlar reaktsiyasi ajoyib edi, men hech qachon bunday ishtiyoqni ko‘rmaganman", deydi u amerikalik yulduzlar Deyv Shappel va Bill Barrning chiqishlaridan so‘ng.
Biz Sara deb atagan ayolning aytishicha, hajvchilar Saudiya Arabistonining inson huquqlari bo‘yicha bahsli masalalari haqida gapirishdan tiyilgan. Lekin bu uning uchun unchalik tashvishli hol emas.
"Bu yerdagi odamlarga bu mavzular qiziq emas, – deydi u. – Agar qiziqtirganda, ular bu yerda yashamagan bo‘lardi".
Saudiya Arabistonidan tashqarida boshqacha fikrlar aytilmoqda.
Jimmi Karr, Jek Uaythol, Kevin Hart, Rassell Piters va Omid Jalili kabi mashhur hajvchilar festivalda ishtirok etishga rozi bo‘lgani uchun hamkasblarining qattiq tanqidiga uchradi. Boshqalar o‘zlariga ham takliflar bo‘lgani, ammo rad etishganini aytishdi.
Juma kuni dasturda ishtirok etgan kam sonli ayol hajvchilardan biri, lesbiyan stendaper Jessika Kirson tadbirda ishtirok etgani uchun uzr so‘rab, "The Hollywood Reporter" nashriga o‘z gonorarini inson huquqlari tashkilotiga xayriya qilishini aytdi.
Ammo ba’zilar bu masalaga nozikroq yondashish kerakligini ta’kidlashgan. Inson huquqlari guruhlari Saudiya Arabistoni haqida ko‘p xavotir bildirsa-da, mamlakat so‘nggi yillarda o‘z imijini o‘zgartirishga harakat qilmoqda.
Festival avjiga chiqqan paytda biz muxlislar va hajvchilar bilan suhbatlashib, joylarda aslida nima bo‘layotganini va odamlarning munosabatini o‘rgandik.
Nimalar aytilmoqda...
Ar-Riyod hajv festivali o‘tgan hafta oxirida yulduzlar va asosan erkaklar ishtirokida boshlandi.
Eshikdan birinchi bo‘lib kirgan muxlislardan biri Zayn (bu uning haqiqiy ismi emas) edi. U do‘stlari bilan Omid Jalili va Bill Barrning chiqishlari uchun kelgandi va kelasi hafta Jimmi Karrni ko‘rishga yozildi. Uning aytishicha, chiqishlarda gey va translar haqidagi hazillar va turli "behayo kontent" bo‘lgan.
"Bill Barrning ochilish qismida seks haqida o‘n daqiqacha gap bo‘ldi".
Ar-Riyodda yashovchi Zayn ijtimoiy jihatdan o‘ta konservativ va gomoseksualizm taqiqlangan mamlakatda bunday hazillarni eshitganidan hayratga tushganini aytdi. Xalqaro lesbian, gey, biseksual, trans va interseks assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda bir jinsli munosabatlar uchun o‘lim jazosi belgilangan.
"Odamlar bu gaplarni Saudiya Arabistonida aytayotganiga ishonolmayman, – deydi Zayn. – Bu yerda ko‘pchilik umrida stendapni ko‘rmagan, bunday ochiq-oydin narsalar haqida gapirish u yoqda tursin".

Surat manbasi, Getty Images
Lekin hazillar yaxshi qabul qilindi, deydi u. "Mening oldimda mahalliy saudiyalik ayollar o‘tirgan edi, ularning barchasi miriqib kulishdi."
Saraning aytishicha, Shappelning chiqishi ham bahsli bo‘lib, unda translar haqida ko‘p hazillar bo‘lgan.
Uning aytishicha, Fors ko‘rfazi davlatida bunday hazillarni eshitish "juda g‘alati". "Bu harom sanaladi," deydi u.
Zaynning aytishicha, Jalili Saudiya madaniyati unsurlarini masxara qilgan.
"U niqob va ayollarning mashina haydashi haqida hajv qilgan. Shuningdek, u Ar-Riyodda odamlar o‘zlarini Xudoning yerga berilgan in’omi deb o‘ylashi haqida hazil qilgan".
Ammo Barr ancha asabiyroq ko‘rinardi, xotini va bolalari haqidagi sinovdan o‘tgan odatiyroq hazillardan nari o‘tmadi, deydi u
Tomoshabinlar orasida Saudiya Arabistoni fuqarolari va chet elda yashovchi saudiyaliklar aralash bo‘lib, ularning ishtiroki yuqori bo‘ldi, deydi ishtirokchilar.
Nimalar aytilmadi
Aytilmagan gaplar ham bor.
Biz suhbatlashgan muxlislar aytishicha, tomoshada Saudiya Arabistoni hukumati haqida "umuman gapirilmagan".
Human Rights Watch tashkiloti bu festival rejimning suiiste’molliklarni "oqlash"ga urinish ekanligini ta’kidlagan.
Tashkilot saudiyalik dissidentlar, jurnalistlar va huquq himoyachilari nohaq hibsga olinayotganini ta’kidlagan.
U Ar-Riyodda chiqish qilayotgan har bir kishini inson huquqlari va so‘z erkinligi kabi mavzularda gapirish imkoniyatidan foydalanishga chaqirgan.
"Hozircha hajvchilardan birortasi bu masalalarni nafaqat sahnada, balki ijtimoiy tarmoqlarda yoki boshqa joyda ko‘targanini ko‘rmadim," deydi BBC News bilan suhbatda Human Rights Watch tashkilotining Saudiya Arabistoni bo‘yicha tadqiqotchisi Joey Shea. "Bu juda achinarli."

Surat manbasi, X/Atsuko Okatsuka
Taklifni rad etganini aytgan hajvchi Atsuko Okatsuka Saudiya qirollik oilasi yoki dinini "kamsitishi yoki obro‘sizlantirishi" mumkin bo‘lgan har qanday materialni taqiqlash nazarda tutilgan shartnomadan parchalarni ko‘rsatdi.
BBC News bunday shartnoma mavjudligini mustaqil ravishda tekshira olmadi.
Ammo britaniyalik hajvchi Rozi Holtning aytishicha, hajvchilarga bunday kontent cheklovlari juda kamdan-kam uchraydi.
"Men buni faqat ba’zan universitetlardagi chiqishlarda eshitganman, masalan, gomofob yoki irqchilikdan qaytarishadi, – deydi u menga. – Lekin bu istisno, norma emas."
"Bu axloqan jirkanch"
Bill Barrning ochilish qismida seks haqida o‘n daqiqacha gap bo‘ldi. Odamlar bu gaplarni Saudiya Arabistonida aytayotganiga ishonolmayman.
Festival o‘tkazilgan vaqt ham tanqidchilar e’tiboridan chetda qolmadi.
Uning 26 sentyabrdan 9 oktyabrgacha bo‘lgan sanalar jurnalist Jamol Qoshiqchi qatl etilganining yetti yilligiga to‘g‘ri keladi. Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi (Turkiya) konsulligiga borganida o‘ldirilgan va uning jasadi bo‘laklab tashlangan.
AQSh razvedkasi hisobotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon uning o‘ldirilishini ma’qullagan. Saudiya Arabistoni hukumati bu hisobotni rad etdi, qirollikning amaldagi hukmdori bo‘lgan valiahd shahzoda esa qotillikka aloqadorligini inkor etdi.
"Hajvchilarga pul to‘lagan o‘sha odam Jamol Qoshiqchini o‘ldirganlarga ham pul to‘lagan," deydi amerikalik hajvchi Mark Maron Muhammad bin Salmonga qaratilgan stendap qismida.
Holtning aytishicha, agar hajvchilar Ar-Riyodga borib, davlatni hajv qilsa, "Qoshiqchini tilga olsa", u holda "Men ularga halol o‘yin degan bo‘lardim – lekin ular bunday qilishmaydi".

Surat manbasi, Jeremychanphotography/Getty Images
"Qadimgi maqolda aytilganidek, hajv hokimiyatga haqiqatni aytadi, – deydi u. – Bu hajvchilarning ko‘pchiligi so‘z erkinligining kuchli himoyachilari bo‘lgan va so‘z erkinligi juda cheklangan Saudiya Arabistoniga borib chiqish qilishlari g‘ayriodatiy. Bu axloqan jirkanch."
Los-Anjeleslik hajvchi va tiktoker Aleks Falkon AQShda ham so‘z erkinligi zarbaga uchrashini tan oladi. Ammo u mazkur festival hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ko‘proq bezovta qilishini aytdi.
"Mamlakatda va mamlakat uchun chiqishning farqi bor. Agar festival «Tramp zo‘r odam» departamenti tomonidan moliyalashtirilsa, men unda qatnashmas edim", deydi u.
Festivalni e’lon qilgan Saudiya Arabistoni Umumiy ko‘ngilochar tadbirlar boshqarmasi izoh so‘roviga darhol javob bermadi. Saudiya Arabistonining Londondagi elchixonasiga izoh so‘rab murojaat qilindi.
Shappel, Jalili, Barr, Uaythol va Karr BBC News'ga javob bermadi.
"Ular menga boshqa tomonga qarashim uchun pul to‘lashyapti"
Ba’zi hajvchilar Saudiya Arabistoniga nima jalb qilganini ochiq aytishgan – pul.
"Ular menga boshqa tomonga qarashim uchun yetarlicha pul to‘lashyapti," deydi amerikalik hajvchi Tim Dillon podkastda.
O‘sha podkastdan so‘ng festivaldan chetlashtirilganini aytgan Dillon, shuningdek, unga to‘plami uchun 375 000 dollar va ba’zi hamkasblariga millionlar taklif qilinganini ta’kidladi.
Boshqalar ham katta to‘lovlar haqida gapirgan.

Surat manbasi, Getty Images
AQSh yulduzi Sheyn Gillis o‘z podkastida tadbirda chiqish qilish bo‘yicha "kattagina" taklifni rad etganini aytdi. "Men printsipial pozitsiyada turdim," deydi u.
Boshqa hajvchilar o‘z hamkasblariga "sotqinlik" uchun salbiy munosabatda bo‘lishgan.
"Hech kim hajviyaga pul uchun kirmaydi," deydi Holt.
"Taklif qilinayotganlar allaqachon muvaffaqiyat qozongan kishilar," qo‘shimcha qildi Falkon. "Bu Kevin Hart uchun og‘ir yil bo‘lmadi."
Hajvchilar va musiqachilar ko‘pincha xususiy tadbirlar va korporativ ziyofatlarda chiqish qilgan.
"Farq shundaki, – deydi jurnalist Natali Jeymison, – bu tadbirlar odatda oshkor qilinmaydi yoki bunday reklama qilinmaydi. Hozirgi norozilik sababi bu voqea ommaviy ravishda sodir bo‘layotganidir."
"Bu yerdagilar hayajonda"
So‘nggi yillarda Saudiya hukumatidan katta miqdorda pul olganlar faqat hajvchilar emas.
Neftga juda bog‘liq bo‘lgan davlat sifatida Saudiya Arabistoni o‘zini iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda.
Uning valiahd shahzoda boshchiligidagi "Nigoh 2030" rejasida turizm, ko‘ngilochar va sport kabi sohalarga mablag‘ yo‘naltirish ham ko‘zda tutilgan.
So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni bir qator yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, 2034-yilgi erkaklar futboli bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan oyda Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya fondi boshchiligidagi konsortsium o‘yin giganti Electronic Arts (EA) ni sotib oldi. Jamg‘arma portfeliga, shuningdek, "Nyukasl Yunayted" va LIV Golf franshizasi kiradi.
"Ishonchim komil, G‘arbda buni ma’qullamaydiganlar ko‘p, ammo bu yerdagi odamlar o‘zgarishlar dasturidan juda xursand, – deydi Sara. – Saudiya Arabistoni ko‘ngilochar markaz bo‘lishga intilmoqda va hajv festivali kabi tadbirlar haqiqatan ham bunga yordam beradi. Bu yerda ishtiyoq katta, ayniqsa, yosh saudiyaliklar orasida."

Surat manbasi, Getty Images
Bu hafta o‘zining podkastida so‘zlagan Bill Barr Ar-Riyoddagi chiqishini tanqidlardan himoya qildi.
"Men suhbatlashgan hajvchilar: "Do‘stim, [tomoshabinlar] buni xohlayotganini sezasan. Ular haqiqiy stendap komediyasini ko‘rishni istashadi», deyishdi, – deydi u. – O‘ylashimcha, bu juda ko‘p ijobiy samara beradi".
Festival haqiqatan ham turli xil qarashlarni ifoda etishga imkon beradimi yoki yo‘q, bu bahsli masala.
Zayn tan olishicha, Ar-Riyoddagi hajvchilar boshqa joylardagidek davlat yoki uning rahbarlari haqida hazil qila olmaydi.
"Shuning uchun ularni tanqid qilishingiz mumkin", deydi u. Lekin bunday tadbirni o‘tkazish "aholining ko‘zini ochishga" yordam berayotgan edi.
"Bunday shouni ko‘rgan har bir saudiyalik nimanidir o‘rganadi. Ular geylar, translar, jinsiy munosabatlar haqida hazillar qilishdi, hukumatdan tashqari hamma narsa haqida ochiq gapirishdi".












