Olti yil avval Tramp BMT assambleyasiga yig‘ilganlarni kuldirgan edi, bu yil ular sukut saqlashdi

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Donald Trampning BMTdagi nutqi uning dunyoqarashi va mafkurasi eng ochiq shaklda ifodalangan bayonotlaridan biri edi.
Uning tarafdorlari bu, ehtimol, to‘liq yechilgan trampizmdir, tanqidchilari uchun esa bu nazoratdan chiqqan trampizm bo‘lishi mumkin.
Deyarli bir soat davomida u dunyo bo‘ylab raqiblarini va ularning g‘oyalarini birma-bir tanqid qildi. U gapni o‘z yurtidan boshladi, Amerika Qo‘shma Shtatlarini va o‘zini maqtadi. U AQSh oltin davrni boshdan kechirayotganini, shaxsan o‘zi yettita urushni tugatgani haqidagi bahsli da’vosini takrorladi va buni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib, deb ta’kidladi.
Keyin u mezbonlarga tanbeh bera boshladi. Uning aytishicha, BMT uning tinchlik o‘rnatish sa’y-harakatlariga yordam bermagan. U tashkilotning maqsadini shubha ostiga qo‘yib, uning ulkan salohiyati borligini, ammo buni samarali ishlatmayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, BMT faqat qat’iy so‘zlar bilan xatlar yozadi, ammo ularni ijro etmaydi. Quruq so‘zlar urushlarga chek qo‘ymaydi, dedi u.
Shuningdek, u AQShga kirmoqchi bo‘lgan boshpana izlovchilarga yordam bergani uchun BMTni tanqid qilib, "BMT bosqinchiliklarni to‘xtatishi kerak, ularni yaratmasligi va moliyalashtirmasligi kerak," dedi. Prezident hatto BMTni uning tashrifi va nutqiga xalaqit bergan buzilgan eskalator va teleprompter uchun ham tanqid qildi.

Surat manbasi, EPA
Bir tomondan, uning gaplarida jon bor. Ko‘plab tahlilchilar bugungi kunda BMTning mojarolarni hal qilishdagi samaradorligini shubha ostiga qo‘ymoqda, xususan, Xavfsizlik Kengashining falajligi va tashkilotning sust byurokratiyasiga e’tibor qaratmoqda.
Ammo boshqa tomondan, Trampning o‘zini BMT samarasizligining ham sababi, ham alomati sifatida ko‘rish mumkin. Chunki Trampning o‘zi global inqirozlarni yechishda BMT kabi ko‘p tomonlama tashkilotlardan foydalanmasdan, o‘ziga o‘xshagan qudratli odamlarni yig‘ib, kelishuv tuzish orqali hal qilgan yaxshi deb hisoblaydi.
Tramp davrida AQSh BMTni moliyalashtirishning katta qismini to‘xtatdi, natijada tashkilot butun dunyo bo‘ylab gumanitar ishlarini qisqartirishga majbur bo‘ldi.
Tramp, ehtimol, eng katta tanqidini Yevropadagi ittifoqchilariga qaratdi. U qayta tiklanadigan energiyaga sarmoya kiritgani va migratsiyaga chegaralarini ochgani uchun qit’ani tanqid qildi.
"Yevropa jiddiy muammolarga duch kelgan. Uni misli ko‘rilmagan darajada noqonuniy muhojirlar bosgan... Ham immigratsiya, ham xudkushona energiya g‘oyalari G‘arbiy Yevropa halokatiga olib keladi," dedi u.
Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi "dunyoda sodir etilgan eng katta firibgarlik" bo‘lib, Yevropa mamlakatlarini qazilma yoqilg‘iga nisbatan qimmatroq energiya xarajatlari bilan qiynamoqda. U, xususan, Buyuk Britaniya hukumatini Shimoliy dengiz neftiga yangi soliqlar joriy etgani uchun tanqid qildi.
"Agar yashil energiya firibgarligidan qutulmasangiz, mamlakatingiz barbod bo‘ladi," dedi u.
"Men Yevropani yaxshi ko‘raman. Men Yevropa xalqini yaxshi ko‘raman. Energiya va immigratsiya tufayli vayron bo‘lishini ko‘rishni yomon ko‘raman. Bu ikki boshli maxluq o‘z yo‘lidagi hamma narsani yo‘q qiladi... siz siyosiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishni xohlaysiz va shu bilan o‘z an’anangizni yo‘q qilmoqdasiz."
Oxirgi nuqtaga e’tibor bering. Bu prezidentning o‘tgan hafta Buyuk Britaniyaga davlat tashrifi chog‘ida "inglizzabon dunyo" qadriyatlarini himoya qilish muhimligi haqida aytgan so‘zlariga o‘xshaydi.
Trampning Yevropani tanqid qilishining madaniy jihati bor. U nazoratsiz immigratsiya Yevropaning yahudiy-nasroniy an’anasiga tahdid solayotganiga ishonadi. Bejizga Tramp oshkora dindor ma’muriyat rahbari emas. "Keling, diniy erkinlikni himoya qilaylik, – dedi u BMTga, – jumladan, bugungi kunda sayyoradagi eng ko‘p ta’qib qilinayotgan dinni – u nasroniylik deb ataladi."
Tramp yana Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq eng jiddiy ogohlantirishni berdi.

Surat manbasi, EPA
Uning aytishicha, prezident Putinning mojaroni tugatishdan bosh tortishi "Rossiyani yaxshi ko‘rsatmayapti." U AQSh qon to‘kilishini to‘xtatish uchun "kuchli bojlarning juda qaqshatqich raundini joriy etishga" tayyor ekanligini aytdi. Ammo u Yevropa davlatlari Rossiya energiyasini sotib olishni allaqachon to‘xtatishi kerak edi dedi va ba’zilar shunday qilayotganini ikki hafta oldin bilganini da’vo qildi.
Amalda faqat Vengriya va Slovakiya Rossiya neftining yagona asosiy yevropalik xaridorlari hisoblanadi. Diplomatlar ta’kidlashicha, Tramp Hindiston va Xitoyga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llashi shart bo‘lmasligi uchun buning ortiga yashirinmoqchi. Bu ikki davlat katta miqdorda arzon Rossiya energiyasini sotib olmoqda va Tramp ularni ham tilga olgan.
Ehtimol, uning nutqidan ko‘ra, biroz vaqt o‘tgach, ijtimoiy tarmoqlardagi posti muhimroq bo‘ldi. Unda u birinchi marta Ukraina o‘zining butun hududini qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Uning Rossiyani "qog‘oz yo‘lbars" va "haqiqiy harbiy kuch emas" deb baholashi prezident Putinga zarar yetkazadi, chunki u o‘z mamlakatining global o‘yinchi emasligiga oid har qanday ishoradan juda ta’sirlanadi. Diplomatlar aytishicha, bu Trampning Rossiyaga nisbatan tanqidiyroq pozitsiyaga o‘tayotganiga oxirgi misol bo‘ldi.
Biroq, Trampning so‘zlariga doim ehtiyotkor yondashish kerak. U BMTda Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan uchrashganidan so‘ng bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas optimistik kayfiyatda edi.
U Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATO yordamida o‘z hududlarini qaytarib olishi mumkinligini aytdi, ammo AQShning ishtiroki haqida hech narsa demadi. So‘nggi bir necha yillik barcha dalillar shuni ko‘rsatadiki, bu holdan toydirish urushi bo‘lib, Ukraina AQShning keng ko‘lamli harbiy yordamisiz Rossiyadan yerlarni qaytarib ololmaydi.
Bu sof Tramp edi: Amerika va suveren davlatni himoya qilish, ko‘p tomonlamalik va globallashuvga qarshilik, shubhali ta’kidlarga to‘la ong oqimi.
Olti yil oldin BMTdagi tinglovchilar Trampning ba’zan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bayonotlariga kulgan bo‘lsa, bu yil asosan jimgina tinglashdi.
"Men bu masalani juda yaxshi bilaman, – dedi u jahon yetakchilariga. – Mamlakatlaringiz jahannamga ketmoqda."












