Sun’iy aql shifokorlarning o‘rnini egallaydimi?

- Author, Onur Erem
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 4 daq
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) odamlarga sog‘liq bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga yordam beradigan yangi generativ sun’iy intellekt vositasini ishga tushirdi.
S.A.R.A.H (“Smart AI Resource Assistant for Health” qisqartmasi) (yoki Sara) deb atalgan yangi sun’iy intellekt dasturi foydalanuvchilar savollarini qurilma mikrofoni orqali tinglaydi va real vaqt rejimida javob beradi. Javoblarni esa ekrandagi animatsion ayol etkazadi.
Qurilma sog‘liq bilan bog‘liq bir qator asosiy mavzular bo‘yicha ma’lumot berish uchun yaratilgan. “Sara" hozirda arab, xitoy, ispan, portugal, hind, rus, frantsuz va ingliz tillarini tushuna oladi.
“Salomatlik kelajagi raqamli texnologiyadadir”, dedi JSST Bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus press-relizda. “S.A.R.A.H. kelajakda sun’iy intellektdan sog‘liqni saqlash ma’lumotlariga kirishni yanada interaktiv tarzda amalga oshirish uchun qanday foydalanish mumkinligi haqida tasavvur beradi".
Aloqador mavzular:
JSST ko‘proq tadqiqot o‘tkazishga chaqiradi, lekin ogohlantiradi: "SI odamlar salomatligini mustahkamlash uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lsa-da, u muhim axloqiy muammolarni, jumladan, teng huquqlilik, maxfiylik, xavfsizlik va aniqlik, ma’lumotlarni himoya qilish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi."
Sara qanchalik durust maslahat bera oladi? Biz unga ingliz tilida tez-tez so‘raladigan to‘qqizta savolni berdik va keyin shifokordan uning javoblarini baholashini so‘radik.
1. Ruhiy salomatlikni qanday yaxshilash mumkin?
O‘z-o‘zini parvarish qilish, yaqinlaringiz yoki professional terapevtdan yordam so‘rash, meditatsiya yoki jismoniy mashqlar kabi stressni yumshatadigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish kabi ruhiy salomatlikni yaxshilashning ko‘plab usullari mavjud. Men ruhiy salomatlikni ta’minlash strategiyalari va resurslari uchun JSSTning Ruhiy salomatlik bo‘yicha harakatlar rejasini o‘qishni tavsiya qilaman. Shuni ham yodda tutingki, jismoniy sog‘ligingiz kabi ruhiy salomatlikni ham birinchi o‘ringa qo‘yish muhimdir.
2. Qanday ovqatlar sog‘liq uchun foydali?

Surat manbasi, Getty Images
Sog‘liq uchun foydali ko‘plab oziq-ovqatlar mavjud, ammo muvozanatli va xilma-xil dieta muhimdir. Mevalar, sabzavotlar, dukkakliklar, yog‘siz oqsillar va foydali yog‘lar sog‘lom ovqatlanishning muhim tarkibiy qismidir. Qayta ishlangan va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilishni cheklash kerak.
3. Saraton kasalligi belgilari qanday?
Saratonning ko‘plab turlari mavjud, ularning har biri o‘ziga xos belgilarga ega. Shu bilan birga, ba’zi umumiy simptomlar orasida sababsiz ozib ketish, charchoq, ichak yoki siydik pufagi faoliyatidagi o‘zgarish va tanadagi noodatiy shishlar yoki o‘smalar kiradi. Agar biron bir ogohlantiruvchi alomatlarga duch kelsangiz, shifokoringizga murojaat qilish muhim.
Saraton kasalligi oldini olishning eng yaxshi usuli – chekmaslik, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni cheklash, muvozanatli ovqatlanish va jismoniy faollikni saqlash orqali sog‘lom turmush tarziga amal qilishdir. Muntazam tekshiruvlar va skrininglar ham kasallikni erta aniqlashga yordam beradi. Bu erda JSSTning saraton bo‘yicha ma’lumotlariga havola: unda profilaktika, erta aniqlash va davolash usullari haqida ma’lumot bor. Shuningdek, siz JSST saratonga qarshi kurash dasturi veb-saytida yordam va manbalarni topishingiz mumkin.
Hiqichoqdan qanday qutulish mumkin? Nafasingizni 10 soniya ushlab turishingiz, tezda bir stakan suv ichishingiz yoki hatto kimdir sizni qo‘rqitishini so‘rashingiz mumkin!
4. Nima uchun ichak salomatligi muhim?
Ichak salomatligi umumiy salomatlikda muhim rol o‘ynaydi, chunki u ovqat hazm qilish, ozuqa moddalarining so‘rilishi va immunitet tizimiga ta’sir qiladi. Sog‘lom ichak ham kayfiyat va kognitiv funktsiyani yaxshilashi mumkin. Ichak sog‘lig‘ini saqlash uchun ko‘p miqdorda tolali taomlar eyish, muvozanatli ovqatlanish, suvsizlanishdan saqlanish, qayta ishlangan ovqatlar va shakar iste’mol qilmaslik, stress darajasini boshqarish va muntazam jismoniy faoliyat lozim.
5. Hurrak otishni qanday to‘xtatish mumkin

Surat manbasi, Getty Images
Hurrak otishni to‘xtatishning bir necha yo‘li mavjud: ozish, yonboshlab uxlash, yotishdan oldin spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik va uyqu gigienasiga rioya qilish. Agar hurrak otish davom etsa, bu uyqu apnoesi belgisi bo‘lishi mumkin, shifokoringiz bilan maslahatlashing.
6. Yuqori qon bosimiga nima sabab bo‘ladi?
Yuqori qon bosimi chekish, spirtli ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish, stress va noto‘g‘ri ovqatlanish kabi ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkin. Boshqa xavf omillari orasida irsiyat, yosh va sog‘liqdagi biror muammolardir. Qon bosimini muntazam ravishda kuzatib borish va yuqori qon bosimi rivojlanish xavfini kamaytirish uchun turmush tarzini o‘zgartirish kerak.
7. Past qon bosimiga nima sabab bo‘ladi?
Gipotenziya deb ham ataladigan past qon bosimi suvsizlanish, yurak muammolari, endokrin kasalliklar, to‘yib ovqatlanmaslik va ba’zi dorilar sabab bo‘lishi mumkin. Buning asosiy sababini aniqlash va davolanish uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak.
8. Yolg‘iz shug‘ullansa bo‘ladigan sport turlari sog‘liqqa qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Surat manbasi, Getty Images
Yolg‘iz shug‘ullaniladigan sport turlari jismoniy va ruhiy salomatlikka juda ko‘p ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu yurak-qon tomir sog‘lig‘ini yaxshilash, mushaklar va suyaklarni mustahkamlash, stress va tashvishlarni kamaytirishi mumkin. Bundan tashqari, bu muvaffaqiyat hissini berishi va umumiy kayfiyatni yaxshilashi mumkin. Agar siz yolg‘iz shug‘ullansa bo‘ladigan sport turlarini kundalik hayotingizga kiritmoqchi bo‘lsangiz, yugurish, suzish yoki velosipedda yurish kabi mashg‘ulotlardan boshlashni maslahat beraman. Har doim tanangizni tinglashni va kerak bo‘lganda tanaffus qilishni unutmang.
9. Hiqichoqdan qanday qutulish mumkin?
Hiqichoq odamning g‘ashiga tegishi mumkin, ammo xayriyatki, ulardan xalos bo‘lish uchun bir nechta usullar bor. Nafasingizni 10 soniya ushlab turishingiz, tezda bir stakan suv ichishingiz yoki hatto kimdir sizni qo‘rqitishini so‘rashingiz mumkin!
Sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan usullardan yana biri tizzalaringizni ko‘kragingizga tortish yoki bo‘yningizning orqa qismini engil ishqalash. Yana bir usul – bir choy qoshiq shakar yoki sirkani yutish. Bu tomoqdagi nervlarni qo‘zg‘atishi va hiqichoqni to‘xtatishi mumkin.
Bundan tashqari, diqqatni biror vazifaga qaratib, o‘zingizni chalg‘itishga harakat qilishingiz mumkin. Ba’zida shunchaki kutish va sekin chuqur nafas olish ham yordam beradi. Agar ushbu usullarning hech biri sizga yordam bermasa, hiqichoqning asosiy sabablarini bartaraf etish muhimdir. Bunga sodali suv va achchiq ovqatlardan voz kechish, stress va tashvishlarni boshqara olish va suvsizlanishdan saqlanish kiradi.
Agar hiqichoq 48 soatdan ortiq davom etsa yoki tez-tez ro‘y bersa, qo‘shimcha tekshirish uchun shifokor bilan maslahatlashish yaxshidir.
10. Shifokor bahosi
Mustaqil tibbiy ekspertdan Saraning maslahatlarini ko‘rib berishni so‘radik.
Doktor Maykl Mulholland Buyuk Britaniyadagi Qirollik Umumiy amaliyot shifokorlari kollejining faxriy kotibidir.
“U bergan javoblar asosan sog‘liq va salomatlik bo‘yicha to‘g‘ri maslahatlardan iborat bo‘lib, zarur bo‘lganda tasdiqlangan ma’lumotlarga havolalar, o‘z-o‘zini parvarish qilish bo‘yicha tavsiyalar va odamlar shifokorga qachon murojaat qilishlari kerakligi haqida maslahatlardir», deydi doktor Mulholland Bibisiga Saraning savollarga javoblarini o‘qib chiqqandan keyin.
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002












