O‘zbekiston: "Tappi qilishni to‘xtatishni xohlayman". Qishloq qanday qishlayapti? (Video)

- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Jurnalist, O‘zbekiston
- O'qilish vaqti: 4 daq
Egarchi qishlog‘iga kirar ekansiz, bir zumda bu yerda odamlar qanday sharoitda yashashlarini anglaysiz.
Ko‘cha chetlarida o‘tin yo go‘zapoya, devorlarda tappi va ba’zida eski mung‘aygan simyog‘ochlarga ko‘zingiz tushadi.
Ko‘chalar loy va balchiq. Onda-sonda ko‘cha chetidan loyga botmay yurishga intilib ketayotgan odamlarni ko‘rasiz.
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi ayni qishloq hayoti O‘zbekistonning yuzlab, balki minglab qishloqlaridan u qadar katta farq qilmaydi.
Ammo odamlar kelajak hayotlari hozirgidan farq qilishini kutib yashashlarini aytadilar.
"Tappi qilishni to‘xtatishni xohlayman, suyultirilgan gaz tugab qolsa choy-ovqatni qanday qilaman, degan hadiksiz yashasak edi" - deydi Shoira ismli ayol.
"Doim gazi bor qishloqlarga havas qilib yashayman".

Surat manbasi, .
Samarqand viloyati Ishtixon tumani Egarchi-2 qishlog‘ida yashaydigan ayollar yildan-yilga sumalak pishirishni kamaytirayaptilar, hammasiga o‘tin yo‘qligi sabab.
Ular to oktyabrning so‘ngidan fevralga qadar yoz bo‘yi g‘amlagan o‘tin-u tappilarini yoqib qo‘yishayotgani uchun sumalak pishirishga o‘tin topa olishmayapti.
Qishloqda ayollari suhbat payti qabargan va yorilgan qo‘llarini yashirishga intilishadi.
O‘zim ham qishloqda ulg‘ayganman.
Hali kuz oylaridan ayollarning qo‘llari yorilishni boshlaydi.
O‘tin taxtla, yappi tayyorla kabi qish tashvishlari va buning ustiga ovqat pishirish hamd kir-chir singari ro‘zg‘or yumushlari ham ularning yelkasida.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post

Ko‘pchilik erkaklar Rossiyada ishlaydi, ayrim ayollar endi ba’zi og‘ir ishlarni ham o‘zlari qilishlari kerak.
Ular bu yil qishdan chiqish qiyin kechayotganini aytishadi. Chunki elektr energiyasi uchun narxlar oshgani sababli elektr pechlardan foydalanish ham kamaygan.
Yosh bolasi bor ayollar, yarim tunda ham uyg‘onib pechga o‘tin yoqishi kerakligini aytishadi. Chunki uxlashdan oldin isitilgan uy sovib bo‘lgan, agar qayta isitilmasa, bolalar shamollab qolishi mumkin.

Buni bir necha kelganimga qaramay, o‘zim ham boshimdan o‘tkazdim.
Men ham ayni shu qishloqda ulg‘ayganman va necha yillardan beri bu qishloq ahli qanday orzu bilan yashayotganlarini bilaman.
Ular tabiiy gaz kelishini, yo‘llari asfalt, simyog‘ochlari xavfsiz bo‘lishini orzu qilib yashayaptilar.
Bu orzular ham qariyb chorak asrlik bo‘lib qoldi.
Yil davomida onamning tezak va tappi qilishi, qo‘shni kelinlarning bo‘sh vaqti bo‘ldi degandan mollar o‘tadigan yo‘llaru qir-adirlardan qop ko‘tarib tezak yig‘ib kelishini ko‘rib shahar hayotiga oshiq bo‘lganman.
Men shaharga "qochdim", ammo hamon onamning qo‘lidan tappi hidi ketmadi, kelinlar esa tezak-tappi yig‘ishdan to‘xtagani yo‘q.

Qishloqdoshlarim bilan suhbatlashar ekanman, ular issiq uyda uyg‘onishni orzu qilishini, vaqtini tappi qilishga emas, bolalariga sarflashni istashlarini aytadilar.
Ba’zilari namoz o‘qishni to‘xtatib turishgani, sovuq hammomda tahorat olib, shamollab qolishayotganini aytib berdi.
Pensioner Gulnora opa esa bundan 20 yillar oldin chamasi 10 yil gaz yoqqanini esga oldi. U mutassadilardan qishloqqa gazni qaytarishda yordam so‘radi.
"Qishda ko‘mir olamiz ozroq-ozroq. Tappi qilamiz, o‘tin yoqamiz. Ko‘mir ham qimmat. Pensiyamiz o‘zimizga yetmaydi, ko‘mirga ortmaydi. Kelin, bola-chaqa, hammamiz kunduz kuni bitta uyda o‘tiramiz. Mehmonxonalarimiz sovuqligidan mehmonlarimizni ham doimiy o‘tiradigan xonamizda kutib olamiz", deydi Gulnora opa.

"O‘tin yoqiladigan uy toza-ozoda turavermaydi doim ham, endi yig‘ishtirsak yana ivirsiydi" deydi ayollardan biri. Egarchilik ayollar o‘choq-tandirning achchiq tutunini hidlab, gaz ballonda choy qaynatib yashayaptilar.
Ular hamon sham ishlatishadi, chunki transformatorlar kutilmaganda portlab ketishi mumkin. Yangi yil bayrami kechasida ham 2-3 soat chiroq bo‘lmadi.
Gulnora opaning ta’kidlashicha, o‘rtacha ikki oyda bir bor hukumat tomonidan arzon narxda beriladigan gaz ballon keladi, u ehtiyojlarni qondirishga yetmaydi.
"Bitta uyda o‘tiramiz kuni bilan. Nevaralarimiz dars qilishi kerak, biz ham yotib dam olishimiz kerak. Hamma bir joyda to‘plangandan so‘ng, dars qilib bo‘larmidi? Bitta pechkaga o‘tin yoqamiz, ikkitaga yoqishga esa ko‘mir ham, tappi ham yetkaza olmaymiz. G‘o‘zapoya yoqamiz, tok pechka yoqaylik desak, elektr energiyasi ham qimmat. Ikki-uch kun elektr pech qo‘shsak birdan "svet"ni uzib qo‘yishadi, qarz yozishadi. Ularni berishga mablag‘ yetkaza olmaymiz", deydi u.
Ayollardan birining aytishicha, sovuq kunlari kir yuvish qiyinlashadi, suyultirilgan gazga suv isitaylik deyishsa gaz tugab qoladi, pechkada ko‘p suvni isitish noqulay, o‘choqqa o‘tin yoqib amallab suv isitishadi.
Umuman olganda ular ovqat qilishga gazi, issiqqina uyi hamda issiq suvi bo‘lsa o‘zini baxtli his qilishini aytadilar.
Oybek Abdurashidovning aytib berishicha, u ayni muammo bo‘yicha ochiq muloqotda so‘z ochgan, mutassadilar kelishgan. Ular hokimiyat bazasida gaz olib kelish uchun gaz quvurlari yo‘qligi, agar qishloqliklarning o‘zlari uni pul yig‘ib sotib olishsa, ancha uzoqdan gaz tortib kelib berishini aytishgan.
Oybek akaning aytishicha, xarajat hisoblab, oilalarga taqsimlanganda qimmatligini tushunib, ko‘pchilik buncha mablag‘ni ro‘zg‘oridan orttirib berolmasligini tushungan.
Egarchi-2 qishlog‘idagi asosiy muammo faqat gaz emas, simyog‘ochlar eskirgan, odamlarning aytishicha, mahallaga yangi rais saylanganda u qishloqdagi ustunlar o‘rniga yangilari kelishini va’da qilgan, biroq raisning vakolat muddati tugadi hamki hamon simyog‘ochlardan darak yo‘q. Odamlar hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidlashdi.
"Simyog‘ochlarimiz chirib ketgan, qulamoqchi bo‘lib turibdi. Bolalarimizning ustidan qulab ketmasmikan deb qo‘rqamiz" - deydi Gulnora opa.
Ichki ko‘chalar loy, odamlar uydan chiqayotganda emas, katta asfaltga chiqqandagina oyoq kiyimlarini tozalashadi. Lekin ertangi kun uchun ishonch hali-hamon so‘nmagan.












