You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Qozoq diplomatlari Kievda, otashkesim ikki xil talqin qilinayaptimi?
Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alibek Quantirov xabar qilishicha, qozog‘istonlik diplomatlar Kaspiy truboprovod konsortsiumi(KTK)ning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ukraina poytaxti Kievga borganlar.
"Biz Ukraina tomoni bilan aloqadamiz, ushbu masala bo‘yicha muzokaralar ketayapti", deya Quantirovdan iqtibos keltirdi «Interfaks-Kazaxstan» axborot agentligi.
24 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Krasnodar o‘lkasidagi KTKning "Kropotkinskaya" deb nomlanadigan neftni tortib olib stantsiyasiga yangi dron hujumlari ro‘y bergani haqida xabar tarqatdi, Kievni xalqaro energetika infratuzilmasiga zarba berishda aybladi.
Moskvaga ko‘ra, Rossiya va AQSh prezidentlarining telefon suhbatidan keyin Rossiya harbiylari Ukraina energetika inshootlariga hujumlarni to‘xtatishgan.
Ukraina dronlari 17 fevral kuni "Kropotkinskaya" neftni tortib olib stantsiyasiga hujum qilgan, oqibatda inshootga jiddiy shikast yetib, stantsiya faoliyatini to‘xtatishga, ta’mir boshlashga to‘g‘ri kelgan.
19 mart kuni ham Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari "Kropotkinskaya" stantsiyasi yaqinidagi ob’ektga hujum qilganini xabar bergan edi.
Otashkesim ishlamadimi?
25 mart kuni Oq Uy va Kreml Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilganini xabar qildilar.
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda AQSh hay’ati avval Rossiya delegatsiyasi bilan, so‘ng Ukraina hay’ati bilan muzokaralar o‘tkazdi, so‘ng Rossiya va Ukraina Qora dengizda otashkesim va kemalarning xavfsiz qatnovini yo‘lga qo‘yishga kelishdilar, deya xabar qilindi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy kemalar xavfsizligiga bag‘ishlangan kelishuv infratuzilmalarga ham taalluqli, deya bayonot berdi.
"Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ayrimlari olib tashlanganidan keyingina kemalar xavfsizligi haqidagi band kuchga kiradi", degan shartni qo‘ydi Rossiya.
"Taxminan besh yoki oltita shart bor. Biz ularning hammasini ko‘rib chiqamiz", dedi AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya Amerika tomoni oldiga qo‘ygan shartlar haqida.
Kreml zarba moratoriysi e’lon qilingan Ukraina va Rossiya energetika inshootlari ro‘yxatini e’lon qildi.
Bu inshootlarga neftni qayta ishlash korxonalari, elektr stantsiyalari, GES to‘g‘onlari va AESlar bor.
26 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainani otashkesim kelishuvini buzishda ayblab chiqdi.
Ukraina dronlari yarim tunda Qrimdagi yerosti gaz omboriga, Bryansk viloyatidagi energetika inshootlariga zarba berdi, oqibatda yuqori quvvatli elektr liniyasi ishdan chiqdi, odamlar elektr quvvatisiz qoldilar, Kursk viloyatidagi elektr tramog‘iga dron hujumi oqibatida 4000 kishi chiroqsiz qoldi, deya xabar qildi Rossiya harbiylari.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi moratoriy kelishuvini buzganliklari haqidagi Rossiya xabarlarini haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deya rad etdi.
«25-26 martda Ukraina Mudofaa kuchlari dronlari Kursk va Bryansk viloyatlaridagi energetika ob’ektlari va rossiyaliklar bosib olgan Qrim hududidagi energetika inshootlariga zarba bergani yo‘q.
Bosqinchi mamlakat harbiy idorasi urushni cho‘zish maqsadida yolg‘on va asossiz ayblovlar tarqatayapti, dunyoni aldashning Rossiyaga xos yolg‘on targ‘ibotini davom ettirayapti", deb yozdi Ukraina bosh shtabi o‘zining Telegram kanalida.
25 mart. Ar-Riyoddagi Rossiya va AQSh muzokaralari qanday o‘tdi? Moskva va Kiev nima deydi? - Video
24 mart kuni boshlangan Rossiya va Amerika delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar taxminan 12 soat davom etdi. Reuters agentligi Oq uydagi manbaga asoslanib, muzokaralar natijasida "ilgariga siljish kuzatilgani" va tez orada "ijobiy bayonot" berilishi kutilganini xabar qildi. Biroq, hozircha ikki tomondan ham rasmiy bayonot chiqmadi.
Muzokaralar haqida nima ma’lum?
Rossiya delegatsiyasi a’zosi, senator Grigoriy Karasin TASS agentligiga muzokaralar haqida fikr bildirib, "juda konstruktivli muloqot" bo‘lganini aytdi.
"Hamma narsa muhokama qilindi. Sermazmun va ammo oson bo‘lmagan muloqotlar, biz va amerikaliklar uchun foydali bo‘ldi", - dedi senator.
Uning ta’kidlashicha, "hamma masala hal qilingani yo‘q va barcha masalada kelishilmadi", biroq "yangi AQSh ma’muriyati kelishi" va uchrashuvga kelgan "yangi siyosatchilar" manzarasida o‘z vaqtida o‘tkazilgan muzokara bo‘ldi.
Seshanba kuni ertalab AQSh va Rossiya tomonlari qo‘shma bayonot e’lon qilishi kerak edi. Biroq, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar mazmuni "ommaga oshkor etilmasligini" bildirdi.
Qanday masalalar muhokama qilindi?
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralarda asosiy e’tibor "Qora dengizda kemalar xavfsiz o‘tishini ta’minlash" masalasiga qaratilganini aytdi.
"Moskva Qora dengiz tashabbusini yanada maqbul shaklda tiklash tarafdori, biroq aniq kafolatlar kerak", — dedi Lavrov.
Muzokaralar yakshanba kuni boshlangan bo‘lib, avvaliga AQSh delegatsiyasi Ukraina vakillari bilan uchrashgan. Bu uchrashuv 8 soat davom etgan.
Ukraina delegatsiyasi Saudiya Arabistonini tark etmasdan, Rossiya va AQSh muzokaralari natijalarini kutgan va so‘ngra AQSh bilan yangi raund muzokaralar o‘tkazgan.
Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov muzokara natijalari haqida shunday dedi:
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
"Muloqot konstruktiv va mazmunli bo‘ldi. Biz asosiy masalalar, jumladan, energetika sohasini muhokama qildik".
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham muzokaralarni "etarlicha foydali" deb baholadi.
Ukraina delegatsiyasi muzokaralar texnik tusga ega ekanini ta’kidlab, "otashkesim mexanizmi muhokama qilinayotganini" ma’lum qildi.
AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff va Milliy xavfsizlik kengashi maslahatchisi Mayk Uoltts Qora dengizda otashkesim va energetik ob’ektlarni himoya qilish masalalari muhokama qilinganini tasdiqladi.
Rossiya tomoni esa muzokaralarda Ukraina don eksportini qayta tiklashni muhokama qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Muzokaralarda kimlar qatnashdi?
AQSh delegatsiyasi tarkibida:
- Marko Rubio – AQSh davlat kotibi
- Mayk Uoltts – Tramp maslahatchisi
- Maykl Anton – AQSh siyosatini rejalashtirish direktori
Rossiya delegatsiyasi tarkibida:
- Grigoriy Karasin – Rossiya senatori
- Sergey Beseda – FSB rahbar maslahatchisi
Ukraina delegatsiyasi esa harbiylar, diplomatlar va energetika mutaxassislaridan iborat bo‘lgan.
Hozircha muzokaralar natijalari haqida rasmiy va batafsil bayonotlar berilmadi.
Uzoq davom etgan muzokaralar va sust natija
BBC ning Kievdagi diplomatik muxbiri Jeyms Lendeyl tahlili:
Dushanba kuni Ar-Riyodda rossiyaliklar va amerikaliklar o‘rtasida 12 soatlik muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Biz kutayotgan bayonot, ehtimol, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha ma’lumot berar.
E’tiborli jihati shundaki, garchi Kiev bilan muzokaralar davom etayotgan bo‘lsa-da, Vashington va Moskva ukrainlarsiz qo‘shma bayonot berish haqida o‘ylayotgani.
Muzokaralar oldidan bu jarayon «o‘rtakash diplomatiyasi» deb tasvirlangan edi — ya’ni Ar-Riyoddagi bir mehmonxona majmuasida uchta delegatsiya to‘plangandi.
Ammo bu yerda faol yugur-yugur bo‘layotgani ko‘rinmayapti — asosan bir tomon bilan uzoq muzokaralar bo‘lyapti va amerikaliklar qaysi masalalarda umumiy fikr borligini aniqlashga harakat qilmoqda.
Muzokaralar markazida 2022 yildagi Qora dengiz orqali don tashish tashabbusini tiklash masalasi turibdi — bu Ukrainadan don va o‘g‘it chiqarish uchun dengiz yo‘lini ochish hamda Rossiyaga o‘z doni va o‘g‘itini eksport qilishga ayrim iqtisodiy sanksiyalarni yumshatishga qaratilgan bitim.
Bu Qora dengiz bo‘ylab otashkesimga erishish bitimi emas, shuning uchun ular agar kelishgan bo‘lsa, aynan nimaga kelishganini kutib turishimiz kerak.
Hozircha esa, keng qamrovli 30 kunlik Ukraina bo‘ylab otashkesimga erishish emas emas, balki sekin-asta kichik qadamlar qo‘yilmoqda. Buni AQSh talab qilgan va Kiev rozi bo‘lgan edi.