Rossiya va O‘zbekiston harbiy sohada strategik hamkorlik qiladi, o‘zbeklarni "it"ga tenglashtirgan holat bo‘yicha munosabat kutilmoqda

Surat manbasi, president.uz
Rossiya va O‘zbekiston besh yil harbiy sohada strategik hamkorga aylandi. Faollar o‘zbeklarni itga tenglashtirgan moskvalik fuqaroning javobgarlikka tortilishini talab qilishmoqda.
Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov ikki kundan beri O‘zbekistonda. Uni 22 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram kanalining xabar berishicha, vazir Belousov Shavkat Mirziyoyev bilan "Markaziy Osiyodagi harbiy-siyosiy vaziyatni muhokama qilgan".
Bir kun oldin u O‘zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Holmuhammadov bilan muzokaralar olib borgani xabar qilingandi.
"Shuxrat Xalmuxamedov delegatsiya a’zolarini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ko‘plab sohalarda olib borilayotgan hamkorlik ishlari aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi", deyiladi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabarida.
Natijada Rossiya va O‘zbekiston Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2025 yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturi imzolandi.
Andrey Belousov Rossiya va O‘zbekiston – strategik hamkorlar va azaliy do‘stligini aytgan.
U bugungi uchrashuvga katta ma’no berishini ta’kidlagan.
Rossiya Mudofaa vaziri Toshkentga kelgan hay’at tarkibida harbiy va harbiy texnik hamkorlik masalalari bilan shug‘ullanadigan tashkilot rahbarlari ham kelganini aytgan.
O‘zbeklarni itga o‘xshatgan shaxs javobgarlikka tortiladimi?

Surat manbasi, Screenshot
YouTube dagi MYLIMIAUSIA LIETUVA kanali 18 yanvar kuni o‘zini Rossiyaning Moskva shahridan deb tanishtirgan shaxs bilan bo‘lgan suhbatini joyladi.
Unda ismi sharifini aytmagan shaxs Rossiyada ishlab yurgan o‘zbeklarni it sifatida ko‘rishini aytadi.
Suhbatdan parcha ijtimoiy tarmoqlarda aylangach unga keskin munosabatlar bildirildi.
O‘zbekiston Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbaev O‘zbekiston TIV ushbu haqoratli so‘zlar uchun munosabat bildirib, organ xodimlari uni javobgarlikka tortishi kerakligini aytib chiqdi.
"Shunda ham Tashqi ishlar vazirligimiz indamay kuzatib, ularga paxta qo‘yish bilan ovora bo‘ladigan bo‘lsa, bilmadim, ertaga bundan badtar narsalarga tenglashtiriladi. Ertaga itga o‘xshab bog‘lab qo‘yar, shunda ham qarab o‘tiramizmi", degan u.
Kusherbaev ushbu shaxsning kimligi aniqlanib, O‘zbekistonda istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi va Rossiyaning Toshkentdagi elchisi TIV chaqirtirilib, izoh so‘rashi kerakligini urg‘ulagan.
Shunda ham Tashqi ishlar vazirligimiz indamay kuzatib, ularga paxta qo‘yish bilan ovora bo‘ladigan bo‘lsa, bilmadim, ertaga bundan badtar narsalarga tenglashtiriladi.
Tahlilchi Hamid Sodiq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va parlament deputatlari ushbu vaziyatga munosabat bildirishi kerakligini urg‘ulaydi.
"O‘zbekistondagi Rossiya favqulodda va muxtor elchisini chaqirib, "bu nima gap" deyish qiyinmi?", deydi u.
O‘tgan yilning noyabr oyida Turk ijtimoiy mediasida turkiyalik stendapchi Ummuxan O‘zdenning sahnada ulama kiprik taqsam o‘zbek fohishalariga o‘xshab qolaman, deyishi aks-sado keltirib chiqargandi.
Ijtimoiy mediadagi bu shov-shuvli postlar ortidan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi rasmiy bayonot bilan chiqgan.
Unda Ummuxan O‘zden tomonidan bildirilgan salbiy fikrlar uning shaxsiy qarashlari bo‘lib, bu qardosh turk xalqining millatimizga nisbatan munosabatini anglatmasligi va bu holat ikki davlat munosabatlariga ta’sir o‘tkazmasligini bildirilgan.
Shuningdek, bu chiqish e’tiborsiz ham qoldirilmasligiga urg‘u berilgan.
"Qolaversa, har bir davlat o‘z xalqining sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligidan foydalanib, Turkiya Respublikasi vakolatli idoralari bilan U.O‘zdenning ushbu xatti-harakatiga huquqiy baho berish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz", deb yozgandi konsullik Telegramdagi rasmiy sahifasida.
Rossiyalik shaxsning o‘zbeklar haqida haqoratli so‘zlariga hozircha rasmiy munosabat bildirilmadi.
End of Aloqador mavzular:
Rossiya siyosatchilarining O‘zbekiston borasida munosabat bildirishi odatiy hol ekanligi aytiladi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida Rossiya Tashqi ishlar Toshkentdagi maktab bolani urgan o‘qituvchi ishigani munosabat bildirgandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 25 sentyabr kuni departament bu masalani diqqat bilan kuzatib borayotganini aytgandi.
"Video mazmuni bolaga nisbatan o‘ta xavotir va hamdardlik uyg‘otmasligi mumkin emas. Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, — degan Zaxarova.
2023 yilning dekabrida esa Rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepin Kievda g‘alaba paradini o‘tkazgandan so‘ng O‘zbekiston kabi sobiq Sovet o‘lkalarini Rossiyaga qo‘shib olish va shu yerning o‘zida rus tilini o‘rgatish haqida gapirgandi.
Shundan so‘ng Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga "taklif" qilinib, e’tiroz bildirilgandi.












