Asadisiz Suriya yaxshiroq, ammo endi yangi muammolar paydo bo‘ldi

Suriya Prezidenti Ahmed al-Sharaa va Suriya bayroqlarini ko‘tarib ketayotgan odamlarning boshqa bir tasviri

Surat manbasi, BBC via AFP

Asaddan keyingi Suriya endi qanday muammolar qarshisida qolmoqda?
    • Author, Jeremi Bouen
    • Role, Xalqaro muharrir
  • O'qilish vaqti: 11 daq

Bir yil oldin, Prezident Bashar al-Asad g‘alaba qozonayotgandek edi. Urush kutilmaganda keskin o‘zgarib ketdi.

Isyonchilar Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyatidan chiqib, Damashq sari shiddat bilan ilgarilab borardi. Ularga Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomli shaxs va uning "Hay’at Tahrir ash-Shom" (HTSh) jangari guruhi boshchilik qilayotgan edi.

Jo‘loniy taxallus bo‘lib, bu uning kelib chiqishi asli 1967 yilda Isroil bosib olgan Suriyaning janubiy tepaliklari – Jo‘londan ekanligini anglatardi. Uning asl ismi Ahmad ash-Sharaa edi.

Bir yil o‘tib, u muvaqqat prezidentga aylandi, Bashar al-Asad esa Rossiyada qochqinlikda yashamoqda.

Suriya hanuz vayron ahvolda. So‘nggi o‘n kun ichida men borgan har bir shahar va qishloqda odamlar urush tufayli xarob bo‘lgan binolarda yashayotgan edi. Shunga qaramay, yangi Suriya Asadlar sulolasining mustabid va shafqatsiz yukidan holi, ancha yengil tortgandek.

2025 yil 25 yanvarda Suriya, Halab shahrida bir bola vayronalar orasidan yurib ketmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Suriya hanuz vayron holatda. Shahar va qishloqlarda ko‘plab odamlar urushda vayron bo‘lgan, skeletga o‘xshash binolarda yashamoqda

Sharaaga o‘z yurtidan ko‘ra chet ellarda muvaffaqiyatga erishish osonroq tuyuldi chog‘i. U Saudiya Arabistoni va G‘arbni Suriyaning barqaror kelajagi uchun eng yaxshi imkoniyat uning o‘zi ekaniga ishontira oldi.

May oyida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Sharaa bilan AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida qisqa uchrashuv uyushtirdi. Shundan so‘ng Tramp uni "yosh, jozibador va qat’iyatli yigit" deb ta’rifladi.

Vatanida suriyaliklar uning zaif tomonlarini va Suriya duch kelayotgan muammolarni chet elliklarga qaraganda yaxshiroq bilishadi. Sharaaning hokimiyati kurdlar nazoratidagi shimoli-sharqda yoki Isroil qo‘llab-quvvatlayotgan janubdagi separatistik hududlardagi suriyalik druzlar uchun o‘tmaydi.

Asosan sohil hududlarda yashovchi alaviylar esa (Asad oilasi mansub mazhab) mart oyidagi qirg‘inlar takrorlanishidan xavotirda.

Sharaa Damashqdagi Prezident saroyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi delegatsiyasi bilan qabul marosimida ishtirok etmoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp uni yosh, jozibali, qat’iyatli yigit deb atadi

Bir yil oldin Damashqning yangi hukmdorlari, Suriyadagi qurolli isyonchilarning aksariyati singari, sunniy islomchilar edi. Ularning yetakchisi Sharaa uzoq vaqt Iroqda "Al-Qoida" safida kurashgan, u yerda amerikaliklar tomonidan qamoqqa olingan, keyinchalik "Islom davlati"ga aylangan guruhning yuqori lavozimli qo‘mondoni bo‘lgan.

Suriyada o‘rnashib, o‘z kuch bazasini qurgach, u IShID va "Al-Qoida" bilan aloqasini uzib, ularga qarshi kurashdi.

Idlibda u bilan ko‘rishganlar uning qarashlari diniy mazhablar xilma-xil bo‘lgan Suriyani boshqarishga ko‘proq mos kelishini aytishgan edi. Mamlakatda sunniylar ko‘pchilikni tashkil etadi. Kurdlar va druzlar bilan bir qatorda, nasroniylar ham bor, ularning ko‘pchiligi Shara’aning jihodiy o‘tmishini unutishi qiyin.

Jihodiy ildizlardan yuksalgan shaxs qiyofasi

O‘tgan yil dekabr oyi birinchi haftasida HTSh hujumi shunchalik tez sur’at oldiki, ishonish qiyin edi. Suriyaning shimoliy markazi Halabni egallash uchun ularga atigi uch kun kerak bo‘ldi.

Buni 2012 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan mashaqqatli yillar bilan taqqoslang: o‘shanda hukumat armiyasi va isyonchi kuchlar shaharni nazorat qilish uchun kurashgan edi. Bu kurash Rossiyaning havo kuchlari va artilleriyasi yordamga kelgach, Asadning g‘alabasi bilan yakunlangan edi.

Hukumat nazoratni qo‘lga olganidan bir necha hafta o‘tgach, Halab sharqidagi sobiq isyonchilar hududlariga borganimda, katta maydonlar Rossiya bombalaridan vayron bo‘lganini ko‘rdim. Ba’zi ko‘chalar birinchi qavat ayvonlarigacha ko‘tarilgan vayronalar bilan to‘silib qolgandi.

Biroq 2024 yil oxiriga kelib butun mamlakat bo‘ylab hukumat qo‘shinlari tarqalib ketdi. Askarlar ham, hukumat tarafdorlari ham endi korruptsiyalashgan va shafqatsiz rejim uchun kurashish va o‘lishni istamasdi.

Odamlar Bashar al-Assad prezidentlikdan chetlatilganini nishonlash marosimida bayroqlarni hilpiratmoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Bir yil avval - Suriyada yangi davr boshlanishini nishonlagan bayramlar

Asad oilasi bilan Rossiyaga qochganidan bir necha kun o‘tib, prezident saroyida Suriyaning yangi rahbari bilan suhbatlashdim.

Saroy Damashqqa qaragan baland qoya ustida joylashgan bo‘lib, Asadlarning har narsani ko‘rib turuvchi qudratini shahar aholisiga eslatib turardi. Bu paytga kelib Jo‘loniy o‘zining jangovar kiyimlari bilan birga ismini ham tashlagan edi.

Sharaa isitilmaydigan saroyning sovuq zallarida ko‘rkam kamzul, dazmollangan shim va yaltiroq qora tufli kiyib o‘tirardi. U menga mamlakat urushdan charchagani, qo‘shnilariga yoki G‘arbga tahdid solmasligini aytib, barcha suriyaliklarni ahil boshqarajagini ta’kidladi. Bu ko‘plab suriyaliklar va chet el hukumatlari eshitishni istagan payg‘om edi.

Biroq Isroil buni qabul qilmadi. Jihodiy murosasizlar esa Sharaani xoin deb atab, uning dinini va o‘z tarixini sotganlikda ayblashdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Men urush haqida xabar berish uchun shoshilgan edim, tuzumning bunchalik tez qulashini hech kutmagandim. Rasmiy kiyimlarim Londondagi uyimda qolgan edi. Suhbatdan so‘ng uning yordamchilaridan biri davlat rahbari bilan suhbatlashish uchun kostyum kiyishingiz kerak edi, deb norozilik bildirdi.

Uning e’tirozi shunchaki mening kiyinish uslubimdan emas edi. Bu bir necha yil oldin Sharaa Idlibda o‘z hokimiyatini o‘rnatganida boshlangan uzoq kampaniyaning davomi edi. Kampaniya uni butun Suriyaning munosib yetakchisi bo‘lish uchun o‘zining jihodiy ildizlaridan uzilgan, jahon hamjamiyati jiddiy qabul qilishi va hurmat qilishi kerak bo‘lgan rahbar sifatida ko‘rsatishga qaratilgan edi.

Suriyada zaiflashgan IShID

Sharaa hokimiyatni qo‘lga kiritar ekan, endi nima qilishi ham va dushmanlari unga nima qilishi mumkinligi ham noaniq edi. Ular orasida "Islomiy davlat" jihodchi ekstremistlarining uyqu holatidagi hujayralari bor edi – uni o‘ldirishga urinishlaridan yoki Damashqda hujumlar orqali tartibsizlik keltirib chiqarishlari mumkinligidan qo‘rquvlar bor edi.

Jihodchilar ijtimoiy tarmoqlarda Sharaaning g‘arbdagi jozibador tashviqotidan g‘azabda. U "Islomiy davlat"ga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilishga rozi bo‘lganidan so‘ng, internetdagi taniqli ovozlar uni murtad deb atadi. Ekstremistlar buni qatl uchun ruxsat deb tushunishlari mumkin.

Aslida, Suriyada IShID zaif. Uning bu yilgi hujumlari asosan shimoli-sharqdagi kurdlar boshchiligidagi kuchlarga qarshi qaratilgan.

2024 yil 22 dekabrda Suriya, Damashqda Bashar al-Assadning buzib tashlangan plakati.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Bashar al-Asad g‘alaba qozongandek tuyulgan urush bir yil avval butunlay o‘zgarib ketdi

Bu Asad rejimi qulashiga bir yil to‘lar ekan, so‘nggi bir necha hafta ichida o‘zgardi.

Xavfsizlik kuchlari IShID to‘dalariga hujum qilar ekan, jihodchilar hukumat nazorati ostidagi shaharlarda uchta askar va Asadning ikkita sobiq operativ xodimini o‘ldirdi. Bu ma’lumotlarni Suriya bo‘yicha yetakchi sharhlovchi Charlz Lister to‘plagan va "Syria Weekly" nashrida e’lon qilingan. IShID Bi-bi-si kuzatayotgan ijtimoiy tarmoq sahifalarida suriyalik sunniylarga Sharaa ularga xiyonat qilganini aytishda davom etmoqda.

Ular hech qanday dalil keltirmasdan, uning AQSh va Buyuk Britaniya agenti bo‘lgani, jihodchilikka zarar yetkazish uchun ishlaganini da’vo qilishmoqda.

Tramp va G‘arbni ishontirish

Sharaaning G‘arbga yaqinlashuvi muvaffaqiyatli chiqdi.

Suriyada hokimiyatni qo‘lga olganidan ikki hafta o‘tib, u yuqori martabali amerikalik diplomatlar delegatsiyasini qabul qildi. Shu zahoti amerikaliklar uni qo‘lga tushirish uchun belgilangan 10 million dollarlik mukofotni bekor qildi.

O‘shandan beri Asad Suriyasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar izchil kamaytirilmoqda. Eng qattiq "Sezar qonuni" to‘xtatildi va yangi yilda AQSh Kongressi tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Noyabr oyida Shara’a Oq uyga tashrif buyurgan birinchi Suriya prezidenti bo‘lgani muhim voqea bo‘ldi.

Tramp Oq uyda Sharaa bilan uchrashdi.

Surat manbasi, AP

Surat tagso‘zi, Tramp Sharaaga atir sepdi, so‘ngra unga uyiga olib ketish uchun boridan taqdim etdi

Tramp uni Oval kabinetda kutib oldi. U Sharaaga Tramp brendining atirini sepdi, so‘ng unga xotiniga uyga olib ketishi uchun sovg‘alar berdi va hazillashib nechta xotini borligini so‘radi. "Bitta," deya javob berdi Sharaa, atir hididan ko‘zlarini pirpiratib.

Saudiya Arabistoni va G‘arb davlatlari Shara’ani Yaqin Sharq markazida joylashgan mamlakatni barqarorlashtirish uchun eng yaxshi – yagona imkoniyat deb bilmoqda.

Agar Suriya yana fuqarolar urushiga kirib qolsa, mintaqadagi shafqatsiz tartibsizliklarni kamaytirish imkoniyati bo‘lmaydi.

G‘arbning yuqori martabali diplomatlaridan biri menga fuqarolar urushi ehtimoli hali ham mavjudligini aytdi. Buning sababi yarim asrlik diktatura va 14 yillik urushning uzoq muddatli asoratlaridir. Bu urush Asadlarning zulmkor boshqaruviga qarshi isyon sifatida boshlanib, mazhablararo kurashga aylanib ketgan edi.

Suriya Tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Asaad Al-Shaibani (oldingi o‘ngda) 2025 yil 4 dekabrda Damashqdagi Prezident saroyida BMT Xavfsizlik Kengashi delegatsiyasi bilan qabul marosimida ishtirok etish uchun yetib keldi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ko‘plab g‘arb hukumatlari Sharaani Suriyani barqarorlashtirish uchun eng yaxshi nomzod deb biladi. Uning tashqi ishlar vaziri Assad al-Shaibani oldingi o‘ng tomonda turibdi

Sharaa sunniy musulmon, Suriyadagi eng yirik diniy guruh vakili. Uning hukumati butun mamlakatni nazorat qilmaydi. So‘nggi bir yil ichida u shimoli-sharqdagi kurdlarni va janubdagi druzlarni Damashq hokimiyatini tan olishga ishontira olmadi yoki majbur qila olmadi. Sohilda alaviylar jamoasi asabiy va bezovta.

Alaviylar shia islomidan kelib chiqqan mazhab bo‘lib, ularning asosiy hududlari Suriyaning O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan. Asadlar ham alaviylardan.

Basharning otasi, tuzum asoschisi Hofiz Asad o‘z hokimiyatini aholining taxminan 10 foizini tashkil etuvchi ozchilik bo‘lgan alaviylar ustiga qurgan edi. Alaviycha talaffuzning o‘zi, ayniqsa, harbiy kiyimdagi odam yoki undan ham yomoni, rejim maxfiy xizmati xodimining charm kurtka kiygan agenti talaffuzida boshqa suriyaliklarni vahimaga solardi.

Mazhablarararo hunrezlik davom etsa, Suriya tiklanmaydi. Keyingi 12 oy ichida yanada jiddiyroq zo‘ravonlik holatlari oldini olish hukumatning eng muhim vazifasi.

Odil sudlov sustligi

Asad qulaganiga bir yil to‘lar ekan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligi odil sudlov sustligidan jiddiy xavotir bildirdi. "Muvaqqat hokimiyat o‘tmishdagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha umidli qadamlar qo‘ygan bo‘lsa-da, bu qadamlar qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning boshlanishi, xolos," dedi komissarlik vakili.

Ba’zi suriyaliklar, ba’zan hukumat kuchlari bilan birgalikda, ishni o‘z qo‘liga oldi. Komissarlik ta’kidlashicha, so‘nggi bir yil ichida yuzlab odamlar "xavfsizlik kuchlari va ularga aloqador guruhlar, sobiq hukumatga aloqador unsurlar, mahalliy qurolli guruhlar va noma’lum qurollangan shaxslar" tomonidan o‘ldirilgan.

Vakilning qo‘shimcha qilishicha: "Boshqa xabar qilingan qonunbuzarliklar va suiiste’molliklar jinsiy zo‘ravonlik, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, uylarni vayron qilish, majburiy ko‘chirish, ifoda erkinligi va tinch yig‘ilishlarni cheklashni qamrab oladi."

Komissarlik ma’lumotlariga ko‘ra, zo‘ravonlikdan asosan alaviylar, druzlar, nasroniylar va badaviylar jamoalari jabr ko‘rgan. Bu zo‘ravonlik onlayn va oflayn kuchayib borayotgan nafrat nutqlari tufayli avj olgan.

2025 yil 10 noyabrda Suriya Ichki ishlar vazirligi tomonidan umumiy xavfsizlik xodimlari uchun bitiruv marosimi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘tgan oyda bo‘lgan umumiy xavfsizlik xodimlari uchun bitiruv marosimi

2026 yil uchun katta xavf – alaviylar hududlarida o‘tgan mart oyidagi mazhablarararo zo‘ravonlik takrorlanganidir.

Asad rejimi qulaganidan so‘ng yuzaga kelgan xavfsizlik bo‘shlig‘ida yangi hukumat bir qator qamoqqa olishlar orqali Suriya qirg‘oqlarida o‘z hokimiyatini mustahkamlashga urindi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissarligi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv aniqlashicha, "sobiq hukumat tarafdorlari yuzlab muvaqqat hukumat kuchlarini asirga olish, o‘ldirish va jarohatlash bilan javob bergan".

Damashq qattiq chora ko‘rdi, ammo alaviylarga tizimli ravishda halokatli hujumlar uyushtirgan jangari qurolli guruhlarni nazorat qila olmadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi qirg‘inlarda 1400 ga yaqin odam, asosan tinch aholi halok bo‘lgan. Ularning aksariyati voyaga yetgan erkaklar edi, ammo qurbonlar orasida 100 ga yaqin ayol, keksalar va nogironlar, bolalar ham bor edi.

Sharaa hukumati BMT surishtiruviga ko‘maklashdi. Uning ba’zi kuchlari alaviylarga yordam berdi va ayrim qirg‘in tashkilotchilarini sudga topshirdi.

Avtomobil ortida ulkan qora tutun buluti.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, BMT aniqlashicha, mart oyida Alaviylar yashaydigan hududlarda bo‘lib o‘tgan diniy nizolar chog‘ida asosan tinch aholi bo‘lgan taxminan 1 400 kishi halok bo‘lgan

BMTning Suriya bo‘yicha tergov komissiyasi hukumat rasmiylarining hujumlarga buyruq bergani haqida dalil topilmaganini tasdiqladi. Biroq o‘shanda va keyin Damashq hukumati o‘z xavfsizlik kuchlariga qo‘shilgan qurolli sunniy guruhlarni nazorat qila olmaganidan havotirda edi.

Iyul oyida janubiy Suvayda viloyatida druzlar va badaviylar jamoalari o‘rtasidagi jiddiy to‘qnashuvlar Shara’a ma’muriyatini larzaga keltirdi. Druzlar dini taxminan ming yil oldin islomdan kelib chiqqan va ba’zi musulmonlar adashgan deb hisoblaydi. Ular Suriya aholisining taxminan 3 foizini tashkil etadi.

Hukumat kuchlari Suvaydaga tartib o‘rnatish uchun kirganida, ular druz jangarilari bilan to‘qnashishga majbur bo‘ldi. O‘z hududida yahudiy davlatiga sodiq druz jamoasi yashaydigan Isroil aralashdi. Uning havo hujumlari Damashqdagi mudofaa vazirligi binosini deyarli vayron qildi.

Vaziyatning yanada yomonlashuvi oldini olish uchun AQSh zudlik bilan aralashdi va o‘t ochish to‘xtatildi. O‘n minglab odamlar o‘z uylaridan qochishga majbur bo‘ldi va hamon ko‘chmanchi hayot kechirmoqda.

Syrian President Ahmed al-Sharaa

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, BMT surishtiruvi mart oyidagi hujumlarni hokimiyat buyurganini tasdiqlovchi dalillarni topmadi. Ammo xavotir shundaki, Damashq hukumati qurollangan sunniy guruhlarni nazorat qila olmasligi mumkin edi

Isroil masalasi

Sharaa va uning muvaqqat hukumati yana bir jiddiy inqirozdan omon qolish uchun yetarlicha kuchlimi? Noma’lum. Isroil suriyaliklar uchun tahdidli va xavfli qo‘shni bo‘lib qolmoqda.

Asad qulaganidan so‘ng isroilliklar eski rejimning qolgan harbiy salohiyatini yo‘q qilish uchun bir qator yirik havo hujumlarini amalga oshirdi. Isroil mudofaa kuchlari bosib olingan Jo‘lon tepaliklaridan chiqib, Suriyaning ko‘proq hududini nazorat ostiga oldi va hali ham ushlab turibdi.

Isroilliklar Suriyadagi tartibsizlikdan foydalanib, dushman deb bilgan mamlakatni zaiflashtirmoqda, o‘zlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan qurollarni yo‘q qilmoqda.

Aloqador mavzular:

Suriya 1974 yilda AQSh davlat kotibi Henri Kissinjer boshlagan muzokaralarga qaytishni istaydi. Netanyahu esa Isroil bosib olgan hududda qolishini va Suriyadan Damashq janubidagi katta hududni qurolsizlantirishni talab qilmoqda.

So‘nggi bir oy ichida Isroil Suriyaga quruqlikdan bostirib kirishni kuchaytirdi. Zo‘ravonlik bo‘yicha ma’lumotlarni to‘playdigan "Syria Weekly" nashri hisob-kitobiga ko‘ra, yil davomidagi o‘rtacha oylik ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p bosqin bo‘lgan.

Biz 28 noyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari tomonidan bosqin qilingan chegaradagi Bayt Jinn qishlog‘ida bo‘ldik. Isroil mudofaa kuchlari hujum rejalashtirayotgan sunniy jangarilarni hibsga olayotganini aytdi.

Mahalliy erkaklar qarshilik ko‘rsatib, olti nafar isroillikni yarador qildi, chunki bosqinchi guruh shoshilinch chekinishga majbur bo‘ldi va keyinchalik havo hujumi bilan yo‘q qilingan harbiy mashinani tashlab ketdi. Isroilliklar kamida 13 nafar mahalliy aholini o‘ldirib, o‘nlab kishini yaraladi, deb xabar qildi davlat ommaviy axborot vositalari.

Bu Suriya va Isroil o‘rtasida xavfsizlik kelishuvini tuzish qanchalik qiyin bo‘lishi belgisi edi. Damashq hukumati buni harbiy jinoyat deb atadi. Qasos olishga chaqiriqlar kuchaydi.

Vashingtonda Tramp reyddan xavotirda edi. U o‘zining "Truth Social" platformasida Sharaaning Suriyani barqarorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlaridan "juda mamnun" ekanligini aytdi.

Suriyada vayron bo‘lgan bir avtomobil.

Surat manbasi, Dia Images via Getty Images

Surat tagso‘zi, 28 noyabrda Bayt Jinn chegara qishlog‘iga IDF qo‘shinlari reyd uyushtirdi

U "Isroil Suriya bilan kuchli va samimiy muloqotni saqlab qolishi juda muhim va Suriyaning farovon davlatga aylanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak" deb ogohlantirdi.

Bayt Jinnda Xalil Abu Dahrni o‘q jarohati sababli jarrohlik amaliyotidan so‘ng qo‘li gipslangan holda kasalxonadan qaytayotganida uchratdim. U meni isroilliklar qishloq erkaklari bilan otishgan joy yaqinidagi uyiga taklif qildi.

Xalil menga isroilliklar qishloqqa soat 03:30 da kirganida oilasi bilan shu yerda bo‘lganini aytdi. Ular xavfsiz joy qidirishgan.

"Men bolalarim bilan uyimda edim. Biz bir xonadan ikkinchisiga o‘tdik. Ikki qizimga qarata o‘q uzishdi. Birining tanasiga o‘q tegdi, ikkinchisi esa darhol jon berdi. Uni qo‘limga olganimda, qo‘limga o‘q tegdi."

Halok bo‘lgan qiz 17 yoshli Hiba Abu Dahr bo‘lib, uning qorniga o‘q tekkan edi. Xalilning aytishicha, ular ikki soat davomida Hibaning jasadi yonida yashiringan, keyin qutqarib olinib, kasalxonaga olib ketilgan.

Men borganimda Xalilning to‘qqiz yashar qizi divanda ko‘rpacha ustida yotgandi, bo‘ksasidan o‘q olib tashlanganidan so‘ng endi o‘ziga kelayotgandi.

Ko‘rpa va yostiqlar ostida yotgan, kameraga qarab turgan kichkina qizcha.
Surat tagso‘zi, Xalilning to‘qqiz yoshli qizi sonidan o‘qni olib tashlash operatsiyasidan keyin divanda yotib, sog‘aymoqda

Qizlarning onasi Ummu Muhammad oiladagi ayollar bilan o‘tiribdi, kelajakdan qattiq xavotirda.

"Biz xotirjamlik istaymiz, – deydi u menga. – O‘z uyimizda yashashni, klinika va tibbiy xodimlar bo‘lishini xohlaymiz, bularning birortasi ham bizda yo‘q.

Bayt Jinda shifokor ham, dorixona ham yo‘q. Shuning uchun bizga shifokor ham kerak. Xavfsizlik istaymiz."

"Qo‘rqib uxlaymiz, qo‘rqib uyg‘onamiz"

Asad hukmronligi tugaganidan bir yil o‘tib, Suriyaning yangi hukmdorlari muhim yutuqlarga erishdi.

Ular hali ham hokimiyatda, Damashqni egallaganlarida bunga ham kafolat yo‘q edi. Prezident Tramp Sharaaning eng muhim homiysiga aylandi. Sanksiyalar bekor qilinmoqda. Iqtisodiyotda jonlanish kuzatilmoqda, neft va gaz inshootlarini modernizatsiya qilish, Damashq va Halab aeroportlarini xususiylashtirishga oid bitimlar tuzilmoqda.

Biroq, rejalashtirilayotgan bitimlar hali ko‘p suriyaliklar hayotini o‘zgartirganicha yo‘q. Hukumatning qayta qurish fondi yo‘q. Rekonstruktsiya alohida shaxslarga bog‘liq. Mazhabiy ziddiyatlar hal etilmagan va yana alangalanishi mumkin. Isroil bilan AQSh vositachiligidagi muzokaralar to‘xtab qoldi.

Turkiya elchixonasining Suriyadagi vaqtinchalik ishlar vakili 2025-yil 4-mart kuni Damashqning vayron bo‘lgan Qabun tumanida o‘tkazilgan iftorda ishtirok etdi

Surat manbasi, NurPhoto via Getty Images

Surat tagso‘zi, Hukumatda qayta qurish jamg‘armasi yo‘q. Tiklash ishlari shaxslarning zimmasiga yuklangan

Binyamin Netanyahu esa Damashq Suriya janubidagi katta hududni qurolsizlantirishini istaydi va Isroil mudofaa kuchlariga chekinish buyrug‘ini beradiganga o‘xshamayapti. Ikkala holat ham Suriya suvereniteti jiddiy buzilishiga olib keladi. Bayt Jinn bosqini Damashqning yon berishini yanada qiyinlashtiradi.

Damashqdagi hukumat tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy va bir nechta ishonchli hamkorlari yordamida Shara’aga qaraydi. Hukumatning hisobdor tuzilmasini yaratishga jiddiy urinish ko‘rinmayapti.

Asadlar oilasidan qutilgan Suriya yaxshiroq joy. Ammo Ummu Muhammad ko‘plab suriyaliklarning his-tuyg‘ularini umumlashtirib gapirdi.

"Kelajak og‘ir. Bizda hech narsa yo‘q, hatto maktablar ham. Bolalarimiz bu yerda do‘zaxda yashamoqda. Ular xavfsiz emas. Qanday yashaymiz?

Biz xavfsizlik istaymiz. Qo‘rqib uxlaymiz, qurqib uyg‘onamiz."