Imomali Rahmon videosi salomatligi haqidagi mish-mishlarga qarshi chiqarildimi?

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon

Surat manbasi, president.tj

    • Author, BBC Monitoring
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Xitoy Yangi yili boshlangani munosabati bilan Xitoy Prezidenti Si Szpinpinga video tabrik yo‘lladi.

Xitoy an’anasiga ko‘ra, Oy taqvimi bo‘yicha yangi yil yoki bahor boshlanishini anglatadi.

Uch minutlik video Imomali Rahmon ommaga ikki hafta ko‘rinmagani ortidan e’lon qilindi.

Tojikiston prezidenti rasmiy veb-sahifasida e’lon qilingan videoda Prezident Rahmon Xitoyni turli sohalarda "misli ko‘rilmagan zafarlarga" erishgani uchun maqtaydi.

"O‘zining konstruktiv global tashabbuslari natijasida mamlakatingiz zamonamizning asosiy tendentsiyalarida yetakchidir. Biz esa o‘zimizning yaqin va ishonchli qo‘shnimizning ushbu muvaffaqiyatlaridan mamnunmiz", dedi Prezident Rahmon.

Tojikiston prezidenti qo‘shimcha qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar "har taraflama strtagetik sheriklik shaklida rivojlanishning yuqori cho‘qqisiga chiqdi".

Shuningdek, u Tojikiston bilan Xitoy ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlik qilayotganini urg‘uladi.

"Men ushbu konstruktiv jarayonlarni mamlakatlarimiz o‘zak manfaatlariga mos rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissangizni yuqori baholayman", dedi Prezident Rahmon Si Szinpinga.

Iqtibos

Joriy yilda kutilayotgan ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy maqom muloqotlar "ikki mamlakat o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarni yanada boyitishi"ga ishonchi komilligini bildirdi Tojikiston rahbari.

Prezident Rahmonning video qutlovi Tojikiston prezidentining Telegram va Facebookdagi rasmiy kanallarida ham tarqatildi.

"Ozodlik" radiosi yozishicha, ushbu video mujda Prezident Imomali Rahmonning uzoq vaqt jamoatchilik ko‘zi o‘ngida ko‘rinmaganidan keyin uning salomatligiga oid yuzaga kelgan xavotirlarni tarqatib, jamoatchilikni tinchlantirishga urinishning yana bir amali bo‘lgan.

"Bundan oldin prezident matbuot xizmati Imomali Rahmonning dunyo rahbarlariga yozma tabrigini tarqatgan bo‘lsa-da, uning xorijiy rahbarlarga video murojaati kamdan-kam e’lon qilingan. Shuning uchun ham uning yangi mujdasi oxirgi haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan jamoatchilik ovozlarini tinchlantirishga urinish harakati deb ko‘rildi", deb yozdi radio "Ozodi".

"Uning omma oldida va davlat televideniesida kam ko‘rinishi u kasal degan mishmishlar tarqalishiga olib keldi. Biroq ayrim manbalar uning dam olishga Xitoyning Haynan oroliga ketgani haqida aytdilar", deb yozdi radio veb-sayti.

Prezident Rahmon video murojaatidan bir kun oldin prezident veb sahifasi uning Osiyo Infrastruktura sarmoya banki - AIIB prezidenti Szou Szyai bilan uchrashuvi videosini e’lon qildi.

Kuzatuvchilar Prezident Rahmonning omma ko‘zi o‘ngida ancha vaqt ko‘rinmay qolishi ilk bor yuz bermayotganini eslataadilar.

Xuddi shunday "tanaffuslar" 2017, 2020 va 2022 yillari ham bo‘lgan, o‘shanda Tojikiston rasmiylari Prezident Rahmonning salomatligi haqida izoh berishdan bosh tortganlar.

1952 yili tug‘ilgan Imomali Rahmon Tojikistonni 1992 yildan buyon boshqaradi.

Dastlabki ikki yilda mamlakat parlamenti raisi sifatida, undan keyin prezident sifatida.

Oxirgi 30 yilda Imomali Rahmon o‘z oilasi a’zolari va o‘ziga yaqin insonlarni mamlakatdagi asosiy lavozimlarga tayinlash bilan hokimiyatni o‘z qo‘lida markazlashtirdi.

Tojikistonning joriy konstitutsiyasi bo‘yicha amaldagi prezident o‘z vakolatlarini vaqtincha yoki doimiy ado etolmay qolsa, mas’uliyat parlament yuqori palatasi - Milliy Majlis spikerining zimmasiga yuklatiladi.

Hozir Majlisi Milliyning raisi lavozimini Imomali Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li, 1987 yili tug‘ilgan Rustam Imomali egallaydi.