O‘zbekiston va Markaziy Osiyo: Endi Rossiya harbiy hozirligi kuchayadimi, Xitoy-chi, vaziyatga aralashadimi – yangi qo‘rquv va xavotirlar qanchalik asosli? Video

Kollaj

Surat manbasi, gettyimages/afp

Surat tagso‘zi, Mintaqadagi so‘nggi voqealar hatto xalqaro miqyosda e’tibor topdi.
O'qilish vaqti: 13 daq

Yangi savol, qo‘rquv va xavotir

Tojik-Afg‘on chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Markaziy Osiyo chegarasi buzildi.

Mintaqa ketma-ket hujumga uchradi, to‘qnashuvlarga sahna bo‘ldi.

Nishon – Tojikiston, nega?

Ustma-ust hujumlar kimning ishi?

Mavjud vaziyat O‘zbekiston, butun mintaqa xavfsizligi uchun nimani anglatadi?

Rossiya va Xitoy-chi, endi nima qiladi?

"Diqqat, BBC" dasturimizning bu galgi sonida xuddi ana shu mavzu tahlili. Dasturimizni video shaklda ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Nega bunday bo‘ldi?

Tojik-Afg‘on chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Afg‘oniston bilan chegaradosh uch Markaziy Osiyo ichidan aynan Tojikiston Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga ega.

Markaziy Osiyo chegarasi buzildi.

Mintaqa Afg‘onistondan ustma-ust hujumga uchradi, to‘qnashuvlarga sahna bo‘ldi.

Ketma-ket hodisalar yana sanoqli haftalarning ichida yuz berdi.

Tojikiston yagona nishonga aylandi.

Bunaqasi esa Markaziy Osiyo mintaqasining bu yaqin tarixida bo‘lmagan.

So‘nggi voqealar mintaqa qolib, hatto xalqaro miqyosda e’tibor topdi.

Nega bunday bo‘ldi?

"Albatta, buning o‘z sabablari bor. Birinchidan, hozir O‘zbekiston Islomiy harakati Afg‘onistonda faol emas. Lekin tojik jangarilaridan iborat "Jamoat Ansarulloh" guruhi Tolibon bilan yaqin hamkorlikda va ular anchagina faol. Esingizda bo‘lsa, ikki yil muqaddam Afg‘onistonning shimoli va shimoli-sharqida bir qancha a’zolari tog‘lardagi toshlarga o‘z guruhlari nomlarini yozib, Tojikiston hukumatiga o‘zlarining borliklarini bildirib qo‘yishgan. Bu albatta o‘shanda Tojikiston tomonining noroziligiga sabab bo‘ldi. Lekin, boshqa tomondan, bu Afg‘oniston shimoli va shimoli-sharqida islomiy jangarilarning borliklarini ko‘rsatib qo‘ydi", - deydi BBC bilan suhbatida xuddi shu savolga javob berarkan hozir Pragada bo‘lgan asli tojikistonlik mustaqil jurnalist Sirojiddin Islom.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bu holatni, misol uchun, Afg‘oniston bilan nisbatan kichikroq chegaraga ega bo‘lgan O‘zbekiston yoki Turkmaniston misolida aytib bo‘lmaydi. Jurnalist xuddi shu savolimizga javob berarkan, o‘zining e’tiborini yana Tojikistonning Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan munosabatlarining bugungi ahvoliga ham qaratdi.

"Bundan tashqari, Tojikiston Markaziy Osiyoda Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmagan yagon davlat bo‘lib qolayapti. Tojikiston hukumati Tolibon iqtidorga kelgandan keyin ham o‘zining e’tirozlarini ochiqchasiga bildirgan va u yerdagi etnik ozchiliklari, aniqrog‘i, tojiklar manfaatini himoya qilishdan manfaatdor ekanligini ham aytgan. Hozirgacha ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q", - deydi suhbatdosh.

Ammo, mustaqil jurnalistga ko‘ra, so‘nggi yillarda mavjud vaziyat o‘zgargan. So‘nggi yillarda Rossiyaning Ukraina bilan band bo‘lib qolishi, Yevropa Ittifoqining ham markaziy e’tibori asosan Ukrainaga qaratilishi va AQSh siyosatidagi o‘zgarishlar, albattaki, Tolibonni anchayin faol harakat qilish va bir ma’noda, Tojikiston hukumatini o‘z xohish-irodasiga bo‘ysindirishga urinishiga olib kelgan.

"Shu ma’noda Tojikiston hukumati yon berishlarga borayapti va rasman Tolibon hukumatini tan olmasa ham, u bilan aloqalar mavjudiligini ko‘rsatayapti. Ya’ni, chegaradagi xavfsizlik, tijorat va elektr energiyasi ta’minoti masalasida ikki o‘rtada qandaydir bordi-keldi, muloqotlar mavjud. ", - deya o‘z so‘zlarida davom etadi jurnalist.

Lekin, suhbatdoshning fikricha, Afg‘oniston tomonidan Tojikiston hududlarida qandaydir bir qurolli harakatlarning bo‘lishi, bu birinchidan, Tolibon hukumatining markazlashmaganligini ko‘rsatadi. – Ikkinchi tomondan, Tolibon ichida Tojikiston hukumatiga salbiy munosabatda bo‘lgan elementlarning ham borligini ko‘rsatadi.

Vaziyat o‘zgardimi?

Sirojiddin Islom
skrinshot
Siz aytayotgan hududlar Markaziy OSiyoning juda ham kichkina nuqtalari hisoblanadi. U yerlarda katta qurolli amaliyotlarni o‘tkazish mumkin, degan fikrdan yiroqman.
Sirojiddin Islom
Mustaqil jurnalist, Praga (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Tojik-afg‘on chegarasida qurolli to‘qnashuvlar ko‘p yuz bergan.

Agar, rasmiy raqamlarga tayanilsa, birgina o‘tgan yilning birinchi yarmida to‘qnashuvlar soni o‘ntaga yetgan.

Ammo ularning barchasiga narkodilerlar sabab bo‘lgani aytilgan.

So‘nggi hujumlarning sababi, shakli va tabiati esa o‘zgargan. Xitoy fuqarolari nishonga olingan.

Amudaryo o‘zani ustidan ham to‘qnashilgani aytilgan. Granata bilan jihozlangan dron qo‘llangan.

Bu nimani anglatadi?

"Siz aytayotgan hududlar Markaziy OSiyoning juda ham kichkina nuqtalari hisoblanadi. U yerlarda katta qurolli amaliyotlarni o‘tkazish mumkin, degan fikrdan yiroqman. Albatta, bunday yakkam-dukkam, kichik to‘qnashuvlar, chegaralardan sizib o‘tish, narkotiklarni olib o‘tishga urinishlar yoki qandaydir bir qurolli jangari guruhlarning Tojikiston hududiga o‘tib, qanaqadir terrorchilik hujumlarini uyushtirish ehtimollarini nazardan soqit etmagan bo‘lardim. Bunday narsalar bo‘lishi mumkin", - deydi Pragadan mustaqil jurnalist suhbatdoshimiz.

Ammo, unga ko‘ra, bu sistematik yoki keng ko‘lamda bo‘ladi, degan fikrda emas.

"Bundan na Tojikiston hukumati va na Tolibon hukumati manfaatdor, deb o‘ylayman. Agar, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tiklansa, chegaralarda katta muammolar qolmaydi. Ammo, hozircha, Tojikiston hukumati, rasmiy Dushanbe bunga tayyor emas".

Xitoy nega nishon?

Qozog‘istondagi Xitoy va Qozog‘iston davlat bayroqlari aks etgan binolar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy mintaqa davlatlari barchasining eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori, yotirimchisi va qarz beruvchilaridan biri bo‘ladi.

Tojikistonga qilingan xuddi shu hujumlarda Xitoy fuqarolari ham o‘ldirildi. Yana tan jarohati ham oldi.

Hodisa shunisi bilan xalqaro miqyosda e’tibor topdi.

Bunga o‘xshash holat bundan avval Pokiston va Afg‘onistonda ham kuzatilgan.

Xitoy mintaqa davlatlari barchasining eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori, yotirimchisi va qarz beruvchilaridan biri.

O‘zining eng yirik iqtisodiy loyihalarini ham mintaqa bilan bog‘lagan.

Shunday ekan, voqealar nega bunday tus oldi?

Sayid Abdulloh Nizomiy

BBC Afg‘on xizmati

Sayid Abdulloh Nizomiy: Eng muhim savol ham shundaki, nima uchun xitoyliklar va ularning bizneslari Pokiston, Afg‘oniston, Tojikiston va mintaqaning boshqa hududlarida ishonga olinayapti? Afg‘on-tojik chegarasida yaqinda yuz bergan hodisada esa hatto xitoyliklar qurbon ham bo‘lishdi. 2022 yilning dekabrida Afg‘oniston poytaxtida ham xitoyliklarning mehmonxonasi nishonga olindi. Bundan tashqari, shu kunlarda yana xitoyliklarning Kobuldagi restorani ham hujumga uchradi. Unda ham bir xitoylik o‘ldirildi. Biz suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, bunga Xitoyning mintaqani ko‘zlagan uzoq muddatli rejalari sabab bo‘lgan. Xitoyning O‘zbekiston bo‘ladimi yoki Tojikiston, qolgan mintaqa davlatlarida ham o‘zining iqtisodiy rejalari bor. Sovetlar Ittifoqi parchalanishi ortidan Xitoy mintaqada o‘zining iqtisodiy ta’siri, ishtiroki va uzoq muddatli rejalarini kengaytirdi. Ammo aksariyat mintaqa davlatlari hukumatlarining qattiqqo‘l siyosati sabab, odamlar bu haqda o‘zlarining fikrlarini ochiqcha bildira olishmaydi. So‘nggi voqealar bizga Xitoyning bu kabi yirik iqtisodiy loyihalari va faol ishtiroki tahdid ostida qolayotganiga dalolat qiladi.

Kim mas’ul?

Tolibon jangarilari.

Surat manbasi, skrinshot

Surat tagso‘zi, Tolibon bu davlatlarning orasini buzish ilinjidagi dushmanlarning ishi ekanini aytdi, lekin ular ham faqat shu bilan cheklandi.

Ammo bu hujum va to‘qnashuvlarga mas’uliyatni hozircha biror bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.

Tojikiston ularni "terrorchi tashkilotlar"ga nisbat berdi. Ammo qay biri ekanini ochiqlamadi.

Tolibon bu davlatlarning orasini buzish ilinjidagi dushmanlarning ishi ekanini aytdi, lekin ular ham faqat shu bilan cheklandi.

Ayrim afg‘on nashrlari "Jamoat Ansorulloh" nomini tilga oldi. Tekshiruv ishlari natijalari esa, halicha e’lon qilinmagan.

Shunday ekan, mas’ul kim?

Sayid Abdulloh Nizomiy: Mintaqadagi vaziyatning qanchalik hassos ekani nazarda tutilsa, qandaydir bir guruhning xitoyliklarga qaratilgan bu kabi hujumlarga mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi oson emas. Pokistonning ba’zi bir hududlarida IShIDning Xuroson qanoti yoki Balujiston Ozodlik armiyasi ulardan ayrimlari o‘zlarining ishlari ekanligini ham aytib chiqdi. Xususan, Balujiston Ozodlik armiyasi guruhi Xitoyning Pokiston bilan yaqindan hamkorligi uchun bu ishni qilganini iddao qildi. O‘zlariga tegishli bo‘lgan yerdan Pokiston hukumati va Xitoy foyda ko‘rayotganligini aytdi. Xitoyliklarning Afg‘onistondagi mehmonxonasi va restoraniga qaratilgan har ikki hujumga esa, IShIDning Xuroson qanoti o‘zlari mas’ul ekanliklarini da’vo qildi. Ammo faqat IShIDning Xuroson qanoti yoki Balujiston Ozodlik armiyasi emas, "Jamoat Ansorulloh" guruhi xam, uzoq yillarki, mintaqada, Afg‘onistonning ayrim hududlarida faol. Bundan tashqari, asosan musulmon uyg‘urlardan tashkil topgani aytiluvchi Sharqiy Turkiston Islomiy harakati ham ancha paytdan beri Pokiston, Afg‘oniston va mintaqaning qolgan hududlarida faoliyat yuritib keladi. Bu guruhlar Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlariga qarshi. Ular ham Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy manfaatlarini tahdid ostida qoldirishi mumkin.

Tolibon va’dasi...

Tinchlik muzokaralaridagi Tolibon hay’ati

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tolibon o‘zi Afg‘onistonda qudratga qaytgan o‘tgan to‘rt yil ichida biror bir jangari guruhning uchinchi bir davlatga qarshi afg‘on tuprog‘idan foydalanishiga izn bermasligini izchil ravishda takrorlab keladi. O‘zlarining Doha bitimi shartlariga sodiq qolishlarini ta’kidlaydi.

Afg‘oniston yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan. So‘nggi bir necha o‘n yillikda o‘z vaqtida harbiy doiralarda eng yirik O‘zbek jangari guruhi deb ko‘rilgan va ildizlari O‘zbekistonga borib taqaluvchi O‘zbekiston Islomiy harakati ham aynan Afg‘onistondan boshpana topib kelgan. Uning saflaridan ajralib chiqqan turli guruhlar uchun ham Afg‘oniston boshpana vazifasini o‘tab kelgan.

Tolibon o‘zi Afg‘onistonda qudratga qaytgan o‘tgan to‘rt yil ichida biror bir jangari guruhning uchinchi bir davlatga qarshi afg‘on tuprog‘idan foydalanishiga izn bermasligini izchil ravishda takrorlab keladi. O‘zlarining Doha bitimi shartlariga sodiq qolishlarini ta’kidlaydi.

Orada O‘zbekiston, Markaziy Osiyoni Afg‘oniston bundan buyon xavf solmasligiga ham ishontirgan.

U holda nega bunday bo‘ldi? Tojikiston misolida aytganda, mintaqa nega sanoqli haftalarning o‘zida Afg‘onistondan ustma-ust hujumga uchradi?

Sayid Abdulloh Nizomiy: Tolibon hozir ham biror bir xorijiy jangari guruhning Afg‘onistonda faoliyat yuritishi va ularning uchinchi bir davlatga qarshi afg‘on tuprog‘idan foydalanishiga izn bermasligini ta’kidlaydi. Tojikistondagi Xitoy fuqarolariga qarshi qaratilgan hujumlarga o‘zining munosabatini bildirarkan, Tolibon Tashqi ishlar vaziri ular davlatlar o‘rtasida "ishonchsizlik" paydo qilishga intilayotgan "dushmanlar"ning ishi ekanini aytdi. Tolibon so‘nggi yillarda IShIDga qarshi keng ko‘lamli amaliyotlar olib bordi, ularni jilovlashga muvaffaq bo‘lganini ham iddao qildi. Bundan tashqari, Tolibon "Jundulloh" va Sharqiy Turkiston Islomiy harakatining ham ortidan tushdi. Faoliyatlarini izdan chiqarishga urindi. Ular jangarilaridan aksariyati IShID Xuroson qanoti saflariga ham qo‘shildi. Tolibon ularni egallab turgan hududlaridan siqib chiqarishga qattiq harakat qildi. Ammo bunga to‘liq muvaffaq bo‘lmadi. Chunki hozir ham bu guruhlar boshpana topib, o‘z faoliyatlarini davom ettirayotgan hududlar bor. Ularni Pokiston qo‘llab-quvvatlaydi, degan iddaolar bor. Bundan tashqari, Afg‘onistonning murakkab jo‘g‘rofiy joylashuvi, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tanglik ham ularga qo‘l kelayotgani aytiladi. Bu guruhlar faol bo‘lishi mumkin, ammo avvalgidek Afg‘oniston ichkarisida egallab turgan turgan hududlari yo‘q. Tolibon bunga o‘xshash hujumlarning oldini olish uchun hozir josuslik amaliyotlariga zo‘r berayapti. So‘nggi to‘rt yil ichida Tolibon hujum uyushtirish fitnasida bo‘lgan turli jangari guruhlarning o‘nlab a’zolarini qo‘lga olganligini aytadi.

Chegara himoyasi pand berdimi?

Aynan tojik-afg‘on chegarasining xavfsizligi Rossiya, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti qolib, hatto Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham bosh qo‘shgan masala bo‘ladi.

Tolibonning Afg‘onistonda qudratga qaytishi manzarasida Tojikistonning o‘zi ham o‘zaro chegarada qo‘shimcha himoya chiziqlarini yaratayotganini aytgandi.

O‘zbekiston va Turkmaniston misolida qolgan ikki mintaqa davlatiniki bilan qiyoslanganda, Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi eng uzuni bo‘ladi.

Tojik-afg‘on chegarasining uzunligi 1300 kilometrdan ortadi.

U holda so‘nggi voqealar nimaga dalolat qiladi?

Mustaqil jurnalist suhbatdoshimiz Sirojiddin Islom buning sababini eng avvalo tojik-afg‘on chegarasining har doim ham mustahkam bo‘lmagani omiliga bog‘laydi.

"Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarasi mintaqadagi eng uzuni. Shu bois, uning ba’zi nuqtalarini to‘liq nazorat qilish imkonsiz. Chunki jo‘g‘rofiy nuqtai nazardan, tiktonik nuqtai nazardan o‘zaro chegara judayam murakkab joylarda joylashgan. Ayniqsa, Tojikistonning Panji Poyondan boshlab to Badaxshon mintaqasigacha bo‘lgan hududlari to‘liq nazorat qilinmaydi, imkonsiz buni nazorat qilish. Juda ham katta kuch, mablag‘ kerak. Bunday kuch va mablag‘ Tojikiston yoki Afg‘onistondan ham yo‘q", - deydi suhbatdosh.

Ammo, unga ko‘ra, tojik-afg‘on chegarasida o‘nlab chegara nuqtalari, postlar bor va shu bois ham, bu yerlarda Tojikiston hamda Tolibon o‘rtasida qandaydir bir katta janjallar kelib chiqadi, deb aytishga halicha erta.

Chegaradagi vaziyatga yaqindan nazar

O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Afg‘oniston Tojikistondan tashqari O‘zbekiston va Turkmanistonga ham chegaradosh.

Afg‘oniston Tojikistondan tashqari O‘zbekiston va Turkmanistonga ham chegaradosh.

O‘zbekiston Tolibon qudratga qaytganidan keyin Afg‘oniston bilan chegarasida yirik xalqaro savdo markazi – erkin savdo hududini ishga tushirgan. Bu ishni qilgan birinchi mintaqa davlatga aylangan.

Yirik miqdordagi savdo-iqtisodiy kelishuvlarga borgan.

Termiz-Hayraton ko‘prigini fuqarolar harakati uchun qayta ochgan.

Shu kunlarda O‘zbekiston Tolibon hukumati bilan harbiy hamkorlik qilmoqchi ekaniga oid rasmiy xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.

Birgina O‘zbekiston misolida olganda, hozir chegara qanchalik xavfsiz?

BBC O‘zbek xizmati muxbiri Firuz Rahimiy yaqinda O‘zbekiston orqali Afg‘onistonda bo‘lib qaytgan.

"O‘zbekistondan Afg‘onistonga o‘tayotgan paytingizda, ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan unday ko‘p cheklovlar yo‘q. Bemalol. Faqat ko‘rishadi, o‘tasiz, ketasiz. Albatta, Amudaryo ustidagi ko‘prikning yarmiga borguncha O‘zbekiston tomonining tartib-qoidalariga rioya qilishingiz kerak. Masalan, hech narsani suratga ololmaysiz. Piyoda o‘tadiganlar ham, ikkita, uchta mashinaga o‘tirib, ketadiganlar ham bor", - deydi u.

Suhbatdoshning aytishicha, afg‘on tomoniga o‘tgach ham, vaziyat deyarli xuddi shunday, u qadar tekshiruv yo‘q. Ammo Afg‘onistondan O‘zbekistonga qaytayotgan paytda hikoya umuman boshqacha.

"Tolibon chegarachilari bor. Sumkangiz bo‘ladimi yoki o‘zingiz, yaxshilab tekshirib, keyin o‘tkazadi. O‘zbekiston tomoniga o‘tgach esa, ular yanada qattiqroq tekshirishadi. Ikkita-uchta tekshiruv nuqtasidan o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Qurolli chegarachilarni ko‘rishingiz mumkin", - deya so‘zlarida davom etadi Firuz Rahimiy.

Фируз Раҳимий
skrinshot
Tolibon hozir qat’iy bir shaklda qudratda. Qudrat va tuzumi shundayki, odamlar markazdan tayinlanadi, markazdan keladi. Albatta, Tolibonning chegara, politsiya kuchlari ham bor.
Firuz Rahimiy
BBC O‘zbek xizmati (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Afg‘oniston tomonidan olsak, Tolibonning chegara nazorati zaif, ular bu ishni mahalliy qudratli shaxslarga topshirib qo‘ygan, degan iddaolar bor.

U holda bu kabi da’volar qanchalik asosli bo‘lishi mumkin?

Firuz Rahimiyning aytishicha, bu kabi da’volar hozir emas, Afg‘oniston Islomiy respublikasi amalda bo‘lgan paytda ko‘proq haqiqatga yaqin bo‘lgan.

"Nega deganda, Tolibon hozir qat’iy bir shaklda qudratda. Har bir hududda o‘zlarining odamlari, ayniqsa, Afg‘oniston markazidan kelgan odamlari bor. Chunki Tolibonning qudrat va tuzumi shundayki, odamlar markazdan tayinlanadi, markazdan keladi. Albatta, Tolibonning chegara, politsiya kuchlari ham shakllangan. Agar, hujumlarga kelsak, ha, u yerlarda o‘tish nuqtalari uncha keng emas, o‘rmonzorlar ham bor, keyin u hududlar oldinlari bangivor moddalar o‘tkazilgan nuqtalari bilan ham tanilgan. Undan keyin, ayniqsa, Badaxshon viloyati, ya’ni Afg‘oniston tomonidagisi o‘z vaqtida bangivor moddalar eng ko‘p yetishtiriluvchi hudud sanalgan, bundan tashqari u yerda oltin, bir qancha konlar bor, Pokistonga ham aloqalari juda yaqin. Shuning uchun ham, bularning barchasi bu hududlarda noqonuniy qurolli guruhlarning faol bo‘lishlariga ko‘proq zamin yaratadi, deb aytish mumkin", - deydi u.

Bu Markaziy Osiyo uchun nima degani?

Markaziy Osiyo xaritasi

Surat manbasi, skrinshot

Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyo yaqinda xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga kelgan.

Tolibon qudratga qaytishi ortidan, O‘zbekiston ham Afg‘onistondan hujumga uchragan.

O‘shanda raketa hujumiga mas’uliyatni IShIDning Xuroson qanoti o‘z zimmasiga olgan.

Xuroson qanoti hozir IShIDNing eng jangovar tarmog‘i sifatida ko‘riladi.

Yaqinda e’lon qilingan xalqaro hisobotda tarmoq Markaziy Osiyoda yangi a’zolar yollashda davom etayotgani aytilgan.

O‘tgan yili O‘zbekiston Islomiy harakati ham AQShdan qolgan va Tolibon qo‘liga o‘tgan qurol-aslahaga imkonli bo‘lganiga oid xavotirlar bo‘y ko‘rsatgan.

Ammo yaqinda Markaziy Osiyo xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga kelgan.

Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini qabul qilgan.

Xuddi shu manzarada tojik-afg‘on chegarasidagi so‘nggi voqealar butun Markaziy Osiyo uchun nimani anglatishi mumkin?

Toshkentdan siyosiy tahlilchi Farhod Tolipovning fikricha, bu Afg‘oniston tomonidan faqat Tojikiston hududiga qilingan qandaydir harakatlar, deb yondashilsa, bu to‘g‘ri yondashuv bo‘lmaydi.

"Har qanaqa mana shunday tahdidlar albatta birinchi galda qaysidir Markaziy Osiyo davlatidan boshlanadi", - deydi tahlilchi. "Baravariga butun Markaziy Osiyoga bo‘lmaydi-ku".

Farhod Tolipovga ko‘ra, shu bois ham, aslida Tojikistonga qilingan mana shunday harakatlar bu – mintaqaviy o‘lchami bor tahdid, degan fikrda.

"Biz bilamiz, ancha yillardan beri Afg‘oniston beqaror mamlakat bo‘lib kelayapti. Afg‘onistonni hali barqaror yo‘lda turdi, barqaror yo‘lda rivojlanayapti, endi tinchlik o‘rnatildi, kafolatlandi deyishga hali ancha erta".

"Afg‘oniston hududidan turlicha tahdidlar hali u yoki bu ko‘rinishda paydo bo‘lib turibdi".

Tahlilchi fikricha, shu bois ham:

  • Bir tomondan, baholi qudrat gumanitar yoki boshqacha yordamlar orqali Afg‘onistonni barqarorlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
  • Ikkinchi tomondan, mintaqaviy darajada baribir xavfsizlik choralarini ko‘rib, tayyor turish kerak.
  • Uchinchi tomondan, xalqaro darajada, ayniqsa, BMT darajasida Afg‘onistonga e’tibor baribir yana qaytishi kerak, kuchayishi kerak.

Endi Rossiya harbiy hozirligi kuchayadimi?

Rossiya harbiysi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tojikistonda Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan.

Rossiya Xitoy va Tojikistonning yaqin ittifoqchisi.

Ammo Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olgan birinchi davlat.

Tojikistonda Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan.

So‘nggi hujumlar manzarasida Tojikiston Afg‘oniston bilan chegarasining qo‘shma himoyasiga Rossiya harbiylarini jalb etish harakatida ekaniga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatdi.

Dushanbe buni rasman rad etdi.

Ammo ularning raddiyasi endi mintaqada Rossiyaning harbiy hozirligi kuchayadi, degan xavotirlarni arita olmadi.

Shunday ekan, bu kabi xavotirlar qanchalik asosli?

Фарҳод Толипов
facebook
Bu ko‘p jihatdan Markaziy Osiyo davlatlarining irodasiga va qarorlariga bog‘liq.
Farhod Tolipov
Siyosiy tahlilchi, Toshkent (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Toshkentdan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Farhod Tolipov fikricha, bu ko‘p jihatdan Markaziy Osiyo davlatlarining irodasiga va qarorlariga bog‘liq.

"Bu baza O‘zbekiston hududida emas, faqatgina Tojikiston hududida, deb hisoblasak, qanchalik Tojikiston hukumati, rahbariyati o‘sha Markaziy Osiyo mintaqaviy kontseptsiyasi asosida deymizmi, mintaqaviy choralarni ishlab chiqib, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda turlicha tahdidlarga tayyor turish harakatlarini amalga oshiradimiki yoki ana o‘sha o‘zining hududida joylashgan Rossiya bazasiga murojaat qilarmikan, ko‘p jihatdan, mana shunday dilemma deymizmi, tanlovga bog‘liq bo‘lib qolardi", - deydi tahlilchi.

O‘zbekistonlik tahlilchiga ko‘ra, kontseptsiya qabul qilingan ekan, ancha yillardan beri qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rib kelingan ekan, mana shunday mexanizm va mintaqaviy hamkorlik hozircha mavjud bo‘lgan tahdidlarga qarshi javob qaytarish uchun salohiyati yetarli va Rossiyaning harbiy bazasiga murojaat qilishga zarurat yo‘q.

"Endi, bu albatta yuqorida aytganimdek, baza Tojikiston hududida bo‘lgani uchun ularning o‘ziga havola deyish mumkin".

Xitoy endi nima qiladi?

skrinshot
Hozir qandaydir qat’iy choralar ko‘rilmasa, Xitoy qo‘shimcha diplomatik bosimlarga borishi mumkin.
Alisher Ilhomov
Xalqaro siyosiy tahlilchi, London (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Xitoy ham Afg‘onistonga chegaradosh oltita mintaqa davlatidan bittasi.

Yillarki, Afg‘onistondan boshpana topib kelayotgan Sharqiy Turkiston Islomiy harakatini o‘zining xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi.

Ammo dunyoning global yadroviy va harbiy qudratlaridan.

Rasmiy Pekin Tojikistonga qilingan va o‘z fuqarolari o‘ldirilgan hujumlarni keskin qoralagan. Tekshirishni talab qilgan.

Sathga o‘zining guruhini yuborgani ham aytilgan. Ammo ularning kimlardan iborat bo‘lgani noayon qolgan.

Rasmiy Pekin mintaqada o‘zining geoiqtisodiy va geosiyosiy manfaatlariga ega qudrat.

Xitoy endi nima qilishi mumkin?

Alisher Ilhomov

Xalqaro siyosiy tahlilchi, London

"Bu voqealarga bir oychadan ko‘proq bo‘ldi. Yana ular afg‘on-tojik chegarasida yuz berdi. Shu bois, Xitoy har ikki davlat rasmiylaridan bu hujumlarni tekshirish va qayta takrorlanishining oldini olish uchun ishonchli choralar ko‘rishlarini istaydi. Chunki mazkur hujumlar ularning chegaradagi vaziyatni halicha to‘liq nazorat eta olishmayotganiga ham dalolat qilishi mumkin. Bu hujumlarning birida harbiy dron ham qo‘llangani aytildi. Mazkur fakt Afg‘oniston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarga darz yetkazib, bu kabi ishlarni qila olishga qodir afg‘on guruhlarining borligini ko‘rsatadi. Xitoy esa Afg‘onistonning muhim hamkori va yotirimchisi bo‘ladi. Tojikistonning ham. Hozir qandaydir qat’iy choralar ko‘rilmasa, Xitoy qo‘shimcha diplomatik bosimlarga borishi mumkin. Agar bu natija bermasa, mazkur muammoni hal qilish uchun qandaydir sanksiyalar qo‘llashi ehtimoli ham yo‘q emas. Ammo, menimcha, so‘z aloqalarni uzishgacha bormaydi. Lekin bu ko‘proq Afg‘oniston tomoniga taalluqli bo‘ladi. Chunki bularning barchasi afg‘on hududidan sodir etilmoqda. Bu kabi hodisalarning oldini olish uchun Tojikiston hukumati ham chegaradagi nazoratni kuchaytirishi lozim. Hujumlardan birining dron yordamida qilingani esa, ularni vaqtida payqab, yo‘q qila olishi uchun Tojikistondan qandaydir texnik, harbiy choralar ko‘rishini ham taqozo etadi. Aftidan, ularning harbiy-texnik bazasi hali bunga tayyor emas. Ular qandaydir majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishdan avval, dronlarni kuzatib, jangarilarning faqat yer emas, osmondan uyushtirishi mumkin bo‘lgan amallarini ham nazorat etishlariga imkon beruvchi jihoz, moslamalarni sotib olishlari kerak. Ko‘rinishicha, chegaralarning nazorati uchun birgina an’anaviy usullarning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun Tojikistonga ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Ammo ular bu ishni imkon qadar tezroq qilishlari lozim. Xitoyda dron ishlab chiqarish nisbatan yaxshi rivojlangan. Xitoy bunday dron hujumlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun har ikki davlatga ham harbiy yordam ko‘rsatishi mumkin. Ukraina urushi manzarasida harbiy harakatlar nuqtai nazaridan vaziyat keskin o‘zgardi. U yerda dronlar hal qiluvchi kuchga aylandi va boshqa davlatlar, jumladan, bizning mintaqamiz ham bunga tayyorlanib, tegishli choralarni ko‘rishi kerak. Xitoy tojik chegarachilari bilan hamkorlikda havo hududi, chegarani kuzatib, har qanday xavfning oldini vaqtida olish uchun chegaraga mutaxassislardan iborat qandaydir bo‘linmasini ham yuborishi mumkin. Mintaqa Xitoyga ham geosiyosiy va ham iqtisodiy nuqtai nazardan muhim."

Xotirjam bo‘lish mumkinmi?

Tojik-Afg‘on chegarasi xaritasi

Surat manbasi, skrinshot

Surat tagso‘zi, Shu kunlarda tojik-afg‘on chegarasida yana to‘qnashuv yuz berganiga oid xabarlar olindi.

So‘nggi hodisalar manzarasida Tojikiston hukumati yangi postlar tashkil qilish bo‘ladimi yoki boshqa, Afg‘oniston bilan chegarasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rayotganini rasman ma’lum qildi.

Tojik-afg‘on chegarasida 18 yanvar kuni yuz bergan to‘qnashuvdan keyin chegara xavfsizligini ta’minlash uchun bundan buyog‘iga ham "barcha kuch va vositalar ishga solinishi"ga ishontirdi.

Ammo shu kunlarda tojik-afg‘on chegarasida yana to‘qnashuv yuz berganiga oid xabarlar olindi.

Shunday ekan, xotirjam bo‘lish mumkinmi?

BBC eng so‘nggida xuddi ana shunday savol bilan yana Pragadan asli tojikistonlik mustaqil jurnalist Sirojiddin Islomga murojaat qildi.

Uning aytishicha, hozir Tojikiston Armiyasini juda ham zaif, deb bo‘lmaydi, resurslari yetarli va boshqa tomondan, Xitoy va Rossiya chegarada bunday katta konfrontatsiyalarni yuz berishiga yo‘l qo‘ymaydi, degan fikrda.

"Bundan hech kim manfaatdor emas. Hattoki Tolibon ham", - deydi u.

"Garchand, bilasiz, Tolibon markaziy hukumati kuchli bo‘lgani bilan, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi hududlar uzoq bo‘lganligi uchun u yerlarda markaziy hokimiyatning iqtidori kamroq. O‘sha mahalliy dala qo‘mondonlari, mahalliy qudratli shaxslarning ta’siri, nufuzi kattaroq. Tojikiston ham buni yaxshi biladi. Agar, zarur bo‘lsa, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilib, chegaradagi o‘sha tanglikni aritishi mumkin."

Unga ko‘ra, shu bois ham, Tolibon tomonidan, Afg‘oniston tomonidan Tojikistonga qandaydir yirik bir qurolli harakatlar bo‘ladi, mintaqadagi xavfsizlik izdan chiqadi, degan fikr noto‘g‘ri.