Ukraina urushi - Moskvaga dronlar hujumi: 9 may paradiga nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Yevgeny Messman/TASS
5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning 100 dan ortiq droni urib tushirildi deb xabar qildi. Uch kundan keyin Qizil Maydonda Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradni o‘tkazish mo‘ljallangan Moskva shahri hokimi Sobyanin 19 dron urib tushirilgani haqida yozdi. Rossiya Prezidenti Putinning 9 may bayrami munosabati bilan o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish taklifini Ukraina Prezidenti Zelenskiy rad etgan edi.
Shu tunda Rossiyaning qator hududlarida havo trevogalari e’lon qilindi.
Moskvadagi Vnukovo, Domodedovo, Jukovskiy aeroportlari, yana bir-birlaridan yuzlab kilometr uzoqlikdagi Kaluga, Saratov, Volgograd, Yaroslavl, Ivanovo, Nijniy Novgorod, Qozon, Nijnekamsk qo‘nalg‘alari yopilgani haqida xabar berdi "Rosaviatsiya".
Ukraina dronlaridan birining qoldiqlari Moskva shahridagi Kashirskoe shosse yo‘liga tushgan.
Bu yil 1945 yildagi nemis natsistlari ustidan g‘alaba qozonilganiga 80 yil to‘ldi.
Yirik sana bo‘lgani uchun Britaniyada bu bayramni nishonlash 5 may kuni boshlab yuborildi, bayram bir necha kun davom etadi.
Qo‘shnisi Ukrainaga urush boshlagan 2022 yildan buyon Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 9 maydagi Qizil Maydondagi harbiy paraddan o‘zining dunyoda yakkalanib qolmaganini namoyish etish uchun foydalanib keladi, buning uchun MDHga a’zo mamlakatlar prezidentlari Moskvaga taklif qilinadilar.
Bu yil ham Putin 9 mayda Qizil Maydonda yonida boshqa prezidentlar bo‘lishini xohlaydi, ammo bayram arafasida boshqa respublikalar rahbarlarining paraddagi ishtirokiga to‘siq bo‘lib ko‘rinishi mumkin bo‘lgan hodisalar kuzatildi.
2024 yil dekabrida Ozarbayjon samolyoti Grozniy aeroportida hujumga tutilgani va Qozog‘istonda qulab insoniy halokatlarga yetaklagani ortidan Prezident Ilhom Aliev Rossiyadan "insoniy munosabat" kutdi, bunday bo‘lmagach, Bokudagi Rossiya uyini yopishga qaror qilindi.
Buning ortidan Ozarbayjon rasmiylari Rossiya shu yil fevral oyida Ozarbayjonga kiber hujum uyushtirganini aniqlaganlarini xabar qildilar.
Kuni-kecha Rossiya patriarxi Kirill Ilhom Aliev va rafiqasi Ozarbayjon Vitse-Prezidenti Mehribon Alieva bilan ko‘rishdi, Alieva xonimni orden bilan tabarikladi, bu Rossiya rahbariyatining Prezident Alievni 9 may paradiga kelishga ko‘ndirish harakati deb ko‘rilmoqda.
Aprel oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Qozog‘iston yerlari haqidagi bayonoti qozog‘istonliklarni g‘azablantirdi, ushbu bayonot ortidan Prezident Putin Prezident Toqaevga qo‘ng‘iroq qilib uzrxohlik qilishga majbur bo‘lgani haqida yozdi Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli tahlilchi Arkadiy Dubnov.
Qirg‘iziston O‘shida Rossiya "Rus Uyi"ning xodimasi qirg‘izistonliklarni Ukrainaga qarshi yollashda ayblanib Qirg‘iz maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olindi.
Sergey Lavrovning Samarqanddagi rus tili haqidagi gapi o‘zbekistonliklarni g‘azablantirdi, yaqin yillarda ilk bor Rossiya elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, Rossiyadagi o‘zbek migrantlarining huquqlari poymol etilayotganidan xavotir izhor etildi.

Surat manbasi, Ўзбекистон президенти матбуот хизмати
Ukraina harbiylari Rossiya hududida
Ukraina rasmiylari bu tunda Rossiya halokatli havo hujumlari uyushtirganini xabar qildilar.
Xarkiv shahriga 20 "Shahid" droni bilan hujum qilingani, oqibatda ikki inson jarohatlangani aytildi.
Odessa viloyatidagi Odessa tumaniga dron hujumida bir inson hayotdan ko‘z yumgani haqida yozdi viloyat rahbari.
Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini boshlanganidan keyin Ukraina Rossiya hududiga bir necha marta dron hujumlari uyushtirdi.
Bunday hujumlardan eng yirigi shu yil martida ro‘y bergan, o‘shanda uch kishi halok bo‘lganini xabar qilgandi Rossiya rasmiylari.
Ayni paytda Ukraina harbiylari Rossiyaning Kursk viloyatiga yana qayta bostirib kirishga uringanlari xabarlari tarqalmoqda.
Ukraina bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, Kiev yakshanba kuni Kursk viloyatidagi Tyotkino qishlog‘i yaqinida dron qo‘mondonlik bo‘linmasiga hujum qilgan.
Aprel oyida Moskva Ukraina qo‘shinlari kutilmaganda Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh Kursk viloyatiga hujum qilganidan to‘qqiz oy o‘tib, butun hududni nazoratga olganini ma’lum qilgandi.
Kiev esa hali ham Kursk viloyatida o‘z askarlari faoliyat yuritayotganini aytadi, buni rossiyalik harbiy bloggerlar ham tasdiqlagan.

Surat manbasi, .












