Markaziy Osiyo dayjesti: O‘zbekiston atrofdagi kuydirgi holatlaridan boxabar, Andijoncha hotamtoylik va Rossiyani tiyib turadigan hujjat?

Surat manbasi, gazeta.uz
Tojikiston rasmiylari xabar qilishicha, 2025 yil boshidan buyon insonlarning kuydirgini yuqtirgani 41 holati aniqlangan.
Bu xabarni Tojikiston Sog‘likni saqlash vazirligi tasdiqladi.
Asia-Plus veb-nashri o‘zining Telegram kanalida xabar berishicha, vazir Jamoliddin Abdullozoda kuydirgi holatlari mamlakatning Xuroson, Vaxsh, Levakant, Bobojon G‘afurov tumanlarida qayd etilgan, biroq bu yuqumli xastalikdan hayotdan ko‘z yumish ro‘y bermagan.
Bundan oldin Xuroson tumanida istiqomat qilgan 39 yashar erkak may oyi oxirida go‘sht sotib olib kelib maydalaganidan keyin barmoqlari shishib ketgani, 9 iyunda vafot etgani xabarlari tarqalgandi.
Mahalliy odamlar kuydirgidan nobud bo‘lgan qoramollarini yoqib yuborganlari, chorvalarini o‘tlatishga olib chiqmasdan, molxonalarida asrayotganlarini aytganlar.
Iyul oyida Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Aqmola viloyatidagi ikki qishloqda kuydirgi tarqalgani, 19 inson kuydirgini yuqtirishda gumon qilinib karantinga olingani haqida xabar tarqatdi.
Iyun oyidagi Turkman muxolifatining xorijdagi veb-nashri "Xronika Turkmenistana" mamlakatda chorva mollari nobud bo‘lishi ko‘paygani, bahor yog‘ingarchiligi kam bo‘lgani, ayrim mollar o‘limiga kuydirgi sabab deb gumon qilingani, biroq malakali veterinar mutaxassis yetishmasligi oqibatida asl sababini aniqlash imkonsiz ekani haqida maqola e’lon qildi.
Qo‘shni mamlakatlarda kuydirgi holatlari kuzatilayotgani haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekiston rasmiylari yuqumli xastalik mamlakat ichiga kirishi oldini olish choralarini ko‘rayotganlari haqida xabar qildilar.
O‘zbekistondagi gazeta.uz veb-nashriga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Farhod Qurbonbekovning aytishicha, kuydirgi kasalligining O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida 55 chegara punktini kesib o‘tayotgan barcha shaxslar ustidan chuqur nazorat o‘tkazilmoqda.
Turkiya va Ozarbayjon harbiy hamkorlik memorandumi Rossiyani tiyib turadigan hujjat deb ko‘rilmoqda

Surat manbasi, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi
Ozarbayjon bilan Turkiya o‘zaro xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha anglash memorandumini imzoladi.
Istanbulda "IDEF 2025" 17-xalqaro mudofaa sanoati ko‘rgazmasi doirasida ikki mamlakat mudofaa vazirlari ushbu hujjatni imzoladilar.
22 iyul kuni Ozarbayjon Mudofaa vaziri Zokir Hasanov Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Guler uchrashgan paytda Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an Ozarbayjon Bosh Prokurori Komron Alievni qabul qilgan.
O‘sha kuni Ozarbayjon Bosh Prokuraturasi 2024 yil dekabrida halokatga uchragan Ozarbayjon yo‘lovchi uchog‘i halokati borasida bayonot berdi.
Samolyot halokatida Ozarbayjon Rossiya harbiy havo mudofaasini ayblaydi.
Prezident Ilhom Aliev agar Rossiya halokat uchun mas’uliyatni zimmasiga olmasa va aybdorlarni jazolamasa, Ozarbayjon ushbu masalani xalqaro sudga olish chiqishi mumkinligini aytgan.
Prezident Alievga ko‘ra, Boku "hodisa holatlaridan juda yaxshi xabardor va "etarli isbot-dalillarga ega".
Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi memorandum uchoq halokati tufayli Ozarbayjon bilan Rossiya o‘rtasidagi taranglik ortishi kuzatilayotgan paytda imzolandi.
Rossiya Ozarbayjon talab qilganidek halokat uchun javobgarlikni bo‘yniga olishdan bosh tortdi, buning ortidan Ozarbayjon Rossiya amallaridan qoniqmaganligini namoyish etadigan harakatlarga bordi.
Buning ortidan Rossiya Ukraina urushini yoqlaydigan sharhlovchilar Ozarbayjonga qarshi urush boshlash tahdidlari bilan chiqdilar.
Bu tahdidlarga javoban Ozarbayjon davlat nazoratidagi matbuotda Turkiya-Ozarbayjon harbiy hamkorligi Kremlni Bokuga qarshi tajovuzdan tiyadigan omil bo‘lishi haqidagi fikrlar bildirilayapti.
Ozarboyjondagi minval.az veb-nashri, agar Kreml kuch qo‘llashga qaror qilsa, 2021 yildagi Shusha deklaratsiyasiga binoan Turkiya Ozarbayjon xavfsizligi kafolati bo‘lib o‘rtaga chiqadi, hatto Ozarbayjon hududiga NATO harbiy bazasini joylashtirish masalasi kun tartibiga qo‘yilishi mumkin, deb yozdi.
Xonobod festivali "Andijoncha hotamtoylik" deb ta’riflandi

Surat manbasi, Andijon viloyati hokimligi
O‘zbekistonda taniqli Daryo.uz veb-nashri Andijon viloyatining Xonobod shahrida o‘tkazish rejalangan "Dunyo sadolari" festivali haqida maqola e’lon qildi.
Maqola "Andijoncha hotamtoylik: "Dunyo sadolari"ga sarflanayotgan milliardlar va shubhali shartnomalar" deb sarlavhalanadi.
Xabar qilinishicha, bu yil festivalga eronlik mashhur qo‘shiqchi Arash, turkiyalik Mustafa Sandal va boshqa chet ellik taniqli qo‘shiqchilar taklif qilinganlar.
Daryo.uz yozishicha, artistlarga berilishi aytilgan gonorarlar ancha oshirib yozilgan bo‘lishi mumkin.
"...byudjet mablag‘lari qonuniy yoki qonunga zid ajratilayotgani mas’ullar tomonidan tekshirilishi zarur, deb hisoblaymiz", deb yozadi "Daryo".
Jurnalistlar so‘roviga javoban O‘zbekiston Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi holatni o‘rganayotganini ma’lum qilgan.
23 iyul. Xitoyning Markaziy Osiyoga kirib kelishini nishonlash kerakmi yoki qo‘rqish?
Bi-bi-si Monitoring tahlili

Surat manbasi, AKORDA.KZ
So‘nggi o‘n yillikda Xitoy, ayniqsa, "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasidagi savdo va infratuzilma loyihalari orqali Markaziy Osiyodagi mavqeini izchil mustahkamlab kelayapti.
U Rossiyani mintaqadagi asosiy savdo va investitsiya hamkori sifatida ortda qoldirgan bo‘lsa-da, Pekin hali ham sobiq Sovet Ittifoqi respublikalarida chuqur ildiz otgan ishonchsizlik muammosiga to‘qnash kelmoqda.
Xitoy mintaqadagi faoliyatiga oid "xato tushunchalar"ni bartaraf etish uchun madaniy almashinuv, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va vizasiz turizmni o‘z ichiga olgan "yumshoq kuch" siyosatiga katta e’tibor qaratmoqda.
Xitoy davlat OAVlari va diplomatlari "mushtarak farovonlik" va "umumiy taqdir" g‘oyasini ilgari surishga intilayotgani kuzatilmoqda.
Biroq, ushbu tashabbuslarga qaramasdan, aftidan, Pekinning jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatish harakatlari samarasiz bo‘layapti.
Mintaqa hukumatlari Xitoy bilan hamkorlikni chuqurlashtirayotgan bir paytda, aksilxitoy kayfiyat vaqt-vaqti bilan kuchayib, rasmiy bayonotlar va omma fikri o‘rtasidagi farqni ochiq-oydin namoyon qilayapti.
OAV hamkorligi va tushunchalar muvofiqlashuvi
May oyi oxirida o‘tkazilgan ikki nufuzli media forumi Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida axborot almashinuvi va medianing hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan sa’y-harakatlardan dalolat berdi.
Urumchida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) doirasidagi OAV forumida jurnalistlar mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik fikrini shakllantirishga chaqirildi, deb xabar berdi Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi.
Bundan bir necha kun o‘tib, Ostonada tashkil etilgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" media forumida "do‘stona aloqalar haqida hikoya qilish" va axborot strategiyalarini muvofiqlashtirish masalalari alohida ta’kidlandi.

Surat manbasi, .
Xitoyning davlatga qarashli China Media Group (CMG) va Sinxua agentliklari Markaziy Osiyodagi OAV bilan kontent almashish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Masalan, 2024 yil mart oyida Qirg‘iz milliy teleradiokorporatsiyasi (UTRK) bilan shartnoma tuzildi. Silunews.kg xabar berishicha, UTRK rahbari Bolotbek Tillebaevga ko‘ra, shartnoma ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tushunish va uzoq muddatli do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
DKnews.kz ma’lumotiga ko‘ra, shu oyda Ostonada bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston-Xitoy media davra suhbatida CMG rahbari Shen Xaysyon Pekinning media va texnologiya salohiyati orqali "Xitoyning global miqyosda do‘stlari bilan modernizatsiyadan birgalikda naf ko‘rish" niyatini ta’kidladi.
Qozog‘iston Xitoyning media diplomatiyasida alohida o‘rin tutadi.
Shinjondagi katta etnik qozoq jamoasi va ikki tomonlama madaniy aloqalar tufayli Xitoy OAVlari qozoq tilidagi kontentni kengaytirmoqda.
2023 yil dekabrida People's Daily Online nashri Xitoy hukumati homiyligidagi "Baursak ekran" loyihasini e’lon qildi. Loyiha qozoq tiliga dublyaj qilingan filmlar va teledasturlar orqali Xitoy madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan. Bu tashabbus Pekinning "TV China Theatre" dasturi doirasida "Almata TV" bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, Xitoyning "rang-barang va jonli qiyofasini" namoyon etishni ko‘zlagan.
Shuningdek, rus tilida so‘zlashuvchi auditoriyaga, xususan Markaziy Osiyodagi tomoshabinlarga yo‘naltirilgan holda, CMG Rossiyaning "Russia Today" (RT) axborot agentligi bilan hamkorlikda multimedia platformasini ishga tushirdi.
Til va madaniyat festivallari
Xitoy tilini targ‘ib qilish muhim yo‘nalishlardan biridir. Aprel oyida mintaqadagi Xitoy diplomatik vakolatxonalari va Konfutsiy institutlari Xitoy tili kunini nishonladi. Bu tadbirlar doirasida notiqlik tanlovlari, musiqiy chiqishlar va kalligrafiya ko‘rgazmalari tashkil etildi.
"DKnews" manbasiga ko‘ra, "Xitoy tili – faqat ierogliflar va tovushlar to‘plami emas, balki madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi", dedi Xitoyning Qozog‘istondagi elchisi Xan Chunlin Ostonadagi tadbirda.
Shunga o‘xshash tadbirlar Tojikiston va Turkmaniston universitetlarida ham bo‘lib o‘tdi. "DKnews" ma’lumotiga ko‘ra, bunday faoliyatlar Xitoy tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda va jamoatchilikda ijobiy taassurot qoldirmoqda.

Surat manbasi, ALEKSANDR PAVSKIY/KAZINFORM
Shuning uchun, uning aytishicha, Xitoyning Rossiyani harbiy qo‘llab-quvvatlovi qanchalik oshishi faqat Pekin buni Vashingtonga qarshi kurashda zarur va samarali deb hisoblashiga bog‘liq.
Iyun oyi boshida Almatida bo‘lib o‘tgan madaniy festivalda, Kazinform ma’lumotiga ko‘ra, Xanfu kiyimlari namoyishi, choy marosimlari va interaktiv chiqishlar keng ommani jalb etgan.
Shuningdek, Ostonadagi Xitoy elchixonasida Qozoq-Xitoy hamkorligi haqidagi "Kompozitor" filmi namoyish etildi. Qarag‘anda shahrida esa "umumiy modernizatsiya" mavzusida rassomlik tanlovi tashkil etildi. Bu tadbir Xitoy elchixonasi va mahalliy Konfutsiy instituti hamkorligida o‘tkazildi.
Xitoyda keng mashhur bo‘lgan qozog‘istonlik pop yulduz Dimash Qudaybergen ham madaniy elchi sifatida faol ishtirok etmoqda. 2023 yil dekabrida, Kazinform ma’lumotiga ko‘ra, u Xitoy mifologiyasi asosida suratga olingan, qozoq tilidagi "Ajoyib Shennun" filmida rol ijro etdi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash almashinuvi
Xitoy universitetlari Markaziy Osiyodagi oliygohlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Har yili yuzlab talabalar Xitoyda o‘qish uchun stipendiya olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
CGTN Russian xabar berishicha, 2024 yil dekabrida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I keyingi uch yilda Markaziy Osiyo davlatlaridan 600 nafar talabaga stipendiya ajratish va 1 500 mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Nankin shahrida O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi hamkorligida o‘tkazilgan forumda kasbiy ta’limni mintaqaviy bozor ehtiyojlari va madaniy xususiyatlarga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining «Dunyo» axborot agentligi 5 iyunь kuni xabar berdi.
Forum yakunlariga ko‘ra, Jiangsu viloyati hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ta’lim va sanoat integratsiyasi bo‘yicha alyans tuzildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham ikki tomonlama hamkorlik kengaymoqda. Iyunь oyi boshida Xanchjou shahrida 17 nafar o‘zbekistonlik shifokor bolalar hayotini saqlab qolishga oid tayyorlov kurslarida ishtirok etdi. Xitoylik hamkorlar tomonidan 50 ming dollarlik tibbiy jihozlar va o‘quv materiallari hadya qilingani alohida qayd etildi. Bu haqda «Dunyo» agentligi xabar berdi.
May oyida Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chog‘ida Ahunboev nomidagi Qirg‘iz Davlat tibbiyot akademiyasi Nanningdagi Guansiy Xitoy an’anaviy tibbiyoti universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda Qirg‘izistonning davlat axborot agentligi «Kabar» xabar berdi.
«Biz ishonamizki, bu kabi tashabbuslar talabalar va ilmiy xodimlar o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashinuvi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi», dedi Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Manas To‘xtamuratov.
Shuningdek, Turkmanistonning nodavlat axborot agentligi «Orient»ning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda 500 ga yaqin Markaziy Osiyo va rossiyalik shifokorlar Sianь shahrida Xitoy an’anaviy tibbiyoti bo‘yicha o‘quv kurslarni yakunlagan.
Turizm va vizasiz sayohatlar
Xitoy O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan vizasiz sayohat to‘g‘risidagi kelishuvlarni imzoladi. Qirg‘iziston bilan shunday kelishuv muhokamada ekani xabar qilingan.
«Madaniy turizm» bu jarayonda asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Xitoy diplomatlariga ko‘ra, bunday tashabbuslar xorijlik mehmonlarga mamlakatning boy tarixi va an’analarini yangi nigohda kashf etish imkonini beradi.
2024 yilda Qozog‘iston 650 ming nafardan ortiq xitoylik turistni qabul qilgan – bu o‘tgan yilga nisbatan 78 foizga ko‘p. «Qozog‘istonda Xitoy turizmi yili» doirasida 200 dan ziyod hamkorlik kelishuvlari hududiy hokimliklar, turistik agentliklar va OAV o‘rtasida imzolandi.
Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ortib bormoqda, qo‘shma turizm investitsiya forumlari o‘tkazilmoqda. Xitoyning yirik turizm platformasi Tongcheng Qozog‘istonni «2025 yilning yetakchi rivojlanayotgan yo‘nalishi» deb e’lon qildi, deb xabar berdi DKnews.
«USAID» qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirish
Xitoyning «yumshoq kuch» siyosati AQShda Tramp ma’muriyati tomonidan USAID va boshqa tashqi yordam dasturlari tugatilganidan so‘ng faollashdi.
Eurasianet nashri may oyida xabar berishicha, Xitoy ayni paytda ana shu dasturlar yordamiga suyangan hududlarda, jumladan, Markaziy Osiyoda, «kichik va samarali» loyihalar orqali bo‘shliqni to‘ldirishni ko‘zlamoqda.
16 may kuni Xitoyning Xalqaro taraqqiyot hamkorligi agentligi (CIDCA) va BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi hamkorligida Qirg‘iziston janubida 100 mingdan ortiq o‘quvchini maktab tushligi bilan ta’minlashni ko‘zda tutuvchi qo‘shma loyiha boshlandi.
CIDCA 2024 yil fevral oyidagi hisobotida bu kabi tashabbuslarni «Xitoyning xalqaro yordami va taraqqiyot yo‘lida hamkorligidagi insonparvar g‘amxo‘rlik va muruvvat misollari» sifatida baholagan.
Tushunishlardagi farq

Surat manbasi, Gazeta.uz
Madaniy diplomatiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalardagi faol aloqalarga qaramay, Markaziy Osiyoda Xitoyga nisbatan shubha va ehtiyotkorlik saqlanib qolmoqda.
2024 yil 17 iyunь kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi «Xitoy – Markaziy Osiyo» sammitida olti mamlakat «abadiy do‘stlik va hamkorlik» shartnomasini imzoladi. Mintaqa yetakchilari bu hujjatni barqaror hamkorlik uchun muhim deb baholashdi.
Orda.kz saytiga ko‘ra, sammit paytida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar jurnalistlar bilan suhbatda jamoatchilikdagi xavotirlar «mutlaqo yo‘qolganini» va munosabatlar «yangi ochiqlik» bosqichiga o‘tganini aytgan.
Biroq, bunga qaramasdan, ziddiyatli kayfiyatlar to‘liq bartaraf etilgani aniq emas. 2016, 2019 va 2021 yillarda Qozog‘istonda Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan. 2024 yil boshlarida esa O‘zbekistonda xitoyliklar yer sotib olyapti va ularga imtiyoz berilyapti, degan mish-mishlar fonida aksilxitoy kayfiyat kuchaydi. Ushbu mavzudagi ijtimoiy tarmoq kanallari bir necha kun ichida yarim milliondan ortiq kuzatuvchi to‘plagani jamoatchilik qarshiligining qanchalik kuchli va tez tarqalishini ko‘rsatadi.












