Mirziyoyev Pokistondan qaytarkan, Islomoboddagi masjidni portlatganlar ushlandimi? Zelenskiy yangi bayonot bilan chiqdi, Putin hozircha jim va rossiyalik general hushiga keldi

Surat manbasi, Getty Images
Gumondorlar ushlandimi?

Surat manbasi, rasmiy
Pokiston Ichki ishlar vaziri yangi bayonot bilan chiqdi.
Vazir juma kungi xudkushlik hujumiga yordam berganlikda gumonlanib, to‘rt kishi hibsga olinganini bildirdi.
Hujum O‘zbekiston prezidenti o‘zining Islomobodga davlat tashrifini yakunlagani rasman xabar berilgan bir kunga to‘g‘ri kelgan, 6 fevralda amalga oshirilgan.
Unda shialarning namozxonlar bilan to‘la masjidi nishonga olingan.
Hujum 31 kishining umriga zomin bo‘lgan, 160 dan ortig‘ini yaralagan.
Bu Pokiston poytaxti so‘nggi o‘n yillikda guvoh bo‘lgan eng halokatli hujum bo‘lgani aytilgan.
Shavkat Mirziyoyev xuddi o‘sha kunning o‘zida yuz bergan hodisa munosabati bilan Pokiston prezidenti va Bosh vaziriga rasman ta’ziya yo‘llagan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari o‘zining ta’ziyasida Pokiston xalqi, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
"Jarohatlanganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan".
Xudkushlik hujumiga mas’uliyatni IShID guruhi o‘z zimmasiga olib chiqqan.
Guruhning Janubiy Osiyodagi Xuroson tarmog‘iga dastlab aynan Pokistonda asos solingan.
BMTning yaqinda e’lon qilingan xalqaro hisobotida o‘z saflariga Markaziy Osiyodan yangi a’zolar yollashdash davom etayotganligi aytilib, xuddi shu tarmoqning nomi tilga olingan.
Pokiston Ichki ishlar vaziri qo‘lga olinganlar orasida hujum tashkilotchisi sifatida ko‘rilayotgan shaxsning ham borligini ta’kidlagan, uning Afg‘oniston fuqarosi ekanligini ta’kidlagan.
Uning ayni mazmundagi iddaosiga Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining munosabati hozircha ma’lum emas.
Bundan avval Pokiston Mudofaa vaziri ham Islomoboddagi hujumda Afg‘onistonning ishtiroki borligi haqida og‘iz ochgan.
O‘shanda Tolibon hukumati "ishonchli dalillar keltirmay" qilinganini aytib, vazirning da’vosini "afsuslanarli", deb atagan.
Ammo so‘nggi hujum ham bu ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi tanglik hanuz yumshamagan, buning iqtisodiy ta’siri Markaziy Osiyoni ham chetlab o‘tmasligidan xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Pokiston Ichki ishlar vazirining ma’lum qilishicha, to‘rt gumondorni ushlash uchun olib borilgan reydlar chog‘ida o‘z saflaridan yo‘qotishlar bo‘lgan.
Terrorga qarshi kurash bo‘limining bir zobiti o‘ldirilgan, uch nafari tan jarohati olgan.
Shia musulmonlari IShID va Xuroson qanotining azaliy va doimiy nishonlaridan biri bo‘lib keladi.
Endi Islomobodda Toshkent ko‘chasi va Bobur bog‘i bo‘ladi - videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ukraina urushi iyungacha tugaydimi?

Surat manbasi, Sefa Karacan/Anadolu Agency via Getty Images
Ukraina prezidenti ham yangi bayonot bilan chiqdi.
Volodimir Zelenskiy aytishicha, AQSh Ukraina urushini iyun oyigacha tugatmoqchi.
Urushayotgan ikki tomonni kelasi hafta Amerikaning o‘zida muzokaralar olib borishga chorlamoqchi.
So‘nggi Ukraina urushi tarixida esa bunaqasi bo‘lmagan.
Ukraina prezidentining ma’lum qilishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining bu taklifiga rozilik bildirishgan.
"Amerika ilk bor ikki tomon – Ukraina va Rossiya - muzokarachilar hay’atiga AQShda bir hafta ichida, ehtimol, Mayamida uchrashishni taklif qildi. Biz o‘z ishtirokimizni tasdiqladik", - deb aytgan Volodimir Zelenskiy.
Rasmiy Vashington va Moskva esa hozircha jim, biroq AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi qudratga qaytgan so‘nggi bir yil ichida xuddi shu urushni to‘xtatish harakatida.
Juma kuni Abu Dabida AQSh vositachiligidagi tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi o‘zining nihoyasiga yetgan, ammo unda ham biror bir jiddiyroq kelishuvga erishilmagan.
Ukraina prezidentining aytishicha, "murakkab masalalar murakkabligicha qolmoqda" va bu hududiy yon berishlarni ham ko‘zda tutadi.
Rossiya Ukrainaga ochgan urushga to‘rt yil bo‘ldi, diplomatik say’-harakatlar hanuz ish bermayotgan va davom etayotgan bir pallada o‘zaro hujumlar ham hanuz tinmayotir.
Joriy paytda Rossiya o‘zining e’tiborini Ukrainaning energetika infratuzilmalariga qaratgan, ustma-ust zarbalarini kuchaytirgan.
AQSh prezidentining Ukraina urushini "bir kunda tugatish" va’dasi hali-hanuz amalda o‘zining ijrosini topmagan.
AQSH ilk bor ikki tomon – Ukraina va Rossiya - muzokarachilar hay’atiga AQSHda bir hafta ichida, ehtimol, Mayamida uchrashishni taklif qildi. Biz o‘z ishtirokimizni tasdiqladik...
Rossiyalik general hushiga keldimi?

Surat manbasi, ROSSIYA MUDOFAA VAZIRLIGI
Rossiyadan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, general Vladimir Alekseev hushiga kelgan.
General juma kuni Moskva chekkasida hujumga uchragan, unga bir necha bor o‘q uzilgan.
O‘shanda uning og‘ir ahvolda zudlik bilan kasalxonaga olib ketilgani aytilgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, general jarrohlik amaliyotini yaxshi o‘tkazgan.
To‘pponchadan otib ketilgan paytda general Alekseev Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi muovini lavozimida bo‘lgan.
Rossiya bu generaliga hujumda ham Ukrainani ayblagan.
Ammo Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy Kievning bu iddaosini rad etgan, bu hodisada o‘zlarining biror bir ishtiroklari yo‘qligini aytgan.
Xabar qilinishicha, ikki gumonlanuvchi qo‘lga olingan va ular tez orada so‘roq qilinadi.
Ammo ayni mazmundagi xabarlarda ularning qay bir davlat fuqarosi ekanliklari ochiqlanmagan, shaxsiy ma’lumotlari noayon qolgan.
"Kommersant’"ning yozishicha, ikkovlonning dastlabki mahkama tinglovi bugun, yakshanba kuniga rejalangan.
Rossiya tomoni juma kuni yuz bergan hodisa yuzasidan odam o‘ldirishga urinish bo‘yicha jinoiy ish ochgan.
2024 yil yanvarida esa o‘zbekistonlik Ahmadjon Qurbonov rossiyalik boshqa bir general - Igor Kirillovni o‘ldirishda aybdor, deb topilgan va qamoq jazosiga hukm qilingan.
































