'Men ularga erimni berdim va ular meni hech narsasiz qoldirishdi'. Ukraina nima qilayapti?

    • Author, Anastasiya Gribanova
    • Reporting from, Kiev
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Ukraina askarlari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari bo‘yicha rasmiy statistika yo‘q, ammo ularning soni yuzlab bo‘lishi mumkin.

Orqasi bilan turgan noma’lum kishi.
Surat tagso‘zi, Qancha ukrainalik askar o‘z joniga qasd qilgani haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q.

Ushbu maqolada o‘z joniga qasd qilish haqida tushkun qiluvchi tafsilotlar va havolalar mavjud. Ba’zi ismlar shaxsni himoya qilish uchun o‘zgartirildi.

Olga Reshetilova
BBC
Ular jahannamni boshdan kechirishdi. Ularni qanchalik iliq kutib olsak, fojealar shunchalik kam bo‘ladi...
Olga Reshetilova
Ukrainaning birinchi harbiy ombudsmani (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Katerina o‘g‘li Orest haqida yig‘lamay gapira olmaydi. O‘g‘lining o‘lganini qanday bilgani haqida so‘zlar ekan, uning ovozi g‘azabdan titraydi.

Orest 2023 yilda Donetsk viloyatidagi Chasiv Yar yaqinidagi Ukraina front chizig‘ida halok bo‘lgan. Armiyaning rasmiy surishtiruviga ko‘ra, u o‘z-o‘ziga yetkazilgan jarohatdan vafot etgan.

Katerina Ukrainada o‘z joniga qasd qilish va ruhiy salomatlik haqidagi uyat hissi tufayli o‘zining va vafot etgan o‘g‘lining shaxsini anonim qoldirishni so‘radi.

Orest kitobni sevadigan, ilmiy darajalarni orzu qiladigan kamgap 25 yoshli yigit edi. Uning ko‘rish qobiliyati zaifligi urush boshlanganda uni xizmatga yaroqsiz qilib qo‘ygandi, deydi onasi.

Ammo 2023 yilda uni ko‘chada harbiyga chaqiruv patruli to‘xtatdi, uning ko‘rish qobiliyatini qayta tekshirishdi va jangga yaroqli deb topishdi. Oradan ko‘p o‘tmay uni aloqa mutaxassisi sifatida frontga jo‘natishdi.

Ukraina harbiylari tanklarning yo‘lini to‘sish choralarini ko‘rishayapti.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Donetsk. Ukraina harbiylari Chasiv Yar yaqinidagi jang jabhasi bo‘ylab...

Janglarda halok bo‘lgan ukrainalik askarlarning aniq sonini bilish qiyin.

Joriy yil boshida prezident Zelenskiy askarlar va ofitserlar orasida 46 mingdan ortiq ukrainalik halok bo‘lganini tan olgan edi. G‘arb tahlilchilari fikricha, bu raqam yetarli emas.

Soyalarda sokinroq fojialar yuz beradi – o‘z joniga qasd qilgan askarlar, qayg‘u, uyatdan sukut saqlayotgan oilalar.

Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri askarlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha rasmiy statistika yo‘q. Rasmiylar ularni alohida hodisalar sifatida tasniflamoqda. Ammo inson huquqlari himoyachilari ularning soni yuzlab bo‘lishi mumkinligiga ishonadi.

"Orestni chaqirishmadi, tutib olishdi", deydi Katerina alam bilan.

Mahalliy chaqiruv markazi Bi-bi-siga huquqbuzarlik bo‘lganini rad etib, ko‘rish qobiliyati zaiflashgan bo‘lsa ham, Orest urushga "qisman yaroqli" bo‘lganini aytdi.

Chasiv Yar yaqiniga joylashtirilgan Orest tobora kamgap va tushkun bo‘la boshladi, deb eslaydi Katerina.

U hali ham har kuni o‘g‘liga xat yozadi – 650 ta bo‘lgan. Qonun uning o‘limini boshqacha tasniflayotgani uning qayg‘usini yanada kuchaytirdi. Ukrainada o‘z joniga qasd qilish jangovar bo‘lmagan o‘lim hisoblanadi. O‘z joniga qasd qilganlarning oilalari hech qanday tovon puli, harbiy unvonlar olmaydi, jamoatchilik ularni e’tirof etmaydi.

"Ukrainada biz xuddi ikkiga bo‘lingandekmiz, – deydi Katerina. – Kimdir to‘g‘ri yo‘l bilan, kimdir noto‘g‘ri yo‘l bilan o‘ldi.

"Davlat o‘g‘limni olib, urushga jo‘natdi va menga qopga solingan jasadni olib keldi. Tamom. Na yordam, na haqiqat bor, hech narsa."

Harbiy libosdagi askarlar Ukraina davlat bayrog‘iga o‘ralgan tobut oldida turishibdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Lvovda janglarda halok bo‘lgan askarning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi

Yashirin to‘lov

Katerinaning hikoyasi BBC yaqini xizmat vaqtida o‘z joniga qasd qilgan oilalardan to‘plagan uchta hikoyadan biridir. Har bir hikoya og‘ir psixologik charchoqni va ularni e’tiborsiz qoldirayotgan tizimni ochib beradi.

Kievlik Mariananing kechmishi ham yurakni ezadigan darajada o‘xshash. U o‘zining kimligini ham, marhum erining sirini ham yashirishni istaydi.

Uning turmush o‘rtog‘i Anatoliy 2022 yilda jang qilishni istagan. Dastlab harbiy tajribasi yo‘qligi uchun rad javobini olgan, biroq "uni olib ketmagunlaricha qaytib boraverdi," deydi ayol nimtabassum bilan.

Anatoliy urushning eng qonli frontlaridan biri – Baxmut yaqiniga pulemyotchi sifatida jo‘natilgan.

"U bir missiyadan keyin 50 ga yaqin yigit halok bo‘lganini aytdi, – deb eslaydi Mariana. – U butunlay boshqacha bo‘lib qaytdi.

Anatoliy qo‘lining bir qismidan ayrilganidan so‘ng kasalxonaga yuborildi.

Bir kuni kechqurun xotini bilan telefonda gaplashgach, kasalxona hovlisida o‘z joniga qasd qildi. "Urush uni sindirib qo‘ydi, – deydi u yig‘i aralash. – U ko‘rganlari bilan yashay olmasdi".

Anatoliy o‘z joniga qasd qilgani uchun amaldorlar unga harbiy dafn marosimini lozim topmagan.

"U front chizig‘ida turganida, foydali edi. Lekin endi u qahramon emas-ku? Mariananing aytishicha, u o‘zini xiyonat qilingandek his qilmoqda.

"Davlat meni bir chetga uloqtirdi", deydi u. Men ularga erimni berdim, ular meni quruq qoldirishdi.

Kamiga u boshqa harbiy bevalar uni kamsitayotganini his qilmoqda.

Derazaga qarab turgan holatdagi Mariyana. U o‘z shaxsining sir tutilishini istadi.
Surat tagso‘zi, Mariyana Ukrainada o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq stigma tufayli o‘z shaxsini yashirishni xohladi.

Uning yagona tayanchi – o‘z joniga qasd qilgan askarlarning bevalari bo‘lgan o‘zi kabi ayollarning onlayn hamjamiyati.

Ular hukumat qonunni o‘zgartirishini, ularning vafot etgan oilalari boshqa harbiy oilalar bilan bir xil huquqlarga ega bo‘lishini xohlashadi.

Biz Lvovda uchrashgan Viktoriya hali ham qoralanishdan qo‘rqib, erining o‘limi haqida ommaga gapira olmaydi. Biz uning haqiqiy ismi va turmush o‘rtog‘i ismini o‘zgartirdik.

Uning eri Andreyda tug‘ma yurak kasalligi borgan, ammo armiyaga borishni o‘zi talab qilgan. U razvedka bo‘linmasida haydovchi bo‘lgan va eng shiddatli janglar, jumladan, Xersonni ozod qilishda qatnashgan.

2023 yil iyun oyida Viktoriyaga qo‘ng‘iroq qilib, Andrey o‘z joniga qasd qilganini aytishdi.

"Dunyo qulab tushgandek bo‘ldi", deydi u.

Uning jasadi 10 kundan keyin yetib kelgan, biroq unga jasadni ko‘ra olmasligini aytishgan.

Keyinchalik u yollagan advokat uning o‘limi bo‘yicha tergovda nomuvofiqliklarni topdi. Voqea joyidan olingan suratlar erining o‘limi haqidagi rasmiy versiyaga shubha uyg‘otardi.

Ukraina harbiy kuchlari o‘z xatolarini tan olib, tergovni qayta boshlashga rozi bo‘ldi.

"Men uning nomi uchun kurashyapman. U endi o‘zini himoya qila olmaydi. Mening urushim hali tugamagan."

Stigma madaniyati

Oksana Borkun harbiy bevalar uchun qo‘llab-quvvatlov jamiyatini boshqaradi.

Uning tashkilotiga hozirda o‘z joniga qasd qilishlar oqibatida yaqinlarini yo‘qotgan 200 ga yaqin oila a’zo bo‘lgan.

"Agar o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa, u qahramon emas deb o‘ylashadi odamlar, – deydi u. – Ba’zi cherkovlar dafn marosimini o‘tkazishni rad etadi. Ba’zi shaharlar ularning suratlarini xotira devorlariga joylashtirmaydi."

Bu oilalarning ko‘pchiligi o‘limning rasman aytilgan sabablariga ishonmaydi. "Ba’zi ishlar shunchaki tezda yopib qo‘yiladi," deya qo‘shimcha qiladi Oksana.

Harbiy ruhoniy ota Boris Kutoviy keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri o‘z qo‘mondonligida kamida uchta o‘z joniga qasd qilish holatini ko‘rganini aytadi. Biroq, uningcha, hatto bitta ham ko‘plik qiladi.

"Har bir o‘z joniga qasd qilish qaerdadir muvaffaqiyatsizlikka uchraganimizni anglatadi."

Uning fikricha, professional harbiylardan farqli o‘laroq ko‘plab chaqirilgan askarlar ayniqsa ruhan zaif.

Oksana ham, Boris ham o‘z joniga qasd qilganlarni qahramon deb hisoblash kerakligini ta’kidlaydi.

Haqiqatni qaror toptirishga qiynalayotgan tizim

Olga Reshetilova BBC ga suhbat berayotgan chog‘.
Surat tagso‘zi, Olga Reshetilova Ukrainaning birinchi harbiy ombudsmani.

Ukrainaning harbiy ombudsmani Olga Reshetilova har oyda to‘rttagacha harbiyning o‘z joniga qasd qilgani haqida ma’lumot olishini va bu borada yetarlicha ish qilinmayotganini tan oladi.

"Ular do‘zaxni ko‘rishdi. Hatto eng kuchli ruh ham sinishi mumkin," deb tushuntiradi u.

Reshetilova xonim BBC ga uning idorasi tizimli islohotlar o‘tkazish uchun harakat qilayotganini aytadi.

"To‘g‘ri harbiy psixologiya maktabini yaratish uchun yillar kerak bo‘ladi," deydi u.

"Oilalar haqiqatni bilishga haqli, – deydi u. – Ular tergovchilarga ishonishmaydi. Chunki, ba’zida qotillikni o‘z joniga qasd qildi deb yashirishlari mumkin."

Xizmat qilganlarning barchasini harbiy qahramonlar sifatida sharaflash kerakmi-yo‘qmi, degan masalada uning fikri aniq emas, ammo u kelajakka nazar tashlaydi.

"Biz hozirdanoq urush tugaganidan keyingi davrga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, – deydi Reshetilova xonim. – Bu odamlar sizning qo‘shnilaringiz, hamkasblaringiz edi. Ular jahannamni boshdan kechirishdi. Ularni qanchalik iliq kutib olsak, fojealar shunchalik kam bo‘ladi."

Maqolani yozishda Kevin MakGregor, Aleksey Nazaruk va Fibi Xopson ham o‘z hissalarini qo‘shishgan.