Putin hammasi joyida bo‘lishini aytdi, Mirziyoyev, Toqaev, Japarov va Berdimuhamedov nima dedi? Rahmon-chi?

MDH davlatlari prezidentlari

Surat manbasi, rasmiy

O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiya prezidentining ishonchi qat’iy. O‘zbekiston rahbari "murakkab vaziyat"ni tilga oldi. Toqaev birinchi navbatda tinchlik tiladi. Qirg‘iziston endi qo‘rqmasa ham bo‘ladimi? Berdimuhamedov ham tinchlikka e’tibor qaratdi. Rahmon AQShga ta’ziya yo‘lladi – kim nima dedi?

Aloqador mavzular:

Skip Bizga a’zo bo‘ling: and continue readingBizga a’zo bo‘ling:

End of Bizga a’zo bo‘ling:

Prezidentlarning Yangi Yil tabriklariga qisqacha bir nazar:

Vladimir Putin

Surat manbasi, kremlin.ru

"Hammasi joyida bo‘ladi"

Putin o‘zining Yangi Yil murojaatida Rossiya xalqiga "hammasi joyida bo‘lishi"ni aytdi.

Rossiya 2025 yilga ishonch bilan kirib borishini ta’kidladi.

Ammo Rossiya prezidenti iqtisodiyot yoki Ukrainadagi urush bo‘yicha aniq va’dalar bermadi.

Rossiyada ko‘pchilik oddiy odamlar narxlarning ko‘tarilishidan xavotirda.

Markaziy Bankning 21 foizlik foiz ko‘rsatkichi tadbirkorlar va uy xaridorlarini ancha qiyin ahvolga solib qo‘ygan.

Putin esa, rossiyaliklarni ularning farovonligi o‘zi uchun ustuvor vazifa ekanligiga ishontirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 21-asrning birinchi choragida sinovlarni yengib o‘tgan, katta maqsadlarga erishgan va o‘z birligini mustahkamlagan.

Bu vaqt oralig‘i esa, aynan uning boshqaruvi davriga to‘g‘ri keladi.

"Mana endi, Yangi Yil ostonasida, biz kelajak haqida o‘ylayapmiz. Ishonchimiz komilki, hammasi yaxshi bo‘ladi, biz faqat oldinga intilamiz. Rossiyaning taqdiri va fuqarolarining farovonligi biz uchun mutlaq qadriyat bo‘lgan, bo‘ladi va bo‘lib qoladi", - deya bayon qildi Putin.

Rossiya prezidenti o‘zining Yangi Yil murojaatida Ukrainada jang qilayotgan harbiylariga ham hurmat bajo keltirdi, qahramonlar, deb atadi, "jasoratlari bilan faxrlanishlari va ularga ishonishlari"ni ham aytdi.

"Har qancha shukrona aytsak, arziydi"

Шавкат Мирзиёев
rasmiy
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tayotgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Buning uchun har qancha shukrona aytsak, arziydi.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da)

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Yangi Yil tabrigining avvalida "jahondagi murakkab vaziyat"ni tilga oldi.

"Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tayotgan yil O‘zbekiston uchun qutli va barakali bo‘lgani"ni aytdi.

"Buning uchun har qancha shukrona aytsak, arziydi", dedi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari salohiyatini mustahkamlashni yangi yilda ham qilajak ishlari qatorida tilga olib o‘tdi.

O‘zbekiston mintaqaning aholisi eng katta davlati bo‘ladi, soni rasman 37 million kishidan ortadi.

Ishsizlik va kambag‘allik mamlakatda hanuz anchayin dolzarb muammolardan biri ekani ko‘riladi, millionlab fuqarosining tirikchiligi chetdagi mehnat muhojirligi ortidan o‘tadi.

Ular har yili ortga yuborib kelayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar esa, mamlakatda har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan asosiy va amaliy vosita qadar muhim ahamiyat kasb etadi.

Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida jahondagi murakkab vaziyatning oqibatlari so‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati ham o‘zining xavotirlarini rasman va oshkora izhor etib kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri ekani ko‘riladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘zining tabrigida aytishicha, yangi yilda biznes uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi.

Xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish ishlari qat’iy davom ettiriladi.

Ijtimoiy sohalar, ish haqi, pensiya va stipendiyalar, nafaqalar miqdorini oshirish masalasi ham e’tiborlari markazida bo‘ladi.

"Muxtasar aytganda, "Inson qadri uchun, inson baxti uchun!" degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz", - deya bayon qilgan O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar demokratik islohotlarning yangi davriga qadam qo‘yganliklarini ham yana bir marta tasdiqlagan.

Bu ham prezident tabrigida ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortgan nuqtalardan biriga aylangan.

"Eng avvalo tinchlik, omonlik tilayman"

Qasim-Jomart Toqaev

Surat manbasi, rasmiy

Qozog‘iston prezidenti "eng avvalo yurtiga tinchlik-omonlik, yurtdoshlariga esa, farovonlik tilash" istagida ekanini aytgan.

Unga ko‘ra, o‘zlari boshlagan keng qamrovli islohotlar o‘zining ilk mevasini bergan.

Yangi iqtisodiy yo‘nalishni hayotga tadbiq etish bo‘yicha qat’iy qadamlar tashlashgan.

Ishlab chiqarish sanoati jadal rivojlangan, yirik sanoat korxonalari ishga tushirilgan, sarmoyaviy muhit yaxshilangan.

Tabiiy energiya zaxiralariga boy Qozog‘iston Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi sanaladi, ammo bugun Ukraina bilan urush ichidagi Rossiyaga chegaradosh yagona mintaqa davlati.

Jahondagi keskinlashib borayotgan geosiyosiy ziddiyatga Qozog‘iston rahbariyati ham befarq emas.

Ammo bu xususda kattayu kichik minbarlardan oshkora bildirib kelayotgan xavotirlari Qasim-Jomart Toqaevning Yangi Yil tabrigida o‘zining ifodasini topmagan.

Qozog‘iston prezidenti o‘zining tabrigida ko‘proq ichki - ijtimoiy, iqtisodiy masalalarga e’tibor qaratgan.

Uning ma’lum qilishicha, qozog‘istonliklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ilk bor 75 yoshga yetgan.

Qozog‘iston prezidenti o‘z tabrigida 2024 yilda mamlakat kelajagi uchun muhim qaror qabul qilingan referendum bo‘lib o‘tgani, fuqarolarining aksariyati atom elektr stantsiyasi qurilishi qo‘llab-quvvatlashganiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Markaziy Osiyo birinchisi bo‘lishi kutilayotgan bu AESni qurishga esa, Rossiya ham qiziqish bildirgan.

AES qurilishi loyihalari mintaqa davlatlariga bosim o‘tkazishida, ularni o‘zining orbitasiga kuchliroq tortishida Kremlning qo‘lida yana bir siyosiy va geosiyosiy bosim vositasiga aylanishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas.

Qozog‘iston prezidenti o‘zining tabrigida tizimli islohotlarini davom ettirish, barcha rejalarini amalga oshirishga va’da bergan.

"Prezident sifatida kirib kelayotgan yil yanada samarali bo‘lishi uchun bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman", - deya va’da qilgan Qasim-Jomart Toqaev.

"Hammasi o‘tmishda qoldi"mi?

Sadir Japarov

Surat manbasi, president.kg

Qirg‘iziston prezidentining o‘z Yangi Yil tabrigida aytishicha, xalqning hokimiyatga ishonchi tobora ortgan, norozilik namoyishlari va tinimsiz mitinglar o‘tmishga aylangan.

"Xalqaro hamjamiyatga Qirg‘iziston mustaqil rivojlanish, boshqa davlatlar bilan aloqalar o‘rnatishga qodir ekanini ko‘rsata olishgan".

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning eng ko‘p ommaviy namoyishlarga sahna bo‘lgan va hokimiyatning almashishi bilan yakun topgan turli inqiloblarga sahna bo‘lgan yagona davlati bo‘ladi.

Sadir Japarov o‘zining Yangi Yil tabrigida ta’kidlashicha, ko‘p yillardan buyon xalqni tashvishga solib kelayotgan qirg‘iz-o‘zbek chegarasi masalasi nihoyat hal etilgan, qirg‘iz-tojik chegarasi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan.

Markaziy Osiyoda transport infratuzilmasini rivojlantirishda yangi davrni ochadigan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga birinchi toshni qo‘yishgan.

Qozog‘iston prezidentiga ko‘ra, bu yo‘l butun mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, iqtisodiyotni mustahkamlaydi va millionlab odamlarning hayotlarini yaxshilaydi. Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy qayta tiklanishi bo‘ladi.

Sadir Japarov, o‘z o‘rnida, "Qambar-Ota-1" GESining qurilish ishlariga ham to‘xtalib o‘tgan.

Qirg‘iziston prezidenti "hozirdanoq asr loyihasi, deb nomlanayotgan" mazkur GES qurilish ishlarining O‘zbekiston, Qozog‘iston ishtiroki va Jahon Bankining ko‘magi bilan faol ilgari borayotganini ta’kidlagan.

Uning aytishicha, samimiy va ezgu niyatlari o‘z samarasini bergan.

Chegara, suv ta’minoti va yo‘llar masalasi yaqin-yaqingacha mintaqa davlatlari o‘rtasida eng hassos masalalardan biri bo‘lib kelgan.

Sadir Japarovning aytishicha, Qirg‘izistonning davlat sifatida jadal va barqaror rivojlanishi uchun so‘nggi o‘n yilliklarda ildiz otgan yomon odatlar, salbiy ko‘rinishlar, turli mafkuraviy buzilishlar va yot ta’sirlardan xalos bo‘lishlari zarur.

"Shundan so‘ng biz o‘zimizning ichki resurslarimiz va imkoniyatlarimizdan oqilona foydalanishni boshlashimiz kerak", - deya bayon qilgan Qirg‘iziston prezidenti.

"Sayyoramizda tinchlik yili bo‘lsin"

Serdar Berdimuhamedov

Surat manbasi, Getty Images

"Yangi Yil sayyoramizda tinchlik, farovonlik va ishonch yili bo‘lsin".

Tinchlik Turkmaniston prezidenti o‘zining Yangi Yil tabrigida e’tibor qaratgan asosiy nuqtalardan biri bo‘lgan.

Serdar Berdimuhamedovning aytishicha, Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya asosida 2015 yil "Xalqaro tinchlik va ishonch yili", deb e’lon qilingan.

"Markaziy Osiyo – tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi" va "Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnoma" rezolyutsiyalari ham bir ovozdan qabul qilingan.

Turkmaniston prezidentiga ko‘ra, ular Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

"Biz sayyoramizda tinchlik va ishonchni saqlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi faoliyatimizni davom ettiramiz", - deb aytgan Serdar Berdimuhamedov.

Turkmaniston prezidentining ma’lum qilishicha, fuqarolari farovonligini oshirish maqsadida yangi yilning 1 yanvaridan boshlab ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari, talaba va tinglovchilarning stipendiyalarini yana 10 foizga oshiriladi.

Hamdardlik telegrammasi

Emomali Rahmon

Surat manbasi, president.tj

Tojikiston prezidenti rasmiy veb saytining 31 dekabr – Yangi Yil arafasida yangilanmagani ko‘riladi.

30 dekabr kuni esa, Emomali Rahmonning sobiq AQSh prezidenti Jeyms Karterning vafoti munosabati bilan Jo Bayden va yo‘lovchi uchog‘i halokati sabab, Janubiy Koreyaning prezident vazifasini bajaruvchisi, Bosh vaziri muovini, Moliya vaziri Chxve San Mokka hamdardlik telegrammasi yuborgani rasman xabar berilgan.