Sun’iy intellekt va odamni farqlay olamizmi?

Surat manbasi, Jesussanz/Getty Images
- Author, Deyzi Stifens
- Role, Bi-bi-si Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 6 daq
Inson yoki sun’iy intellekt (SI) bilan suhbatlashayotganimizni farqlay olamizmi?
Shu paytgacha kompyuterlarning qanchalik aqlli ekanini baholashda beriladigan asosiy savollardan biri edi bu.
Bu savol 1950 yilda ingliz matematigi Alan Tyuring ishlab chiqqan Tyuring testidan kelib chiqqan bo‘lib, u mashina intellekti haqidagi falsafiy fikrlarni birinchi marta empirik sinovga aylantirgan edi.
Bu testga ko‘ra, agar kompyuterning harakatlarini odamnikidan farqlay olmasak, uni "aqlli" deb hisoblash mumkin.

Surat manbasi, History/Universal Images Group Getty Images орқали
Biroq 2014 yilda sun’iy intellekt chatboti birinchi marta mazkur sinovdan o‘tgani e’lon qilindi. Ammo bu tarixiy lahza bo‘lish o‘rniga, bahslarni yanada qizitdi.
Taqlid o‘yini
Tyuring testi – taqlid o‘yini bo‘lib, unda bir odam matn orqali boshqa bir odamga va kompyuterga murojaat qiladi.
U qaysi biri inson, qaysi biri mashina ekanligini aniqlashdan oldin istagan savollarini berishi mumkin.
"Tyuringning aytishicha, agar odam insonlar va mashinalar o‘rtasidagi farqni ishonch bilan ajrata olmasa, u holda bizda inson fikrlay oladi-yu, mashina fikrlay olmaydi, deyishga asos qolmaydi", deydi Nyu-Yorkdagi Stony Brook universitetining psixologiya dotsenti doktor Kemeron Jons.
Tyuringning bashoratiga ko‘ra, 2000-yilga kelib, kompyuterlarni besh daqiqalik so‘rovdan so‘ng, kamida 30 foiz holatda odamdan farqlab bo‘lmasligi kerak edi.

Surat manbasi, Getty Images
"G‘irrom o‘yin"
2014-yilda Eugene Goostman deb nomlangan sun’iy intellekt chatboti Tyuring testida hakamlarning 33 foizini inson ekanligiga ishontirdi, bu musobaqa tashkilotchilari belgilagan chegaradan baland edi.
Chatbot ingliz tilida muloqot qilib, 13 yoshli ukrainalik bola qiyofasiga kirgandi.
Germaniyadagi RWTH Aachen universitetining faylasuf va mehmon ma’ruzachisi doktor Markus Pantsar bu "g‘irrom o‘yin" bo‘lgandi dedi.
"Chatbotning kamchiliklari ukrainalik o‘smir bolaning ingliz tilisidagi nuqsonlarga mos kelardi", deb izoh berdi u.

Surat manbasi, VCG Getty Images орқали
O‘shandan beri yanada rivojlangan vositalar Tyuring testidan o‘tgani haqida xabarlar berilmoqda.
2025 yil boshida chop etilgan maqolada Jons OpenAIning ChatGPT 4.5 tizimi 73 foiz hollarda inson deb baholanganini aniqladi. Meta'ning Llama 3.1 tizimini esa 56% hollarda insondan farqlab bo‘lmadi.
"Menimcha, bu modellar odamlarning o‘ziga qiyoslaganda ham ko‘proq inson deb baholanganini hisobga olsak, ular testdan o‘tmadi deb tortishish qiyin", deydi u.
Ammo ba’zilar bu kompyuterlarning haqiqatan ham fikrlay olishini tasdiqlashiga shubha bilan qaramoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Xitoy xonasi argumenti
1980 yilda faylasuf Jon Serl "Xitoy xonasi argumenti" deb nomlangan fikriy tajribani taklif qildi.
U quyidagicha: xitoy tilini tushunmaydigan ingliz kishi bir necha xitoycha belgilar va ulardan foydalanish bo‘yicha inglizcha ko‘rsatmalar yozilgan xonaga qamab qo‘yiladi.
Xonadan tashqaridagi odamlar unga xitoy tilida yozilgan savollarni uzatadi va u javoblarni shakllantirish uchun ko‘rsatmalardan foydalanadi, javoblar ham xitoy tilida bo‘ladi.
Chetdan qaragan odamga bu kishi xitoy tilida gapirayotgandek tuyuladi, lekin aslida u nima deyayotganini o‘zi tushunmaydi. Ba’zilar kompyuterlar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin, deb hisoblaydi, chunki ular faqat tegishli javoblarni berish uchun dasturlashtirilgan, xolos.

Surat manbasi, Malte Mueller/Getty Images
Garchi Tyuring testi aql mavjudligini aniqlashga da’vo qilsa-da, u asosan mashina odamlarga yetarlicha taqlid qila oladimi yoki yo‘qligini aniqlaydi", deydi Kaliforniyada joylashgan dasturiy ta’minot muhandisi Jorj Mappuras. U Tyuring testiga o‘zining muqobil variantini taklif qilgan.
U buni tushuntirish uchun misol keltiradi.
"Siz istalgan sun’iy intellekt botini ochib, undan birinchi navbatda analog soat qanday ishlashini tushuntirib berishini so‘rashingiz mumkin va u buni aniq tushuntiradi", deydi u.
Ammo agar siz undan ma’lum bir vaqtni ko‘rsatadigan soat rasmini yaratishni so‘rasangiz, hozirgi sun’iy intellekt modellari buni uddalay olmasligi mumkin.
"U ma’lumotni aslida tushunmaydi", deb qo‘shib qo‘ydi u.
Boshqalar, masalan Pantsar, Tyuring testi kompyuterning hakamni aldash qobiliyatiga ortiqcha e’tibor qaratadi, deb hisoblaydi.
"To‘g‘ri, haqiqiy aqlli harakatlarda aldash elementi bo‘lishi mumkin, lekin bu asosiy jihat emas", deb ta’kidlaydi u.
Muqobil testlar
Pantsar yillar davomida taklif qilingan ko‘plab muqobil variantlardan biri bo‘lgan «Jamoaga asoslangan intellekt testi»ni ishlab chiqdi.
Laboratoriyaga asoslangan Tyuring testidan farqli o‘laroq, uning stsenariysida sun’iy intellekt mavjud jamiyatga, masalan, matematiklarning onlayn hamjamiyatiga ularga bildirmay joylashtiriladi.
Ma’lum vaqt o‘tgach, a’zolar uning mashina ekanini sezadimi yoki yo‘q, tekshiriladi.
Bu testda ham ma’lum darajada aldov mavjud, ammo Pantsarning fikricha, testning asosiy qismi modelning "insonga taqlid qilishi" emas, balki "insonga xos tarzda harakat qilishi"dan iborat, bu uningcha muhim farqdir.
"Intellektni tabiiy sharoitlarda, ya’ni biz amalda ishtirok etadigan muhitda baholash kerak", deb ta’kidlaydi faylasuf.
Twitter'dagi biror akkaunt bilan bahslashib, so‘ngida 'iya, men inson bilan emas, sun’iy intellekt bilan gaplashayotgan ekanman-ku' degan xulosaga kelayotganlar soni ko‘paymoqda
O‘zining ta’kidlashicha, uning testi ishlab chiquvchilarni sun’iy intellekt tizimini yaratishda uning aldov testidan o‘tishi yoki o‘tmasligiga emas, balki foydali bo‘lishiga e’tibor qaratishga undaydi.
Mappuras, aksincha, intellektning aniqroq o‘lchovini ko‘rsatadigan test ishlab chiqdi.
Uning fikricha, inson bilan bir xil aqliy qobiliyatga ega mashina, ya’ni sun’iy umumiy intellekt, agar mavjud bilimlardan foydalanib "yangi ilmiy kashfiyotlar qilib, ularni tushuntira olsa", yuzaga kelgan bo‘lardi.

Surat manbasi, Oscar Wong/Getty Images
Tanqidlarga qaramay, ba’zilar Tyuring testi zamonaviy sun’iy intellekt tadqiqotlarida hamon ahamiyatli deb hisoblaydi.
Jonsning ta’kidlashicha, testning ochiq tuzilishi va aniq belgilanmagan savollari "ma’lum darajada dinamik, moslashuvchan intellektni" sinash imkonini beradi.
"Agar biz buni shunchaki boshqa statik me’yor bilan almashtirsak, Tyuring aslida nimani nazarda tutganini tushunmagan bo‘lamiz," deydi u.
"Yutqizilayotgan jang"
Qanday test ishlatilishidan qat’i nazar, Pantsarning fikricha, sun’iy intellekt tizimlari rivojlanishda davom etar ekan, ularni odamlardan ajratib bo‘lmay qolishi mumkin.
"Oxir-oqibat, bu biz kurashayotgan, ammo yutqizishimiz tayin bo‘lgan jang", deydi u.
Buning isboti esa, uning fikricha, sun’iy intellektni o‘zini sun’iy intellekt sifatida e’lon qilishga majburlovchi huquqiy asoslar zarurligini oqlaydi.
"Agar men ma’lumotlari noto‘g‘ri maqola e’lon qilsam, buning uchun javobgarman, – deydi Pantsar. – Ammo sun’iy intellekt yozgan maqola uchun hech kim javobgar emas."

Surat manbasi, 10'000 Hours/Getty Images
Jonsning fikricha, mashinalarning insonga qanchalik yaxshi taqlid qila olishini o‘lchash muhim, shu bois Tyuring testi bugun ham dolzarbligicha qolmoqda.
"Biz internetda odamlar bilan ko‘p muloqot qilamiz, – deydi u. – Twitter'dagi biror akkaunt bilan bahslashib, so‘ngida "iya, men inson bilan emas, sun’iy intellekt bilan gaplashayotgan ekanman-ku" degan xulosaga kelayotgan odamlar soni ko‘paymoqda."
"Menimcha, Tyuring testi aynan ana shu holat sodir bo‘lish ehtimolini aniqlash imkonini beradi," deya qo‘shimcha qiladi u.



































