O‘zbekiston va dunyo: Tramp BRIKSdagilarga qo‘shimcha 10% lik boj bilan tahdid qildi

Prezident Putin onlayn ishtirok etgan BRIKS sammiti

Surat manbasi, MAURO PIMENTEL/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, 6 iyuldagi BRIKS deklaratsiyasi Trampni g‘azablantirdi
O'qilish vaqti: 2 daq

Prezident Donald Tramp AQSh manfaatlariga zid BRIKS tashkiloti siyosatini qo‘llab-quvvatlaydigan mamlakatlarga qo‘shimcha 10 foizlik tarif qo‘llashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

"BRIKSning aksilamerika siyosatiga qo‘shiladigan har qanday mamlakatga QO‘ShIMChA 10%lik boj qo‘yiladi. Bu siyosatda istisno bo‘lmaydi", deb yozdi Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Prezident Trampning noroziligiga 6 iyul kuni e’lon qilingan BRIKSga a’zo mamlakatlar rahbarlarining deklaratsiyasi sabab bo‘ldi.

Rio-de-Janeyrodagi sammitga Xitoy rahbari Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon bormadilar.

BRIKS deklaratsiyasida "savdoni buzadigan va Jahon Savdo tashkilotining qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan bir taraflama tarifli va tarifsiz choralar ko‘payganidan jiddiy xavotir" izhor etiladi.

Bunday choralar "jahon savdosining yanada qisqarishiga va global ta’minot zanjirining uzilishiga olib keladi" va "joriy iqtisodiy nomutanosiblikni yanada chuqurlashtirishi va global iqtisodiy taraqqiyoi istiqboliga ta’sir qilishi mumkin"ligi aytiladi bayonotda.

Shuningdek, BRIKS Xalqaro Valyuta jamg‘armasini isloh qilishga, dunyo valyutalarini baholashga yondashuvni o‘zgartirishga chaqirgan.

Hujjatda Tramp nomi tilga olinmagan, biroq kuzatuvchilar BRIKS bayonotini Trampga qarshi siyosiy zarba deb qabul qildilar.

BRIKS — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika respublikasi 2010 yili tashkil qilgan birlashma nomi.

O‘tgan yili tashkilotga Eron, Misr, Birlashgan Arab amirliklari, Efiopiya qo‘shilgan, Turkiya va Ozarbayjon qo‘shilish uchun ariza topshirgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston

6 iyuldagi Braziliyadagi sammitda Indoneziya tashkilotga a’zo bo‘lib kirdi, Belarus, O‘zbekiston va Qozog‘iston va boshqalarga BRIKSning sherik mamlakatlari degan maqom berilgani e’lon qilindi.

Tramp BRIKSni uzoq vaqtdan buyon tanqid qilib keladi.

Shu yil fevralida "agar dollar bilan o‘ynashadigan bo‘lsalar", BRIKS mamlakatlariga 100 foizlik boj joriy qilish bilan po‘pisa qilgan edi.

Tramp bunda Rossiyani tilga olmagan.

Biroq aynan Moskva G‘arb sanksiyalari kiritilganidan keyin a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi oldi-sotdida AQSh dollaridan voz kechish g‘oyasini ilgari surib keladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning qo‘shimcha tariflar haqidagi bayonotiga munosabat bildirish so‘ralganida shunday dedi:

"BRIKS doirasidagi o‘zaro hamkorlik hech qachon qandaydir uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagan va qaratilmaydi ham".

Iqtibos

Surat manbasi, .

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating