O‘zbekiston va dunyo: Erkaklar qotili – prostata saratonini erta aniqlash mumkinmi?

Shifokor ko‘rigidagi erkak.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Erkaklar ko‘pda shifokor ko‘rigiga borishni istashmaydi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Britaniya sobiq Bosh vaziri lord Kameron prostata saratoniga chalinganini ma’lum qilgan.

Bu saraton turi Britaniyadagi erkaklar orasida eng ko‘p tarqalgan saratondir.

Har yili mamlakatda 55 ming holat aniqlanadi.

Prostata saratoni turlicha namoyon bo‘ladigan kasallik: ba’zilarda tez tarqalsa, boshqalarda juda sekin o‘sadi va minimal davolashni talab qiladi yoki umuman talab qilmasligi mumkin.

Prostata bezi saratoni nima?

Prostata bezi yong‘oq kattaligidagi bez bo‘lib, tos bo‘shlig‘ida qovuqdan pastroqda joylashgan.

U siydik chiqarish kanalini – siydikni tanadan jinsiy olat orqali chiqaradigan nayni o‘rab turadi.

Prostata bezi saratoni, ya’ni bezdagi hujayralarning nonormal va nazoratsiz o‘sishi odatda sekin rivojlanadi.

Yillar davomida hech qanday belgi yoki alomatlari bilinmasligi mumkin va ba’zi erkaklarda deyarli muammo tug‘dirmasligi ham mumkin.

Ammo boshqalarda saraton tajovuzkor va qattol bo‘lishi mumkin.

Erta aniqlangan prostata saratonini muvaffaqiyatli davolash imkoniyati ancha ko‘proq.

Lord Devid Kemeron.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, 59 yoshli lord Kemeron turmush o‘rtog‘ining maslahati bilan shifokorga borgan.

Prostata bezi saratoni qanchalik keng tarqalgan?

Britaniya Prostata saratoni tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har sakkiz erkakdan biri hayotining qaysidir pallasida prostata saratoniga chalinadi.

Buyuk Britaniyada har yili taxminan 52 300 erkakka tashxis qo‘yiladi va Britaniya Saraton tadqiqotlari ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 12 200 ga yaqin kishi mazkur saratondan vafot etadi.

U ko‘pincha keksa yoshda – 75 yoshdan oshgan erkaklar orasida uchraydi. 50 yoshgacha bo‘lganlarda kamdan-kam kuzatiladi.

Agar yaqin qarindoshingiz – otangiz, akangiz, bobongiz yoki amakingiz prostata saratoni bilan og‘rigan bo‘lsa, sizda bu kasallik xavfi yuqori.

U yana qora tanli erkaklarda ko‘proq uchraydi.

Getty images
2022-yili O‘zbekistonda 1200 ga yaqin erkakka prostata bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan.Bu saratonga chalinganlarning umumiy sonining 8 foizga yaqinini tashkil qiladi.
Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti

O‘zbekistonda prostata saratoni ne qadar keng tarqalgan?

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yili O‘zbekistonda 1200 ga yaqin erkakka prostata bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan.

Bu saratonga chalinganlarning umumiy sonining 8 foizga yaqinini tashkil qiladi.

Prostata bezi saratoni erkaklarda o‘pka, qorin va jigar saratonidan so‘ng 4- eng keng tarqalgan saratondir.

Sobiq velosipedchi Kris Xoy

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Sobiq velosipedchi Kris Xoy ham prostata saratoniga chalingan.

Prostata bezining asosiy alomatlari qanday?

Prostata saratonining asosiy alomatlari quyidagilar:

• tez-tez siyish zarurati – ayniqsa kechasi

• siyishni boshlashda qiyinchilik, siyish sur’atining sustligi va uzoq davom etishi

• siydik yoki urug‘da qon bo‘lishi

Ushbu alomatlar boshqa sabablar bilan ham yuzaga kelishi mumkin, lekin har qanday o‘zgarishlarni shifokor tekshirishi muhim.

Prostata bezi saratoni uchun aniq test bormi?

Yagona, aniq tashxislash testi yo‘q. Shifokorlar turli usullar asosida tashxis qo‘yishadi.

Prostataga xos antigen (PXA) uchun qon testi va skanerlash, shuningdek, laboratoriyada tekshirish uchun kichik to‘qima namunasini olgan holda biopsiya qilish mumkin.

PXA testlari sog‘lom erkaklarni prostata saratoniga tekshirish uchun muntazam qo‘llanmaydi, chunki natijalar ishonchsiz bo‘lishi mumkin.

Yuqori PXA doim ham saraton kasalligini anglatmaydi. Masalan, infektsiya bo‘lsa, uning miqdori oshishi mumkin.

PXA ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan ba’zi erkaklarda prostata saratoni bo‘lishi mumkin, ammo u muammo tug‘dirmaydi yoki davolashni talab qilmaydi. Bu esa ortiqcha tashvish va qo‘shimcha tekshiruvlarga sabab bo‘ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Prostata bezi ommaviy skriningi yordam beradimi?

Tadqiqotchilar skriningni joriy etish foydali bo‘lishi yoki bo‘lmasligini qayta-qayta o‘rganib chiqqan.

Umuman olganda, bu tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ma’lum bir yoshdagi barcha erkaklar PXA testidan o‘tishi prostata saratonidan vafot etadigan erkaklar sonining faqatgina biroz kamayishiga olib keladi.

2020 yilda Buyuk Britaniyaning Milliy skrining qo‘mitasi bu kasallik uchun skrining o‘tkazishni tavsiya qilmagan edi.

Biroq «Prostata saratoni tadqiqotlari»ning so‘nggi hisobotida oilaviy anamnezida prostata saratoni bo‘lgan 45-69 yoshli erkaklar va qora tanli erkaklar uchun skrining dasturini o‘tkazish taklif qilingan.

Ammo boshqalar bu boshqa kasalliklar bilan davolanayotgan bemorlarni skanerlash imkoniyatini kamaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Ba’zi mutaxassislar skriningning ahamiyatiga shubha bilan qaraydi. Ularning fikricha, bemorlar zarur bo‘lmaganda ham saraton kasalligidan davolanishi va keyinchalik siydik tuta olmaslik va erektil disfunktsiya kabi ta’sirlar bilan yashashga majbur bo‘lishi xavfi bor.

Prostata bezi saratoni qanday davolanadi?

Turli xil davolash usullari mavjud va shifokor qaysi biri sizga mos kelishi mumkinligini maslahat beradi.

Agar saraton erta bosqichda bo‘lsa va sust rivojlanayotgan bo‘lsa, uni shunchaki nazorat ostiga olish mumkin.

Ba’zi prostata saratoni turlari jarrohlik va nur terapiyasi kabi davolash usullari bilan davolanishi mumkin.

Gormon terapiyasi saraton o‘sishini ham sekinlashtirishi mumkin.

Shuningdek, o‘ta sovuq (krioterapiya) yoki yuqori intensivlikdagi fokuslangan ultratovush yordamida saraton hujayralarini yo‘q qilish mumkin.