Yahudiy kelgindilar G‘arbiy sohilda Falastin ombori va zaytun bog‘ini yoqib yuborishdi - hujumlar soni ortmoqda

Yongan mashina

Surat manbasi, EPA

    • Author, Yolanda Nell
    • Role, BBC News, Quddus
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Seshanba kuni o‘nlab isroillik yahudiy kelgindilar bosib olingan G‘arbiy sohilning shimolidagi falastinliklarga tegishli ombor, badaviylar qishlog‘i va fermalarga o‘t qo‘yishdi.

Bir necha falastinlik jarohat oldi.

Hodisalar Falastinda zaytun hosili yig‘im-terimi mavsumiga to‘g‘ri kelgan yahudiy kelgindilarning zo‘ravonligi avj olgan bir paytda ro‘y berdi.

BMTning gumanitar ishlar bo‘yicha idorasi ma’lum qilishicha, o‘tgan oy kelgindilar hujumlari soni so‘nggi 20 yil ichida eng yuqori darajaga yetgan.

Isroil 1967 yilgi Arab-Isroil urushi davrida G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusni bosib olganidan beri bu yerda 700 mingga yaqin yahudiy yashaydigan taxminan 160 ta aholi manzili qurgan. Bu yerlar — G‘azo bilan birga — falastinliklar kelgusidagi mustaqil davlat bo‘ladi, deb umid qiladigan hududdir. Hozir bu yerlarda taxminan 3,3 million falastinlik yashaydi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu kelgindilar manzillari noqonuniy hisoblanadi.

Seshanba kuni olingan videolavhalarda Tulkarmning sharqidagi tepalikda o‘nlab niqobli shaxslar ko‘ringan. Beyt Liddagi Falastin omboriga hujum qilingan va yuk mashinalari yoqib yuborilgan.

Dayr Sharaf badaviy qishlog‘idagi yonayotgan chodirlar ko‘ringan, orqada ayollar baqirayotgani eshitish mumkin.

Falastin ma’muriyatining Devor va kelgindi manzillarga qarshi kurashish komissiyasi rahbari Muayyad Shaabon bu hujumlarni "qo‘rqitish va terror orqali dushmanona muhit yaratish kampaniyasi" dedi.

Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) bayonotida aytilishicha, askarlar hodisa joyiga "tartibsizliklarni bostirish vositalari bilan to‘qnashuvni tarqatish uchun" yetib borgan va "bir necha isroillik fuqarolarni ushlagan". Biroq, keyin yaqin atrofda yig‘ilgan kelgindilar askarlarga hujum qilgan va ularning avtomobilini shikastlagani qo‘shimcha qilingan.

Isroil politsiyasi to‘rt nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinganini bildirdi.

Yongan dala

Surat manbasi, EPA

Isroil prezidenti Isaak Herzog X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida bu hodisalarni "tashvishli va jiddiy" deb atadi va "zo‘ravon va xavfli shaxslar"ni aybladi.

"Tinch aholi va Isroil armiyasi askarlariga nisbatan bu kabi zo‘ravonlik haddidan oshishdir, buni keskin qoralayman", — dedi Herzog.

Isroil Mudofaa kuchlari markaziy qo‘mondonligi rahbari general Avi Blut ham hujumlarni qoralab, bu kabi harakatlar "xavfsizlik barqarorligini izdan chiqar"ishini ta’kidladi.

"Ayrim anarxist yoshlarning begunoh fuqarolar va xavfsizlik kuchlariga qarshi zo‘ravonligi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va o‘ta jiddiy holat. Bunga qat’iy chora ko‘rilishi kerak", - dedi u harbiylarga yo‘llagan bayonotida.

"Askarlar uchun ko‘rsatma aniq: tomoshabin bo‘lib turmang, millatchilarning har qanday jinoyatlarining oldini olish uchun qo‘lingizdan kelganini qiling".

Seshanba kungi yirik hujum — Isroil huquqni muhofaza qiluvchi organlarining yahudiy kelgindilar zo‘ravonligiga qarshi juda kamdan-kam javob qaytargan holatlaridan biri bo‘ldi. Bu turdagi hujumlar 2023 yil 7 oktyabrdagi Hamas hujumidan va G‘azo urushi boshlanishidan keyin keskin ko‘paygan.

Isroil huquq tashkiloti Yesh Din ma’lumoti ko‘ra, 2005–2024 yillar oralig‘ida G‘arbiy sohilda (Sharqiy Quddusdan tashqari) isroilliklar tomonidan falastinliklarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha olib borilgan 1701 ta tergov ishining 93,8 foizi ayblov xulosasisiz yopilgan.

BMTning Gumanitar ishlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabar berishicha, oktyabr oyida kelgindilar tomonidan 260 dan ziyod hujum uyushtirilgan — ya’ni kunlik o‘rtacha sakkizta hodisa. Natijada talofatlar bo‘lgan yoki mulkka zarar yetkazilgan.

Hisobotda aytilishicha, zaytun yig‘im-terimi paytidagi zo‘ravonlik so‘nggi yillardagi eng yuqori darajaga yetgan: hozirgacha taxminan 150 hujum qayd etilgan, natijada 140 dan ziyod falastinlik yaralangan, 77 qishloqda 4200 dan ortiq daraxt va nihol shikastlangan.

Yil boshidan beri taxminan 1500 kelgindi hujumi qayd etilgan.

Reuters foto muxbiri Ranen Savafta kaltaklangan va toshbo‘ron qilingan

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Reuters foto muxbiri Ranen Savafta kaltaklangan va toshbo‘ron qilingan

BMTning favqulodda yordam koordinatori Tom Fletcher X tarmog‘ida shunday yozdi:

"Bu kabi hujumlarni oldini olmaslik yoki jazolamaslik xalqaro huquqqa zid. Falastinliklar himoya qilinishi kerak. Jazosizlik davom etmasligi lozim. Jinoyatchilar javobgargarlikka tortilishi shart".

Falastinliklar va inson huquqlari tashkilotlari ko‘p hollarda Isroil armiyasini ekstremist kelgindilarni himoya qilish yoki ularga yordam berishda ayblaydi.

Seshanba kuni Nablus yaqinidagi Beyta qishlog‘ida yuzlab odamlar 13 yoshli Aysam Muallaning dafn marosimida qatnashdi. U o‘tgan oy zaytun yig‘imi vaqtida kelgindilarning Evyatar manzili yaqinida Isroil armiyasi otgan ko‘zdan yosh oqizuvchi gazni hidlab, komaga tushgani xabar qilingan edi.

Ba’zi hollarda isroillik faollar va xorijlik ko‘ngillilar falastinlik dehqonlarga yordam berish uchun zaytun yig‘imida qatnashishadi, lekin ular ham hujumga uchraydi.

Shanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda chop qilingan Beytada olingan videolarda niqobli shaxslar mahalliy falastinliklar va ko‘ngilli tibbiyot xodimlarini, shuningdek Reuters agentligi fotomuxbiri va xavfsizlik maslahatchisini kaltaklayotgani aks etgan.

Hosilga yordam berish uchun kelgan 77 yoshli isroillik fuqaro — Tel-Avivdagi san’at kolleji rahbari — yuzida qon oqib turgan holda rasmga olingan.

BBC ushbu hodisa yuzasidan izoh so‘rab Isroil armiyasiga murojaat qildi.

Yaqindagi Burin qishlog‘ida ham kelgindilar falastinlik zaytun teruvchilar va ularga yordam berayotgan ta’tildagi Isroil askariga hujum qilgan. Kelgindilar bir necha qop zaytunni ham o‘g‘irlagan.

Isroil armiyasi bayonotida aytilishicha, "Bir nechta isroillik fuqarolar teruvchilarga tosh otgan. Bir necha isroillik va falastinlik yaralangan va tibbiy yordamga yuborilgan".

Armiya "to‘qnashuvni tarqatish uchun harakat qilganini" qo‘shimcha qilgan.

Zaytun yig‘im-terimi falastinliklar uchun yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘lib, ko‘pchilik uchun asosiy daromad manbaidir.

Isroil kelgindi manzillarini kuzatuvchi Peace Now tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda G‘arbiy sohilda qurilishi rejalashtirilgan yangi uylar soni rekord darajaga — 5667 taga yetgan. Bu uylar taxminan 25 ming kishi uchun mo‘ljallangan.

Kelgindilar manfaatini himoya qiluvchi Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich yangi kelgindi manzillar qurilishi va yer ajratish jarayonini tezlashtirishni, shuningdek hukumat ruxsatisiz qurilgan kelgindi aholi manzillarini rasmiylashtirishni o‘zining ustuvor vazifasi qilib belgilagan.

Smotrich, shuningdek, G‘arbiy sohilda fuqarolik ishlariga javobgar vazir sifatida ham ishlaydi. Uning aytishicha, bu harakatlar G‘arbiy sohilni amalda anneksiya qilish va Falastin davlatining tashkil topishini oldini olishga qaratilgan.

8 noyabr: Turkiya Netanyahuga "genotsid" ayblovi bilan hibsga olish orderi chiqardi

Netanyahu va Isroil bayrog‘i

Surat manbasi, EPA

Istanbul Bosh prokuraturasi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu va ikki isroillik vazirni o‘z ichiga olgan 37 nafar shaxsga nisbatan hibsga olish orderi chiqardi. Isroil bu qarorni "piar namoyish" deb atadi.

Ularning orasida Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats, Chegara xavfsizligi vaziri Tamar Ben Gvir, Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir, Dengiz kuchlari qo‘mondoni David Saar Salama ham bor.

Bu 37 kishi Turkiya Jinoyat kodeksining 77-moddasida belgilangan insoniyatga qarshi jinoyatlar, hamda 76-moddada belgilangan genotsid jinoyati bo‘yicha ayblanmoqda.

Aloqador mavzular:

Isroil bu qarorni rad etdi va uni "piar namoyishi" deb atadi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar "X" ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va mamlakat sud tizimini tanqid qildi:

ZOLTAN KOCSIS/EPA/Shutterstock
Isroil zolim Erdo‘g‘onning navbatdagi piar namoyishini qat’iy va nafrat bilan rad etadi.
Gideon Saar
Isroil tashqi ishlar vaziri (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Yaqinda Istanbul Bosh prokuraturasi Erdo‘g‘onga qarshi nomzod bo‘lishga jur’at etgan shahar hokimini qamatgandi. Endi esa isroillik yetakchilar va yuqori lavozimdagi amaldorlarga qarshi 'hibsga olish orderi' chiqardi," — dedi Saar.

Uning qo‘shimcha qilishicha, "Erdo‘g‘onning Turkiyasida sud tizimi anchadan beri siyosiy raqiblarning ovozini o‘chirish, jurnalistlar, sudyalar va shahar hokimlarini qamash vositasiga aylanib qolgan. Isroil zolim Erdo‘g‘onning navbatdagi piar namoyishini qat’iy va nafrat bilan rad etadi".

Turkiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bu jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Janubiy Afrika Xalqaro sudga murojaat qilgandi

Istanbul Bosh prokuraturasining ma’lum qilishicha, tergov "Global Sumud Flotillasi" faollarining Isroil tomonidan hibsga olinishi ortidan boshlangan.

Faollar ozod qilingach, Turkiyaga qaytarilgan va sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Prokuratura ulardan olingan guvohliklar va to‘plangan dalillar asosida 37 shaxsning "insoniyatga qarshi jinoyatlar" va "genotsid"da javobgar ekanligini da’vo qildi.

Netanyahu va uning hukumat a’zolariga oldinroq Janubiy Afrika tomonidan Xalqaro Jinoyat sudiga (ICJ) berilgan shikoyat asosida genotsid ayblovi bo‘yicha ish ochilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Isroil esa G‘azodagi harbiy amaliyotlarini "2023 yil 7 oktyabrda Hamas tomonidan 1 200 kishi halok bo‘lgan va 250 nafar odam asirga olingan hujumlarni takrorlanishining oldini olish uchun amalga oshirilgan qonuniy o‘zini himoya qilish chorasi" deb ta’riflaydi.

Avvalroq Xalqaro jinoyat sudi Bosh vazir Netanyahu va Isroilning sobiq Mudofaa vaziri Yoav Gallantlarni hibsga olish bo‘yicha order chiqargandi.

2024 yil noyabrida Xalqaro jinoyat sudi (ICC) ham Benyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant haqida qo‘lga olish orderi chiqargan edi.

Xalqaro sudning 2024 yil, noyabr oyida tarqatgan bayonotida, bu shaxslarning urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun "jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli asoslar borligi" ta’kidlangandi.