Ilm-fan: Kattalar ko‘krak suti ichishi kerakmi?

Ko‘krak suti solingan idish va ko‘krak sutini olishda yordam beradigan nasos ushlab turgan ayol qo‘llari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ko‘krak suti chaqaloqni ozuqaviy moddalar va antitanalar bilan ta’minlaydi va bola o‘sishi uchun zarur. Ammo ba’zi kattalar uning super ozuqaviyligiga ishonib g‘amlaydigan bo‘lganlar.
    • Author, Sofiya Bettiza
    • Role, Global salomatlik reportyori, BBC World Service
  • O'qilish vaqti: 5 daq

U ko‘pincha xalq tilida "suyuq oltin" deb ataladi. Ba’zi mutaxassislar uni "sehrli kuchlar" manbai deyishadi.

Olimlar fikricha, ona suti chaqaloqni ozuqaviy moddalar va antitanalar bilan ta’minlaydi va ularning o‘sishi uchun zarur.

Ammo ba’zi kattalar uning super ozuqaviyligiga ishonishadi.

Aloqador mavzular

Uch farzandning otasi bo‘lgan 39 yoshli Jeymson Ritenur umr yo‘ldoshi emizikli paytida birinchi marta ona sutini ichgan.

O‘shanda rafiqasining suti boladan ortib qolayotgan edi.

"Unga bu biroz g‘alati tuyulgan bo‘lsa ham, men kokteylimga undan qo‘shdim," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Jeymson YouTube'da bir bodibilder ko‘krak suti ichishning ta’siri haqida gapirgan videoni ko‘rib, bunga qiziqib qolgan edi.

Jeymson Ritenur sportzalda jismoniy mashq payti

Surat manbasi, Jameson Ritenour

Surat tagso‘zi, Ekspertlar begona ko‘krak sutini ichishda ehtiyot bo‘lishni maslahat berishadi. Jeymson Ritenur ko‘krak sutini muntazam iste’mol qilishi kundalik jismoniy mashqlariga quvvat berganini aytadi.

Xotinining ko‘krak sutini ichish Jeymsonning kundalik odatiga aylandi: u kuniga har biri taxminan 200 grammdan bo‘lgan ikkita portsiya ichardi.

"Men, ehtimol, hayotimdagi eng yaxshi holatda edim," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

"Bu, albatta, mushaklarimni rivojlantirishga yordam berdi. Men vazn yo‘qotdim, shu bilan birga, taxminan ikki oy ichida mushak massasining 5 foizini to‘pladim."

Jeymsonning aytishicha, ona suti uning ratsionining bir qismi bo‘lganida, u kasal bo‘lganini yoki shamollab qolganini eslay olmaydi.

"Men chaqaloq kabi o‘sishni va chaqaloq kabi uxlashni xohlardim, shuning uchun men ham chaqaloq kabi ovqatlanishga qaror qildim, – deydi u. – O‘zimni yaxshi his qildim, ko‘rinishim ham yaxshi edi".

Onlayn xarid qilish xavfli

Olimlar aytishicha, ona sutini ichishning kattalar organizmi uchun qandaydir foydasi borligi haqida ilmiy dalillar yo‘q.

Ammo yetakchi mutaxassislar bu hali ham foydali bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda va odamlarning o‘z xayotlaridan hikoyalarga qarashmoqda.

"Unda oqsil ko‘p – chaqaloq mushaklari juda tez o‘sadi va, albatta, bodibilderlar aynan shuni xohlashadi," deydi AQShning San-Diego shahridagi Kaliforniya universiteti qoshidagi Inson suti instituti asoschisi, doktor Lars Bode.

"Bodibilderlarning badani juda yaxshi holatda, shuning uchun unda nimadir bo‘lishi mumkin. Biz shunchaki buning ortidagi ilmni bilmaymiz."

Ammo doktor Bode hozircha ehtiyot bo‘lishni maslahat beradi, chunki ona suti ko‘pincha Facebook, Craigslist va Reddit'dagi shubhali manbalar orqali sotib olinadi.

"Bu sut tekshirilmagan va sog‘liq uchun katta xavflar bor," deb ogohlantirdi doktor Bode. Bu OIV yoki gepatit kabi kasalliklar tarqatuvchisi bo‘lishi mumkin.

Ko‘krak suti ham ayolning ovqatlanishi va umumiy salomatligi kabi yaxshi va bir qator infektsiyalar tashuvchisi bo‘lishi ham mumkin.

Ayollar ko‘pincha nazorat qilinmaydigan yoki steril bo‘lmagan muhitda o‘zlarini sog‘ib olishadi, shuning uchun sut oson ifloslanishi mumkin.

2015 yilda AQShdagi Nationwide Children's Hospital tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, internet orqali sotib olingan 101 ta ona suti namunalarining 75 foizida zararli patogenlar mavjud va namunalarning 10 foizi sigir suti yoki chaqaloq sun’iy suti bilan aralashtirilgan.

Jeymson Ritenurning Internetda sotib olgan ko‘krak suti zaxirasi sumkasi

Surat manbasi, Jameson Ritenour

Surat tagso‘zi, Jeymson Ritenur ko‘krak sutini onlayn xarid qiladi. Ekspertlar Internetdan ko‘krak sutini sotib olmaslikni maslaahat beradilar

Jeymson xotini sutdan chiqqach, uni onlayn sotib olishga qaror qildi.

Uning aytishicha, u sutning ifloslanishi xavfi haqida bilmagan.

"Men uni internetdagi tasodifiy odamdan sotib oldim, lekin avvaliga Facebook'da biroz surishtiruv o‘tkazdim va u normal ko‘rindi, - dedi Jeymson. - Shunday qilib, tavakkal qilishga qaror qildim».

Ilmiy ma’lumotlar yetishmasligi uni tashvishga solmaydi, chunki, aytishicha, tajribasi juda ijobiy bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, unchalik ijobiy bo‘lmagan narsa odamlar munosabati edi.

"Odamlar menga, albatta, chetdan qarashdi, chunki fikran sut chaqaloqlar uchun. Ammo bu odamlar o‘ylaganchalik g‘alati emas."

Xitoyda chaqalog‘ini emizayotgan ayol

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ko‘krak sutidan chaqaloqlar ozuqa va aksiltanalar oladilar

Nimjon chaqaloqlar-chi?

"Men hech qachon kattalarga ona sutini ichishni tavsiya qilmagan bo‘lardim," deydi ko‘krak suti chaqaloq salomatligini qanday quvvatlashini o‘rganayotgan doktor Megan Azad.

"Ularga zarar berganidan emas, ona sutiga juda muhtoj bo‘lgan chaqaloqlar bor, masalan, chala tug‘ilgan chaqaloqlar va ko‘krak sutiga muhtojlar."

Doktor Bodening aytishicha, ortiqcha ona sutini foyda olish uchun sotish emas, balki muhtoj chaqaloqlarga berish kerak.

"Bizda eng zaif chaqaloqlarni boqish uchun sut yetarli emas. Ona suti chala tug‘ilgan chaqaloqlarda kasalliklarni davolash xususiyatiga ega. Bu ular hayotini saqlab qolishi mumkin."

Doktor Azadning ta’kidlashicha, agar qiynalgan onalar bodibilderlarga sutni onlayn sotish orqali pul ishlash mumkin deb o‘ylasalar, bu kattalar iste’moli uchun ko‘krak sutini sotib olishning o‘sib borayotgan va xavfli tendentsiyasini yanada kuchaytirishi mumkin.

Ammo Jeymson o‘zini aybdor his qilmasligini aytadi.

"Odamlar meni och qolgan chaqaloqlar uchun ayblashdi. Lekin men kasalxonalar oldida turib, onadan bor sutini berishini so‘ramayapman-ku!

Aslida, unga 100 dan ortiq ayol bog‘lanib, ortiqcha ko‘krak sutini sotmoqchi bo‘lganini aytadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Ehtimoliy sog‘liq foydalarini ochish

Ona suti hali to‘liq o‘rganilmagan tadqiqot sohasi hisoblanadi.

"Uzoq vaqt davomida tadqiqot moliyalashtiruvchilar ona sutini ahamiyatsiz ayollar masalasi deb qarab, unga e’tibor berishmagan, – deydi doktor Azad. – Bu patriarxal qarash edi."

Biroq bu o‘zgarmoqda.

Kattalar ona sutini iste’mol qilishining xavfidan farqli o‘laroq, uning tarkibidagi ba’zi moddalar hozirda artrit, yurak kasalliklari, saraton va ta’sirchan ichak sindromi kabi bir qator kattalar kasalliklarini davolashda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan vositalar sifatida o‘rganilmoqda.

Urugvaydagi Montevideo shifoxonasi muzlatkichida saqlanayotgan ona sutlari

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock

Surat tagso‘zi, Urugvaydagi Montevideo shifoxonasi muzlatkichida saqlanayotgan ona sutlari

Doktor Azad, ayniqsa, ona suti tarkibidagi prebiotik tolalar – ona suti oligosaxaridlarining salomatlik uchun potentsial foydalariga qiziqmoqda.

Bu tolalar inson organizmida hazm bo‘lmaydi, ammo foydali ichak bakteriyalari tomonidan chaqaloqlarda sog‘lom mikrobiomni rivojlantirish uchun ishlatiladi.

"Tadqiqotchilar bu oligosaxaridlarning kattalar uchun yallig‘lanishli ichak kasalligi kabi holatlarni davolashda qo‘llash mumkinligini o‘rganmoqdalar," deydi doktor Azad.

"Mikrobiomning sog‘lig‘imiz uchun muhimligini bilamiz. Shuning uchun, agar ichak mikrobiomini boshqarish va yaxshilashning yangi usullarini topsak, bu naf keltirishi mumkin. Ona sutidan olingan oligosaxaridlarlar esa bu borada katta istiqbolli."

2021 yilda e’lon qilingan sichqonlar ustidagi tadqiqotda doktor Bode bitta oligosaxarid ateroskleroz – yurak xuruji va insultga olib keladigan arteriyalar tiqilishini kamaytirganini aniqladi.

"Ona suti tarkibiy qismlari g‘oyat noyob, – deydi doktor Bode. – Bu insonlar tomonidan insonlar uchun yaratilgan yagona narsadir."

Odamlar tanasiga kiritadigan sun’iy birikmalardan tayyorlanadigan ko‘pchilik dori vositalaridan farqli o‘laroq, ona suti birikmalari xavfsizroq va samaraliroq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi u.

Biroq ular katta istiqbolli bo‘lsa-da, klinik ma’lumotlar hali yetarli emas.

Agar davom etayotgan klinik tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlansa – bunga doktor Bode ishonchi komil – bu birikmalar har yili millionlab odamlar o‘limiga sabab bo‘layotgan yurak xuruji va insult oldini olishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

"Yurak xuruji va insultdan vafot etayotganlar sonini millionlab kamaytirish imkoniyatini tasavvur qiling. Bu ulkan o‘zgarish bo‘lardi," deydi doktor Bode.