O‘zbekiston: Pulni hokim yordamchisi yedi, dakkini jurnalistlar eshitdi

xodim

Surat manbasi, gazeta.uz

O'qilish vaqti: 2 daq

Bosh prokuratura poytaxtning Shayxontohur tumani hokim yordamchisi yarim milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganini xabar qildi. Toshkent shahar hokimligi xabarni rad qilib, rasmiy idoraga emas, jurnalistlarga e’tiroz bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 3 fevral kuni Toshkent shahri "Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqarolarga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 mln. so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan"i haqida xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqarolarga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

"Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi", deyiladi rasmiy xabarda.

Xabar chiqqandan bir kun o‘tib, Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Hokimlik Bosh prokuratura chiqargan xabarni "axborot makonida tarqalgan ma’lumot", degan va "go‘yoki" so‘zini ishlatib, uni shubha ostiga olgan.

"Axborot makonida go‘yoki Shayxontohur tumanida ishlaydigan hokim yordamchisi 20 nafar shaxsning nomiga kredit rasmiylashtirib, olingan mablag‘lardan foydalangani haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda", deyiladi hokimlik munosabatida.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

DXX
Ommaviy axborot vositalaridan axborotni e’lon qilishda ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz.
Toshkent shahar hokimligining Bosh prokuratura xabariga munosabati
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Hokimlik Toshkent shahrida bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs mavjud emasligini ma’lum qilgan.

"Tarqatilayotgan ma’lumotlarda M.F. deb aytilayotgan shaxs o‘tgan yilning noyabrь oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan", deyiladi unda.

O‘tmishda prokuratura organida ishlagan Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqovning matbuot xizmati jurnalistlardan ishonchli axborot tarqatish kerakligini "yana bir bor" so‘ragan.

"Ommaviy axborot vositalaridan axborotni e’lon qilishda ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz".

Biror jinoyatda ayblangan xodimlarning eski sana bilan ishdan bo‘shatish hollari O‘zbekiston uchun begona emasligi aytiladi.

Biroq Bosh prokuratura idorasining xabarini hokimlik "ishonchsiz" deb ta’rif berishi va xabar uchun jurnalistlarni ayblash holati oldin uchramagan.