O‘zbekiston - Markaziy Osiyo: Bolalarning diniy ta’limi, muhojirlar deportatsiyasi, minerallar bo‘yicha kelishuv

Huquq-tartibot idoralari 15 nafar bola yashirin "hujra"larda o‘qitilganini aniqlagan, bolalar xonada xontaxta atrodida o‘tirishibdi, yuzlari hira qilingan, stol ustida turli diniy kitblar bor

Surat manbasi, Toshkent viloyati IIBB/gazeta.uz orqali

Surat tagso‘zi, Huquq-tartibot idoralari 15 nafar bola yashirin "hujra"larda o‘qitilganini aniqlagan
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekistonda bolalarga yashirin diniy saboq berish holati yuzasidan yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquq-tartibot idoralari 15 nafar bola yashirin "hujra"larda o‘qitilganini aniqlagan.

Viloyat IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 44 yoshli erkak va uning 65 yoshli xolasi noqonuniy diniy ta’lim tashkil qilgan. Ular zarur diniy ta’lim va ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan holda bolalarga saboq bergan.

Tekshiruv davomida ayrim holatlarda bolalarga nisbatan jismoniy bosim o‘tkazilgani ham ma’lum bo‘ldi deyiladi. Bolalarning ota-onalariga farzandlarini tarbiyalash va ta’lim berish majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun ma’muriy choralar ko‘rilgani aytiladi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Bu haqda gazeta.uz nashriyoti xabar bergan.

Qorong‘i xonada erkak qo‘liga kishan solishmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tekshiruv davomida ayrim holatlarda bolalarga nisbatan jismoniy bosim o‘tkazilgani ham ma’lum bo‘lgani aytiladi

Kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda noqonuniy diniy ta’limga qarshi choralar kuchaytirilgan. Rasmiylar bunday faoliyat bolalarning huquqlari buzilishiga, radikal g‘oyalar tarqalishiga va zo‘ravonlik holatlariga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab keladi. O‘zbekiston qonunchiligida, diniy ta’lim faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan va ruxsat etilgan muassasalarda berilishi shart deb belgilangan.

Tojikistonlik mehnat muhojirlari deportatsiyasi va kamsitish, noinsoniy munosabatlardan shikoyatlar

Politsiya xodimi Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi oldida navbatda turgan shaxs bilan gaplashmoqda, 2020 yil, 10 avgust.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Politsiya xodimi Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi oldida navbatda turgan shaxs bilan gaplashmoqda. 2020 yil, 10 avgust

2025-yilda 36 mingdan ortiq tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyadan deportatsiya qilingan yoki mamlakatga kiritilmagan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 25 mingdan ziyod fuqaro chegaradan qaytarilgan, yana qariyb 11 ming kishi Rossiya hududidan majburan chiqarib yuborilgan.

Bu raqamlar Tojikiston Migratsiya xizmati rahbari Immatsho Nodirzoda tomonidan 3 fevral kuni Dushanbeda o‘tkazilgan rasmiy matbuot anjumanida e’lon qilingan. Biroq u deportatsiya va mamlakatga kiritmaslik holatlari bo‘yicha batafsil statistika taqdim etmagani aytiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilga nisbatan deportatsiyalar soni kamaygan, biroq Rossiya aeroportlaridan qaytarilgan muhojirlar soni oshgan. 2024 yilda 30 mingdan ortiq tojikistonlik migrant deportatsiya qilingan, ularning qariyb 18 ming nafari mamlakatga kiritilmay, ortga qaytarilgan deb xabar qilngan edi.

Tojikiston Respublikasi Mehnat, migratsiyasi va aholi bandligi vaziri Soliha Xolmahmadzoda deportatsiyalarning asosiy sababi sifatida Rossiyaning migratsiya qonunlarini buzish ekanligini aytdi. Vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda qabul qilingan yangi federal qonunlar qat’iy talablarni belgilaydi va hatto kichik ma’muriy huquqbuzarliklar ham deportatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Tojikistonlik mehnat muhojirlari mobil telefonlari orqali SMS xabarlarini jo‘natishmoqda. Moskva, 2009 yil, 23 sentyabr

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tojikistonlik mehnat muhojirlari mobil telefonlari orqali SMS xabarlarini jo‘natishmoqda. Moskva, 2009 yil, 23 sentyabr

Shu bilan birga, tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada o‘tkazilayotgan reydlar chog‘ida kamsitish va qo‘pol munosabatlarga duch kelayotganidan shikoyat qilib kelishadi. Ular uzoq muddat davomida og‘ir sharoitlarda ushlab turilish, yetarli oziq-ovqat va boshpananing yo‘qligi hamda izohsiz deportatsiyalar haqida xabar berishgani aytiladi. Ammo vazir hamda unga qarashli idoralar mulozimlari bu kabi mehnat migrantlarining shikoyatlariga munosabat ko‘rsatmaganligi aytiladi.

2024 yilda Moskva yaqinidagi "Crocus City Hall" da sodir bo‘lgan hujumdan so‘ng migrantlarga bosim yanada kuchaygan. Shunga qaramay, Rossiya hanuz tojikistonlik mehnat muhojirlari uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Tojikiston iqtisodiyoti ham migrantlar yuboradigan pul o‘tkazmalariga bog‘liqligi ta’kidlab kelinadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025-yil 9-oktabr kuni tojikistonlik hamkori bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida uning mamlakatida bir milliondan ortiq Tojikiston fuqarolari yashab, mehnat qilayotganini aytgan edi. Tokistonda bu xabarni Asia-Plyus nashriyoti chop etgan.

Yaqinda Xabarovskda O‘zbekistonlik migrantning reydlardan so‘ng o‘ldirilgani nafaqat O‘zbekistonni balki butun Markaziy Osiyoni larzaga solgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston rasmiylari Rossiya mulozimlari bilan mamlakatdagi O‘zbekistonlik muhojirlarning huquqini himoyalash borasida qator muzokaralar olib bordi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

O‘zbekiston va AQSh muhim minerallar bo‘yicha memorandum imzoladi

Uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘zbekistonning ushbu sohada katta salohiyatga ega dedi.

Surat manbasi, O‘zbekiston TIV/gazeta.uz orqali

Surat tagso‘zi, Uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘zbekistonning ushbu sohada katta salohiyatga ega dedi

AQSh O‘zbekiston bilan muhim minerallar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Kelishuv 4-fevral kuni AQSh Davlat departamenti mezbonlik qilgan muhim minerallar bo‘yicha vazirlar uchrashuvida e’lon qilindi.

Ushbu memorandum AQSh tomonidan jami 10 ta davlat, jumladan Argentina, Marokash, Peru, Filippin va BAA bilan imzolangan hujjatlar qatoriga kiradi. Vashington bu orqali muhim minerallar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilmoqda.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, so‘nggi oylarda yana o‘nlab shunday kelishuvlar tuzilgan bo‘lib, ular ta’minot zanjirlarini mustahkamlash va moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Getty Images
Tojikistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada o‘tkazilayotgan reydlar chog‘ida kamsitish va qo‘pol munosabatlarga duch kelayotganidan shikoyat qilib kelishadi
Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o'qing

Uchrashuvda ishtirok etgan tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘zbekistonning ushbu sohada katta salohiyatga ega dedi.

"AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau janoblari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ta’minot barqarorligi to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladik. Biz o‘ta muhim minerallarni nafaqat iqtisodiy imkoniyat, balki mas’uliyatli hamkorlik va uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim yo‘nalish sifatida ko‘ramiz", dedi vazir.

Ba’zi ekspertlar O‘zbekiston bu jarayonda Xitoy bilan hamkorlikni ko‘zda tutib, strategik siyosiy muvozanatni saqlash ham muhim ekanini ta’kidlashadi.

Surat manbasi, O‘zbekiston TIV gazeta.uz orqali

Surat tagso‘zi, Ba’zi ekspertlar O‘zbekiston bu jarayonda Xitoy bilan hamkorlikni ko‘zda tutib, strategik siyosiy muvozanatni saqlashi muhim ekanini ta’kidlashadi

Davlat departamenti, shuningdek, AQSh O‘zbekiston bilan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni chuqurlashtirish, tijorat aloqalarini kengaytirish va "C5+1" platformasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashni kutayotganini bildirdi. Bu haqda gazeta.uz xabar bergan.

Ba’zi ekspertlar memorandum O‘zbekiston uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishi, minerallar bo‘yicha yangi xalqaro sherikliklar yaratishi va yuqori texnologiyali sanoat integratsiyasini rag‘batlantirishi mumkinligini aytmoqda. Shu bilan birga, ular bu jarayonda mintaqadagi boshqa hamkorlar bilan aloqalarni ko‘zda tutib, strategik siyosiy muvozanatni saqlash ham muhim ekanini ta’kidlashadi.