O‘zbekiston va Amerika muhim mineral qazilmalar bo‘yicha kelishuv qildi. Tinch atom energetikasida hamkorlik ham muhokama etildi – Vashington nimani istamoqda?

uchrashuv

Surat manbasi, Official

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov shu haftada AQShda bo‘lib, mezbon davlat rasmiylari va biznes vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan.
O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri 9 aprel kuni amerikalik hamkasbi bilan uchrashgan. Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv qilgan. Amerika tomoni atom energetikasi sohasida hamkorlik istayotganini bildirgan.

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiyasi 9 aprel kuni AQShda bo‘lib, mezbon davlat rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Vazirlik matbuot xizmati Kudratov yirik kompaniyalar, korporatsiyalar va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan ham uchrashganini xabar qilgan.

Ma’lum etilishicha, uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolangan hamda foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishga investitsiyalar kiritish va boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

"Erishilgan kelishuvlar tegishli bitimlar bilan mustahkamlandi. Har bir loyihaga mas’ul loyiha menejeri tayinlandi", deyiladi Investitsiyalar vazirligi xabarida.

Biroq na O‘zbekiston, na Amerika tomoni o‘zaro shartnomalarning qiymati yoki boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.

Investitsiyalar vazirligining xabari chiqqan kunda – O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashgan.

uchrashuv

Surat manbasi, Official

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan. 9 aprel, Vashington.

O‘zbekiston TIV bayonotida uchrashuvda AQSh bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingani tilga olingan bo‘lsa, Amerika Davlat departamenti nisbatan ko‘proq tafsilotlarni taqdim etgan.

"Davlat kotibi Rubio O‘zbekistonning IShIDni mag‘lub etish bo‘yicha Global Koalitsiyaga to‘liq a’zo bo‘lish qarorini olqishladi va O‘zbekistonga Amerika Qo‘shma Shtatlaridan deport qilingan fuqarolarni qaytarish borasidagi sa’y-harakatlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan xavfsiz yadroviy energetika texnologiyalarini zamonaviylashtirish, ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyalarni kuchaytirish, shuningdek, muhim foydali qazilmalar hamda boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish orqali strategik sheriklikni yanada ilgari surishga intilmoqda", AQSh Davlat departamenti 9 aprel kuni e’lon qilgan bayonotda.

Ikki tomon o‘rtasidagi foydali qazilmalar va fuqaroviy yadro energetikasi sohalari bo‘yicha hamkorlik masalasi avvalroq ham yuzaga chiqqan edi.

Hafta boshida O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilov bilan Vashingtonda uchrashgan AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau rasmiy Toshkentning ayni sohalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini olqishlagan edi.

Rasman shu yil boshida qudratga kelgan prezident Donald Tramp ma’muriyati fevral oyidan beri nafaqat neftь va gaz, balki muhim mineral qazilmalarga ham boy Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashga faol harakat qilib kelmoqda.

Davlat kotibi Rubio fevral oyida o‘zbekistonlik hamkasbi bilan uchrashgandayoq AQSh muhim foydali qazilmalar va fuqarolik yadroviy energetika texnologiyalari bo‘yicha "o‘zaro manfaatli investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishni intiqlik bilan kutayotgan"ini ma’lum qilgan edi.

AQShning Markaziy Osiyoda nodir metallardan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritish harakati faqat O‘zbekiston bilan cheklanmaydi.

9 aprel kuni Ostonada o‘tkazilgan konchilik anjumanida AQShning Qozog‘istondagi top diplomati Debora Robinson "foydali qazilmalar sohasida xususiy va davlat sektori hamkorligini qo‘llab-quvvatlash"ga oid AQSh pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlagan.

sammit

Surat manbasi, Official

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston YeI bilan ham o‘ta foydali qazilmalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuv qilgan.

"Biz Qozog‘iston bilan ushbu muhim sohada hamkorlik qilishga tayyormiz. Maqsadimiz sarmoya kiritishni osonlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, iqtisodiy va strategik aloqalarni mustahkamlashdir", degan u.

2 aprel kuni Qozog‘iston hukumati mamlakat hududida 20 million metrik tonnadan ortiq nodir metallar zaxiralari aniqlanganini e’lon qilgan edi. Agar bu ma’lumot to‘liq tasdiqlansa, u holda Qozog‘iston nodir yer metallari zaxiralari bo‘yicha dunyoda Xitoy va Braziliyadan keyin uchinchi davlatga aylanishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilar Amerika bu harakatlar orqali yuqori texnologiya va yashil energetika sohasi uchun zarur noyob minerallardan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritish bilan bir qatorda Xitoy bilan chegaradosh Markaziy Osiyo mintaqasida mustahkam o‘rnashib olish orqali Pekinning global ta’sirini kamaytirishni ham ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Bir vaqtning o‘zida, O‘zbekiston muhim foydali qazilmalar va tinch yadro energetikasi sohalarida bo‘yicha faqat AQSh bilan hamkorlik qilayotgani yo‘q.

Mamlakat o‘zining birinchi atom elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha Rossiyaning Rosatom kompaniyasi bilan allaqachon kelishuvga erishgan.

Rasmiy Toshkent yashil iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha bir necha davlatlar qatori Xitoy bilan ham faol hamkorlik olib bormoqda.

3-4 aprel kunlari Samarqandda o‘tgan yirik sammit doirasida esa O‘zbekiston o‘ta muhim foydali qazilmalar sohasi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan ham kelishuvga erishgan hamda rasmiy Bryussel bu sohani rivojlantirish uchun mamlakatga 2,5 milliard yevroga teng investitsiya kiritishini e’lon qilgandi.