Putin yangi taktikasi yoki O‘zbekiston, Markaziy Osiyoda Rossiya ta’siri kuchayadimi? Video

Surat manbasi, EPA/GETTYIMAGES/RASMIY
- Author, Feruza Rahmon
- Role, bbc.com/uzbek
- O'qilish vaqti: 14 daq
Rossiya Markaziy Osiyoda yanada kuchayadimi?
Mintaqada geosiyosiy tanglik bundan-da ortadimi?
Qudratlar o‘rtasidagi raqobatda ham endi Rossiyaning qo‘li baland keladimi?
Voqealarning mintaqadagi kutilmagan rivoji so‘nggi oylarda xuddi shu kabi savollarni ham paydo qildi.
Allaqachon buning Markaziy Osiyo siyosati, iqtisodi va xavfsizligiga ta’siri qanday bo‘lishiga oid qorishiq talqin, tahlil va baholarga zamin yaratdi.
Vaziyat tahlilini "Diqqat, BBC" dasturimizda tomosha qilish uchun ilova qilingan linkimizni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Nima bo‘ldi?

Surat manbasi, Афғонистон элчилиги/ТАСС
Rossiya ustma-ust kutilmagan qadamlarga bordi.
Bor-yo‘g‘i bir necha oyning o‘zida Tolibonni "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqardi, Afg‘onistondagi muvaqqat hukumatini rasman tan oldi.
Dunyoda bu kabi qarorga kelgan birinchi davlatga aylandi, yangilik jahon bo‘ylab sarlavhalarga chiqdi.
Voqealarning bu kabi rivoji Rossiya Ukrainaga ochgan urush hanuz tinmayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Xuddi shu urushi bois, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi mavqei zaiflashganiga oid baholar bo‘y ko‘rsatayotgan vaziyatda bo‘y ko‘rsatdi.
Yangilik dunyoning ayrim nufuzli nashrlarida Rossiya toliblar hisobiga mintaqada yana o‘zining mavqeini mustahkamlamoqchi, degan talqinda sarlavhalarga chiqdi.
Rossiyaning o‘zida endi Markaziy Osiyoning siyosiy landshafti o‘zgarishi mumkin, degan tahlillarga turtki berdi.
Rossiyaning ta’siri mustaqilliklari bilan kechayotgan o‘ttiz yildan ortiqroq vaqt ichida aksariyat mintaqa aholisi uchun eng hassos mavzulardan biri bo‘ladi.
Shunday ekan, bu kabi talqin, tahlil va baholar qanchalik asosli?
Siyosiy ta’siri
Alisher Ilhomov
Londondagi "Markaziy Osiyo Due Deligence" tahlil markazi direktori
Rossiya nimalarning rejasida ekanini vaqt ko‘rsatadi. Hozirgi qadamlari asosan G‘arbga qaratilgan. O‘rtada Rossiya Federatsiyasining G‘arb bilan munosabatlari turibdi.
Alisher Ilhomov: "Afg‘oniston Tolibon hukumatini tan olishi ortidan Rossiya boshqa qandaydir qadamlarga bormasa, men buning Markaziy Osiyo uchun biror bir jiddiy oqibatlari bo‘ladi, deb o‘ylamayman.
Xususan, qurol-yarog‘ yetkazib berishga oid hamkorlik rejalari o‘rtaga chiqmasa. Ammo, shunda ham, men ish bungacha boradi, degan fikrdan yiroqman.
Istiqbolda bo‘y ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa oqibatlari ham bor.
Deylik, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonni, masalan, xuddi BRIKSga o‘xshash Rossiya va Xitoy G‘arbga qarshi shakllantirish harakatida bo‘lgan ittifoqlarga qo‘shishlari mumkin. Chunki qachondir bu narsa yuz berishi ehtimolini ham nazardan soqit etib bo‘lmaydi.
Ammo buning uchun BRIKSga a’zo boshqa davlatlarning ham Tolibon hukumatini tan olishlari taqozo etiladi. Lekin bu ham tez orada amalga oshadigan ish emas.
Rossiya tomonidan rasman tan olinishining obro‘sidan tashqari, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston uchun jiddiyroq bir ijobiy foydasi bo‘ladi, deb o‘ylamayman.
Tolibonga hukumatining rasman tan olinishi nima uchun kerak? BMT va boshqa turli xalqaro tashkilotlardagi a’zoligini qayta tiklash, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ulardan qandaydir kreditlar olish uchun, to‘g‘rimi?.. Ammo bu ham hozircha savol ostida.
Chunki mazkur tashkilotlarda hal qiluvchi so‘zga ega davlatlar ham Tolibonning Afg‘onistondagi hukumatini hali tan olishmagan. Hatto Markaziy Osiyo davlatlari ham hozircha bu kabi bir qadamga borishmagan.
Mutlaq shaxsiy manfaatlardan tashqari Tolibon hukumati rasmiy tan olinishining boshqa qandaydir oqibatlarini men hozircha ko‘rmayapman.
Hukumatlararo aloqalar, ba’zi kichik, kichik iqtisodiy loyihalar bo‘yicha hamkorlik, maslahatlashuvlar kuchayar.
Ammo, umuman olganda, bu jarayon o‘z holicha ancha cheklangan bo‘ladi. Shu bois ham, Markaziy Osiyo qolib, hatto, Afg‘onistonning o‘zi uchun ham unday katta ta’sirga ega bo‘lmaydi.
Rossiya Federatsiyasi va Afg‘onistondagi Tolibon hukumati o‘rtasidagi munosabatlar doirasi ancha tor.
Ular hozir birgalikda mintaqaviy ta’sirga ega nimadir qila olishadi, degan fikrdan yiroqman.
Rossiya nimalarning rejasida ekanini vaqt ko‘rsatadi.
Hozirgi qadamlari asosan G‘arbga qaratilgan. O‘rtada Rossiya Federatsiyasining G‘arb bilan munosabatlari turibdi.
Afg‘oniston uchun na-da issig‘i va na-da sovug‘i bor. Markaziy Osiyo uchun ham, shu jumladan.
Ular o‘z qadamlari bilan G‘arbga, xalqaro moliyaviy tashkilotlarga bu xususda o‘z fikrlariga ega ekanliklari, nimalargadir rioya etib o‘tirmasliklari, o‘zlariga G‘arbning ruxsat kerak emasligi, ushbu masalani o‘zlari hal qilishlarini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishgan".

Muhim Afg‘oniston

Muhim tranzit yo‘lida joylashgan Afg‘oniston Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyoga bog‘lash, O‘zbekiston kabi dengizga yo‘li ikki karra yopiq mintaqa davlatlarni xalqaro so‘v yo‘llariga olib chiqish imkoniyatiga ega davlati bo‘ladi.
Rossiyalik tahlilchilarga ko‘ra, Moskvaning Tolibon bilan bog‘liq ikki muhim qarori TAPI bo‘ladimi yoki Trans-afg‘on temir yo‘li qurilishi – yirik multimodal mintaqaviy loyihalardagi ishtirokiga yo‘l ochadi.
Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan bu kabi iqtisodiy hamkorligi AQSh, Xitoy va boshqa mintaqaviy o‘yinchilar bilan raqobatda Rossiyaning mavqeini mustahkamlaydi.
Shuning barobarida, Markaziy Osiyo davlatlariga ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bu loyihalar ijrosiga, yillarki, tabiiy energiya zaxiralariga boy, ammo ishsizlik va kambag‘allik hanuz nisbatan o‘tkir muammoligicha qolayotgan mintaqa davlatlarining aksariyati birdek ko‘z tikkan.
Ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush o‘zlarining an’anaviy tranzit yo‘llari va tashqi bozorlarini turfalashtirishga undashi ular uchun so‘nggi yillarda ayni loyihalarning ahamiyatini yanada oshirgan, bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarini bundan-da faollashtirgan.
Ammo siyosiy istak, xohish, iroda bo‘ladimi, kuchli moliyaviy qo‘llov yoki xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat - turli sub’ektiv va ob’ektiv omillar tufayli ularning ijrosi shu paytga qadar amalga oshmay kelgani ham bor gap.
Boshqa tomondan, rasmiy Moskvaning mazkur qarori aksar Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyani chetlab o‘tuvchi boshqa yangi yirik transport yo‘laklariga qiziqishlari kuchaib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Diplomatik muloqotlari, o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorliklarini kuchaytirish harakatida ekanliklariga qaramay, biror bir mintaqa davlati, oradan to‘rt yil o‘tib ham, Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olmagan.
Tolibon esa Afg‘onistondagi qolgan muxolif siyosiy guruhlar bilan tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqarib, qudratni bu gal ham kuch bilan egallagan, hozir ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli sanksiyalari ostida.
Xalqaro hamjamiyat, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarining ham ko‘pmillatli Afg‘onistonda barcha muxolif tomonlar vakillarini o‘z ichiga oluvchi inklyuziv hukumat tuzishga oid da’vatlarini shu kunga qadar bee’tibor qoldirib keladi.
Ammo, boshqa tomondan, Tolibon yetakchilari orasida kuchayib borayotgan ziddiyat, hukmati izchil ravishda rad etib kelayotgan esa-da, so‘nggi yillarda aksariyat mintaqaviy ekspertlar o‘z e’tiborlarini qaratib kelayotgan, xalqaro matbuotning ham nigohiga tushib ulgurgan nuqtalardan biri bo‘ladi.
Shunday bir vaziyatda Rossiyaning ayni loyihalardagi ishtiroki shu qadar ta’sirli bo‘ladimi?
Iqtisodiy ta’siri
Saparboy Jubaev
Mintaqaviy iqtisodiy ekspert, Qozog‘iston
Bir narsani esga olish kerak, Rossiyaning o‘zi hozir juda qiyin ahvolda. Ularning shu budjeti, "stabilizatsionniy fond", deydi, pullari kamayib borayapti...
Saparboy Jubaev: "Bir narsani esga olish kerak, Rossiyaning o‘zi hozir juda qiyin ahvolda. Ularning shu byudjeti, "stabilizatsionniy fond", deydi, pullari kamayib borayapti.
Shu davrda ham ular, "biz ilojini topamiz, Afg‘onistonga yordam beramiz, Afg‘onistondagi infratuzilmaviy TAPI – Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston gaz quvuri loyihasini ham yo‘lga qo‘yish, endi, transafg‘on temir yo‘lining ikki yo‘nalishi bor, shu ikkita yo‘lni Afg‘oniston orqali Hind ummoniga, Karachiga, Pokistonga chiqarishni qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi.
Endi, agarda, shu Afg‘onistondagi hukumat inklyuziv bo‘lib, hamma aholisi qo‘llab-quvvatlaganda, biz ham bunga qo‘shilsak bo‘lar edi. Biz ham, umuman olganda, bunga qarshi emasmiz. Mayli, qurilsin, temir yo‘l bo‘lsin, balki bir narsa o‘zgarar, deb, aytayapmiz.
O‘zbekiston eng bir qiziqqan davlat-da, chunki Hind ummoniga chiqishi mumkin.
Mening fikrimcha, Afg‘onistonda bir-birini tan olmaydigan to‘rtta hukumat bor. Shular orasida bugungi kunda kelishuv yo‘q. Ertaga shu temir yo‘lmi yoki bo‘lmasa, gaz quvuri qazilsa, barchasi birdek rozi bo‘ladimi yoki yo‘q, bunga hech kim kafillik bermaydi hammasi tinch bo‘ladi, deb.
Chunki Afg‘onistondagi hukumatni halicha Rossiyadan boshqa, ya’ni Amerika Qo‘shma Shtatlari yoki Hindistonga o‘xshagan yirik davlatlar tan olib, bir joyiga qo‘ygani yo‘q.
Shu bois, bugungi Afg‘onistondagi infratuzilmaviy rejalarni amalga oshirish bu hali yaqin yillar, bir besh, o‘n yilda bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.
Endi u yerda hukumat almashadimi, almashmaydimi, shunday turaveradimi...
Endi, bir umidimiz bor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Olma otada hududiy bo‘limini ochdi. Oldin bir ofisi bo‘lardi. Shu Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston masalalarida qanday bir masala yechilmasa, borib, shu yerga aytib, keyin ular Jenevaga yoki Nyu-Yorkka chiqardi. Endi esa bu masalani shu yerning o‘zida hal qiladigan bo‘lim ochildi.
Bu prezidentimiz Toqaevning tashabbusi bilan bo‘ldi.
Menimcha, endi Birlashgan Millatlar Tashkilotining ana shu bo‘limi o‘zining bir tashabbusi bilan chiqib, Afg‘oniston masalasini yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsa, balki, biz o‘ylayotgan, Rossiya xohlayotgan rejalarda bir o‘zgarish bo‘lishi mumkin".
Global yadroviy qudratlar manfaatlari to‘qnashgan mintaqa

Afg‘oniston, Xitoy va Eronga chegaradosh Markaziy Osiyo dunyoning global yadroviy qudratlar manfaatlari to‘qnashgan mintaqasi bo‘ladi.
So‘nggi ikki asr davomida Rossiyaning ta’siri ostida, deb bilingan, ko‘rilgan hudud.
Rossiyaning Tolibon bilan bog‘liq ustma-ust qarori aynan o‘zi Ukrainaga qarshi ochgan urush va Yaqin Sharqdagi voqealarning so‘nggi rivoji Markaziy Osiyoda ham geosiyosiy tanglikni yanada kuchaytirgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Ukraina urushi bois G‘arbning davomiy sanksiyalari ostida qolgan Rossiya hozir aynan Afg‘oniston ham bir qismi bo‘lgan Global Janubga yuz burgan.
Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonni o‘zining shamsiyasi va hamshamsiyasi ostida bo‘lgan turli harbiy, iqtisodiy tashkilotlar, ittifoqlar, geoiqtisodiy loyihalarga ham tortish harakatida.
Uning Yaqin Sharqdagi mavqeiga ham ziyon yetgan. An’anaviy ittifoqchisi Suriyada prezident Bashar al-Assadning uzoq yillik rejimi qulatilgan, "Hay’at Tahrir ash-Shom" isyonchi guruhi boshchiligidagi ittifoq hokimiyatni kuch bilan egallagan.
O‘sha paytda Amerika Qo‘shma Shtatlarida qudratda bo‘lgan Bayden ma’muriyati agar terrorchilikdan voz kechsa, kimyoviy qurollarni yakson etsa, milliy ozchilik va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilsa, Suriyaning yangi hukumatini tan olishlari va qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan.
Isroil va Amerika Eronga ham qattiq zarba bergan, Suriya bilan birga Rossiyaning Yaqin Sharqdagi sanoqli an’anaviy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Eronning mintaqadagi qudrati va mavqe’ini ham anchayin zaiflashtirgan.
Rossiyalik ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Moskva o‘zining bitta qarori bilan ko‘plab global va mintaqaviy qudratlar manfaatlari to‘qnashgan mintaqada vaziyatni o‘zgartira olishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Tolibon hukumatini tan olish bilan barchani mintaqadagi strategiyasiga yangicha yondashishga majbur qilgan.
Ularning fikricha, Rossiya kabi resurslarga boy davlat uchun ayni masalada eng muhimi iqtisodiyot emas, aynan geosiyosiy ta’sirdir.
Shunday ekan, bular barchasining mintaqa geosiyosatiga ta’siri qanday bo‘ladi?
Geosiyosiy ta’siri
Farhod Tolipov
Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston
Tolibon hukumatini tan olish-tan olmaslik masalasi faqatgina shu davlat o‘zining hukumatiyu, u qanchalik o‘zini boshqara oladi, degan tamoyillardan kelib chiqmagan.
Farhod Tolipov: "Qisqacha qilib gapirganda, albatta, bu juda murakkab savol bo‘lganligi uchun alohida, muayyan bir tadqiqot, tahlil olib borish kerak, deb o‘ylayman. Chunki vaziyat haqiqatan ham juda chigal.
Lekin, haqiqatan ham, o‘zingiz aytganingizdek, Afg‘oniston azaldan geosiyosiy manfaatlarga ega bo‘lgan davlatlarning manfaatlari kesishgan hudud bo‘lib kelgan va bugungi kungacha shunday bo‘lib qolayapti ham.
Shu nuqtai nazardan, Tolibon hukumatini tan olish-tan olmaslik masalasi faqatgina shu davlat o‘zining hukumatiyu, u qanchalik o‘zini boshqara oladi, degan tamoyillardan kelib chiqmagan.
Chunki nazariyada, xalqaro yondashuvda muayyan davlatning hukumatini tan olish bu – nechog‘lik o‘zining hududida nazorat, tartib o‘rnatib, hukumat sifatida finktsiyasini bajara oladi, degan qarashdan kelib chiqilardi.
Bu safar esa, tan olish men eslatib o‘tgan tamoyillarga tayangan emas va uning o‘ziga xos geosiyosiy o‘lchamlari ham mavjud.
Shunday ekan, vaziyat juda murakkabligicha qolaveradi. Nimaga, masalan, Rossiya tan oldiyu, deylik AQSh tan olmadi? Yevropa tan olmadiyu, Xitoy tan olishdan bir qadam berida turibdi, ya’ni diplomatik aloqalarni o‘rnatib bo‘lgan. O‘zbekistonning ham tan olganiga oid bayonoti bo‘lmagan esa-da, hamkorlikni judayam keng olib borayapti.
Shuning uchun ham, ayni o‘rinda hukumatini tan olish, degan tushuncha juda murakkab bo‘lib, o‘ylashimcha, tan olish-tan olmaslik masalasi, xususan, BMTning ham pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi".
Savol: Rossiya nimaning rejasida?
Farhod Tolipov: "Rossiyani aslida afg‘onistonliklar, afg‘onlar, hattoki, Tolibon o‘zi ham yaqin o‘tmishda Rossiyani bir do‘st deb bilmagan edi, Sovet urushini eslagan holda, Rossiyaga nisbatan pozitsiyasi ancha keskin ediyu, endi esa Rossiya bilan yanada yaqinlashib, Rossiya hattoki tan olayapti.
Mana, shuning o‘zidan ham ko‘rinib turibdiki, vaziyat o‘zgardi, geosiyosiy holat, manfaatlar o‘zgaruvchan bo‘lib kelayapti.
Rossiya aslida xalqaro sahnada, xalqaro tizimda begonalashib qolgan, yuridik maqomi hali mavhum bo‘lib turgan kuchlarni tan olish orqali G‘arb davlatlariga payg‘om yuborayotgandek, "mana, qanday do‘stlarni ham orttirishi mumkinligi" haqida.
Lekin, oqibatga qaraydigan bo‘lsak, menimcha, bu jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmasak kerak.
Hozir Rossiyaning, deylik, mavqei xalqaro tizimda yuqori bo‘lib, unga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lganda edi, urush tufayli talafotlar ko‘rmagan kuchli davlat bo‘lib qolganida edi, hozir bu jiddiy o‘zgarishlarga olib kelardi, deb xulosa qilgan bo‘lar edik".
Afg‘oniston tahdidi

Surat manbasi, skrinshot
Afg‘oniston dunyoning uch Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga ham chegaradosh davlati bo‘ladi.
Rossiyalik ayrim yetakchi tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya Tolibon hukumatini rasman tan olish bilan butun YevroOsiyo xavfsizligi sohasida markaziy o‘yinchi ekanini yana bir bor tasdiqlagan.
Afg‘oniston tahdidi esa, yillarki, Markaziy Osiyo barqarorligiga ham eng yirik tashqi xavflardan biri sifatida ko‘rib kelingan va ko‘riladi.
Bir tomondan, Rossiyaning o‘zi ham Afg‘oniston xavfsizligiga befarq emas, chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham Afg‘onistonga chegaradosh Tojikistonda joylashgan.
Mintaqada uning yana hali Sovet davridan buyon qolayotgan harbiy inshootlari soni ham oz emas.
Bu Rossiya shamsiyasi ostidagi tashkilot, ittifoqlarning ham diqqat-e’tiboridagi asos va azaliy masalalardan biri bo‘ladi.
Boshqa tarafdan, Afg‘oniston tahdidi, Kremlning, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining bosimini o‘tkazishda eng muhim va samarali ta’sir vositalaridan bittasi sifatida ko‘riladi.
Xuddi shu manzarada Rossiya endi o‘zining geosiyosiy manfaatlari yo‘lida Tolibonni G‘arbga, Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi qo‘llashi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.
Bundan tashqari, Afg‘oniston, yillarki, dunyoning O‘zbeklarniki, Tojiklarniki ilova turli jangari guruhlar hanuz jon saqlab kelayotgan sanoqli davlatlardan bittasi bo‘ladi.
Rossiya va Tolibonni yana Markaziy Osiyo davlatlari barchasining ham birdek xavotiriga molik IShID guruhiga qarshi kurash maqsadi ham birlashtiradi.
Rossiyaning Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olish qaroriga unga raqib jangari guruhlar munosabati esa, hozircha ma’lum emas.
Shunday ekan, Rossiyaning Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olish qarori xavfsizlik nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?
Xavfsizlikka ta’siri
Doktor Dovud A’zamiy
Bi-bi-si Jahon xizmati muharriri
Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert
Tolibon hukumatining tan olinishi Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ta’sirini oshiradi...
Dovud A’zamiy: "Rossiyaning Tolibon hukumatini tan olishi uch jihatdan Moskvaning milliy manfaatlaridan kelib chiqadi.
Birinchidan, bu Moskvaning turli zo‘ravon ekstremistik guruhlar, shu jumladan, IShIDning Xuroson qanotiga qarshi aksilterrorizm strategiyasini kuchaytirishi mumkin.
Ukrainada qimmatga tushayotgan va uzoqqa cho‘zilayotgan urush olib borayotgan Rossiya shundoq biqinidagi Markaziy Osiyodan unga biron xavf kelishini ko‘tara olmaydi.
Shu bois bu mintaqa tarafidan o‘zini xavfsiz his qilishni istaydi.
Afg‘onistonda Tolibon hukumatining tan olinishi tomonlarning xavfsizlik masalalarida mazmunli hamkorlik qilishi, jangari guruhlar, giyohvand modda va odamlar kontrabandachilari ilova turli uyushgan jinoyatchilarga oid josuslik ma’lumotlarini ayirboshlashlarini osonlashtiradi.
Jangarilar va uyushgan jinoyatchilik esa, mintaqaviy muammolar bo‘ladi.
Shu bois ham, bu masalalarda Rossiya va Tolibon hukumati o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va koordinatsiya butun mintaqa, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlariga ham foyda keltiradi.
Ikkinchidan, so‘nggi yillarda Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ta’siri kuchaydi.
Bosqini ortidan, e’tibori va resurslari asosan Ukrainaga qaratilarkan, Moskvaning esa mintaqadagi ta’siri pasaydi.
Ammo Rossiya, shunda ham, o‘zining an’anaviy ta’sir doirasi ostida bo‘lib kelgan Markaziy Osiyoda hamon siyosiy va xavfsizlik jihatdan muhim ta’sirga ega.
Shu nuqtai nazardan, Tolibon hukumatining tan olinishi Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ta’sirini oshiradi.
Uchinchidan, Rossiya uchun Tolibon hukumatini tan olgan birinchi va hozircha yagona davlat bo‘lishi muhim. Bu Moskvaning tashabbusga ega nufuzli qudrat sifatidagi obro‘sini tiklashga yordam berishi mumkin.
Shuningdek, bu Rossiyani mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilishda yetakchi rol o‘ynaydigan davlat sifatida ko‘rsatishga ham qaratilgan".
Yirik mehnat bozori

Surat manbasi, Getty Images
Tolibon hukumatini rasman tan olishi, boshqa tomondan, Rossiyada mehnat muhojirlari taqchillashib borayotganiga oid xabarlar manzarasida olingan.
Bunga bir tomondan Ukraina urushi, boshqa tarafdan, uyushtirishda Markaziy osiyolik migrantlar ayblanayotgan Krokusdagi qonli hujum ortidan Rossiyada qonunchilikning keskinlashib borayotgani sabab bo‘lgani aytiladi.
Rossiya mustaqilliklari ortidan O‘zbekiston ilova aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun eng yirik mehnat bozori vazifasini bajarib keladi.
Rossiya esa hali hukumatini rasman tan olmay turiboq Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan mehnat muhojirlari masalasida kelishuvlarga borayotgani ko‘rilgan.
Yaqinda matbuotda rasmiy Moskvaning Afg‘onistondan migrantlar sonini o‘n barobarga oshirish rejasida ekaniga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Rossiyaning Tolibon hukumatini tan olishi, boshqa tomondan, Afg‘onistonga chetdan katta sondagi qochqinlar majburan qaytarilayotgan va bu mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni izdan chiqarishiga oid xavotirlar jiddiy kuchayib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Yordam tashkilotlari shu yil oxiriga qadar aksariyati ishsiz va uy-joysiz bu kabi qochqinlar soni bir necha millionlarga yetishidan xavotir ham bildirishgan.
Tolibonning o‘zi ham bunaqasi Afg‘oniston tarixida bo‘lmaganini e’tirof etishgacha borgan, aynan ular barchasini ish bilan ta’minlash hozir uning hukumati qarshisidagi eng yirik va mushkul masalalardan biri o‘laroq tilga olingan.
Afg‘oniston aholisi alohida olinganda har bir Markaziy Osiyo davlatinikidan katta, davomiy urushlar bois, bu yaqin o‘n yilliklarda rasman ro‘yxatga olinmagan esa-da, turli manbalarda soni 40 milliondan ortishi aytiladi.
So‘nggi yarim yilning o‘zidayoq turli davlatlardan Afg‘onistonga qaytarilgan qochqinlarning umumiy soni qariyb ikki millionni tashkil etgan.
Rossiyaga tashqi mehnat migratsiyasi kambag‘allik va ishsizlik hanuz anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari uchun ham har qanday ehtimoliy ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng samarali vositalardan biri sifatida muhim.
Joriy paytda Rossiyada bir milliondan ortiq o‘zbekistonlik mehnat qilib, oila boqayotganligi aytiladi. Bu raqamlar o‘z vaqtida bir necha millionga ham yetgan.
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27% oshib, 8,2 mlrd dollarni tashkil etgan.
Tushumlarning asosiy qismi — $6,4 mlrd yoki 78% Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yillarki, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun ham eng yirik tashqi mehnat bozori bo‘lib kelgan Rossiya esa janubiy sarhadlaridagi ehtimoliy beqarorlik xavfidan shundoq ham xavotirda.
Shunday ekan, Rossiyaning Afg‘onistonda Tolibonning hukumatini rasman tan olishi mintaqaning barqarorligi va farovonligi uchun muhim o‘ta muhim ekani aytiluvchi tashqi mehnat migratsiyasi uchun nimani anglatadi?
Mehnat bozoriga ta’siri
Botirjon Shermuhammad
Migrant.uz loyihasi asoschisi va rahbari
Bir narsani hisobga olish kerakki, hozir Rossiyaning deyarli barcha sohalarida ish o‘rinlari judayam ko‘p, ishchi kuchi yetishmayapti.
Botirjon Shermuhammad: "Rossiya hukumatining muhojirlar oqimini diversifikatsiya qilishga bo‘lgan intilishlari bor narsa.
Ko‘rayapmiz, mana, so‘nggi yillarda nafaqat Afg‘oniston, balki o‘sha Afrika mamlakatlari, Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va mana, hozir hatto Shimoliy Koreyadan ham olib kelmoqchi bo‘lishayapti. Bunga o‘xshagan harakatlar bor.
Lekin bir narsani tushunishimiz kerakki, ularning soni hech qachon ko‘p bo‘lolmaydi va mana, oddiy bir arifmetik hisoblaydigan bo‘lsak ham, ularning soni hech qachon Markaziy Osiyodan borayotgan millionlab muhojirlarga bir jiddiy raqobat yarata oladigan yoki ularning o‘rnini egallab oladigan darajada emas.
Chunki, umuman olganda, ular viza talab qilinadigan davlatlar hisoblanishadi. Viza orqali ishga borish oson emas. Ya’ni, uni rasmiylashtirish, vizani olib, ishchini chaqirishning o‘zi bir uzoqqa cho‘ziladigan jarayon ish beruvchi uchun ham, ishchi uchun ham.
Shu bois, doimiy ravishda aytish mumkinki, viza orqali keladigan ishchilar soni katta bo‘lishi mumkin emas, judayam qiyin masala.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ya’ni aynan Markaziy osiyolik muhojirlarga katta bir raqobat yarata olmaydi.
Bir narsani hisobga olish kerakki, hozir Rossiyaning deyarli barcha sohalarida ish o‘rinlari judayam ko‘p, ishchi kuchi yetishmayapti.
Bu, albatta, aholining qarishi bilan bog‘liq, ishlab chiqarish ko‘pligi, mana, hozir urush bilan bog‘liq, chunki bir necha yuz minglab ishlab turgan fuqarolar urushga ketdi, urushga chaqirildi, halok bo‘lganlar bor, boshqasi bor, ya’ni shunaqangi bir nechta faktorlar yig‘ilib, Rossiyaning ko‘plab sohalarida ishchi kuchining yetishmasligiga olib kelayapti. Bu bor narsa.
Va, baribir, majbur bo‘linadi Markaziy osiyolikni ham, boshqa davlatdan ham, ya’ni, demograflarning prognozlariga ko‘ra, Rossiya agarda o‘zining fuqarolari sonini hozirgi holatda ushlab turmoqchi bo‘lsa, har yili kamida 390 mingdan 1 milliongacha mehnat muhojiriga o‘z fuqaroligini berishga majbur.
Agar bu narsa qilinmasa, Rossiyaning aholisi keskin, hattoki, ikki baravarga qisqarib ketishi mumkin.
Shulardan kelib chiqadigan bo‘lsak, mehnat muhojirlariga bo‘lgan talab bo‘ladi".
Dushmandan do‘stgami?..

Surat manbasi, Reuters
Rossiya-Tolibon munosabatlari tarixchasi
- Rossiyaning Tolibon bilan aloqalari silliq bo‘lmagan.
- Harakat 20 yildan ortiq Rossiyaning "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatida turgan.
- Rossiya uning faoliyatini 2003 yilda o‘z hududida rasman taqiqlagan.
- Tolibon bungacha Rossiyadagi chechen bo‘lginchilarini oshkora qo‘llagan, hatto Rossiyaga qarshi jihod ham e’lon qilgan.
- Tolibon ilk bor qudratga kelgan 90-yillar oxiri va 2000 yillar boshlarida Rossiya unga nisbatan keskin mavqe’ni egallagan.
- 2001 yilning 11 sentyabridagi teraktlar ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini ham qo‘llab-quvvatlagan.
- Xuddi shu amaliyotlar natijasida Tolibonning Afg‘onistondagi ilk tuzumi qulatilgan, Islomiy Amirligi barham topgan, ammo toliblar butkul yengilmagan.
- Tomonlar o‘rtasidagi urush qariyb yigirma yilga cho‘zilgan, Afg‘onistonda yana IShID faollashgan.
- G‘arb qo‘shinlarining janubiy sarhadlaridagi uzoq yillik hozirligi va IShID esa, xuddi shu manzarada tomonlarni bir-biriga yaqinlashtirgan ikki muhim omil sifatida o‘rtaga chiqqan.
- Rossiya Tolibon bilan aloqa o‘rnatishga kirishgan, 2017 yilda G‘arb tomonidan dastaklangan afg‘on hukumati, mintaqa davlatlari va Tolibon vakillarini ham o‘z ichiga oluvchi Moskva muloqot formatiga asos solgan.
- So‘nggi afg‘on urushiga diplomatik yo‘lda yechim topishga urinib ko‘rgan, formati bugun ham faoliyatda, Afg‘onistondagi Tolibonga muxolifatda bo‘lgan siyosiy guruh vakillariga ham o‘z eshiklarini ochiq tutgan.
- Orada G‘arbning Afg‘onistondagi Tolibon harakatini qo‘llayotgani va unga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganiga oid da’volarini izchil ravishda rad etib kelgan.
- Xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni butkul tark etib, qudratga yana Tolibon qaytarkan, uning muvaqqat hukumati bilan munosabatlarini faol rivojlantirgan.
- O‘zining Afg‘onistondagi, Afg‘onistonning Rossiyadagi elchixonasini ham yopmagan.
- Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, qisqa vaqtning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi $1 milliard AQSh dollariga yetgan.
- Rasmiy Moskva Tolibonni Afg‘onistondagi "haqiqiy kuch", deb atagan.
- Shu yilning aprelida Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqargan, iyulida esa, dunyoda birinchi bo‘lib uning Afg‘onistondagi hukumatini rasman tan olgan.
- Afg‘onistonni Rossiyaning o‘zi 10 yillik harbiy hozirligi ortidan 1989 yilda tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.
Qisqacha ma’lumot o‘rnida

Surat manbasi, EPA
Tolibonning dunyoning uch davlati - Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan tan olingan ilk tuzumi Afg‘onistonda besh yilcha amal qilgan.
Nyu-York va Vashingtonda 2001 yilning 11 sentyabrida sodir etilgan teraktlardan keyin xuddi o‘sha yilning o‘zida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan qulatilgan.
Shundan so‘ng 20 yil davomida Tolibon o‘zining ittifoqchilari bilan birga AQSh va NATO misolida dunyoning eng qudratli davlati va harbiy ittifoqiga qarshi turgan.
2020 yilda Trampning ilk ma’muriyati Tolibon bilan kelishuvga borgan, xuddi shu bitim shartlari asosida xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etgan.
2021 yilning avgustida harakat qudratga qaytgan, ammo tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqargan.
Afg‘onistonni esa yana Islomiy Amirlik, deb e’lon qilgan va uning o‘zlari talqinidagi Shar’iy qadriyatlar asosida boshqarilishini e’lon qilgan.
Koalitsion hukumat bo‘ladimi, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarining to‘laqonli kafolati – hokimiyatga qaytishidan to‘rt yil o‘tib ham, rasman tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy shartlarni hanuz bajarmay keladi.
Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaning bu harakatini uning Tolibon siyosiy muxoliflari bilan xayrlashuvi sifatida baholash mumkin va endi bu muxolifatning Moskvadan yuz burib, G‘arbga ko‘proq umid bog‘lashi ehtimoli ham yo‘q emas.
Ayni qarashda bo‘lgan ekspertlar fikricha, Tolibon tomonidan muvozanat buzilgan taqdirda, xuddi shu muxolifat AQSh ilova biror bir qudrat tomonidan bevosita qo‘llansa, bu Afg‘onistondagi ichki vaziyatni o‘zgartira oladigan omilga aylanishi mumkin.












