O‘zbekiston prezidenti: "Tank, uchoq va askarlar soni bilan g‘alaba qilamiz deganlar adashadi"

O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni Xavfsizlik Kengashining harbiy xavfsizlik va mudofaani mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida qilgan nutqida hozirgi kundagi xavf va ehtimollarning o‘zgarishi manzarasida mamlakat Harbiy Doktrinasi va Milliy Xavfsizlik Kontseptsiyasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

Janob Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va xavfsizlikni ta’minlash tizimlarida shu vaqtgacha amalga oshirilgan islohot va muvaffaqiyatlarni sanab o‘tib, hozirda mintaqada turli mojarolarning kengayayotgani, qurol poygasi sur’atlari oshayotgani, insoniy qadriyatlar, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiyaga hurmat pasayishi manzarasida mamlakat xavfsizligini ta’minlash sohasida ustuvor yo‘nalishlarga o‘zgacha yondoshuv kerakligi haqida gapirgan.

Ana shu jarayonlar manzarasida «tinchlik va barqarorlik eng oliy qadriyatlarga aylanib borayotgani»ni urg‘ulangan.

Bu qadriyatlarni ta’minlash yo‘lida mamlakatdagi har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob berishga tayyor turish maqsadida" proaktiv ish rejimi"ga o‘tishi shartligi ham aytilgan.

"Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib g‘alaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda", dedi O‘zbekiston prezidenti.

Yangi Mudofaa Doktrinasi va Xavfsizlik Kontseptsiyasi nimani anglatadi?

Janob Mirziyoyev 1997 yili qabul qilingan Mudofaa Doktrinasi va Milliy Xavfsizlik Kontseptsiyasini qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji yuzga kelganligini ham aytdi.

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, bu yangi Mudofaa Doktrinasi mamlakatga har qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik mavqeini saqlab qolish, ko‘p yo‘nalishli diplomatiyaga tayanish, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiyalarni rivojlantirish, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashi zarur.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining Mudofaa Doktrinasi va Milliy Xavfsizlik Kontseptsiyasini qayta ko‘rib chiqish haqidagi nutqi O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga asos solingan kunni nishonlash arafasida qilingan bo‘lsa-da, yaqinda Rossiyalik taniqli tashviqotchi Vladimir Solovьyovning Markaziy Osiyoda "maxsus harbiy operatsiyalar" o‘tkazish imkoniyati haqidagi bayonoti manzarasida alohida ma’no kasb etayotgani e’tiborga molikdir.

Vladimir Solovьyov o‘z ko‘rsatuvida: "O‘yin tugadi. Xalqaro huquqni, xalqaro tartibni tan olmaymiz... Nega biz ta’sir doiramizdagi yana boshqa mintaqalarda ham ham maxsus harbiy operatsiya boshlay olmaymiz?", deya savol tashlagandi.

Uning bu izhoroti mintaqa davlatlaridagi siyosatshunoslar va jamoat faollari hamjamiyatida keskin aks-sado berdi. Aksar siyosatshunoslar bu izhorotdagi ohangni "yangi mustamlakachilik" belgisi va suveren davlatlar mustaqilligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb baholashgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining kelajak vazifalari

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni ham bo‘lgan prezident Shavkat Mirziyoyev kelajak uchun harbiy sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan eng muhim vazifalarni ham belgilab bergan.

"Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. O‘zbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos bo‘lishi kerak", dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Unga ko‘ra, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor e’tibor qaratiladi.

Muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnilarini topish, ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi ham qayd etildi.

Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishni boshlashadi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontrakt tizimi doirasida o‘qishga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratilishi ham ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar berilishi aytilgan.