Bir haftada ikki qizaloq — ilgari jinsiy zo‘ravonlik uchun qamalganlar yana jinoyat qildi

Kishanlangan qo‘l tasviri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Illyustrativ surat
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekistonda so‘nggi bir hafta ichida ikki voyaga yetmagan qizaloqqa nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati qayd etildi. Har ikki holatda ham gumonlanuvchilar avval pedofillik va jinsiy zo‘ravonlik uchun qamalgan. Ammo "yaxshi xulq" bahonasi bilan erkinlikka chiqarilgan yoki manzil koloniyasiga o‘tkazilgan shaxslar bo‘lgani jamoatchilikni g‘azabga soldi.

Ohangaronda — koloniyadan qochgan mahkum 9 yoshli qizni zo‘rladi

16 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida manzil koloniyadan qochgan 31 yoshli mahkum maktabdan qaytayotgan 9 yoshli qizaloqqa jinsiy zo‘ravonlik qilgani aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2018 yilda 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish ayblovi bilan 16 yilga qamalgan, ammo keyin jazo yengillashtirilib, koloniyaga o‘tkazilgan. U yerda "foydali mehnat" ishlariga jalb qilingan, keyin nazoratsiz qolib, qochib ketgan.

Jinoyat sodir etilgandan so‘ng u tez fursatda qo‘lga olingan, hozir qamoqda.

Namanganda qarindosh pedofil 7 yoshli qizaloqni zo‘rladi

BBC
Endi qaysidir katta bir amaldorning nevarasi yoki farzandi pedofilning o‘ljasiga aylanishini kutib o‘tiramizmi? Duo qilib so‘raylikmi?
Mirsaid Xaydarov
Bloger (Batafsil: bbc.com/uzbek)

14 oktyabr kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 38 yoshli erkak o‘z qarindoshi bo‘lgan 7 yoshli qizaloqni zo‘rladi. U ikki kunlik qidiruvdan keyin ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, u avval ham jinsiy jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan, keyin "axloq tuzatish ishlari" sababli muddatidan oldin ozod qilingan.

Hozirda jabrlanuvchi qizaloq shifoxonaning jonlantirish bo‘limida, ahvoli barqaror.

"Bu faqat pedofilning razolati emas, tizimning yuzi"

Faollar O‘zbekistonda jinsiy zo‘ravonlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarga nisbatan jazo yengilligi va adolat qaror topmayotganidan norozi bo‘lishgan.

"Endi qaysidir katta bir amaldorning nevarasi yoki farzandi pedofilning o‘ljasiga aylanishini kutib o‘tiramizmi? Duo qilib so‘raylikmi? Ungacha pedofillar uchun yengil jazo va mehribonlik ko‘rsatilaveradimi?", deb yozadi bloger Mirsaid Haydarov.

Bloger Rustambek Tog‘aev ham shunday fikr bildirgan.

Oliy Majlis deputati Dilnoza Azizova pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini kiritishni taklif qildi.

"Namangandagi voqea — faqat bir pedofilning razolati emas, bu jinoyatni yillar davomida "axloq tuzatish ishlari" degan yumshoq ifoda bilan oqlab kelgan tizimning yuzi. Bolaning hayoti bilan o‘ynash mumkin emas. Bu faqat jinoyat emas — insoniylikka qarshi qo‘zg‘olon. Shunday pedofillar jazo muddatini „yaxshi xulq“ bahonasi bilan qisqartirib, ko‘chada erkin yurgani — davlatning bolaga bo‘lgan munosabatidan darak. Qonun faqat qog‘ozda emas, hayotda ham qattiq bo‘lishi kerak. Bunday jinoyatchilar uchun kechirish, yengillik yoki "yaxshi xulq" degan gap bo‘lmasligi shartligining yana bir isbotiga guvoh bo‘ldik", — deb yozdi deputat.

Qo‘shni davlatlarda qanday?

Qozog‘istonda pedofiliya uchun jazo siyosati so‘nggi yillarda keskin kuchaytirildi. 17 oktyabrda kuchga kirgan qonunga o‘zgartirishga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlarni kimyoviy kastratsiya jazosi qo‘llaniladi.

Qirg‘iziston parlamenti ham 2023 yil pedofillik uchun kimyoviy kastratsiya jazosini ma’qullagan.

Aloqador mavzular:

Oktyabr boshida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bunday jinoyatlar uchun jazolarni yanada qat’iylashtirishni yoqlab chiqdi.

Xususan, u mamlakatda bolalar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qaytarishni taklif qildi.

Bu 17 yoshli maktab o‘quvchisining zo‘rlanishi va o‘ldirilishi bilan bog‘liq shov-shuvli ishdan keyin ro‘y berdi. Ayrim huquq faollari sud tizimining noqisligini ta’kidlab, tashabbusga qarshi chiqdi.