Prezident Japarov xavfsizlik rahbari Qamchibek Tashievni nega ishdan oldi?

Surat manbasi, Official
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 10 fevral kuni imzo qo‘ygan farmonga binoan Qamchibek Tashiev Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari - Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi raisi lavozimlaridan bo‘shatildi. Prezident Japarov nega bunday qaror qabul qilganini tushuntirdi.
Prezident matbuot kotibi Askat Alago‘zov Tashievning lavozimdan ozod etilishiga oid davlat rahbarining izohini oshkor qildi.
"Prezident Sadir Nurxo‘joevich bu qarorni qisqa tarzda shunday tushuntirdilar: "Eng avvalo, men buni davlatimizning manfaatlaridan kelib chiqib qabul qildim. Jamiyatda, jumladan davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linish va parchalanishning oldini olish, aksincha, birdamlikni mustahkamlash uchun", dedi Askat Alago‘zov Bi-bi-si Qirg‘iz xizmati bilan suhbatda.
Tashiev hozircha o‘zining lavozimidan ozod etilgani borasida izoh bergani yo‘q.
U boshqa mansabga tayinlanishi haqida ham rasmiy ma’lumot e’lon qilingani yo‘q.
Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Jumg‘albek Shabdanbekov tayinlandi.
Uning nomzodini qo‘mita raisi lavozimiga tasdiqlash uchun Jogorku Keneshga kiritilishi kutilmoqda.
"Ozodlik Radiosi"ning xabar berishicha, Qamchibek Tashiev hozir Germaniyaning Myunxen shahrida davolanayapti.
57 yoshli Qamchibek Tashiev Prezident Sadir Japarovning ko‘p yillik yaqin hamkori sifatida tanilgan.
Tashiev 2020 yilgi oktyabr voqealaridan keyin Japarovning hokimiyatga kelishida asosiy rol o‘ynagan siyosatchilardan biri sifatida mashhur.
U 2020 yil 16 oktyabridan buyon Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Tashievni bu lavozimga Sadir Japarov prezident vazifasini bajarib turgan paytda tayinlagandi.
Bundan tashqari, Tashiev Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimini ham egallab kelgan.
Mustaqil Qirg‘iziston tarixida Sadir Japarov va Qamchibek Tashiev tandemi eng uzoq davom etgan siyosiy hamkorlik sifatida ko‘riladi.
So‘nggi besh yil davomida siyosiy doiralarda Japarov va Tashiev o‘rtasida go‘yoki kelishmovchilik borligi haqida turli mish-mishlar tarqalganiga qaramay, ham prezident, ham Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi mamlakatning ikki asosiy siyosiy arbobi o‘rtasidagi munosabatlar samimiy ekanini doimo ta’kidlab kelgan.
Yaqinda Tashiev Prezident Sadir Japarovning hokimiyatga kelganiga besh yil to‘lishi munosabati bilan e’lon qilingan hujjatli filmda ham shu fikrni yana bir bor qayd etdi va ularni bir-biridan faqat o‘lim ajrata olishi mumkinligini urg‘uladi.

"Biz bir‑birimizga siyosat uchun ham, boylik uchun ham, ta’sir uchun ham yordam berishni niyat qilmaganmiz. Bizdagi do‘stlik va insoniy fazilatlar bir‑birimizga mos keladi. Shu bilan birga, manfaatlarimiz ham mos tushadi. Bizning asosiy manfaatimiz — davlatimizga bo‘lgan mehr, qirg‘iz xalqiga bo‘lgan muhabbat, Qirg‘iz davlatini sevadiganimizning o‘zi. Bu bizda birlashadi.
Ammo hamma: "Siyosatda do‘stlik bo‘lmaydi", deydi va turli odamlar bizni ajratishga, turli rejalar tuzishga, "agar bu ikkisi o‘zaro kelisholmay qolsa, bizga quyosh chiqadi", deb umid qiladi. Hali ham shunday umid qiladiganlar bor.
Ularning barchasining umidi — devorday qattiq to‘siq. Bu to‘siq — devor qanday bo‘lsa, shundayligicha qoladi. Chunki menga Sadir Nurxo‘joevichning hokimiyati yoki prezidentligi qiziq emas. Menda Sadir Nurxo‘joevichdan hokimiyatni olib, prezident bo‘lish niyati yo‘q.
Bizda bunday o‘y‑fikr yo‘qligi uchun ham, bir‑birimizga to‘siq bo‘lmaganmiz, aksincha, bir‑birimizni qo‘llab‑quvvatlab kelganmiz. Shu bois davlatimiz yaxshilanib bormoqda", — dedi Tashiev hujjatli filmda.
































