Afg‘oniston bilan Pokiston o‘rtasidagi chegarada yana qurolli to‘qnashuv. Qurbonlar bor.

Tolibon askari.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, To‘qnashuv ikki mamlakat chegarasida joylashgan Spinbuldak shahrida yuz bergan.
    • Author, Hafizullo Ma’ruf
    • Role, BBC
    • Reporting from, Kobul
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Afg‘onistondagi Tolibon hukumati askarlari va Pokiston qurolli kuchlari o‘rtasida o‘tgan tunda yana qurolli to‘qnashuv yuz berdi.

Ikkala tomon ham bir-birini otashkesim haqidagi kelishuvni buzganlikda ayblamoqda.

Chegara mintaqasida joylashgan Spinbuldak shahri aholisi otishmalar sababli uylarini tashlab qochishga majbur bo‘lishgan.

Yaqin atrofdagi Qandahor shahridagi kasalxona shifokoriga ko‘ra, u yerga to‘rt qurbon jasadi olib kelingan.

EPA
Qandahordagi kasalxonaga 4 qurbonning jasadi olib kelingan

Qandahor shifoxonasidagi doktor

Yana to‘rt kishi jarohatlangani xabar berilmoqda. Pokiston tomonida ham 3 jarohatlangan borligi aytilgan.

Oxirgi oylarda Afg‘oniston bilan Pokiston o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berib turibdi. Tolibon hukumati shuningdek, Pokistonni havo hujumlarini amalga oshirishda ham ayblagan.

Ikkala tomon ham o‘tgan tunda to‘qnashuv yuz berganligini tasdiqlagan.

To‘rt soatcha davom etgan otishmani boshlashda ular bir-birlarini ayblashmoqda.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Tolibonni "sababsiz o‘t ochish"da ayblagan.

Ayni vaqtda Tolibon hukumati matbuot kotibi Pokiston "yana bir bor hujum boshlagani va Afg‘oniston tomoni javob berishga majbur bo‘lgani"ni aytgan.

Chegaraning Afg‘oniston tomonidagi aholiga ko‘ra, otishmalar mahalliy vaqt bilan kech soat 10 yarimlarda boshlangan.

O‘sha yerdan olingan tasvirlarda ko‘plab odamlarning piyoda va mashinalarda qochishga urinayotganlari ko‘rinadi.

Qandahor mahalliy hukumati ma’lumot bo‘limi rahbariga ko‘ra, Pokiston kuchlari "engil va og‘ir artilleriya bilan o‘q ochishgan va aholi uylariga zarar yetkazilgan."

Bu to‘qnashuv 2 oy avval Turkiya vositachiligida Qatarda ikkala tomon ham otashkesimga kelishib olganlaridan so‘ng kuzatilmoqda.

Kelishuvdan oldinroq bir hafta davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda o‘nlab kishi halok bo‘lgandi. Bu to‘qnashuvlar 2021 yili Tolibon qudratga qaytganidan beri yuz bergan eng jiddiy qurolli mojaro, deya aytilgan. Ikki tomon o‘rtasida tanglik hamisha mavjud bo‘lib kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Islomobod Tolibonni Pokistonga hamla qiluvchi qurolli guruhlarga boshpana berishda ayblab keladi.

Tolibon hukumati ba da’volarni rad etib, Pokiston "xavfsizlik sohasidagi muvaffaqiyatsizliklarida boshqalarni ayblashga urinayotganligi"ni aytib keladi.

Mintaqadagi harbiy holatni kuzatuvchi tadqiqot markaziga ko‘ra, oxirgi yil mobaynida Pokistonlik toliblar mamlakat qurolli kuchlariga qarshi kamida 600 hujumni amalga oshirishgan.

O‘tgan hafta Afg‘oniston va Pokiston hay’atlari uzoq muddatli tinchlik rejasini muhokama qilish muzokaralarining 4- bosqichida Saudiya Arabistonida uchrashishgandi. Ammo bu uchrashuv natija bermagan.

Muzokaralarni kuzatib turgan manbalarga ko‘ra, tomonlar faqat otashkesim borasida harakatlarni davom ettirishga kelishib olishgan xolos.