Gitlerning DNKsini o‘rganish kerakmi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Tiffani Vertxaymer
- O'qilish vaqti: 8 daq
Adolf Gitlerning qon namunasidan olingan DNK tahlili diktatorning nasl-nasabi va sog‘lig‘i haqida ayrim qiziq ma’lumotlarni ochib berdi.
Xalqaro ekspertlar guruhi o‘tkazgan ilmiy tadqiqotlar Gitlerning nasabi yahudiy bo‘lgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi (u yahudiy emas edi) va unda jinsiy a’zolar rivojlanishiga ta’sir qiluvchi genetik kasallik borligini aniqladi. Bu ma’lumotlar eski mato parchasidagi qon yuqi orqali olindi.
Matbuotning shov-shuvli sarlavhalari natsist diktatorida mitti olat va faqat bitta moyak bor-yo‘qligiga e’tibor qaratgan bo‘lsa-da, uning DNKsida autizm, shizofreniya va bipolyar kasallikka moyillik bo‘yicha "juda yuqori" ko‘rsatkichlar aniqlangani yanada jiddiyroq topilma hisoblanadi.
Bu uning ushbu nevrologik kasalliklarga chalinganini anglatadimi? Mutaxassislar bunga mutlaqo yo‘q, deb javob berishadi – bu tashxis emas.
Shunday bo‘lsa-da, tadqiqotning axloqiy jihatlari haqida xavotirlar paydo bo‘ldi, bu esa "Bunday tadqiqot umuman o‘tkazilishi kerak edimi?" degan savolni keltirib chiqardi.
"Men bu haqda ko‘p bosh qotirdim," deydi professor Turi King shanba kuni Channel 4 telekanali orqali namoyish etilgan "Gitlerning DNKsi: Diktatorning chizmasi" nomli hujjatli filmning dastlabki daqiqalarida.
Bi-bi-siga aytishicha, bir necha yil oldin unga ushbu loyihada ishtirok etish taklif qilinganda, u Adolf Gitler kabi shaxs DNKsini o‘rganishning ehtimoliy oqibatlarini juda yaxshi anglagan – "Men sensatsiyaboz emasman".
Biroq, u qo‘shimcha qilishicha, bu tadqiqot baribir qachondir kimdir tomonidan amalga oshirilishi mumkin edi. Hech bo‘lmaganda uning nazorati ostida tadqiqotning ilmiy jihatdan puxta va barcha "ogohlantiruv va cheklovlar" bilan bajarilishini ta’minlash mumkin edi.
Professor King avval ham yuqori darajadagi va nozik loyihalarda qatnashgan – u 2012 yilda Lesterdagi avtomobil to‘xtash joyi ostida topilgan Richard III ning skeletini aniqlash bo‘yicha genetik tadqiqotga rahbarlik qilgan.

Surat manbasi, Gettysburg Museum of History
80 yillik qonli mato parchasi Gitlerning yer osti bunkeridagi divanidan kesib olingan. U Ikkinchi jahon urushi oxirida ittifoqchi kuchlar Berlinga bostirib kirganida shu yerda o‘zini o‘ldirgan edi.
Bunkerni tekshirayotganda, AQSh armiyasi polkovnigi Rosvell P. Rosengren noyob harbiy o‘lja olish imkoniyatini ko‘rdi va matoni cho‘ntagiga soladi. Hozirda u AQShning Gettisburg tarix muzeyida ramkaga solingan holda namoyish etilmoqda.
Olimlar bu haqiqatan ham Gitlerning qoni ekanligiga ishonch hosil qilishdi, chunki ular qondagi Y-xromosoma uning o‘n yil oldin olingan erkak qarindoshining DNK namunasi bilan mosligini aniqladilar.
Hozir ekspertlar ko‘rib chiqayotgan natijalar chindan ham qiziqarli.
Gitlerning DNKsi birinchi marta aniqlandi va to‘rt yil davomida olimlar dunyodagi eng dahshatli zolimlardan birining genini ko‘rish uchun uni ketma-ket tahlil qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Gitlerning kelib chiqishi yahudiy bo‘lmagani aniq – bu mish-mish 1920-yillardan beri tarqalgan edi.
Yana bir muhim topilma shundaki, unda Kallman sindromi bo‘lgan. Bu genetik kasallik jinsiy balog‘atga yetish va jinsiy a’zolar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, bu mitti olat va moyaklarning tushmasligiga olib kelishi mumkin – agar Britaniyada urush davrida kuylangan qo‘shiqni bilsangiz, Gitler haqida yana bir mish-mish aynan shu haqda edi.
Kallmann sindromi jinsiy maylga ham ta’sir qilishi mumkin, bu ayniqsa qiziqarli, deydi hujjatli filmda ishtirok etgan tarixchi va Potsdam universiteti o‘qituvchisi doktor Aleks Key.
"Bu bizga uning shaxsiy hayoti haqida ko‘p narsani aytib beradi – aniqrog‘i, uning shaxsiy hayoti yo‘qligi haqida," deb tushuntiradi u.
Tarixchilar uzoq vaqtdan beri Gitler nima uchun siyosatga, "deyarli har qanday turdagi shaxsiy hayotni istisno qilgan holda" shunchalik berilib ketgani haqida bahslashib kelgan va bu topilma bunga tushuntirish bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, bunday topilmalar ham qiziqarli, ham foydali. Professor King ta’biri bilan aytganda: bu "tarix va genetika uyg‘unlashuvi".

Surat manbasi, Tom Barnes/Channel 4
Gitlerda bir yoki bir nechta ruhiy salomatlik muammosi mavjud bo‘lgani ehtimolini ko‘rsatadigan natijalar yanada murakkab va munozarali.
Uning genomini poligen ko‘rsatkichlar bilan taqqoslab, Gitlerning autizm, DTGS (Diqqat tanqisligi giperaktivlik sindromi), shizofreniya va bipolyar buzilishga moyilligi yuqori bo‘lganini aniqladilar.
Shu yerda hammasi murakkablashadi.
Poligen hisoblash usuli bilan odamning DNKsi tekshiriladi va uning kasallikka chalinish ehtimoli aniqlanadi. Bu usul odamning yurak kasalliklari va keng tarqalgan saraton kasalliklariga moyilligini aniqlashda foydali bo‘lishi mumkin. Biroq bu usulda DNK katta aholi namunasi bilan taqqoslanadi va shuning uchun natijalar alohida shaxsga nisbatan ancha ishonchsiz bo‘lishi mumkin.
Bi-bi-si ko‘rib chiqqan hujjatli film davomida mutaxassislar DNK tahlili tashxis emas, balki moyillik belgisi ekanligini ta’kidlashga harakat qilgan – bu Gitlerda ushbu holatlarning birortasi aniq bo‘lganini anglatmaydi.
Ammo ba’zi genetik olimlar topilmalarning haddan tashqari soddalashtirilgani haqida xavotir bildirdi.
Londondagi Kings kollej sud-tibbiy genetikasi professori Denis Sinderkomb Kort tadqiqotchilar "ortiqcha taxmin qilib yuborgani"ni ta’kidladi.
"Xarakter yoki xatti-harakatlar nuqtai nazaridan, bu juda foydasiz deb hisoblayman," deydi 2018 yilda xuddi shu qon namunasini o‘rgangan professor Kort Bi-bi-si bilan suhbatda.
U "noto‘liq penetrantlik" tufayli natijalarga qarab kimningdir ma’lum bir kasalligi bor-yo‘qligi haqida bashorat qilishni istamasligini aytdi.
Hamkasb genetik olim doktor Sundhya Raman buni sodda tilda shunday izohlaydi: "DNKngizda biror narsa kodlangan bo‘lsa, bu albatta namoyon bo‘ladi degani emas."
Bu fikr Kembrij universiteti qoshidagi Autizm tadqiqot markazi direktori professor Saymon Baron-Koenning hujjatli filmida ham aks etgan: "Biologiyadan xulq-atvorga o‘tish katta sakrashdir."
"Bunday genetik natijalarga qarab, tuhmat qilib qo‘yish xavfi bor. [Xuddi shunday genetik tashxis qo‘yilgan] odamlar: «Men ham shunday dahshatli ishlarni qilgan odam bilan bog‘liqmanmi» deb o‘ylab qolishi mumkin."
"Boshqa ko‘plab omillarni hisobga olmasdan bu holatni faqat genetikaga bog‘lab qo‘yish xavfli," deydi u.

Surat manbasi, Getty Images
Buyuk Britaniyaning Milliy autizm jamiyati darhol javob berib, topilmalarni "arzon tryuk" deb atadi.
"Ilmiy jihatdan sayoz bo‘lishi u yoqda tursin, biz [bu hujjatli filmning] autizmi bor odamlarning his-tuyg‘ulariga nisbatan loqaydlikdan hayratdamiz," dedi tadqiqot bo‘yicha direktor yordamchisi Tim Nikolls o‘z bayonotida.
"Autizmli odamlar yaxshiroq munosabatga loyiq."
Bi-bi-si ushbu xavotirlarni Channel 4 va hujjatli filmni tayyorlagan Blink Films kompaniyasiga yetkazdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, professor Baron-Koen kabi mutaxassislar "odamning xulqi nafaqat uning genetikasi, balki uning muhiti, bolalik va hayotiy tajribasi, tarbiyasi, ta’lim va moddiy imkoniyati hamda atrofidagi madaniy omillar kabi ko‘plab omillar natijasi ekanligini tushuntiradilar."
"Dasturda ta’kidlanishicha, filmlarda aniqlangan genetik ma’lumotlar Gitlerga taalluqliligi rost, ammo bu ma’lumotlar Gitler biologik jihatdan chindan ham shunday bo‘lganini anglatmaydi."

Surat manbasi, Stephanie Bonnas
Hujjatli film nomidagi "Diktatorning chizmasi" iborasi ham e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Professor King bu u tanlagan nom emasligini aytdi va ko‘rsatuvda ishtirok etgan tarixchi professor Tomas Veber Bi-bi-siga filmda "diktator geni" bo‘lmasligi ta’kidlangani holda unga shunday nom berilganidan ajablanganini aytdi.
Bi-bi-si bilan suhbatlashishdan oldin hujjatli filmni ko‘rmagan professorning aytishicha, DNK tahlili unga ham qiziqarli, ham tashvishli tuyulgan.
"Qiziqarliligi shundaki, bu Gitler haqidagi ko‘plab taxminlarimni tasdiqladi... lekin odamlar «yovuzlik geni»ni topishga urinish kabi genetikaga haddan tashqari ko‘p e’tibor berishidan xavotirdaman."
U, shuningdek, autizm va boshqa sindromlar bilan yashayotgan odamlar uchun bu qanday qabul qilinishidan tashvish bildirdi.
Keng jamoatchilikka murakkab ilmni tushuntirib berishda ko‘plab qiyinchiliklar mavjud.
"Bu TV – u ba’zida soddalashtiradi," dedi professor King. U olim sifatidagi mas’uliyatini ommaviy axborot vositalari talablari bilan muvozanatlashda katta tajribaga ega.
"Ular [hujjatli film ijodkorlari] boshqacha yo‘l tutib, juda shov-shuvli qilishlari mumkin edi, lekin bunday qilishmadi. Ular ba’zi nozik jihatlarni ko‘rsatishga harakat qilishdi... va biz ehtiyot choralarini ko‘rdik."
Channel 4 ko‘rsatuv nomi to‘g‘ri qo‘yilganini ta’kidlab, "DNK kundalik tilda «hayot chizmasi» deb ataladi," dedi. Bundan tashqari, uning vazifasi "keng auditoriyaga yetib boradigan dasturlar yaratish va bu dastur murakkab ilmiy g‘oyalar va tarixiy tadqiqotlarni barcha tomoshabinlar uchun tushunarli qilishga qaratilgan."
Loyihaning axloqiy jihatlari bo‘yicha ham ko‘plab savollar bor.

Surat manbasi, Alamy
Agar Gitlerning yoki uning bevosita avlodining ruxsati bo‘lmasa, uning DNKsi tekshirilishi to‘g‘ri bo‘ladimi?
Bu uning tarixdagi eng dahshatli jinoyatlardan biri uchun javobgar ekanligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Uning jinoyatchi ekani shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini bekor qiladimi?
"Bu Gitler – u hech kim DNK tadqiqotini o‘tkaza olmaydigan qandaydir mistik shaxs emas. Bu qarorni kim qabul qiladi?" deydi professor King.
Tarixchi Subhadra Das bunga qo‘shiladi: "Bu olimlar qiladigan ish. Yuzlab allaqachon vafot etgan odamlarning DNK namunalari olingan, bu fan va arxeologiyada keng tarqalgan amaliyot. Muammo biz bu ma’lumotlarni qanday talqin qilishimizda."
Tarixchi doktor Key axloqiy jihati borasida xavotirda emasligini aytadi, "faqat faktlar mavjud bo‘lsin va biz hamma narsani ikki marta tekshirgan bo‘laylik."
Gitlerning DNKsiga tegish kerakmidi yoki yo‘qligi haqida u shunday deydi: "Gitlerning o‘lganiga 80 yil bo‘ldi. Uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlari yo‘q va farzandlari bo‘lmagan. U cheksiz azob-uqubatlar uchun javobgar edi – biz buni uning DNKsini tahlil qilishning axloqiy muammosi bilan solishtirib ko‘rishimiz kerak."
Qizig‘i shundaki, Yevropadagi bir nechta laboratoriyalar loyihada ishtirok etishdan bosh tortdi va tahlillar aynan AQShdagi laboratoriyada o‘tkazildi.
Hujjatli film ijodkorlari Bi-bi-siga aytishicha, tadqiqot "ikki mamlakatda akademik ish uchun standart axloqiy baholov jarayonidan o‘tgan".
Xo‘sh, bu tadqiqot umuman o‘tkazilishi kerak edimi? Bi-bi-si bir qator genetik olimlar va tarixchilar bilan suhbatlashdi va javob savolni kimga berishingizga bog‘liq.
Hujjatli film ijodkorlari, tabiiyki, "ha, kerak edi" deydi. Bu Gitlerning yaxlit qiyofasini yaratishga yordam beradi, u hali ham hayratga va dahshatga soladigan shaxs.

Surat manbasi, General Photographic Agency/Hulton Archive/Getty Images
"Biz o‘tmishdagi ekstremizmni tushunish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak," deb ta’kidlaydi professor Veber.
"Ochig‘ini aytganda, – deydi doktor Key, – bu mavzular yangi emas... biz bu g‘oyani odamlar ongiga to‘satdan singdirganimiz yo‘q. Odamlar o‘nlab yillar davomida Gitlerda ba’zi kasalliklar bor-yo‘qligini taxmin qilib kelgan."
Barcha tarixchilar ham bu fikrga qo‘shilmaydi.
"Menimcha, bu Gitlerning harakatlariga nima turtki berganini tushuntirishning juda shubhali usuli," deydi Utrext universitetining xalqaro tarix bo‘yicha dotsenti Iva Vukusich.
Ommaviy xunrezliklarni o‘rgangan doktor Vukusich Bi-bi-si bilan suhbatda odamlar nima uchun qiziqayotganini tushunishini, ammo "biz izlayotgan javoblar DNK testi orqali topilmasligini" aytdi.
Tadqiqot qiziqarli bo‘lsa-da, u tarixning haqiqiy saboqlarini yashirishi mumkin, deydi Amsterdamdagi NIOD instituti tarixchisi Anne van Mourik.
Bu saboq shundan iboratki, "oddiy odamlar ma’lum vaziyatlarda dahshatli zo‘ravonlikni sodir etishi, uni keltirib chiqarishi yoki qabul qilishi mumkin."
Gitlerning (ehtimoliy) mitti olatiga e’tibor qaratish, deydi u, bizga ommaviy zo‘ravonlik va genotsid qanday sodir bo‘lishi va nima uchun yuz berishi haqida hech narsa o‘rgatmaydi.

Surat manbasi, Getty Images
Ammo bu natijalardan qanday foydalanishda barchamiz mas’ulmiz.
Doktor Keyning ta’kidlashicha, har bir kishi "ilm-fanga amal qilishi" va nimalarni bilishimiz va nimalarni bilmasligimiz haqida aniq ma’lumot berishi kerak.
Bunga ommaviy axborot vositalari va ularning yoritishi ham kiradi.
"Ushbu hujjatli filmni tomosha qilayotgan har bir kishi uni to‘g‘ri yoritishi, tuhmatlarga, kamsitishlarga hissa qo‘shmasligi kerak.
Bunday hujjatli film bo‘shliqda muallaq turgan narsa emas."
Tadqiqot yakunlanib, ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilgach, qachondir to‘liq natijalar e’lon qilinadi.
Professor Veber ulardan "juda ehtiyotkorlik va hushyorlik bilan" foydalanish kerakligini aytadi.
"Tadqiqot natijalarining yaxshi tomoni shundaki, ular besh, 150 yoki 500 yildan keyin ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Bu tadqiqot kelgusi avlodlar uchun kerak va ishonchim komilki, aqlli odamlar undan kelajakda foydalanadi."












