Mushukcha, nikoh uzugi, koptok, marhumlar xati: G‘azoliklar urushda nimalarni asrashdi?

Mushuk, toshbaqa va to‘tiqushini ushlab turgan g‘azolik ayol Yarin Abu Naja
O'qilish vaqti: 7 daq

"Biko" ismli to‘tiqush, eski futbol to‘pi, oltin uzuk va maktabdosh do‘stning yurakchalar bilan bezatilgan maktublari.

Bular Isroil va Hamas o‘rtasidagi otashkesim bitimidan so‘ng to‘xtagan ikki yillik urush davomida sarson bo‘lgan falastinliklar o‘zlari bilan olib yurgan narsalarning bir qismi, xolos.

G‘azoda odamlar eski joylariga qaytmoqdalar.

Qaytgan ko‘pchilik faqat vayronalarni topayapti, bir paytlar qadrli bo‘lgan buyumlar esa vayronalar ostida ko‘milib yotibdi.

Aloqador mavzular

Bi-bi-si odamlar bilan suhbatlashdi.

Ular urush davomida o‘zlari uchun qadrli bo‘lgan, hissiy ahamiyatga ega yoki bir qarashda oddiy tuyulgan buyumlar haqida, ularni yo‘qotmaslik uchun qilgan xatarli ishlari to‘g‘risida so‘zlab berishdi.

Mening jonivorlarim

Yarin Abu Naja, 44 yosh

Yarin Abu Najaning jonivorlari

Men uchun uy jonivorlarim qalbimning bir parchasi. Qayerga borsam, ular men bilan birga. Ularga xuddi o‘z bolamga qaragandek qarayman.

Uyim vayron bo‘lgani sababli hozir o‘g‘lim bilan onamning kvartirasida yashayapman. U jiddiy zarar ko‘rgan, lekin ahvolimiz boshqalarnikidan tuzukroq. Urush davomida bir necha marta ko‘chishga majbur bo‘ldim, hatto bir necha kun, toki ayrim yaxshi insonlar bizga chodir bermagunicha ko‘chada boshpanasiz qoldim. Bu urush bizni xo‘rladi, sindirdi.

Mening toshbaqalarim va Biko ismli xalqali to‘tiqushim bor. U bilan gaplashsam, menga javob qaytaradi. Men bilan birga jilmayadi. Mushugim Luka esa, men yig‘lasam, birga qo‘shilib yig‘laydi. Uni Luka deb atadim, chunki uni tasodifan ko‘chada, hasharotlar qoplagan bir ahvolda topib olgandim.

So‘nggi ko‘chishda, tanklar bizgacha kelganda, boshqa bir oilaning uyiga bordim, ammo ular jonivorlarimdan bezovta bo‘lishdi. Shuning uchun, evakuatsiya buyrug‘i berilgan va tanklar bo‘lishiga qaramay, onamning kvartirasiga qaytdim. Buyruq bekor qilinguncha u yerda yolg‘iz o‘zim qoldim.

Qushlar uchun qafas joydan joyga ko‘chavergandan urinib, sinib qolgan. Yaroqsiz, lekin almashtiradigan narsa yo‘q, topganimda ham juda qimmatga tushardi. Jonivorlarimga ozuqa topishda ham qiynalyapman.

Lekin men qushlarimga, toshbaqalarimga va mushugimga hech qanday zarar yetkazmayman. Ular mening qalbim, farzandlarim, ular meni tushunishadi. Bombalash to‘xtaganidan ular uchun xursandman.

Maktublar va do‘stlik bilakmunchoqlari

Daliya Ahmad Badr, 15 yosh

Daliya Ahmad Badr dugonasi maktublari bilan

Do‘stlarimdan kelgan xatlar va bilakmunchoqlarni kichik bir qutichada saqlab yurardim. Ular men uchun qadrli, do‘stlarimdan qolgan yodgorlik, ularning ba’zilari urushda shahid bo‘lgan.

Xatlar boshlang‘ich maktabni tugatayotgan kezlarimiz yozilgan. Ular doim men bilan birga bo‘lishlarini va meni eslab yurishlarini aytishgan.

Urushda xafa yoki mahzun onlarimda, shu xatlarni o‘qir, ulardan umid, dalda topardim. Bularni yozgan qizni eslab, uning haqiga duo qilaman va sog‘inaman.

Xatlardan biri shahid bo‘lgan do‘stimdan. U menga meni yaxshi ko‘rishini, bundan keyin ham shunday bo‘lishini, men uning eng yaqin do‘sti ekanligimni, men bilan uchrashgan kun uning uchun maktabdagi eng baxtli kun bo‘lganini va uni unutmasligimni so‘rab yozgan edi.

Daliya dugonasi bilakmunchoqlari

Layadan Daliyaga maktub

Seni yaxshi ko‘raman, seni hamisha yaxshi ko‘raman, sen mening eng yaxshi do‘stimsan. Seni uchratgan kunim maktabdagi eng yaxshi kunimdir. Tilagim, meni hayoting bo‘yi unutma. Bu maktub senga bo‘lgan muhabbatim izhori uchun juda qisqa. Sen mudom yuragimdasan."

Layadan Daliyaga maktub

Bir gal ko‘chish paytida qutini yo‘qotib qo‘ydim. Uni sumkalardan izlay boshladim, topolmagach, o‘zimni hamma narsadan ayrilgandek his qildim. Topgunimcha tinmay qidirdim va o‘shandan beri qayerga borsam, uni doim qo‘limda yoki sumkamda olib yuraman.

Bu uyimiz yo‘q bo‘lgandan keyin men bilan qolgan yagona narsa. Yagona xotiram shu.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat

Ahmad Zidan, 52 yosh

Ahmad Zidan o‘z hujjati bilan

Buyumlaringni tashish uchun ham pul bo‘lmay, bir joydan boshqasiga ko‘chib yurish ham odamning xo‘rligini keltiradi. Biz bunday hayotga – chodirlarda yashashga o‘rganmaganmiz.

Men ishlagan tish davolash markazi vayron bo‘ldi, o‘g‘lim endi maktabga bora olmaydi, qizimning universiteti yo‘q qilindi.

Hamon o‘zim bilan BMTning oilaviy ro‘yxatga olish guvohnomamni olib yuraman, u menga falastinlik qochqin sifatidagi huquqlarimni eslatadi. Bolaligimdan beri ota-onam poliklinikaga yoki ovqat olgani borganimizda bu guvohnomalarini o‘zlari bilan olishlarini ko‘rib katta bo‘lganman.

Men uchun bu juda muhim, garchi endi amalda ahamiyatsiz bo‘lsa ham – u menga na ovqat, na boshqa narsa beradi. Bu mening va bolalarimning shaxsiyati. Bu mening bor-yo‘g‘im. Uni juda qadrlayman. Hayotimning har bir davrida bu guvohnoma men bilan bo‘lgan. Uni hech qachon tashlab ketmayman.

Mening futbol to‘pim

Arkan al-Tarabin, 22 yosh

Arkan al Tarabin futbol to‘pi bilan

Biz futbolga oshno oila sifatida tanilganmiz – barchamiz futbolni jon-dilimizdan sevamiz. Butun hayotimiz uning atrofida kechadi. Urush boshlanishi bilan bari to‘xtab qoldi – endi o‘yinlarni tomosha qilmaymiz, o‘ynash uchun joy qidirganimizda esa, maydoncha uchun vayronalarni tozalashga majburmiz.

Urushning ikki yili davomida futbol to‘pimizni olib yurdik. Hatto ko‘chirilganimizda ham uni o‘zimiz bilan olib yurib, yonimizga qo‘yib uxlaganmiz.

Futbol barcha quvvatingizni chiqaradi – salbiy hislarni haydaydi.

Yuqori narxlar tufayli G‘azoda futbol to‘plari kamyob bo‘lib qoldi, shuning uchun bizda faqat bitta to‘p bor. Bir safar ko‘chirilganimizda uni unutib qoldirgandik. Borib, olib kelish uchun hayotimizni xavf ostiga qo‘ydik.

Bir amallab o‘sha yagona to‘p bilan mashg‘ulotlarimizni davom ettiryapmiz.

Mobil telefonim

Moamen Abu Duaba, 23 yosh

Moamen mobil telefoni bilan

Telefonim urush davomida doim o‘zim bilan olib yurgan eng muhim narsa. Usiz yashay olmasdim. U orqali aloqada bo‘lib turaman.

G‘azodan tashqaridagi akam menga qo‘ng‘iroq qiladi, shuning uchun telefonni doim qo‘limda tutaman. Urushning ko‘p qismida G‘azoning boshqa hududida bo‘lgan boshqa bir akamdan ham shu orqali xabar olib turardim.

Yangiliklarni ham telefon orqali kuzatib boraman. Hozir bakalavrlik darajasini olish uchun o‘qiyapman, telefonim orqali ta’lim olaman.

"Telefonimni yo‘qotish o‘limga teng"

Urushning birinchi kunidan boshlab hozirga qadar bombalashlarni suratga olish uchun ham undan ko‘p foydalandim. Tashqi dunyodagi odamlar ko‘rishi va chet eldagi qarindoshlarimiz biz bilan va atrofimizda nima bo‘layotganini bilishi uchun lavhalarni joylashtiraman.

Telefonimsiz bu yerda yashay olmasdim. Bizni qanday topishni hech kim bilmay qolardi. Uni yo‘qotish hamma narsani yo‘qotish bilan barobar – biz uchun o‘limga tengdir.

Marhum akamning soati

Hussam Aldin Abu al-Ula, 26 yosh

Hussam akasining soati va ko‘zoynaklari bilan

Akamning soati, brasleti va ko‘zoynaklarini o‘zim bilan olib yuribman.

U urush boshida Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi, shuning uchun hozir faqat onam bilan qoldik. Otam men bir, akam ikki yoshda ekanida vafot etgan.

Bular undan qolgan yagona xotiralarim. Ular menga, hatto ko‘chib yurgan paytlarimda ham, u doim men bilan birgadek his beradi.

Biz ikki tanda bir jon edik. Doim birga edik – uyda ham, tashqarida ham, kasal onamizga g‘amxo‘rlik qilardik. Endi hamma mas’uliyat mening zimmamda. Akamning o‘limidan so‘ng onamning sog‘lig‘i yomonlashdi, men ham jarohatlandim, shuning uchun unga g‘amxo‘rlik qilish qiyinlashdi.

Oxirgi marta ko‘chirilganimizda, Isroil kuchlari evakuatsiya buyrug‘ini berganda, men binoni akamning narsalarisiz tark etdim. Vaziyat juda xavfli edi. Ko‘p o‘q otilardi. Men ularni olish uchun qaytib bordim.

Ularni muhim hujjatlar bilan birga xaltada saqlayman. Ularni taqishni xohlamayman, chunki buzilishi yoki yo‘qolishidan qo‘rqaman, shuning uchun odatda yashirib qo‘yaman.

Nikoh uzugim

Nasaim Samih Tafesh, 25 yosh

Naasaim nikoh uzugi bilan

Urush boshlanganida oilam G‘azo shahrida yashardi. Erim bombalarda shahid bo‘ldi. U yonidan o‘tayotgan bino nishonga olingandi.

Men janubdagi Xon Yunusga ko‘chirilgan edim. Saraton kasalligiga chalingan o‘g‘lim bilan tez yordam mashinasida keldim.

Erim oila boquvchisi edi. U vafot etgandan keyin ba’zida xayriya olardik, lekin bizni chindan qo‘llab-quvvatlaydigan hech kim yo‘q edi.

Uning o‘limidan so‘ng kichik kvartiramiz vayron bo‘ldi.

Doim o‘zim bilan olib yuradigan yagona narsa – nikoh uzugim. Urushda qanday qiyinchiliklar bo‘lmasin, uni o‘zim bilan olib yurardim, chunki u erimni eslatib turadi, bolalarimdan tashqari undan qolgan yagona yodgorlik.

Qayerga bormay, uni taqib yuraman va hatto moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganimizda ham uni saqlab qoldim.

Suv idishlari

Xamis Abu Amir, 37 yosh

Hamis plastik suv idishlari bilan

Ko‘chish faqat mashaqqat. Bir joydan boshqa joyga ko‘chish, buyumlarni u yoqdan bu yoqqa tashish, aravalarni ijaraga olish, mashinalarga yuk ortish, holdan toydiradigan jarayon. Chodirda yashash odamni tahqirlaydi. Yozda juda issiq, qishda esa juda sovuq.

Men uchun eng qadrli narsalar – suv idishlarim. Ular hayot asosi – ularsiz ahvolimiz tang.

Ikki yil davomida bir necha marta ko‘chganimizda ham o‘sha idishlarni olib yurdim. Ularni asrab-avayladim, zararlanmasligi uchun bolalarimga ko‘tartirmadim, lekin shunda ham to‘rtta idishdan faqat ikkitasi omon qoldi.

Ularsiz suv olib kelolmaymiz, suv icholmaymiz. Butilkadagi suv kamyob bo‘lgani uchun idishlar ichish va ovqat pishirish uchun yagona vosita.