Rossiya yollanma jangarilari Afrikada tinch musulmonlarni o‘ldirmoqdami?

- Author, Tomas Naadi
- Role, BBC Afrika
- O'qilish vaqti: 7 daq
Diqqat: hikoyada qiynoq va jismoniy zo‘ravonlik tasvirlari bor. Ayrim o‘quvchilar dilini xira qilishi mumkin.
Do‘kondorlardan biri Bi-bi-siga Malidagi jihodchilarga qarshi urushayotgan rossiyalik yollanma jangarilar uning ko‘z oldida ikki kishini sovuqqonlik bilan o‘ldirgani, so‘ng barmoqlarini kesib tashlash va uni ham o‘ldirish bilan tahdid qilganini aytib berdi.
Bu Bi-bi-si to‘plagan bir nechta shunga o‘xshash guvohliklardan biri bo‘lib, rus yollanma jangarilarining G‘arbiy Afrika davlatida islomiy jangarilarga qarshi shafqatsiz operatsiyada qo‘llagan usullarini ko‘rsatadi – inson huquqlari tashkilotlari bu usullarni qoralagan.
2021 yilda Malida hokimiyatni egallagan harbiy xunta frantsuz qo‘shinlarini qo‘zg‘olonni to‘xtata olmaganlikda ayblab, mamlakatdan chiqib ketishga majbur qildi. Xunta Rossiya tomonga yuzlandi, o‘sha paytda Kreml bilan bog‘liq bo‘lgan "Vagner" yollanma jangarilaridan yordam so‘radi.
Shundan so‘ng "Vagner" mamlakatdan chiqib ketdi va uning o‘rnini Rossiya mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi «Afrika korpusi» egalladi.
O‘tgan oy Tashqi aloqalar bo‘yicha Yevropa kengashi e’lon qilgan hisobotda aytilishicha, "Vagner" yollanma askarlarining ba’zilari joriy yil o‘rtalarigacha faqat taklif bilan qabul qilinadigan Telegram guruhda o‘z vahshiyliklarini namoyish etgan.
Ular "qo‘zg‘olonchilar va tinch aholiga nisbatan qotillik, zo‘rlash, qiynoqlar, odam go‘shtini yeyish va jasadlarni tahqirlash holatlari aks etgan fotosuratlar va videolarni muntazam ravishda bo‘lishishgan," deyiladi xabarda.
Iyunь oyida "Africa Report" nashri "Vagner"ga aloqador Telegram kanalga "kirib", vahshiyliklar tasvirlangan 322 ta video va 647 ta fotosuratni, jumladan, kesilgan boshlar va o‘yib olingan ko‘zlarni, shuningdek, "irqchilikka to‘la" xabarlarni topganini ma’lum qildi.
"Vagner" nomini eshitganimda, o‘zimni majruh his qilaman. Qo‘rqaman. "Vagner" so‘zini yomon ko‘raman, u menga musibat keltirdi".
Biz suhbatlashgan do‘kondor Malidan qochib, hozir Mavritaniyadagi qochqinlar lagerida yashamoqda. Biz unga Ahmad deb ism qo‘ydik va ushbu maqolada keltirilgan barcha qurbonlarning ismlarini ularning xavfsizligi uchun o‘zgartirdik.
U Bi-bi-siga aytishicha, uning boshidan o‘tganlar "Vagner" jangarilari 2024 yil avgust oyida Nampala markaziy shahridagi u ishlaydigan katta do‘konga kelganida boshlangan.
Uning aytishicha, xaridorlar oldida "Vagner" jangarilari uning xo‘jayinini hibsga olmoqchi bo‘lgan va uni mintaqada kuchli ta’sirga ega jihodchilar bilan hamkorlik qilganlikda ayblagan.
"Ular meni mashinaga tiqib, qo‘llarimni bog‘lashdi," deya qo‘shimcha qildi u.
"Vagnerchi pichoqni olib, barmog‘imga qo‘ydi va «Do‘kon egasi qaerda?» deb so‘radi. Men unga [poytaxt] Bamakoda ekanligini aytdim, lekin u: «Noto‘g‘ri javob», dedi."
Ahmadning aytishicha, tarjimon orqali gapirgan vagnerchilar uni yaxshi mustahkamlangan Mali harbiy bazasiga olib borib, angarga qamab qo‘yishgan.
"Men va uchta vagnerchi angarda edik. Ular idishni suvga to‘ldirib, kiyimlarimni yechishimni buyurishdi. Shunday qildim. Boshimni suvga shunchalik botirdiki, nafasim bo‘g‘ilib, yiqilib tushdim. Keyin ular oyoqlarini ko‘ksimga qo‘yishdi, nafas olishim qiyinlashdi.
"So‘ng ular boshimni yana suvga tiqishdi va mendan ikkinchi marta do‘kon egasi haqida so‘rashdi, men yana u Bamakoda ekanligini aytdim," deydi Ahmad va qiynoqlar uchinchi marta takrorlanganini, o‘zi esa xuddi shunday javob berganini qo‘shib qo‘ydi.
Ushbu sinovdan so‘ng, Ahmadning aytishicha, uni kichik hojatxona blokiga tashlashgan, u yerda u bilgan boshqa mahalliy odamlar, jumladan, Husayn ham bor edi. U shu qadar qattiq kaltaklangan ekanki, Ahmad dastlab uni taniy olmagan.
"Taxminan 40 daqiqadan so‘ng ular Umarni [yana bir tanishini] olib kelishdi. U ham dahshatli ahvolda edi. Uni qiynashgandi. Biz o‘sha hojatxonada uxladik va ertasi kuni ertalab ular bir bo‘lak non va kichik finjonda qahva olib kelishdi," deydi Ahmad.
Uning aytishicha, uni yana angarga olib ketishgan, u yerda rus jangarilari uning yuzi va boshiga bint o‘rashgan.
"Ko‘ra olmasdim. Gapira olmasdim. Eshita olmasdim. Ular bo‘g‘zimga pichoq tirab, tarjimonga bu so‘nggi imkoniyat ekanligini aytishni buyurishdi. Agar rostini aytmasam, boshimni olishlarini aytishdi. Tarjimonga qo‘limdagi bor ma’lumotni berganimni aytdim."
Ahmadning aytishicha, ular keyin bintni olib tashlab, uni oshxonaga qamashgan. U yerda ikki notanish odam bilan tunab qolgan – biri chorva mollarini boqib yurganida sababini aytmasdan qo‘lga olinganini aytgan etnik tuareg, ikkinchisi esa tuyalarini qidirayotganda qo‘lga olinganini aytgan arab edi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Mali shimolidagi keng cho‘llarda yashovchi ko‘chmanchi tuareglar va arab jamoalariga ko‘pincha shubha bilan qarashadi. Ayniqsa, o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin ayirmachi tuareglar qo‘zg‘olonini jihodchi guruhlar o‘z nazoratiga olgan bo‘lib, ular hozirda asosan "al-Qoida"ning "Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin" shu’basi bayrog‘i ostida harakat qilmoqda.
Ular bilan tunab qolgach, Ahmad uni yana angarga olib ketishganini aytdi.
"Ular ikki kishini [tuareg va arabni] olib kelib, mening oldimda boshlarini tanasidan judo qilishdi," deydi Ahmad.
Qo‘rqib ketgan Ahmad Bi-bi-siga keyin nima bo‘lganini aytib berar ekan, ko‘z yoshlarini tiyishga harakat qilardi.
"Yangi qonni hidlashim uchun jasadlardan birini menga yaqin keltirishdi va: "Agar do‘kon egasining qaerdaligini aytmasang, sen ham xuddi shu taqdirga duchor bo‘lasan", deyishdi."
Ahmadning aytishicha, "Vagner" qo‘mondoni Mali armiyasi zobitiga qo‘ng‘iroq qilgan, zobit do‘kon egasi jihodchilar bilan aloqada emasligini aytgandan keyingina uning hayoti saqlab qolingan.
Ahmad o‘sha qo‘mondon keyin uni, shuningdek, boshqa do‘kon egasi va Umarni ozod qilish uchun bazaga borganini aytdi.
"U yerda 15 kun qoldim. Keyin xotinim va bolalarim bilan Mavritaniyaga ketishga qaror qildim," deydi Ahmad.
Bi-bi-si izoh olish uchun Rossiya va Mali mudofaa vazirliklariga murojaat qildi, ammo ular hozircha javob bergani yo‘q.
Aktyor Jorj Kluni va AQSh hukumatining sobiq amaldori Jon Prendergast asos solgan The Sentry guruhi avgust oyida e’lon qilgan hisobotida "Vagner" jangarilari nafaqat tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik qilgani, balki Mali harbiy tizimida "tartibsizlik va vahima" uyg‘otgani, bu esa qo‘mondonlarni jim turishga majbur qilganini ta’kidladi.
Hisobotda Mali amaldorining vagnerchilar "frantsuzlardan ham battar" ekani haqidagi so‘zlari keltirilgan: "Ular mening askarlarimni o‘zlaridan ahmoqroq deb o‘ylashadi. Biz yomg‘irdan qochib do‘lga tutildik".
Xavfsizlik holati yomonlashganiga qaramay, o‘z vazifasini "bajarildi" deb e’lon qilgan "Vagner" joriy yil iyunida Malidan chiqib ketishini ma’lum qildi. Tahlilchilar fikricha, uning aksariyat jangarilari «Afrika korpusi»ga qo‘shilgan.
Senegaldagi Timbuktu instituti tahlil markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, Afrika korpusi jangarilarining 70-80 foizi ilgari "Vagner"da xizmat qilgan.
"Aslida, Afrika korpusi "Vagner"ning inson huquqlari buzilishi, jumladan, sudsiz qotilliklar va qiynoqlar bo‘yicha merosini qabul qildi," deyiladi iyul oyida e’lon qilingan hisobotda.
Biroq, zo‘ravonlikni kuzatuvchi Acled guruhi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Afrika korpusi xatti-harakatlari "Vagner"nikichalik "tajovuzkor emas".
"Tinch aholini qasddan o‘ldirish yoki ommaviy vahshiyliklar bilan bog‘liq hodisalar soni sezilarli darajada kamaydi," dedi Acled'ning G‘arbiy Afrika bo‘yicha katta tahlilchisi Eni Nsaybia Bi-bi-si bilan suhbatda.
BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mojarolar tufayli 50 mingga yaqin kishi Mavritaniyadagi Mberra qochqinlar lageriga qochishga majbur bo‘lgan.
Ular orasida Bintu ham bor. U Bi-bi-siga o‘tgan yili erining o‘qdan ilma-teshik bo‘lgan jasadi daryoga tashlanganidan so‘ng besh farzandi bilan qishlog‘idan qochganini aytdi. Mahalliy aholi unga eri otda ketayotganda otib o‘ldirilganini aytishgan.
"Bolalarimga kim qaraydi? Menga kim g‘amxo‘rlik qiladi?" deb so‘raydi u lagerdagi uyi oldidagi kichik maydonchani supurayotib.
"Vagner" nomini eshitganimda, o‘zimni majruh his qilaman. Qo‘rqaman. "Vagner" so‘zini yomon ko‘raman, u menga musibat keltirdi".
To‘q ko‘k kiyim va oq salla o‘ragan yana bir qochqin Yusuf shiypon ostida o‘tirganida, Bi-bi-si muxbirlari u bilan uchrashdi. U boshdan kechirgan azob-uqubat ko‘zlarida aks etib turardi.
U do‘stlari bilan Mavritaniya chegarasi yaqinida mol boqib yurib, toza suv olish uchun quduq yonida to‘xtaganida olisdan chang-to‘zon ko‘tarilganini eslaydi.
Yusufning aytishicha, ularning oldiga mashina kelgan va undan "Vagner" jangarilari tushib, hech qanday sababsiz ularni kaltaklay boshlagan – bu voqeani bir necha qochqin Bi-bi-siga so‘zlab berdi.
Yusufning eslashicha, "Vagner" jangarilaridan biri "meni ushlab, quduqqa tashlash bilan tahdid qilgan," ammo boshqasi bunga yo‘l qo‘ymagan.
Uning aytishicha, shundan so‘ng u va uning do‘stlari har birida uch nafar vagnerchi bo‘lgan turli mashinalarga joylashtirilgan.
"Ular mashinada ketayotganda yo‘l bo‘yi meni kaltaklashdi, tepishdi, etiklari bilan yuzimni, boshimni bosishdi, ko‘ksimga urishdi. Mollarimizga nima bo‘lganini bilmayman".

Surat manbasi, Reuters
Do‘stlari bilan birga u Lere shahri shimolidagi harbiy lagerga olib ketilgan va u yerda qiynoqqa solinganini aytdi.
"Bir kishi temir tayoq ko‘tarib keldi. U bizni shunday kaltakladiki, o‘lib qoladigandek bo‘ldim. Qo‘llarimizni qimirlatmaslik uchun bir-biridan ajratib bog‘lashdi, sonlarimizga, oyoqlarimizga qattiq urib, qochib ketishimizga yo‘l qo‘yishmadi."
Yusufning aytishicha, ularni xonaga sudrab olib kirishgan, kaltaklashlar hushini yo‘qotguncha davom etgan.
U hushiga kelganida qo‘llari do‘stlaridan birining harakatsiz qo‘llariga bog‘lab qo‘yilgan ekan.
"Keyin ular mototsiklni yuzimga yaqinlashtirib, motorni ishga tushirishdi va meni to‘liq uyg‘otish uchun burnimga tutun purkashdi. Do‘stimga ham shunday qilishdi, lekin u javob bermadi. U o‘lib qolgan edi."
Yusuf do‘stining jasadiga nima bo‘lganini bilmasligini aytdi, ammo u va uning boshqa do‘stlari yana hech qanday tushuntirishsiz ozod qilingan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Sobiq do‘kondor Ahmadning aytishicha, u o‘zining azobli tajribasidan oldin "Vagner" qanday qilib ommaviy vahshiyliklarga qo‘l urganini, bir safar butun Nampala shahri va uning atrofidagi qishloqlarni qamalga olganini ko‘rgan.
U futbol maydonida to‘planishga majbur qilingan aholi orasida bo‘lganini aytdi. Yollanma jangarilar sun’iy yo‘ldosh telefonidan foydalanayotgan deb gumon qilingan shaxsni qidirgan.
"Ular Siku Sisseyni chaqirishdi. U shunchaki an’anaviy bosh kiyim kiygan tasodifiy odam edi. Ular uning kiyimlarini yechib, bochkaga suv to‘ldirishdi va oyoqlaridan ushlab turishdi. Keyin uning boshini nafas ololmay qolguncha bochkaga botirishdi," deydi Ahmad.
Ahmadning qo‘shimcha qilishicha, Mali askarlari kuzatib turgan, vagnerchilar keyinroq odamlarni qo‘rqitish uchun futbol maydoniga belkurak va cho‘kichlar olib kelishgan. Ular sun’iy yo‘ldosh telefonidan foydalanayotgan shaxsni ko‘rsatmasalar, o‘z go‘rlarini o‘zlariga qazdirish bilan qo‘rqitishmoqchi edi.
Uning aytishicha, kun bo‘yi jazirama quyosh ostida turgandan so‘ng, yollanma jangarilar olib ketgan va taqdiri noma’lum qolgan bir kishidan tashqari, barcha qo‘yib yuborilgan.
Ahmad "Vagner" jangarilarining javobgarlikka tortilishini va vahshiyliklari uchun jazolanishlarini xohlashini aytdi.
"Bu kechmish meni ta’qib qiladi. Dahshatli tushlar ko‘raman," deydi u lagerda qop-qora kiyimda o‘tirarkan. U o‘zining oddiy do‘kondorlik hayotiga qaytadimi-yo‘qmi, bilmaydi.












