Putin yana Suriyaga kirishga urinmoqda: Damashq bundan manfaatdormi?

Surat manbasi, Sergei Bobylev/POOL/TASS
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharaa chorshanba kuni rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi. Rossiyaga ilk bor tashrifida u Kremlda Prezident Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Muzokaralar ikki yarim soat davom etdi, deb xabar beradi "TASS". Kreml sayti faqat uchrashuv ochilishi haqidagi xabarni chop etdi, OAV esa Putin va ash-Sharaa keyin nimalarni muhokama qilgani haqida xabar bermadi.
Moskva yillar davomida qo‘llab-quvvatlagan prezident Bashar al-Assadni hokimiyatdan ag‘dargan qurolli muxolifatning sobiq yetakchisi bilan muzokaralarda Putinning maslahatchilari, mudofaa vaziri Andrey Belousov va GRU rahbari Igor Kostyukov ishtirok etdi.
Rossiya prezidenti uchrashuv boshida ta’kidlaganidek, Moskva har doim "Suriya xalqi manfaatlari"ni hisobga olgan. "Rossiyaga xush kelibsiz!" deya Putin Suriyaning yangi rahbarini qutladi. Ash-Sharaa bunga javoban ikki mamlakat "haqiqatan ham uzoq yillik tarixiy aloqalarga ega" va hozir "dunyo yangi Suriya bilan tanishmoqda", dedi. U Moskva va Damashq o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishni taklif qildi: "Biz murakkab munosabatlarimizni tiklashga harakat qilamiz".
Putinning ash-Sharaa bilan uchrashuvi oldidan Suriyaning Al Hadat telekanali va Reyters agentligi muvaqqat prezident Rossiyadan suriyaliklarga qarshi jinoyatlar uchun Assadni ekstraditsiya qilishni rasman so‘ramoqchi ekani haqida xabar berdi. Reyters xabariga ko‘ra, kun tartibida Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining Tartusdagi baza va Xmeymimdagi aviabazada qolishlari masalasi ham bor edi.

Surat manbasi, Reuters
"Shubhasiz, prezident bilan suhbat chog‘ida [havo bazasi mavzusi] u yoki bu tarzda ko‘tariladi", dedi muzokaralar oldidan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Reyters xabariga ko‘ra, ash-Sharaa iqtisodiy imtiyozlar, jumladan, imtiyozli shartlarda bug‘doy yetkazib berishni qayta tiklash va urush natijasida yetkazilgan zararni qoplashni ham istaydi. U Moskvaning qo‘llab-quvvatlashidan manfaatdor, chunki Isroilning Suriya janubida kengroq demilitarizatsiya hududini tashkil etish haqidagi talablariga qarshilik ko‘rsatish niyatida.
Agentlik manbalaridan biriga ko‘ra, Suriya rahbari Isroilning keyingi bosqiniga qarshi kafil sifatida Rossiya harbiy politsiyasini qayta joylashtirish masalasini ham ko‘tarishi mumkin.
Harbiy bazalarning kelajagi
Ash-Sharaa Rossiya va ko‘plab G‘arb davlatlari tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilgan "Hayat Tahrir ash-Shom" (HTSh) islomiy guruhining rahbari sifatida Suriya hukumatiga keldi.
HTSh 2024 yil dekabrida prezident Assadni ag‘darib, mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Armiya kam qarshilik ko‘rsatdi, Assad va uning oilasi Suriyadan qochib, Rossiyadan boshpana oldi.
Assad rejimi qulaganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya Suriyadagi harbiy ishtirokini qisqartira boshlagani, Tartusdan transport vositalari va konteynerlarni olib chiqib ketgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Harbiy texnikaning faol qatnovi Xmeymimda ham qayd etilgan. 1970 yillarda Sovet Ittifoqi tomonidan qurilgan, keyin esa 2012 yilda Rossiya tomonidan kengaytirilgan va modernizatsiya qilingan Tartus porti so‘nggi yillarda Rossiya uchun yoqilg‘i quyish, yetkazib berish va kemalarni ta’mirlashni ta’minlovchi O‘rta yer dengizidagi asosiy baza bo‘lib kelgan.
Xmeymim aviabazasi 2015 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.U yerdan Rossiya uchoqlari Assad rejimiga muxoliflarga zarbalar bergan. Assadning qulashi Rossiyaning Suriyadagi hozirligini shubha ostiga qo‘ydi.
Assadni ekstraditsiya qilish talabi
Suriyadagi qurollar to‘liq Rossiyada ishlab chiqilgan. Hamda, oziq-ovqat va energiya ta’minoti bo‘yicha Suriya ko‘p yillardan beri Rossiyaga tayanib kelgan ko‘plab kelishuvlar bor.
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar al-Assad mamlakatni tark etib, Rossiyadan siyosiy boshpana oldi. Rossiya matbuotiga ko‘ra, Assadlar oilasi hozir Moskvada yashirinib yashamoqda.
Rossiya o‘z xorijiy ittifoqchilari muammoga duch kelsa, ularni himoya qila olishi bilan faxrlanadi va Asadni Damashqqa ekstraditsiya qilishga rozi bo‘lmasa kerak, deb yozadi Reyters.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov dushanba kuni Rossiya Assadga boshpana berganini, chunki uning hayoti tahdid ostida ekanini aytdi. Aprel oyida ash-Sharaa New York Times gazetasiga Rossiya Suriyadagi yangi hukumatning Assadni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosini rad etganini aytgandi. OAV xabarlariga ko‘ra, Damashq bu talabni yanvarь oyidayoq Moskvaga yuborgan. O‘shanda Suriya muvaqqat prezidenti Damashq Rossiya bilan munosabatlarni uzish niyatida emasligini aytgan edi.
"Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi hisoblanadi. Suriyadagi qurollar to‘liq Rossiyada ishlab chiqilgan. Hamda, oziq-ovqat va energiya ta’minoti bo‘yicha Suriya ko‘p yillardan beri Rossiyaga tayanib kelgan ko‘plab kelishuvlar mavjud", - deb aytgandi ash-Sharaa.












