Toshkent: O‘zbekiston har qanday ehtimol va tahdidga qarshi tayyor turmoqchimi yoki davlatlar suverenitetiga xavf-xatar shunchalik kuchaydimi? Video

O'qilish vaqti: 7 daq

So‘nggi kunlarda O‘zbekistondan olinayotgan ustma-ust xabarlar mintaqada ham ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi - nima gap?

Poytaxt Toshkentdan ustma-ust yangilik

O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik kontseptsiyasidan keyin o‘zining Tashqi siyosat kontseptsiyasini ham yangilamoqchi.

Rasmiy xabarlar so‘nggi bir necha kunning o‘zida, ustma-ust bo‘y ko‘rsatdi.

Mazkur voqe’lik qolgan to‘rt mintaqa davlati misolida kuzatilmagani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston prezidenti kecha, 15 yanvar kuni yana bir video-selektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Bu galgi yig‘ilish mamlakat Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev, yig‘ilish ishtirokchilariga "jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlarning suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab paytda uchrashib turganliklari"ni aytdi.

"Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatlarini tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish kerakligini davrning o‘zi taqozo etayotganligi"ni ta’kidladi.

O‘zbekistonning Tashqi siyosat kontseptsiyasini ham yangilashni buyurdi.

Voqealarning so‘nggi kunlardagi bu kabi kutilmagan rivoji mintaqada ham ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortdi.

Mintaqaviy yetakchi nashrlarda sarlavhalarga ham chiqdi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng katta davlati bo‘ladi.

Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga bevosita chegaradosh.

Ammo xalqaro reytinglarda Qurolli kuchlari mintaqada eng jangovarlari sirasiga kiradi.

O‘zbekiston o‘zining eng muhim va asosiy doktrina va kontseptsiyalarini yangilash qarorini "dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar, global iqtisodiy o‘zgarishlar, zamonaviy xavf, tahdidlarning tez o‘zgarib borayotgan mazmuni va ko‘lami hamda mudofaa va xavfsizlik sohalari duch kelayotgan asosiy muammolar" bilan izohladi.

Rossiya, Xitoy, Eron va Afg‘oniston o‘rtasida joylashgan Markaziy Osiyo dunyoning global qudratlari manfaatlari to‘qnashgan mintaqalardan biri bo‘ladi.

Ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida ular o‘rtasida geosiyosiy raqobat yanada kuchayib borayotgan, Rossiya va Xitoydan keyin xavfsizlik, iqtisodiy va geosiyosiy nuqtai nazardan AQSh va Yevropa Ittifoqi misolida kollektiv G‘arbning ham qiziqishi kuchayib borayotgan hudud.

Dunyoda tobora strategik ahamiyat kasb etib borayotgan tabiiy energiya zaxiralari, noyob minerallar va nisbatan arzon ishchi kuchiga boy.

Global geosiyosiy tanglikning mintaqaga ta’siri so‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘ladimi yoki Qozog‘iston – mintaqaning eng yirik davlatlari yetakchilarining diqqat-e’tiborlaridagi mavzulardan biri, oshkora tashvish va xavotirlariga molik masala.

Ammo Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘ladimi yoki Ukraina urushi, O‘zbekiston ilova qolgan barcha to‘rt mintaqa davlati ham global ahamiyatga molik mojarolarga nisbatan neytral mavqe’da, o‘zlarining ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritish pozitsiyalarida sobit ekanliklarini izchil ravishda takrorlab kelishadi.

O‘zbekiston qo‘shilmaslik tamoyiliga ham amal qiladi.

Bu harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaslik, mustaqil tashqi siyosatni yuritish va dunyodagi kuch markazlari o‘rtasida tarafkashlikni tanlamaslik printsipiga asoslanishi aytiladi.

Lekin, boshqa tomondan, Qozog‘iston va O‘zbekiston misolida so‘nggi yillarda rossiyalik ayrim millatchi siyosatchilar tomonidan birlarining yeri, davlatchiligi, boshqasining milliy o‘zligi savol ostiga olingan mintaqa.

Aynan oxirgi paytlarda dunyoning bir-birlari bilan o‘zaro raqobatda bo‘lgan global qudratlari tomonidan davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llovchi bayonotlarining soni ortgan hudud.

So‘nggi ikki asrda aynan Rossiyaning ta’sir doirasidagi mintaqa, deb ko‘rilgan.

Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasi ham Qozog‘iston misolida aynan Markaziy Osiyo hisobiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistondagi voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, rossiyalik taniqli teleboshlovchi va targ‘ibotchi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyo bilan ham bog‘liq so‘nggi chiqishidan qisqa vaqt o‘tmay kuzatilgan.

Solovyov "Markaziy Osiyo va Armaniston Rossiya uchun Suriya va Venesueladan ham muhimroqligini aytib, ularni yo‘qotish ulkan muammo bo‘lishi"ni ta’kidlagan.

U 11 yanvar kungi chiqishida "Markaziy Osiyo davlatlarida ham xuddi Ukrainada bo‘lgani kabi "maxsus harbiy operatsiya" o‘tkazish kerak"ligini aytgan, Markaziy Osiyoni "bizning Osiyo", deb atagan.

"O‘yinlar tugaganini tushuntirib qo‘yishlari, xalqaro huquqqa ham, xalqaro tartibga ham tupurish kerak"ligini aytgan.

Kremlga yaqin targ‘ibotchi, deb ko‘riluvchi Solovyovning bu so‘zlari ham O‘zbekiston jamoatchiligi orasida keskin aks-sado bergan.

U tilga olib o‘tgan davlatlar orasidan hozircha faqat Armaniston bu xususda Rossiyaga o‘zining noroziligini rasman izhor etgan, elchisiga o‘zining notasini topshirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Armaniston buni o‘z "suverenitetiga tajovuz" o‘laroq baholagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova oradan to‘rt kun o‘tib, kecha, 15 yanvar kuni Solovyovning xuddi shu gaplariga o‘zining munosabatini bildirgan, u buning "bayonot emas, savol tarzida ifodalangan fikr bo‘lgani"ni aytgan.

Mariya Zaxarovaga ko‘ra, " ushbu iboralar ochiqchasiga "divan analitiklari" tomonidan Rossiyaning deyarli rasmiy pozitsiyasi sifatida provokatsion tarzda taqdim qilingan".

Uning bu rasmiy izohiga Solovyov tilga olib o‘tgan davlatlar poytaxtlarining munosabati hozircha imkonsiz.

Shu oy boshida esa Amerika Qo‘shma Shtatlari kutilmaganda Venesuela poytaxtiga zarba berib, sanoqli soatlarning o‘zida uning prezidenti va rafiqasini qo‘lga olgan, Nyu-Yorkka keltirib, ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘agan va sudga tortgan.

Ularning bu ishi O‘zbekiston jamoatchiligi orasida ham keng aks-sadolarga sabab bo‘lgan, "xalqaro huquq, inson huquqlari va demokratiya qaerda qoldi?", degan savollariga turtki berdi.

Tramp qudratga qaytishi ortidan, Rossiya Suriyadagi ittifoqchisini boy bergan, hozir yana bir an’anaviy ittifoqchisi Eron esa, AQShning navbatdagi nishoniga aylanishi mumkin, degan xavotirlar ham kuchaygan.

O‘zbekiston chegaralaridagi vaziyat qanday?

O‘zbekiston to‘rt Markaziy Osiyo davlati va Afg‘onistonga chegaradosh.

Rossiya bilan bilan esa uni faqat Qozog‘iston ajratib turadi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqealarning xuddi shu kabi rivoji manzarasida O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmati rahbari va O‘zbekiston Mudofaa vaziri chegaralar himoyasi masalasida chiqish qilishgan, bu xususda qilinayotgan ishlar borasida prezidentga hisob berishgan.

Xabarlarga ko‘ra, Bahodir Qurbonov Xavfsizlik Kengashining 13 yanvar kungi kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekistonda Turkiyaning "Bayraktar" rusumidagi droni bilan butlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovar navbatchiligi yo‘lga qo‘yilganini bildirgan.

Chegara chiziqlarining 40 foizdan ortig‘i videokuzatuv tizimi bilan jihozlangani, ming kilometrdan ortiq tolali aloqa liniyalari o‘rnatilgani, chegara qo‘shinlari "qurol-aslaha va o‘q-dorilar bilan 100, zirhli avtotexnika bilan esa, qariyb 100 foizcha ta’minlangan"ini aytgan.

"Bayraktar" dunyodagi zamonaviy rusumdagi eng jangovar dronlar sirasiga kiradi, Qorabog‘ ustidan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida kechgan so‘nggi qurolli mojarolarda qanchalik ish berishi bilan chetdagi ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan.

Hozir O‘zbekiston ilova deyarli barcha mintaqa davlatlarining ham harbiy arsenallarida bor.

Xabarlarga ko‘ra, Mudofaa vaziri esa, O‘zbekistonda ko‘p halqali havo mudofaa tizimi yaratilganini ma’lum qilgan.

Ukrainada keng qo‘llanilayotgani kabi "komandirlar jangni yer ostidan boshqarish ko‘nikmalarini mustahkamlab borishayotgani"ni aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yondashuv asosida O‘zbekistondagi barcha poligonlarda yerosti pozitsiyalari va dronlarni boshqarish punktlari, so‘nggi yillarda xarid qilingan zenit-raketa komplekslari tufayli eshelonlashtirilgan havo mudofaa tizimi ham tashkil qilingan.

Vazir, bundan tashqari, uzoq yillar zaxira fondida saqlangan zirhli naqliyot vositalarining modernizatsiya qilinib, jangovar safga qaytarilgani, yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlarining takomillashtirilganini ham aytgani xabar berilgan.

O‘zbekiston o‘zining "Lochin" rusumidagi dronlarini ham ishlab chiqaradi.

O‘zbekistonning asosiy harbiy, harbiy-texnik hamkori Rossiya bo‘ladi.

Ammo mamlakat Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi ostida o‘zining harbiy hamkorlari safini kengaytirish harakatida ekani ham ko‘riladi.

Yana bir dolzarb mavzu

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti mamlakatning Tashqi siyosat kontseptsiyasini yangilash masalasi ko‘tarilgan kecha, 15 yanvar kungi video-selektor yig‘ilishida tashqi mehnat migratsiyasi va migrantlar masalasiga ham to‘xtalgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otayotganligiga alohida to‘xtalgan, o‘zining vaziyatdan boxabar ekanini namoyon etgan.

O‘zbekiston rahbari aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolayotganligini shaxsan e’tirof etgan.

Prezident Mirziyoyev, "Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart"ligini ta’kidlagan.

So‘nggi bor shu oy boshida Rossiyadan olingan va OMONning Xabarovskdagi reydi chog‘ida bir O‘zbekiston fuqarosining vafot etganiga oid xabar O‘zbekiston jamoatchiligi orasida keskin aks-sadolarga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu holatni tasdiqlab, Rossiya tomoniga rasmiy nota yuborganini ma’lum qilgan.

Holat sabablarini o‘rganishda O‘zbekistonning ham faol ishtiroki lozimligi esa, xuddi shu manzarada alohida urg‘ulangan nuqtalardan biriga ham aylangandi.

Mintaqada aholisi eng katta bo‘lgan (rasman 37 milliondan ortuvchi – tahr.), ishsizlik hanuz anchayin og‘ir muammoligicha qolayotgan O‘zbekiston va uning rahbariyati uchun tashqi mehnat migratsiyasi, ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida alohida dolzarblik kasb etgan masala bo‘ladi.

Chetda mehnat muhojirligida band millionlab sondagi fuqarolari har yili ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar ham O‘zbekiston hukumati uchun muhim, ular, yillarki, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar ta’sirini yengillatib, har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng amaliy va samarali vositalardan biri bo‘lib keladi.

Poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tgan xuddi shu yig‘ilish tafsilotlaridan O‘zbekiston o‘zining tashqi mehnat bozorlarini yanada turfalashtirish, ularning qatoriga endi Amerika Qo‘shma Shtatlarini ham qo‘shish rejasida ekani ma’lum bo‘lgan.

Yig‘ilish chog‘ida O‘zbekiston fuqarolariga xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish berish navbatdagi ustuvor vazifa, deb belgilangani aytilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklar hozir tashkiliy migratsiya asosida dunyoning 30 dan ortiq davlatida mehnat qilishmoqda.

Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirish, o‘zaro munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish harakatida bo‘lgan bir paytda ham kuzatilgan.

Bu yangilik yana AQSh O‘zbekiston ilova dunyoning 75 davlati fuqarolariga nisbatan yangi tartibni joriy etish, 21 yanvardan boshlab ularga immigratsion vizalar berishni to‘xtatish qarori manzarasida bo‘y ko‘rsatgani bilan mamlakatdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan.

Dunyoning eng yirik iqtisodiy qudrati sanaluvchi Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.

Ayniqsa, Grin-karta orqali har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan mamlakat.

Shtatlarda o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashashi, ulardan bir necha mingining Amerika fuqaroligini olgani ham aytiladi.

Amerikada qonuniy yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida yetakchi olimlar, ishbilarmonlar, bankirlar, turli xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari maqomida bo‘lganlari, nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlari, hamshiralik va qarovchilik qilayotganlari ham oz emas.

Nyu-Yorkning yangi meri o‘zining yaqinda qilgan ilk g‘alaba nutqida o‘zbek hamshiralarini ham eslab, saylovdagi qo‘llovlari uchun ularga ham rahmat aytgan.

O‘zining qilgan bu ishi bilan dunyodagi ko‘pchilikning e’tiborini O‘zbekiston, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘zbeklar va o‘zbekistonliklarga ham qaratgan.

Tashqi mehnat migratsiyasida band O‘zbekiston fuqarolari orasida xotin-qizlar ham kam emas.

Deylik, 2017 yilgi ma’lumotlarda Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning 30 foizini xotin-qizlar tashkil etishi aytilgan.

Ulardan aksariyati oilasidan ajrashgan, turmushga chiqmagan, eri kasalvand yoki ishsiz bo‘lganligi uchun tirikchilik tashvishini o‘z zimmasiga olgan ayollar sifatida tilga olinishgan.

Xotin-qizlar O‘zbekiston aholisining yarmiga yaqinini tashkil etishi aytiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasida band O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni millionlarga nisbat beriladi.

Rossiya aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari misolida bo‘lgani kabi, yillarki, O‘zbekiston fuqarolari uchun ham eng yirik tashqi mehnat bozori bo‘lib keladi.

O‘zbekiston: Mirziyoyev hammasidan boxabarmi - videoni tomosha qilish uchun ilova qilingan linkni bosing: