Saratonni aniqlash yo‘llari: Qon tahlili orqali saratonni aniqlashda yangiliklar bormi?

Ayol qon topshirgandan so‘ng qo‘liga paxta qo‘ymoqda. Suratning old qismida esa, tibbiyot xodimi qo‘lida ikki ta qon namunasini qo‘lqop kiygan holda ushlab turibdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yangi usul saraton muammosiga yechimmi?
    • Author, Fergus Uolsh
    • Role, BBC NEWS
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Yangi tadqiqotga ko‘ra, 50 dan ortiq turdagi saratonni aniqlay oladigan qon tahlili tashxis qo‘yish jarayonini ancha tezlashtirishi mumkin.

Shimoliy Amerikada o‘tkazilgan sinov natijasida saratonning juda ko‘p turlari aniqlangan. Ushbu saraton holatlarining to‘rtdan uch qismi uchun hozircha hech qanday skrining dasturi mavjud emas.

Saraton holatlarining yarmidan ko‘pi erta bosqichda, ya’ni davolash oson va to‘liq sog‘ayish ehtimoli yuqori bo‘lgan paytda aniqlangan.

Galleri deb nomlangan ushbu tahlil usulini AQShning Grail farmatsevtika kompaniyasi ishlab chiqqan. Tahlil inson qonidagi saratonga chalingan DNK parchalarini aniqlay oladi. Bu DNK bo‘laklari saraton o‘smasidan ajralib chiqadi. Hozirda bu tahlil usuli Buyuk Britaniyadagi tibbiyot tizimida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Aloqador mavzular:

Bir yillik tadqiqot davomida Amerika va Kanadada 25 ming katta yoshlilar kuzatuvdan o‘tkazilgan. Ularning qariyb bir foizi testdan musbat natija olgan va shularning 62 foizida keyinchalik saraton tasdiqlangan.

Tadqiqot rahbari, Oregon sog‘liq va ilm-fan universiteti professori doktor Nima Nabavizodaning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar saratonga tashxis qo‘yish jarayoniga "tub o‘zgarish" kiritish imkonini beradi.

Uning aytishicha, bu test usuli ko‘plab saraton turlarini "eng erta bosqichda, ya’ni davolash yoki sog‘ayish ehtimoli eng yuqori paytda" aniqlash imkonini yaratadi.

Test natijasi "saraton yo‘q" deb chiqqan odamlarning deyarli barchasi, ya’ni 99 foizdan ortig‘ida bu javob to‘g‘ri bo‘lib chiqqan. Ya’ni, test saraton yo‘q odamni xato qilib "sizda saraton bor" deb ko‘rsatmagan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Agar bu test ko‘krak, o‘pka, ichak va bachadon bo‘yni tekshiruvlari bilan birga o‘tkazilsa, saraton holatlarini yetti baravar ko‘proq aniqlash mumkin.

Eng muhim jihati, aniqlangan saraton turlarining to‘rtdan uch qismi uchun hozircha hech qanday skrining dasturi yo‘q. Masalan, tuxumdon, jigar, oshqozon, peshob pufagi va oshqozon asti bezi saratonlari shular jumlasidandir.

Tahlil 10 ta holatning 9 tasida saratonning qaysi tana a’zosidan kelib chiqqanini ham to‘g‘ri aniqlagan.

Bu hayratlanarli natijalar kelgusida saratonni erta tashxislashda katta rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Biroq tadqiqotda qatnashmagan olimlar bu test haqiqatda saratondan o‘lim holatlarini kamaytira olishini isbotlash uchun yana ko‘proq dalillar kerakligini ta’kidlamoqda.

PA
Maqsad saratonni ancha ertaroq, unga qarshi samarali va sog‘aytiruvchi davo usullarini qo‘llash imkoni bor paytda aniqlashdir.
Xarpal Kumar
Grail kompaniyasi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Londondagi Saraton tadqiqotlari instituti professori Kler Tyornbull shunday dedi:

"O‘lim darajasini asosiy ko‘rsatkich sifatida olgan, tasodifiy tanlangan ishtirokchilar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar ma’lumotlari, Galleri testi orqali go‘yo erta bosqichda aniqlangan saraton haqiqatda o‘lim holatlarini kamaytiradimi-yo‘qmi, shuni aniqlash uchun mutlaqo zarur bo‘ladi".

Sinov natijalari Yevropa onkologiya jamiyatining Berlindagi kongressida shanba kuni taqdim etiladi, ammo to‘liq ma’lumotlar hali ilmiy jurnalda chop etilmagan.

Ko‘p narsa Angliyadagi Milliy sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi 140 ming bemor ishtirokida o‘tkazilayotgan uch yillik sinov natijasiga bog‘liq bo‘ladi. Bu natijalar kelasi yili e’lon qilinadi.

Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS) avvalroq, agar natijalar muvaffaqiyatli bo‘lsa, sinovni yana bir million kishi uchun kengaytirishini bildirgandi.

Grail kompaniyasining biofarma bo‘yicha prezidenti Ser Xarpal Kumar natijalarni "juda ishonarli" deb ta’rifladi.

U BBC ga bergan intervyusida shunday dedi:

"Saratondan vafot etayotganlarning aksariyatida kasallik juda kech bosqichda aniqlanadi".

Shuningdek, u: "Maqsad saratonni ancha ertaroq, unga qarshi samarali va sog‘aytiruvchi davo usullarini qo‘llash imkoni bor paytda aniqlashdir", deydi

Biroq Britaniya saraton tadqiqotlari markazi vakili Nosir Turobiy zararsiz saraton turlariga ortiqcha tashxis qo‘yishdan saqlanish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini aytdi.

"Buyuk Britaniyaning saratonni aniqlash bo‘yicha milliy qo‘mitasi ushbu testlar orqali olingan dalillarni ko‘rib chiqish va ularni sog‘liqni saqlash tizimida tadbiq etish yoki etmaslikni belgilashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi," dedi u.