Ukraina Qora dengizda Rossiya tankerlariga zarba berdi
- Author, Denni Eberxard
- Author, Tom Bennett
- O'qilish vaqti: 2 daq
Ukraina rasmiylarining xabar berishicha, ukrain dengiz dronlari Qora dengizda Rossiyaga tegishli ikki neft tankeriga zarba bergan.
BBC tomonidan tasdiqlangan videolavhalarda suv yuzasida harakatlanuvchi dronlarning to‘lqinlar orasidan tezlik bilan kelib kemalarga urilishi, so‘ng katta alanga bilan portlashi hamda qora tutunning osmonga ko‘tarilayotgani ko‘rinadi.
Turkiya rasmiylari zarba berilgan tankerlarni Kairos va Virat deb atadi. Ikkalasi ham Gambiya bayrog‘i ostida faoliyat qilgan. Tankerlar juma kuni Turkiya sohillari yaqinida nishonga olingan. Virat shanba kuni ham zarba olgan. Jabrlanuvchilar haqida ma’lumot yo‘q.
Hujumlar Kievning harakatlari tobora keskinlashayotganini ko‘rsatadi. Ukraina Rossiyaning neft tushumlarini kamaytirishga intilyapti. Bu mablag‘lar esa, Moskva uchun Ukrainadagi harbiy amaliyotlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Xabar qilinishicha, ushbu ikki kema Rossiyaning "soya floti" tarkibida bo‘lgan. Bu atama 2022 yil Ukrainaga urush ochilganidan keyin Rossiyaning G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun ishlatadigan yuzlab tankerlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Soya floti asosan eski tankerlardan iborat bo‘lib, ko‘pchiligining kimga tegishli ekani va sug‘urtasi noaniq
Qora dengizdagi hujumlar Rossiya neftini tashuvchi kemalar uchun yangi xavfni ko‘rsatdi.
Kairos kemasi Qora dengizning janubi-g‘arbida, Virat esa markaziy sharq qismida zarbaga uchradi. London fond birjasi ma’lumotiga ko‘ra, ikki tanker ham sanksiyaga tushgan kemalar ro‘yxatida.
Hujumda Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) ishlab chiqargan Sea Baby turkumiga mansub dengiz dronlari qo‘llanilgan.
Turkiya rasmiylari kemalarga yordam berganini aytdi va Kairosdagi yong‘inni o‘chirishga uringan ikki turk kemasi aks etgan videoni e’lon qildi.
Hujumlar Ukraina tomonidan ogohlantirish sifatida baholanmoqda, ya’ni Qora dengizda Rossiya neftini tashuvchi kemalar faqat G‘arb sanksiyalariga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumga ham duch kelishi mumkin.
O‘tgan tungi hujumdan so‘ng Kaspiy mintaqasidan neft tashuvchi yirik konsortsium Rossiyaning Qora dengizdagi Novorossiysk portidan yuklash ishlarini to‘xtatdi.
Caspian Pipeline Consortium ma’lum qilishicha, hujum tufayli portdagi kemalar to‘xtaydigan joyga katta zarar yetgan.
Rossiya va Qozog‘iston shirkatning asosiy hissadorlar hisoblanadi.
G‘arbdagi neft gigantlari Exxon Mobil, Chevron va Shell ham konsortsium tarkibidan o‘rin olgan.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Aybek Smadiyarov hujumdan qattiq norozilik bildirib, bu kabi holat uchinchi marta qayd etilayotganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston barqaror va uzluksiz energiya ta’minotiga alohida ahamiyat beradi.
Smadiyarov bu hodisa Qozog‘iston va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatganini qo‘shimcha qildi va Kievdan bunday vaziyatlar takrorlanmasligi uchun aniq choralar ko‘rishni talab qildi.
Ayni paytda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali rasmiy Rustem Umerov boshchiligidagi delegatsiya urushni tugatish bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralarni davom ettirish uchun AQShga yo‘l olgan.
Umerov Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilishi kutilmoqda. Oldingi bosh muzokarachi - Zelenskiy administratsiyasining nufuzli rahbari Andrey Yermak juma kuni antikorruptsiya idorasi xodimlari uning uyida tintuv o‘tkazganidan keyin istefoga chiqqan edi.
Ukraina delegatsiyasi yakshanba kuni Floridada AQSh rasmiylari bilan uchrashishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff kelasi hafta Moskvada muzokaralar o‘tkazadi.













