Putin G‘alaba paradini kuchaytirilgan xavfsizlik va qisqa muddatli otashkesim sharoitida o‘tkazdi

parad

Surat manbasi, RIA NOVOSTI/EFE

O'qilish vaqti: 5 daq

Ukrainaning poytaxtga hujumlaridan bir necha kun o‘tib, Vladimir Putin xavfsizlik choralari kuchaytirilgan Moskvada G‘alaba paradini nishonladi.

Rossiya armiyasi, urush faxriylari va Xitoy rahbari Si Jinping hamda 20 dan ortiq davlat rahbarlari huzurida nutq so‘zlagan Putin, Rossiya Ikkinchi jahon urushi saboqlarini unutmasligini ta’kidladi.

U o‘z nutqida bu tarixiy voqealarni Ukrainadagi keng ko‘lamli urush bilan bog‘ladi va butun Rossiya u "maxsus harbiy operatsiya" deb atagan narsaning orqasida turganini aytdi. Bu urush to‘rtinchi yildirki davom etmoqda.

Rossiya ushbu 80 yillik sana munosabati bilan bir tomonlama, uch kunlik otashkesim e’lon qildi. Ukraina esa buni "teatrlashtirilgan shou" deb atadi.

Ukraina harbiylari 8 maydagi otashkesim e’lon qilinganidan beri minglab hujumlarga uchraganini ma’lum qilgan. Rossiya esa o‘t ochmaslikka rioya etilayotganini, Ukraina esa yuzlab marta uni buzganini da’vo qilmoqda.

Otashkesim e’lon qilinishidan oldin Moskva va Kiev o‘zaro kuchli zarbalar bergan. Rossiyadagi bir necha aeroportlarda parvozlar bekor qilingan va taxminan 60 ming yo‘lovchi ukrain dron hujumlari oqibatida manziliga yeta olmagan.

Moskva markazida G‘alaba kuni munosabati bilan qattiq cheklovlar joriy etildi.

Putin nutqi va bir daqiqalik sukutdan oldin, Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleg Salyukov 11 ming askarni Qizil maydonga boshlab kirdi. Ular orasida 1500 nafar Ukrainada jang qilgan harbiylar ham bor. Ularni Mudofaa vaziri Andrey Belousov tomonidan ko‘rikdan o‘tkazdi.

Putin "Rossiya natsizm, rusofobiya va antisemitizmga qarshi yiqilmas to‘siq bo‘lgan va bo‘lib qoladi", deya ta’kidladi. U Ukraina rahbariyatini bir necha bor asossiz ravishda "natsistlar" deb atagan.

"Haqiqat va adolat biz tomonda. Ukrainadagi urushda qatnashganlarni butun mamlakat, jamiyat va xalq qo‘llab-quvvatlayapti", ", dedi u.

Rossiyaning ma’lum qilishicha, ushbu tadbirda 27 davlat rahbari ishtirok etmoqda. Minglab askarlar Qizil maydonda yurib o‘tishdi va keyin Rossiya armiyasining so‘nggi harbiy texnikalari namoyon etildi.

Xitoy rahbari Si Jinping Qizil maydondagi minbarda Putin yonida o‘tirdi. U norinj va qora rangli Georgiy lentasini taqib olgandi. Lenta Rossiyada harbiy shuhrat ramzi sanaladi, ammo bir necha qo‘shni davlatlarda taqiqlangan.

Shavkat Mirziyoyev parad davomida hech qanday lenta taqmagan

Surat manbasi, president.tj

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev parad davomida hech qanday lenta taqmagan

Moskvaga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda "Sharaf lentasi" deb targ‘ib qilinayotgan O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan lentani taqqan holda ko‘rinish bergani aytilmoqda.

Biroq parad davomida Mirziyoyev ko‘ksida hech narsa taqilmaganini ko‘rish mumkin.

Qizil maydonda yurib o‘tgan harbiylar orasida 102 nafar xitoylik, shuningdek, Vetnam va Mongoliya harbiylari ham bor edi. Unda O‘zbekiston harbiylari ham ishtirok etishi aytilgandi.

Putin uchun Si Jinpingning ishtirokini katta diplomatik yutuq deb baholanmoqda. U Rossiyaning Ikkinchi jahon urushdagi ittifoqchilarini eslab, "Xitoy xalqi jasur" ekanini ta’rifladi.

Rossiya va Xitoy rahbarlari paraddan oldin ikki marta muzokara o‘tkazdi, Ukraina urushiga oid norasmiy suhbatlar ham bo‘lgani aytilmoqda.

Paradda Rossiyaning turli harbiy texnikalari: Yars raketa tizimlari, tanklar va bronetexnikalar namoyish etildi. Keyin oltita Su-25 samolyoti Qizil maydon ustidan uchib o‘tdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq tadbir ishtirokchilari xavfsizligini kafolatlay olmasligini aytgan va davlat rahbarlarini Moskvaga bormaslikka chaqirgandi.

Ukraina harbiy tahlilchisi va New Geopolitics Research Network direktori Mixaylo Samus BBC'ga aytishicha, Ukraina parad payti hujum qilmasligi mumkin — bu xorijiy rahbarlar ishtirok etishayotgani bilan bog‘liq.

Biroq, agar Ukraina shunday qaror qilsa, Samus bundan harbiy nuqtai nazardan hech qanday huquqiy muammo yo‘qligini aytdi.

8 may: Zelenskiy paradga kelayotgan davlat rahbarlarini xavfdan ogohlantirdi, Ilhom Aliev nega unga bormayapti? 9 maydan oldin falajlangan Moskva aeroportlari

parad

Surat manbasi, Getty Images

Rossiya Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 80 yilligini tantanali kutib olishga tayyorlanarkan, Moskva atrofidagi aeroportlar ma’lum muddat falajlandi. Zelenskiy davlat rahbarlarini Moskvada boshlariga kelishi mumkin bo‘lgan xavfdan ogohlantirdi. Avvaliga Moskvaga borishini aytgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev keyin fikridan qaytdi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari 9 mayga yaqinlashganda Moskvada mobil internet bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgani va aeroportlarda xorijiy rahbarlarning Moskvaga tashriflari oldidan reyslar bekor qilinayotgani haqida xabar berdi.

Mobil internet o‘chib qoldi

7 may kuni Moskvada mobil internet o‘chib qoldi.

"Moskvada G‘alaba bayrami kunlarida mobil internetning cheklanishi xavfli qo‘shnichilik bilan bog‘liq, buni tushunish kerak", dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga ishora qilib.

7 may kuni Moskvada G‘alaba paradining umumiy repetitsiyasi o‘tdi.

Rossiya mobil operatorlari va messenjerlarining ishidagi muammolar 5 mayda boshlangan. Shikoyatlarning asosiy qismi Moskvadan kelgan, chunki o‘sha kuni G‘alaba paradining havo qismi repetitsiyasi o‘tkazilgan.

Ogohlantirish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish davlat tizimi Mobil aloqa bilan bog‘liq muammolar "bayram tadbirlari xavfsizligini ta’minlash" bilan bog‘liq ekanligini aytdi. Xukumatning eslatishicha, bu muammolar 9 maygacha davom etishi mumkin.

RBK xabarida mobil internetning Moskvada ishlashi cheklanganligi bank terminallari va bankomatlarining ishida muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytiladi.

Aeroportlardagi falajlik

7 may kuni Rossiya aviakompaniyalari aeroportlardagi falajlik sabab 100 dan ortiq reysni bekor qilishgani haqida "Kontekst" Telegram-kanali xabar qildi.

"Aeroflot" va unga qarashli shirkat "Rossiya" Moskvadan 52 parvozni bekor qildi, yana poytaxtga uchayotgan 54 reys bekor qilindi, 140 parvoz kechiktirildi. "Pobeda" aviakompaniyasi ham reyslarning bir qismini bekor qilishini ma’lum qildi.

S7 aviakompaniyasi "Domodedovo" aeroportida parvozlarning bir qismini bekor qilishini e’lon qildi, ba’zi reyslar boshqa aerodromlarga yo‘naltirildi.

Peterburgdagi "Pulkovo" aeroportida 70 dan ortiq reyslarni yo‘naltirish natijasida yo‘lovchilarni samolyotlardan tushirish uchun navbatlar paydo bo‘lgan.

8 may kuniga kelib ayrim aeroportlar faoliyatini qayta boshlagan.

30 dan ortiq prezidentlar keladi

EPA
Biz Rossiya Federatsiyasi hududida sodir bo‘ladigan voqealar uchun javobgar emasmiz. Xavfsizligingizni ular ta’minlaydi va shu sababli biz sizlarga hech qanday kafolat berolmaymiz.
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, G‘alabaning 80 yilligi bayrami tadbirlarida ishtirok etish uchun Moskvaga 30 dan ortiq davlat rahbarlari keladi.

Ular orasida: Armaniston, Belarusь, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Bosniya va Gertsegovina, Braziliya, Burkina-Faso, Venesuela, Vetnam, Gvineya-Bisau, Misr, Zimbabve, Xitoy, Kongo, Kuba, Laos, Mongoliya, Myanma, Falastin, Serbiya, Slovakiya, Ekvatorial Gvineya va Efiopiya, shuningdek, Gruziyadan ajralgan Abxaziya va Janubiy Osetiya ham bor.

Putin ularning ayrimlari bilan alohida uchrashuvlar rejalashtirgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev avvaliga Moskvadagi g‘alaba paradida ishtirok etishini ma’lum qildi.

Biroq bayramga sanovli kunlar qolganda uning Moskva safari qoldirilgani xabar qilindi.

Xabarlarda Aliev go‘yoki 10 mayda nishonlanadigan marhum otasi Haydar Alievning tug‘ilgan kuni uchun Moskvaga borolmasligi aytilgan.

Siyosatshunos Arkadiy Dubnov Ilhom Aliev Moskvaga borishdan bosh tortishini "misli ko‘rilmagan hodisa" deb tarifladi. Dubnovning ta’kidlashicha, Ilhom Aliev bu kutilmagan qarori bilan nafaqat Putinni xafa qildi, balki bir necha kun oldin Bokuga tashrif buyurib Ilhom Alievni maqtab ketgan Butun Rus Patriarxi Kirillni ham inkor qilgan.

9 mayda Moskvadagi G‘alaba paradida 13 davlatning harbiylari qatnashishi kutilmoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Unda O‘zbekiston harbiylari ishtirok etishi xabar qilingan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi shu kunlarda qilgan bayonotida "xorijiy harbiylarning mazkur tadbirda ishtirok etishi Ukraina tomonidan natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba xotirasiga, mamlakatimizni va butun Yevropani natsizmdan ozod qilgan millionlab ukrain jangchilarining xotirasiga nisbatan haqorat deb baholanadi", dedi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy oldinroq jurnalistlar bilan suhbatda xorijiy yetakchilarga 9 may kuni Moskvaga kelishni tavsiya qilmasligini aytgandi. Bu bayonot Rossiya tomonidan ular xavfsizligiga tahdid deb qabul qilindi.

Zelenskiy so‘zma-so‘z shunday dedi: "Biz 9 may kuni borgan yoki borishni rejalashtirayotgan barcha davlatlarga nisbatan o‘z pozitsiyamizni juda oddiy tarzda bayon qildik. Biz Rossiya Federatsiyasi hududida sodir bo‘ladigan voqealar uchun javobgar emasmiz. Xavfsizligingizni ular ta’minlaydi va shu sababli biz sizlarga hech qanday kafolat bera olmaymiz. Chunki biz Rossiya bu kunlarda nima qilishini bilmaymiz. Ular har xil harakatlarga, masalan, yong‘in chiqarish, portlashlar va hokazolarga qodir. Keyin esa buni bizning zimmamizga yuklashi mumkin. Men prezident sifatida va Tashqi ishlar vaziriga ham shunday deb aytdim: bizga murojaat qilganlarga, xavfsizlik nuqtai nazaridan, Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurishni tavsiya qilmaymiz, deb aytmog‘imiz kerak"